Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447
Maqolalar

Axborot tarqatish va jurnalist odobi

27.06.2024   10013   2 min.
Axborot tarqatish va jurnalist odobi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Birinchidan, tarqatilayotgan har bir ma'lumot va axborot insonlar manfaatiga xizmat qiladigan yaxshi so'z bo'lishi lozim. 

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Alloh yaxshi so'zga qanday misol keltirganini ko'rmaysanmi? U xuddi bir yaxshi daraxtga o'xshaydir. Uning asli sobit turadir. Shoxlari esa, osmonda. Robbi izni ila har doim mevalarini berib turadir" (Ibrohim surasi, 24-25 – oyatlar).

Ikkinchidan, turli fahsh va behayo ma'lumotlarni, bo'xton, yolg'on hamda mish-mish xabarlarni tarqatishdan ehtiyot bo'lish shart.

Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "...fahsh ishlar tarqalishini yaxshi ko'radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir" (Nur surasi, 19-oyat).

Uchinchidan, tarqatilayotgan har qanday xabar yoki ma'lumot uchun Qiyomat kuni javob berishni hamda "Kitobat ham xitobat kabidir (yozish – gapirish kabi)", degan qoidani unutmaslik kerak.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Bugungi kunda ularning og'izlariga muhr uramiz. Nima kasb qilganlarini Bizga qo'llari so'zlar va oyoqlari guvohlik berur" (Yosin surasi, 65-oyat).

Imom Shofi'iy aytadilar: "Vafot etmaydigan yozuvchi yo'q. Ammo uning qo'llari yozgan narsalar necha yillar o'tsada saqlanib qoladi. Shunday ekan, Qiyomatda ko'rganingizda xursand bo'ladigan narsadan boshqa hech narsa yozmang!”.

To'rtinchidan, har bir axborotning ishonchli ekanini tekshirib, keyin tarqatish.

Alloh taolo shunga buyuradi: "Ey, iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko'ringlar, bir qavmga bilmasdan musiybat etkazib qo'yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo'lmanglar” (Hujurot surasi, 6-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Bir kishining yolg'onchi bo'lishi uchun eshitgan narsasini gapiraverishi kifoya qiladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Beshinchidan, mualliflik huquqiga amal qilish. O'zgalarning mehnatini ko'chirib, o'zlashtirib olmaslik.

Imom Shofi'iy rahimahulloh: "Menga bu so'zni falonchi aytgan”, deb aytuvchisini aniq shaklda gapirgan kishi haqiqiy marddir”, deganlar.

Abdul Fattoh Abu G'udda aytadilar: "Jumla yoki so'zni naql qiluvchiga nisbat berish omonatdir”.

Oltinchidan, har bir kasb egasi o'z mutaxassisligi doirasida axborot yoki ma'lumot tarqatishi lozim. Bilimi etmagan, mutaxassisligi bo'lmagan xabarni tarqatmaslik kerak.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qachon ish o'z ahlidan boshqaga topshirilsa, qiyomatni kutaver", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Safarga ketdilar...”

04.07.2025   12671   2 min.
“Safarga ketdilar...”

Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:

– Haliyam uylanmadingmi?

– Yo‘q, – dedi u.

– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?

– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...

– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..

– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.

Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:

“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:

– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:

– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...

Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.

Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.

Akbarshoh RASULOV