Shu yil 12 avgust kuni Toshkent viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan Olmaliq shahri «Evalak» MFY Faxriylar ko‘chasi 50-uyda joylashgan «Hilol» masjidi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, uning ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma topshirildi.
Ta’kidlash joizki, shu kunga qadar 150 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan Olmaliq shahrida bitta masjid faoliyat ko‘rsatayotgan edi.
Mazkur masjid ochilishi bilan Toshkent viloyatidagi masjidlar soni 225 taga , Respublikamizdagi masjidlar soni esa 2071 taga yetadi.
Alloh taolo ushbu jome masjidni xalqimizga muborak aylasin, toatu ibodatlarni bardavom qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Shu yilning 22-23 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, Toshkent shahri, viloyat vakilliklari boshchiligida 2 119 ta masjidda tozalash va obodonlashtirish ishlari tashkil etildi.
Xonaqohlar, tahoratxona va qo‘shimcha binolarda tozalash ishlari olib borilib, mo‘min-musulmonlar ibodat qilishlari uchun yaxshi sharoitlar hozirlandi. Ramazon oyi davomida masjidlarni toza va shinam saqlash, ovoz kuchaytirgichlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash choralari ko‘rildi.
Mutasaddi tashkilotlar va yong‘in xavfsizligi idoralari bilan hamkorlikda Ramazon tadbirlarini o‘tkazish uchun masjid binolarining texnik holatlari o‘rganilib, favqulodda holatlar bo‘lib qolgan taqdirda fuqarolarni ko‘chirish rejasi, elektr, gaz jihozlari sozligi va boshqa jihatlardan o‘rganildi.
Hashar davomida masjid, ziyoratgoh va qabristonlar chiqindilardan tozalandi, ekin yerlariga ishlov berildi, daraxtlar butalib, taglari oqlandi, ariqlar tozalandi. Manzarali, mevali daraxt hamda gul ko‘chatlari o‘tkazildi.
Jumladan, 43 000 tupga yaqin gullar, mevali va manzarali daraxtlar ekildi, ular atrofidagi 31 ming 700 metr ariqlar tozalandi. 21 ming 290 tup daraxt oqlanib, shakl berildi. Bu ishlarga 530 ta texnika jalb qilindi. Obodonlashtirish ishlarida imom-xatiblar boshchiligida masjid xodimlari, hay’at a’zolari va namozxonlardan jami 20 mingdan ziyod kishi faol ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati