Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

RASMAN: 17 AVGUSTDAN MASJIDLAR O‘Z FAOLIYATINI BOSHLAYDI!

12.08.2020   7191   3 min.
RASMAN: 17 AVGUSTDAN MASJIDLAR O‘Z FAOLIYATINI BOSHLAYDI!

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan shu yil 17 avgust, dushanba kunidan e’tiboran yurtimizdagi barcha diniy tashkilotlar o‘z faoliyatini davom ettiradi. Bunda karantin talablari va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish talab etiladi. Bu haqida Respublika maxsus komissiyasining qarorida shunday deyiladi: «Maxsus komissiya qarori bilan 17 avgustdan boshlab diniy tashkilotlar faoliyatiga (har kuni dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish hamda qat’iy ijtimoiy masofani saqlash cheklovlariga rioya etilishini ta’minlagan holda) ruxsat beriladi».
Shuningdek, quyidagi muhim tavsiya va talablarga so‘zsiz amal qilish, masjidlar faoliyatining davomli bo‘lishiga asosiy omil bo‘ladi, jumladan:
- masjidlarning kirish joyini dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlash, birlamchi dezinfeksiyalash vositalari, pirometrlar (kontaktsiz harorat o‘lchagich) bilan ta’minlash;
- har bir fuqaro masjid ichida tibbiy niqobda bo‘lishi, hududga kirishda qo‘llarini dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishi;
- masjidga tashrif buyurgan har bir shaxsning kasallik alomatlarini tekshirish (harorat o‘lchash va tashqi alomatlar), tana harorati 37ºS va undan yuqori bo‘lgan holatda fuqarolarni alohidalash va 103 telefon raqami orqali tez tibbiy yordamga xabar berish;
- ibodat vaqtida ijtimoiy masofalanishni saqlash, fuqarolar orasidagi masofani 1,5 metr etib belgilash (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratgan holda);
- har bir masjidning kirish qismiga kasallikdan saqlanish, hududda karantin talablariga qat’iy amal qilish, xususan, 65 yoshdan katta fuqarolarni masjidlarga vaqtincha tashrif buyurmay turishlari tavsiya etilishi to‘g‘risidagi axborot lavhalarini o‘rnatish;
- masjid ma’muriyati tomonida ish faoliyatni karantin davrida tashkil etish bo‘yicha tegishli buyruq va ichki tartiblarni ishlab chiqish (bunda yoshi 65 yoshdan ulug‘ fuqarolarni vaqtincha tashrif buyurmay turishlarini tavsiya etish);
- masjidlarda juma namozini vaqtincha ado etmaslik;
- hududiy Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan masjidlarning barcha xodimlari bilan tushuntirish ishlarini tashkil etish;
- ushbu xizmat tomonidan belgilangan muddatda (har 3 kunda yoki haftada bir marotaba) masjidlardagi sanitariya-epidemiologik holatni o‘rganish va tavsiyalar berish;
- masjidlar binolari va hududini har kuni dezinfeksiya qilish, xonalarni shamollatish;
- masjidga kirish va chiqish joylarida aholining to‘planishiga qat’iy yo‘l qo‘ymaslik;
- tahoratxonadan faqat zarur sharoitlar yaratilgan (bir martalik sochiq-salfetka, antiseptik vositalar, suyuq sovunlar bilan ta’minlash, qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish), ijtimoiy masofalanishni saqlagan holda foydalanish kabi tartib-intizomlar alohida ta’kidlanadi.
Muhtaram yurtdoshlar, mazkur belgilangan karantin tartib-qoidalariga amal qilaylik. Sinovli kunlarda o‘zimiz, yaqinlarimiz, xalqimiz salomatligini asrab-avaylaylik.
Koronavirus xastaligini jilovlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarga o‘zaro hamjihat bo‘laylik!


Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
va O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmatlari

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

“Safarga ketdilar...”

04.07.2025   4250   2 min.
“Safarga ketdilar...”

Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:

– Haliyam uylanmadingmi?

– Yo‘q, – dedi u.

– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?

– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...

– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..

– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.

Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:

“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:

– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:

– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...

Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.

Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.

Akbarshoh RASULOV