1991 yil xalqimiz mustaqillikka erishgach Islom dini arkonlariga amal qilish, uning ta’limotlarini o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini ro‘yobga chiqarish borasida imkoniyatlar ochildi. O‘sha davrlarda Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy jome masjidida imom-xatib vazifasida faoliyat olib borayotgan Usmonxon Alimov o‘z hamfikrlari bilan birgalikda xalqning diniy ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirish maqsadida masjid qoshida Imom Buxoriy madrasasiga asos soldi hamda ushbu maskanda ustozlik qila boshladi. Dastlab, o‘rta maxsus diniy bilim yurti, so‘ng hadis ilmi markazi sifatida faoliyat yuritgan ushbu bilim yurti bir necha yuzlab diniy ulamolar yetishtirib berdi. Bugungi kunda juda ko‘plab masjidlarning imom-xatib, imom noibi, bilim yurtlarining mudarrislari sifatida va boshqa sohalarda ushbu mutaxassislar faoliyat olib borib, xalqimizning diniy-ma’rifiy savodxonligini oshirishda xizmat qilib kelmoqdalar.
Hammamizga ma’lum, keyinchalik ushbu ta’lim maskani negizida Usmonxon Alimov hazratlarining O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi vazifasida ish olib borish jarayonida xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari tashkil qilindi. 2019 yilga kelib esa Imom Buxoriy nomli hadis oliy maktabi ham o‘z ish faoliyatini boshladi va hadis ilmi sohasida yetuk olimlar tayyorlash bo‘yicha sobiq ittifoq hududidagi yagona ta’lim muassasiga aylandi.
Ko‘p yillar masjid imomi, viloyat bosh imom-xatibi lavozimida mehnat qilgan Usmonxon Alimov 2006 yilga kelib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy etib saylandilar. O‘zining ilmu ma’rifati, ish yuritish salohiyati, adolat, og‘ir va vazminlik bilan fikrlashi, musulmonlar manfaatini o‘ylab ish boshqarishi muftiy hazratlarining uzoq yillar davomida idora raisligi vazifasida ishlashini ta’minladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hazrat har qanday vaziyatda ham musulmonlar idorasi, masjid va madrasalarning bir maromda ish olib borishi, ularga nisbatan har xil ta’na toshlar otilishi, turli zararlar yetishini oldini olganligi ayniqsa shu soha ichida bo‘lganlarga ko‘proq ayondir, shu jumladan kaminga ham. Nafaqat zarar yetishi, balki ularni takomillashtirish, xalqimizning masjid va madrasalarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish borasida musulmonlarning rahbari sifatida ko‘plab ishlarni amalga oshirgani hech kimga sir emas. Yangi masjidlarning ochilishi, 500dan ziyod masjidlarda qayta qurish va ta’mirlash ishlari olib borilayotgani, Buxoro shahridagi “Mir Arab”, Samarqand viloyatidagi “Imom Buxoriy hadis maktabi” diniy oliy bilim yurtlari, 2020 yil Surxondaryo viloyatidagi “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti yangidan ochilib, faoliyat olib borayotgani, diniy bilim yurtlariga talabalar qabul kvotasining oshirilishi, viloyatlarda hadis, kalom, aqida, fiqh maktabalarining faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi, diniy bilim yurtlari qoshida Qur’on kurslari tashkil etilganligi kabi ko‘plab xayrli ishlar aynan muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining diniy idora rasiliklari davrida amalga oshilirlagani hazratning ushbu sohadagi samarali mehnatlaridan dalolat beradi. Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekiston musulmonlarining rahbari, bugungi kunda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ko‘plab mutaxassislarning ustozi bo‘libgina qolmay, yon qo‘shni mamlakatlar, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston muftiyotlari tomonidan ham ustoz sifatida e’tirof etilganini qayd etishimiz lozim. Ular ko‘plab masalalarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda ish olib borayotgani, hazratning idora tarixida ilk bor 2012 yil Islom olami uyushmasi ta’sis majlisining a’zosi, Butun dunyo ulamolar kengashi a’zosi etib saylanganlari, islom dini ma’rifatini keng tarqatish, buzg‘unchi kuchlarga qarshi birga kurashish va o‘zaro hamkorlikdagi keng ko‘lamli ishlar uchun Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi tomonidan “Kumush yarim oy” medali bilan taqdirlanishi, Markaziy Osiyo musulmonlari ma’naviy taraqqiyotiga ko‘p yillar xizmat qilgani, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik kabi islomiy tamoyillarga sodiqligi, urf-odatlarni tiklash va avaylab asrashga qo‘shgan hissasi uchun Qirg‘iziston musulmonlari idorasining 1-darajali “Ыntimoq” medali (“Ittifoq”) bilan taqdirlanishlari, Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda e’lon qilingan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan munosib o‘rin egallaganlari xalqaro e’tibor va ehtiromga sazovar bo‘layotganlariga dalolat qiladi.
Muftiy hazratlari Islom dini ma’rifatining targ‘ibotchisi sifatida ham nafaqat yurtimizda, balki, ko‘plab xorijiy mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanlarda ilmiy asoslangan mazmunli ma’ruzalari bilan ishtirok etib kelmoqdalar. U kishi yigirmadan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqolalarning muallifi hisoblanadi. “Tafsiri Irfon”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Rasululloh mo‘jizalari”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Yoshlar kelajagimiz”, “IX-X asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi” kabi asarlari shular jumlasidandir.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining Islom dini va musulmonlar manfaati yo‘lida amalga oshirgan ishlari va olib borayotgan sa’y harakatlari haqida yana ko‘plab to‘xtalishimiz mumkin. Alloh taoloning inoyati ila mana shunday salmoqli ishlar muftiy hazratlari boshchiliklarida bardavom bo‘lmoqda. Ammo, bugungi kunda ba’zi bir dilni xira qiladigan, musulmonlarni o‘z rahbariga qarshi chiqishga undaydigan, ular orasida fitna va parokondalikka chaqiruvchi ayrim ijtimoiy tarmoqlardagi xabar va gaplarning tarqalishi biz diniy soha vakillari va musulmonlarning noroziligimizga sabab bo‘lmoqda. Ilm ahllarining darajalarini Alloh taoloning O‘zi baland qilgan. Bu tortishmaydigan masaladir. Chunki, Alloh taolo “Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilmga berilganlarning darjalarini ko‘tarur” (Mujodala-4), deya marhamat qilgan. Olimlarga dushmanlik qilgan odam Allohga urush qilganga o‘xshaydi. Alloh azza va jalla bilan urush qilgan g‘olib bo‘larmidi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh aytadi: “Kim mening do‘stimga dushmanlik qilsa, unga urush e’lon qilaman” (Buxoriy rivoyati). Ibn Hajar aytadi: Allohning do‘stidan murod Allohni taniydigan, Uning toatida doim bo‘ladigan olimdir.
Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh: “Kim olimlarni pastga ursa, uning oxirati barbod bo‘ladi, kim amirlarni pastga ursa, uning dunyosi barbod bo‘ladi. Kim birodarlarini pastga ursa, uning odamgarchiligi barbod bo‘ladi”, deganlar.
Ahli ilm, imomlarga samimiy xayrixoh bo‘laylik. Aslida islomning mohiyati ham shunday, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni o‘z hadislarida ta’kidlaganlar.
Tami ibn Avs Doriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Din samimiy xayrixohlikdir”, dedilar. Biz: “Kim uchun?” dedik. U zot: “Alloh uchun, Uning Kitobi uchun, Rasuli uchun hamda musulmonlarning imom-rahbarlari va hammalari uchun”, dedilar”. (Imom Muslim rivoyati).
Barchamiz uchun ustoz bo‘lgan, olim, fazilatli shayx Usmonxon Alimov hazratlarini o‘z vazifasiga noloyiq, olib borayotgan ishlarini samarasizlikda ayblamang! Muftiy hazratlarining odilona, ilmu ma’rifat va mo‘tadillik bilan ish boshqarishlari natijasi o‘laroq masjidlarimiz obod, talabalarimiz ilm chashmasidan bahramand, soha vakillari o‘zaro ittifoqlikda mehnat qilib, xalqning ma’rifati, tinchligi, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmay, halol-haromni farqlaydigan bo‘lib shakllanishi davom etmoqda. Zero, hikmatlarda “Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir”, deyilishi bilan har bir ishni mo‘tadil holda bajarish afzal ekanligini ta’kidlangan.
Muftiy hazratlariga uzoq yillar mo‘min-musulmonlarimiz xizmatida bardavom bo‘lishlarini Alloh taolo nasib aylasin!
Zayniddin ESHONQULOV,
Samarqand viloyat bosh imom-xatibi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati