Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

29.05.2020 y. Islom dinida atrof-muhitni asrashga e’tibor

14.08.2020   3445   14 min.
29.05.2020 y. Islom dinida atrof-muhitni asrashga e’tibor

بسم الله الرحمن الرحيم

Islom dinida atrof-muhitni asrashga e’tibor

Muhtaram azizlar! Alloh taolo Yer yuzini insoniyatning hayot kechirishi uchun munosib manzil makon qilib yaratgan. Zero, atrof-muhitdagi barcha narsalar inson manfaati uchun yaratilgan. Qur’oni karimda bu haqda shunday deyilgan:

 هُوَ الَّذِي خَلَقَ لَكُمْ مَا فِي الْأَرْضِ جَمِيعًا... 

(سورة البقرة/29)

ya’ni:U shunday zotki, sizlar uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi...” – deyilgan.

O‘z navbatida har bir inson ham tabiatga nisbatan oqilona munosabatda bo‘lib, uni asrab avaylashi lozim bo‘ladi. Alloh taolo yashab turgan kurrai zaminimizni ozoda saqlagan holda obod qilishga, Uning bergan ne’matlarini asrab avaylashga buyurib, buzg‘unchilik qilishdan, atrof-muhitga zarar yetkazishdan qaytargan. Qur’oni karimda shunday deyiladi:

 وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا...

(سورة الاعراف/56)

ya’ni: “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘ygandan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz!”.

Hech shak-shubha yo‘qki, atrof-muhitni muhofaza qilish asrimizning eng muhim muammolaridan biri bo‘lib turibdi. Bu muammo o‘zining insoniyatga keltirishi mumkin bo‘lgan yomon oqibatlari bo‘yicha yadro halokatidan kam emas.

So‘nggi yillarda tabiatda texnogen ta’sirning zo‘rayganligi, ekologik o‘zgarishlarning sodir bo‘layotgani hamda o‘rmonlar egallagan hududlar qisqarishi natijasida ko‘plab o‘simlik va hayvonot turlari butunlay yo‘qoldi yoki ularning soni keskin kamaydi.

Albatta, texnologiya sohasidagi taraqqiyot, yangi energiya manbalarining kashf etilishi, yangi ma’danlar va kimyoviy moddalarning paydo bo‘lishi, oqibatini o‘ylamay, tabiatdagi jarayonlarga aralashuv kabi holatlarning barchasi atrof-muhitni muhofaza qilish borasida nihoyatda tashvishli vaziyatni vujudga keltirdi. Qur’oni karimda bayon etilganidek:  

ظَهَرَ الْفَسَادُ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ بِمَا كَسَبَتْ أَيْدِي النَّاسِ لِيُذِيقَهُمْ بَعْضَ الَّذِي عَمِلُوا لَعَلَّهُمْ يَرْجِعُونَ

ya’ni: “Odamlarning qilmishlari tufayli quruqlik va dengizda buzg‘unchilik paydo bo‘ldi. Bu ularning (o‘z qilmishlaridan) qaytishlari uchun qilgan ba’zi (yomon) ishlari (jazosi)ni ularga tottirish uchundir” (Rum surasi, 41-oyat).

Bu oyatda Alloh taolo yer yuzidagi baxtsizlik va noxushliklar odamlarning faoliyatlari bilan bog‘liq ravishda zohir bo‘lishini bayon qiladi. Ularning qalb va fikrlari nopok bo‘lsa, qilgan ishlari oqibati halokatli bo‘lajak. Lekin bu fasodning yomon oqibatlari insonning o‘ziga ko‘rinadi.

Dinimizda atrof muhit tozaligiga munosabat: Darhaqiqat, tuproq, suv, havo va boshqa narsalarni toza saqlash, ularni ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan narsalardan saqlanish kabilar shariatimizning buyrug‘idir. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

" اتَّقُوا المَلاعِنَ الثَّلاثَ البِرَازَ في المَوارِدِ وقارِعَةِ الطَّرِيقِ والظِّلِّ "

(رواه الامام أبو داود عن معاذ رضي الله عنه)

ya’ni: “Uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, la’natga qolishdan saqlaninglar” – deganlar (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda: “Albatta Alloh pokdir, poklikni yaxshi ko‘radi, tozadir tozalikni yaxshi ko‘radi, oliyjanobdir oliyjanoblikni yaxshi ko‘radi, saxiydir saxovatni yaxshi ko‘radi. Bas, hovlilaringizni toza tutinglar...”, deyiladi (Imom Termiziy rivoyati).

Hozirgi kunda barcha zarur yerlarga axlat tashlash uchun alohida joylar qurilgan. Shunday ekan, har xil axlat va chiqindilarni maxsus joylarga tashlash lozim, aksincha duch kelgan joyga tashlash musulmonchilikka ham, odamgarchilikka ham to‘g‘ri kelmaydi.

Dinimizda suvni asrab avaylashga munosabat: Qur’oni karimning ko‘pgina suralarida Alloh taolo insonlarga ato etgan ne’matlarini eslatar ekan, suvni ham zikr qiladi:

أَفَرَأَيْتُمُ الْمَاء الَّذِي تَشْرَبُونَ أَأَنتُمْ أَنزَلْتُمُوهُ مِنَ الْمُزْنِ أَمْ نَحْنُ الْمُنزِلُونَ لَوْ نَشَاء جَعَلْنَاهُ أُجَاجاً فَلَوْلَا تَشْكُرُونَ

(سورة الواقعة/70- 68 )

ya’ni: “Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni (o‘ylab) ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘diruvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r va achchiq qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, (shu obihayot uchun ham) shukr qilmaysizmi?” (Voqea surasi, 68-70-oyatlari).

Boshqa oyati karimada esa Alloh taolo bandalari uchun va ularga musaxxar qilib qo‘yilgan chorva va turli nabototlar uchun suv eng zaruriy ne’mat ekanini bayon etib, bunday marhamat qiladi:

هُوَ الَّذِي أَنْزَلَ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً لَكُمْ مِنْهُ شَرَابٌ وَمِنْهُ شَجَرٌ فِيهِ تُسِيمُونَ يُنْبِتُ لَكُمْ بِهِ الزَّرْعَ وَالزَّيْتُونَ وَالنَّخِيلَ وَالْأَعْنَابَ وَمِنْ كُلِّ الثَّمَرَاتِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

(سورة النّحل/10-11)

ya’ni: “U osmondan sizlar uchun undan ichimlik bo‘ladigan suvni (yomg‘irni) yog‘dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan giyohlar ham o‘sha suvdan (sug‘orilur). U sizlar uchun o‘sha (suv) bilan (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 10-11-oyatlar).

Mutaxassislar fikricha, inson taomsiz bir ikki haftagacha yashashi mumkindir, ammo suvsiz uch kunga ham chiday olmaydi. Odam tanasidagi suv agar o‘n besh foizga kamaysa, u halok bo‘ladi. Inson tanasining aksar qismi suvdan iborat. Masalan, chaqaloq og‘irligining yetmish besh foizini suv tashkil etadi. Suv – insonning hayot kechirishi uchun asosiy quvvat manbaidir. Bunga yana odamning poklanishi uchun va boshqa maqsadlarda ishlatadigan suvi ham qo‘shilsa, insonga suv qanchalik zarur va bebaho ne’mat ekani oydinlashadi. Xususan, suv tanqisligi bo‘yicha dunyodagi 164 mamlakat ro‘yxatidan 25-o‘rinni egallagan yurtimizda bunga jiddiyroq ahamiyat berishimizni taqozo qiladi. Zero, Anbiyo surasida shunday deyiladi:

...وَجَعَلْنَا مِنَ الْمَاءِ كُلَّ شَيْءٍ حَيٍّ أَفَلَا يُؤْمِنُونَ  ...

  (سورة الأنبياء/30)

ya’ni: “...va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko‘rmadilarmi?!..” (Anbiyo surasi, 30-oyat).

Suvni tejash haqida hadisi sharifda shunday deyiladi:

أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرَّ بِسَعْدٍ وَهُوَ يَتَوَضَّأُ فَقَالَ: مَا هَذَا السَّرَفُ يَا سَعْدُ؟ قَالَ: أَفِي الْوُضُوءِ سَرَفٌ؟ قَالَ: نَعَمْ، وَإِنْ كُنْتَ عَلَى نَهْرٍ جَارٍ

(رواه الإمام أحمد والإمام ابن ماجة عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْروٍ )

ya’ni: Nabiy sallalohu alayhi vasallam sahobalardan Sa’d raziyallohu anhu tahorat qilayotganlarida “Ey Sa’ad bu isrof nimasi”, – dedilar. Sa’ad raziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof qilish bormi?”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ha, agarchi oqib turgan daryoning bo‘yida turgan bo‘lsang ham”, – dedilar (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati).

Tahoratda ortiqcha suv ishlatish isrof va mumkin bo‘lmaganidan keyin qolgan narsalarni qiyoslab olavering.

Dinimizda atrof-muhitni yaxshilash va sahrolashishning oldini olishga munosabat: Bo‘sh yerlarga mevali va manzarali daraxtlar hamda turli xil gul ko‘chatlari ekishga targ‘ib qilinar ekan, bu ishlar ko‘pchilikka manfaatliligi bois savobi ham mislsiz ekaniga urg‘u berilgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:

" مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَزْرَعُ زَرْعاً ، أَوْ يَغْرِسُ غَرْسَاً فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ ، أَوْ إِنْسَانٌ ، أَوْ بَهِيمَةٌ إِلاَّ كانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ "

(رواه الامام البخاري والامام أحمد عن أنس رضي الله عنه)

ya’ni:Qaysi bir musulmon kishi biror ko‘chat yoki ekin eksa, keyin undan qush yoki inson yohud biror jonivor yesa, ekkan odamga sadaqa savobi yoziladi” (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyatlari).

         Boshqa rivoyatda esa:

"لا تَقْطَعُوا الشَّجَرَ، فَإِنَّهُ عِصْمَةٌ لِلْمَوَاشِي فِي الْجَدْبِ"

(رَوَاه الامَامُ عبْدُ الرَّزاق فِي "الْمُصَنَّف")

ya’ni: “Daraxtlarni kesmanglar, Chunki u qurg‘oqchilikda hayvonlarni(ng hayotini) saqlovchidir” (Imom Abdurrazzoq rivoyatlari).

         Shariatimizga ko‘ra suvsiz, qarovsiz va hech kimning mulkida bo‘lmagan yerlarni biror kishi obod qilib, obodonlashtirsa, o‘sha yerga egalik huquqi berish bilan rag‘batlantirilgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada shunday marhamat qilganlar: 

مَنْ أَعْمَرَ أَرْضًا لَيْسَتْ لِأَحَدٍ فَهُوَ أَحَقّ

(رواه الامام البخاري عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا)

ya’ni: “Kim o‘zlashtirilmagan bir yerni obod qilsa o‘sha yerga u haqlidir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Bu bilan atrof-muhitni obod qilishga, bugungi kunda global muammoga aylanayotgan sahrolashish muammosini oldini olishga bundan o‘n to‘rt asr oldin qanday ahamiyat berilganini bilishimiz mumkin.

Dinimizda jonzotlarga munosabat: Alloh taolo barcha jonzotlar insonlar kabi “ummat” ekanligi ta’kidlagan:

وَمَا مِنْ دَابَّةٍ فِي الْأَرْضِ وَلَا طَائِرٍ يَطِيرُ بِجَنَاحَيْهِ إِلَّا أُمَمٌ أَمْثَالُكُمْ

ya’ni: “Yer yuzidagi har bir yuruvchi jonzot va ikki qanoti ila uchuvchi qush borki, hammasi siz kabi ummatlardir” (An’om surasi, 38-oyat).

Aynan shu ta’kid insonni o‘zi kabi ummat bo‘lgan barcha jonlilarga nisbatan mehribon bo‘lishga undaydi. Agar hayvonlarning har bir turi yoki oilalari alohida ummat hisoblansa, aynan shu hukm bilan ular boshqa ummatlar orasida yashash haqqiga ega bo‘ladilar.

Islomda hayvonot olamiga hech qanday zarar yetkazish mumkin emasligi qattiq ta’kidlanadi. Imom Muslim Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, Nabiy alayhissalom oldilaridan yuziga tamg‘a bosilgan eshak olib o‘tiladi. Shunda u zot: «Mening hayvonlar yuziga tamg‘a bosgan va ularning yuziga urganlarni la’natlaganim sizlarga yetmagan edimi?!» deganlar.

Islomdagi hayvonlarga mehribonlik va yaxshi munosabat faqat ulardan insonlarga yetadigan manfaat bilan bog‘liq emas, balki musulmonlar barcha hayvonot olamiga, hatto inson ulardan bu dunyoda hech qanday manfaat kutmasa ham, yaxshi munosabatda bo‘lishga buyurilgan. Sahih hadislardan birida Nabiy sallallohu alayhi vasallam: «Bir odam yo‘lda bora turib, qattiq chanqadi. Bir quduq topib, tushib, suv ichdi. So‘ngra chiqib, qarasa, bir it chanqoqdan tili osilib, tuproq yemoqda. Haligi odam “Bu it ham menga o‘xshab chanqabdi”, dedi-da, quduqqa tushib, etigiga suv to‘ldirib chiqib, itga tutdi. Alloh taolo uni taqdirlab, mag‘firat qildi», dedilar. Shunda sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, bizga hayvonlarda ham ajr bormi?” –  deyishdi. U Zot: “Har bir ho‘l jigari bor narsada ajr bordir!” dedilar” (Muttafaqun alayh)

Shariyda raziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Kimki chumchuqni sababsiz o‘ldirsa, Qiyomat kuni Allohga “Ey Robbim, falonchi meni manfaat uchun emas, o‘ynab o‘ldirdi”, deb shikoyat qiladi”, deganlar (Imom Nasaiy rivoyati).

Hulosa qilib aytadigan bo‘lsak, atrof-muhitni muxofaza qilish tarbiyasi Islom nuqtayi nazarida jamiyatning katta yoshdagi a’zolari vazifasidir. Katta yoshdagi kishilar atrof-muhitni muhofaza qilish va ozodalikni asrab avaylashda yoshlarga o‘rnak bo‘lishlari va bu hususda tarbiya berishlari kerak bo‘ladi. Bizning bobolarimiz va buvilarimiz suvga tupurma, ariqlarga chiqindilarni supurma, ko‘chalarga axlat tashlama, ko‘karib turgan biror narsani nobud qilma, deya uqtirgan so‘zlarini doimo esimizdan chiqarmasligimiz va yoshlarga ham shularni o‘rgatishimiz lozim.

Bundan tashqari xalqimiz orasida “Birni kessang o‘nni ek” degan purma’no ibora ham mavjud. Darhaqiqat biz bugun kesgan birgina ko‘chatning tabiatdagi zarari yillar o‘tib uning o‘rniga ekkan daraxtimiz orqali qoplanadi. Va shunda tabiatning toza havosiga, ko‘kalamzorligiga putur yetkazmagan hisoblanamiz.

Muhtaram yurtdoshlar! Ayni paytda sog‘liqni saqlash mutaxassislari fuqarolarimizdan karantin qoidalariga, jumladan, imkon qadar uydan chiqmaslik, jamoat joylarida to‘planmaslik, shaxsiy gigiyena kabi qoidalarga qat’iy amal qilishlarini so‘rashmoqda. Ushbu ko‘rsatmalarga amal qilish har birimiz uchun juda muhimdir.

Azizlar bu sinovli kunlarda barchamiz sabr qilib, birdam bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, inshaalloh tez kunlarda bizga yengillik va farovon hayot keladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

أبْشِرُوا أتاكُمُ اليُسْرُ، لَنْ يَغْلِبَ عُسْرٌ يُسْرَيْنِ

ya’ni: “Xursand bo‘linglar! Sizlarga yengillik keladi. Hargiz bir qiyinchilik ikki yengillikdan ustun kelmaydi” (Tafsiri Tabariy).

Alloh taolo doimo barchalarimizni tabiat kabi ulug‘ bir omonatga sadoqatli, atrof-muhitni muhofazasida bardavom bandalaridan qilsin! Haq taolo yurtimizdan turli kasalliklarni tez kunda bartaraf bo‘lishini ta’minlasin! Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

“Safarga ketdilar...”

04.07.2025   7028   2 min.
“Safarga ketdilar...”

Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:

– Haliyam uylanmadingmi?

– Yo‘q, – dedi u.

– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?

– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...

– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..

– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.

Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:

“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:

– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:

– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...

Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.

Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.

Akbarshoh RASULOV