Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Sukut – oltindir

8.08.2020   2754   3 min.
Sukut – oltindir

Til buyuk ne’mat. Uning jismi kichik, mas’uliyati og‘ir, vazifasi ulkandir. Toat hamda isyonnnig eng yuqori cho‘qqisi bo‘lgan imon va kufr til sababli ro‘yobga chiqadi. Inson toyilishiga ham ko‘pincha til sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lsa, u komil mo‘mindir”, dedilar (Imom Muslim).

Bu hadisdan inson kamolotga yetishi uchun til, qo‘l va barcha a’zolar bilan ozor berishdan saqlanishi lozimligi tushuniladi. Boshqa a’zolarga nisbatan til orqali g‘iybat, bo‘hton, yolg‘on, chaqimchilik, tilyog‘lamalik, masxara, so‘kish, behayo so‘zlar, sirni ochish kabi gunohlar va ozorlar ko‘p sodir bo‘ladi. Shuninig uchun hadisda til zikr qilingan. Ba’zida uning xataridan jim turish bilangina najot topish mumkin.

Manbalarda jim tura olish insonga berilgan najot topish omilidir, deyiladi. Inson hayotida jim turish bilan dunyo va oxirat saodatiga erishadi. Bugungi kunda jamiyatning eng kichik bo‘g‘imi bo‘lmish oila arzimagan bir og‘iz so‘z, o‘rnida aytilmagan ortiqcha gap, o‘z vaqtida tilni tiymaslik bilan buzilib ketmoqda. Natijada qancha-qancha norasida bolalar tirik yetim bo‘lib qolmoqda. Oilada ayol birozgina sukut saqlashi, er esa bir mudddat o‘zini bosib, jim turishi bilan hal bo‘ladigan muommo so‘zlash bilan alanga olmoqdi. Natija esa hammaga ma’lum. Keling biroz jim turaylik!

Sukut saqlash insonga ziynat va haybatni  ziyoda etadi va hatto qo‘rg‘on vazifasini ham o‘taydi. Ba’zilar ko‘p eshitib, kam gapiradigan odamni ko‘rsalar ”Haybatli odam ekan yonlarida gapirolmadim”, boshqalar esa jim turadigan bolani ko‘rganda beixtiyor “Bu bola odobli ekanmi?” deganlariga guvoh bo‘lamiz. Sofvan ibn Salim (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi: “Rasullulloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga badan uchun yengil bo‘lgan, oson ibodatning aytaymi? U – jim turish va chiroyli xulqdir” dedilar” (Imom Abu Dunyo).

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Jim turish hikmatdir. Jim turuvchilar esa juda kamdir”, dedilar” (Imom Bayhaqiy).

Boshqa bir hadisda: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim jim tursa najot topadi”, dedilar”(Imom Termiziy).

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hayotlari davomida sukut saqlashni biz ummatlarga ta’lim berdilar. Jobir ibn Samura (roziyallohu anhu): “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) uzoq vaqt jim turardilar”, deb rivoyat qiladi. Abu Molik Ashja’iy otasi (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: “Biz Nabiy (alayhissalom)ni atroflarida o‘tirganimizda uzoq jim turganlarini ko‘rardik. Sahoba (roziyallohu anhum)lar ko‘p gapirib yuborsalar tabassum qilardilar”. 

Ulamolar aytadi: “Tinglash vaqtida jim turish fazilat, sinov kelganida jim turish sabrdir, deyilgan”. Bishr ibn Horis Hofiy aytadi: “So‘zlovchi jim turuvchidan ko‘ra taqvoli bo‘lolmaydi. O‘z o‘rnida so‘zlab, o‘z o‘rnida sukut qilgan olimgina undan afzal bo‘lishi mumkin”. Sahl ibn Abdulloh “Alloh taoloni tanuvchilar ilmli bo‘lsalar ham jim turadilar va izn bilan gapiradilar. Shuning uchun ularda lag‘v bo‘lmaydi”, deydi. Donishmandlar: “Inson so‘zlashni o‘rganishiga ikki yil kifoya qilsa, jim turishni o‘rganishiga ellik yil kerak bo‘ladi” deydi. 

Jamiyat a’zolari jim turish-sukut saqlash bilan ziynatlansa oilalar mustahkam, fuqarolar xulq-odobda namuna bo‘ladilar. Bu esa o‘z navbatida jamiyatni taraqqiyotning yuqori cho‘qqisiga odimlashiga sabab bo‘ladi.

 

Bahriddin Jo‘rabek o‘g‘li

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   2736   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.