Dinimizda mo‘minlarning maqtalgan xususiyatlaridan biri ularning go‘zal xulqidir. Eng chiroyli xulq sohibi, shubhasiz, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdirlar.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (“Qalam” surasi, 4-oyat). Oyati karimadagi “buyuk xulq”ning ma’nosi haqida tafsirlarda turlicha ma’lumotlar keltirilgan. Xulq so‘zi bu yerda asl ma’noda ishlatilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men go‘zal xulqlarni takomillashtirish uchun yuborilganman”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Haqiqatan, Muhammad alayhissalom birinchi darajadagi komil inson ekanliklariga aslo shubha yo‘q.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan odamlarni ko‘proq jannatga kiritadigan narsa haqida so‘raldi. U zot alayhissalom: “Allohga taqvo qilish va go‘zal xulq”, dedilar. U zotdan odamlarni ko‘proq do‘zaxga kiritadigan narsa haqida so‘raldi. U zot: “Og‘iz va farj”, dedilar» (Imom Nasoiy rivoyati).
Kishi go‘zal xulq bilan taqvodorlar erishgan oliy darajalarni qo‘lga kiritishi mumkin. Shuningdek, inson bir og‘iz yaxshi so‘zi orqali ulkan saodatga erishishi va aksincha bitta yomon so‘zi bilan badbaxtlikka yo‘liqishi mumkin. Shu bois tilni yomon so‘zlardan ehtiyot qilish kerak.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning yaxshilaringiz go‘zal xulqlilaringizdir”, dedilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Mo‘min-musulmonlar yaxshi inson ekani hammaga ayon. O‘sha yaxshilar orasida eng yaxshisi, shubhasiz, go‘zal xulq egalaridir. Demak, yanada yaxshi inson bo‘lishga intilishimiz zarur. Shunda ham taqvodor bo‘lamiz, ham ulug‘ darajalarga erishamiz, insha Alloh.
Rahima KOMILOVA,
“Katta Qozirabot” mahallasi otinoyisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi joriy yilda oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar qaysi fanlar bo‘yicha ijodiy imtihon va test sinovlari topshirishini ma’lum qiladi:
Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi va Imom Termiziy nomidagi islom institutida:
Arab tili (test sinovi) 30 x 3,1 – 93 ball;
Fiqh va aqoid (test sinovi) 30 x 2,1 – 63 ball;
O‘zbekiston tarixi (test sinovi) 30 x 1,1 – 33 ball.
Hadis ilmi maktabida:
Arab tili (test sinovi) 30 X 3,1 – 93 ball;
Hadis va Mustalahul hadis (og‘zaki, ijodiy imtihon) – 63 ball;
O‘zbekiston tarixi (test sinovi) 30 X 1,1 – 33 ball.
O‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida:
Xorijiy til (test sinovi) 30 x 3,1 – 93 ball;
O‘zbekiston tarixi (test sinovi) 30 x 2,1 – 63 ball;
Ma’naviyat va ma’rifat (test sinovi) 30 x 1,1 – 33 ball.
Toshkent islom instituti magistratura bosqichida:
Teologiya (Islom ilohiyoti, falsafasi va Moturidiylik ta’limoti):
Aqoid, Islom falsafasi (ijodiy imtihon) – 100 ball;
Xorijiy til (arab yoki ingliz tilidan test sinovi) – 25 x 2 – 50 ball.
Teologiya (Hadis ilmlari):
Hadis, Mustalahul-hadis (ijodiy imtihon) – 100 ball
Xorijiy til (arab yoki ingliz tilidan test sinovi) – 25 x 2 – 50 ball
Toshkent islom instituti Modul ta’lim tizimida:
Tanlov test sinovi shaklida o‘tkaziladi:
- ixtisoslik fanlar majmuasi (Qur’oni karim va tajvid, hadis, fiqh, aqoid) 35 x 2,1 – 73,5 ball.
- ijtimoiy-gumanitar fanlar majmuasi (O‘zbekiston tarixi, Ma’naviyat asoslari, Milliy g‘oya) 25 x 1,1 – 27,5 ball.
Imtihon o‘tkaziladigan vaqt va hududlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati