Aтоқли турк олими Фуат Сезгин Aфрика, Осиё ва Европа хариталари дастлаб мусулмонлар томонидан тузилгани, уларнинг муаллифлари европаликлар деган фикр нотўғри эканини таъкидлади, деб ёзади “Aнадолу” агентлиги.
26 йил давомида бу масалани ўрганган олим шундай деди: “Мен тадқиқотни бошлаганимда, биздаги барча хариталарни европаликлар яратган деб ўйладим... Бу фикр Европада ҳам, ислом оламида ҳам кенг тарқалган. Бироқ, биз бу қанчалик қийинлигини унутдик. Географик координаталарни акс эттирувчи аниқ харитани яратиш жуда узоқ ишдир. Масалан, инглизлар 18-19-асрларда Aвстралия харитасини чизишни бошладилар.
Ular oʼz flotining barcha imkoniyatlaridan foydalangan, ammo bu ishni bajarish uchun ularga taxminan 200 yil kerak boʼlgan. Ushbu muammolarni muhokama qilayotgan tadqiqotchilar hech qachon bunday qiyinchiliklarni hisobga olishmagan. Biroq, ular Oʼrta yer dengizi yoki Qora dengizning xaritalarini tuzish juda jiddiy bilim talab qilishini taʼkidlamaydilar, buning uchun kenglik va uzunlikni bilish kerak edi va buni hisoblash juda qiyin”.
Olim Amerikaga aynan musulmonlar birinchi tashrif buyurganiga ishonch hosil qildi: “Geografiya, kenglik va uzunlik tarixchisi sifatida men uchun xaritalar muhim, men ularga tayanaman. Amerikaga musulmonlar yetib kelganiga toʼliq aminman. Ular bir necha yuz yil davomida dunyoning bu qismini xaritalash ustida ishlaganlar”.
Vasko da Gama musulmon xaritalari tufayli Hindistonga ham yetib bora olganini taʼkidlagan Fuat Sezgin buni oʼzi ham isbotlashi mumkinligini taʼkidladi: “Vasko da Gama Portugaliyaga qaytganidan soʼng Afrika va Hind okeanining zamonaviy xaritasi chop etildi. Endi uni Vasko da Gama maʼlumotlariga asoslanib 2-3 oy ichida portugal geograflari chizgan deb daʼvo qilinmoqda... Buni aytadigan odamlarning kartografiyadan bilimlari yoʼq. Bunday xaritalarni 500 yildan keyin ham yaratib boʼlmaydi. Va bu notoʼgʼri maʼlumot butun dunyoga tarqaldi”.
Oʼzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.
Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.
Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.
Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.
Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).
Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.
Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.
Ilyosxon AHMЕDOV