بسم الله الرحمن الرحيم
BO‘Sh VAQT QADRI
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رب العالمين، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ محمد الأمين وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ
Muhtaram azizlar! Ma’lumki, dunyo hayoti – har bir insonga berilgan o‘tkinchi sinov muddatidir. Undagi har bir kun, soat, daqiqa va hatto soniya inson uchun ko‘p foyda keltiradigan g‘animat bir fursatdir.
Shu kunlarda Koronavirus pandimeyasi dunyoning ko‘plab davlatlariga tarqab bo‘ldi va u bilan kurashishning eng yaxshi vositasi karantin qoidalariga amal qilish bo‘lib qolmoqda. Yurtimizda ham karantin sababli deyarli barcha vatandoshlar uylarida, jamiyatga aralashmasdan turibdilar. Bu fursatdan foydalanib, bo‘sh vaqtimizdan unumli foydalanishimiz maqsadga muvofiqdir. Alloh taolo Qur’oni Karimning bunday marhamat qilgan:
الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا
ya’ni: “U (Alloh), sizlarning qay biringiz yaxshiroq amal qilishingizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan Zotdir” (Mulk surasi, 2-oyat).
Ushbu oyati karimada, o‘lim bilan hayot odamlardan qaysi biri chiroyliroq amal qilishini imtihon qilish uchun yaratilgani bayon qilinmoqda. Demak, inson umri bekorga berilmaydi, uni behuda ishlar bilan zoye qilish mumkin emas. Balki umr – xayrli amallar, foydali ishlar, elu yurtga manfaat keltiradigan hamda oxirat uchun zaxira bo‘ladigan buyuk ishlarni amalga oshirish uchun berilgan qimmatli fursatdir.
Bo‘sh vaqtni g‘animat bilish haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mashhur hadislarida shunday deganlar:
"نِعْمَتانِ مغبونٌ فيهمَا كثيرٌ منَ النَّاسِ: الصِّحَّةُ والفَراغُ"
(رواه الإمام البخاري عن ابن عباس رضي الله عنهما).
ya’ni: “Ikki (buyuk) ne’mat borki, ko‘p odamlar ulardan g‘aflatda qoladilar. Ular – sihat-salomatlik va bo‘sh vaqtdir” (Imom Buxoiy rivoyatlari).
Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh aytadilar: “Sog‘ligi va bo‘sh vaqtini Alloh taologa ibodat qilish uchun foydalangan kishi naqadar baxtlidir. Ammo, sog‘ligi va bo‘sh vaqtini Alloh taologa gunoh qilish uchun sarflagan odam naqadar ziyonkordir”.
Kishi foydali ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib, befoyda ishlardan o‘zini tiyishi uning diyonati go‘zal ekaniga dalolat qiladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"من حسن إسلام المرء: تركُه ما لا يعنيه"
(رواه الإمام الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه).
ya’ni: “Kishi islomining go‘zalligi – foydasiz nasalarni tark qilishidir” (Imom Temiziy rivoyatlari).
Bu hadisni Hamza Kinoniy rahimahulloh sharhlab bunday deganlar:
هذا الحديث ثلث الإسلام
(كتاب "تنوير الحوالك").
ya’ni: “Bu hadisga amal qilish – Islomning uchdan biriga amal qilish hisoblanadi” (“Tanviyrul havolik” kitobi).
Demak, kishi har bir lahzasini foydali ishlar bilan mashg‘ul qilib, islomini go‘zal qilmog‘i ayni muddaodir.
Hukamolardan birlari shunday deganlar: “Kim kunini bekorga o‘tkazsa, biror yaxshi ish yo insonlarga chiroyli so‘z aytmasa, yoki go‘zal muomalada bo‘lmasa, yoxud ilm-ma’rifat hosil qilmasa, albatta, u o‘sha kuniga jabr, o‘ziga zulm qilibdi”.
Mashhur tobeinlardan Hasan Basriy rahmatullohi alayh vaqtni qadriga yetish haqida quyidagi iboralarni aytganlar:
"يا ابن آدم، إنَّما أنت أيَّام، كلَّما ذهب يومٌ ذهب بعضُك"
ya’ni: “Ey odam bolasi! Sen ma’lum kunlardan iboratsan. Qachon bir kuning o‘tsa, bir bo‘laging ketdi deganidir”.
Azizlar! Umrimiz cheklangan ekan, o‘tayotgan har bir onimizning qadriga yetsak, vaqt hamisha bizning foydamizga ishlaydi.
Qiyomat kuni har bir shaxs Alloh taoloning huzurida o‘tkazgan vaqti haqida so‘raladi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida marhamat qilganlar:
"لا تزول قدما عبد يوم القيامة، حتى يُسأل عن أربع خصال: عن عمره: فيمَ أفناه؟ وعن شبابه: فيم أبلاه؟ وعن مالِه: من أين اكتسبه؟ وفيم أنفقه؟ وعَنْ عِلْمِه: ماذا عمل فيه؟"
(رواه الإمام الترمذي عن معاذ بن جبل رضي الله عنه).
ya’ni: “Qiyomat kunida banda to‘rt narsadan so‘ralmaguncha uning qadami joyidan jilmaydi: umrini nimaga sarflagani, yigitlik davrini qanday o‘tkizgani, molini qayerdan topib, qayerga sarflagani va olgan ilmiga qanday amal qilgani” (Imom Temiziy rivoyatlari).
Demak, inson umrining har bir davridan umumiy ravishda, yoshlik davridan esa o‘ziga xos shaklda so‘raladi.
Muhtaram azizlar! Uyda turib, hamma narsaga vaqtimiz yetarli bo‘lgan paytda kitobxonlikni yo‘lga qo‘yish juda foydalidir. O‘zimiz bu ishda o‘rnak bo‘lib, farzandlarimizni qiziqtiraylik. Farzandlarimizning bo‘sh vaqtlarini kitob o‘qish, ilm-ma’rifat hosil qilish kabi foydali ishlar bilan mashg‘ul qilish – biz, ota-onalar, zimmamizda ekanini doimo yodda tutishimiz kerak!
Hasan ibn Sahl rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Ma’mun uxlaganda atrofida kitoblari turar edi. Uxlashdan oldin ham kitob o‘qir, uyqudan uyg‘onib ketganida ham kitob o‘qir edi. U shunday deb nasihat qilar edi:
اِسْتَعِنْ عَلَى وَحْشَةِ الْغُرْبَةِ بِقِرَاءَةِ الْكُتُبِ، فَإِنَّهَا أَلْسُنٌ نَاطِقَةٌ وَعُيُوْنٌ رَامِقَةٌ
ya’ni: “Yolg‘izlik g‘urbatini kitob o‘qish bilan yenggin. Zero, kitoblar so‘zlaguvchi tillar va tikilib turuvchi ko‘zlardir”.
Shafiq ibn Ibrohim Al-Balxiy aytadilar: “Biz Abdulloh Ibn Muborakka: “Nima uchun namoz o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng biz bilan birga o‘tirmaysiz?”, – deb so‘radik. U kishi: “Sahobalar va tobeinlar bilan birga o‘tirishga ketaman”, – dedilar. Biz: “Sahobalar va tobeinlar qayerda ekan?”, – deb, hayron bo‘lib yana so‘radik. Shunda u zot: “Kitob o‘qiyman, shunda ular haqida, qilgan ishlari haqida bilib olaman”, – deb javob berdilar”.
Donolarimiz: “Kitoblarni yoqib yuborish og‘ir jinoyat, biroq dunyoda undan-da og‘irroq jinoyat bor, u – kitob o‘qimaslik”, – deganlar.
Hukamolardan bunday so‘zlar naql qilingan:
الأيَّامُ ثلاثةٌ: الأمسُ قد مضى بما فيه، وغدًا لَعَلكَ تُدركه، وإنَّما هو يومكَ هذا، فاجتهد فيه.
ya’ni: “(Bu dunyo) uch kundan iborat: Kechagi kun, u o‘tib ketdi. Ertangi kun, sen unga yetib borishing noaniq. Bugungi kun, u seniki, undan foydalanib qol!”.
Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhu aytadilar:
"ما ندمتُ على شيءٍ ندمي على يومٍ غرَبَت فيه شمسُهُ، نقص فيه أجلي، ولم يزدَدْ فيه عملي".
ya’ni: “Quyosh botib, kunim o‘tib, menga berilgan muhlat qisqarib, unda amalim ziyoda bo‘lmaganiga achinganim kabi biror narsaga achinmadim”.
Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh aytganlar: “Kecha va kunduz sening jismingda o‘z ishini ko‘rsatyapti. Demak, sen ham ularni g‘animat bilib, foydalanib qol”.
Salafi solihlarimiz hamisha vaqtlariga ahamiyatli bo‘lib, uni doimo yaxshilik qilish bilan o‘tkazishar va ertangi kunlari bugungisidan ko‘ra afzal bo‘lishi uchun harakat qilishardi. Quyida u zotlarning hayotlaridagi ba’zi misollar bilan tanishsak maqsadga muvofiq bo‘ladi:
– Muhaddis, faqih Imom Navaviy rahimahulloh qisqa umrlari (40 yil) davomida 500 ta kitob yozganlar.
– Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy rahimahulloh ilm sirlari bilan qiziqib, dunyo kezib, oltmish mingdan ziyod hadis to‘plaganida, endigina 16 yoshdan oshgandilar.
– Abu Hurayra raziyallohu anhu kunda o‘n ikki ming marta, Xolid ibn Marvon esa yuz ming marta tasbeh aytar edi.
– Ibn Hazm rahimahullohning barcha kitoblari yonib ketadi. Shunda u zot ularning hammasini yoddan aytib berganlar. Imom Qatoda rahimahulloh bir tuya kitobni yod olganlar. Imom Sha’biy rahimahulloh: “Oq narsaga yozilgan har bir narsani yod oldim”, - deganlari rivoyat qilinadi.
– Hindiston diyorida yashagan hazrat Ashraf Ali Tahonaviy rahimahulloh qisqa umri davomida bir yarim ming kitob yozadilar. Shuningdek, o‘zidan keyin ko‘pgina murshid va valiy darajasiga erishgan shogirdlar ham qoldirganlar. Ana barakali, uzoq va sermazmun umr.
Bir kishi do‘stidan: “Uyingizdan ishxonangizga borguncha yo‘l qancha vaqt oladi?”, deb so‘rabdi. Do‘sti: “Agar yo‘l tiqilinch bo‘lsa, sakkiz yuzta tasbehni, agar yo‘l ochiq bo‘lsa, ikki yuz ellikta tasbehni oladi”, deb javob beribdi. Javobning go‘zalligiga qarang!
Ulamolarimizning hayotida bunday misollar juda ko‘pdir. Ular qisqa umrlari davomida olamshumul ishlarni qilishgan. Ulug‘ zotlarning hayot yo‘llari doimo biz uchun ibratdir. Biz bu zoti bobarakotlardan o‘rnak olishimiz lozim.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, har birimiz karantin vaqtidan unumli foydalanib, asosiy vaqtimizni ilm-ma’rifat olish, zikru tasbih va ezgu-savob ishlarga sarflashimiz kerak. Shuningdek, bu sinovlardan tez kunda xalos bo‘lishni Alloh taolodan duo va tazarru qilib so‘rashimiz va behuda gap-so‘z, har xil asossiz mish-mishlardan yiroqda bo‘lashimiz maqsadga muvofiqdir.
Alloh taolo umrimizga fayzu baraka bersin! Vaqtimizni doimo dunyo va oxiratimiz, dinimiz va xalqimiz uchun foydali ishlar bilan o‘tkazishni nasib aylasin! Omin!
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati