Bugun erta tongdan mamlakatimiz bo‘ylab mo‘min-musulmonlar karantindan keyingi ilk jamoat namozini o‘qish uchun iymon va ixlos bilan, katta entikish va cheksiz xursandchilik tuyg‘usi bilan jome masjidlarga oshiqdi.
Namozxonlarimiz ongli ravishda o‘zaro masofani saqlash, niqoblarni to‘liq taqish, qo‘llariga maxsus suyuqlikni surish, maxsus dizinfeksiyalovchi qurilmadan o‘tish kabi karantin qoidalariga to‘liq amal qilib, jamoat namozida hozir bo‘lishdi.
Qariyb 5 oydan ortiq vaqt mobaynida namozxonlar jamoat namozini intiqlik bilan kutishgan edi. Shu bois sog‘ingan qalblar masjidlarda taskin, halovat topdi, imom-xatib, qorilarimizning bir-biridan ajoyib Qur’on tilovatiga some bo‘lishdi, bamdod namozini jamoat ixlos bilan ado etishdi.
Jamoat namozlari juda fayzli o‘tdi. Namozdan so‘ng imom domlalarimiz jamoat bilan birga Alloh taologa ko‘p-ko‘p hamdlar, Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi va sallamga davomli salovotlar aytishdi, Yurtboshimiz boshchiligidagi rahbarlarimiz, xalqimiz haqiga duoi xayrlar qilishdi, yurtimiz va butun dunyodan kasalliklarni ko‘tarishi so‘rab iltijolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh uchun ushbu o‘n kunlikda qilinadigan solih amallardan ko‘ra sevimliroq amal yo‘qdir”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, Alloh yo‘lida jiddu jahd qilish hammi?” deb so‘raldi. U zot alayhissalom: “Ha, Alloh yo‘lida jiddu jahd qilish ham. Faqat bir kishi o‘z joni va moli bilan chiqib, undan biron narsasiz qaytib kelsa, bundan mustasno”, dedilar.
(Imom Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy, Dorimiy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati. Rivoyat lafzi Abu Dovudga tegishli).