Bismillahir rohmanir rohim. Bandalarning Allohga bo‘lgan imon-ishonchi, Unga bo‘lgan tavakkuli va o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan muruvvat va ehsonlari qay darajada ekanligini sinash uchun Alloh taolo ba’zida mana shunday qiyinchiliklarni yuborib turishi Haq taoloning sunnatidir. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ حَتَّى نَعْلَمَ الْمُجَاهِدِينَ مِنْكُمْ وَالصَّابِرِينَ وَنَبْلُوَ أَخْبَارَكُمْ
ya’ni: “Albatta, Biz, to sizlarning orangizdagi jiddu-jahd qiluvchi va sabr qiluvchilarni bilgunimizcha hamda sizlarning xabarlaringizni sinab bo‘lgunimizcha, sizlarni imtihon qilurmiz” (Muhammad surasi, 31-oyat).
Shunday ekan, musulmon kishi Allohning irodasi bilan kelgan sinov paytida shunday odob va axloq me’yorlariga ega bo‘lish lozimki, u bilan o‘z ibodatini, axloqini va insoniyligini muhofaza qilib, sinovdan o‘tib olishi darkor. Quyida ana shu axloq namunalarini sanab o‘tamiz:
Birinchi: Axborot tarqatishdan avval uni rost ekanligiga ishonch hosil qilish, tasdiqlanmagan, mish-mishlardan iborat bo‘lgan axborotlarni tarqatishdan saqlanish. Darhaqiqat, Qur’oni karim asossiz xabarlarni tarqatishni qoralagan. Garchi, bu kabi ishlar ayrim insonlar nazdida arzimas sanalsada, Allohning nazdida eng katta gunohlardan ekanini bayon qilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
إِذْ تَلَقَّوْنَهُ بِأَلْسِنَتِكُمْ وَتَقُولُونَ بِأَفْوَاهِكُمْ مَا لَيْسَ لَكُمْ بِهِ عِلْمٌ وَتَحْسَبُونَهُ هَيِّنًا وَهُوَ عِنْدَ اللَّهِ عَظِيمٌ
ya’ni: “O‘shanda sizlar uni tildan tilga ko‘chirib, og‘izlaringiz bilan o‘zlaringiz aniq bilmagan narsani so‘zlar va buni yengil sanar edingiz. Holbuki, u Alloh nazdida ulkan gunohdir” (Nur surasi, 15-oyat).
Ikkinchi: Insonlar orasida sokinlik va xotirjamlik kayfiyatini yoyish, ularni qo‘rquvga solish, vahima qo‘zg‘ashdan saqlanish. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom:
لَا يَحِلُّ لِمُسْلِمٍ أَنْ يُرَوِّعَ مُسْلِمًا (أخرجه أبو داود)
ya’ni: “Musulmon kishiga boshqa musulmonni qo‘rqitishi, vahimaga solishi halol emas”, – deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Uchinchi: Musibat yetgan vaqtda Alloh taologa nisbatan odobni saqlagan holda Unga itoat etish, chin dildan iltijo qilish, Unga qalban yolvorib duo qilish, mana shunday balo va qiyinchilik vaqtlarida sayyidimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlarning Alloh taolodan zorlanib yordam so‘raganlarini esga olib, ularning tutgan yo‘llariga ergashish.
To‘rtinchi: Har doim ham odamlar orasida o‘zaro hamjihatlik, bir-biriga yordam berish ijtimoiy hamda shar’iy burch va majburiyatlardan hisoblanadi. Xususan, qiyin paytlarda bunga rioya qilish vojib sanaladi. Batahqiq, Payg‘ambarimiz alayhissalom bu ishga buyurib shunday deganlar:
عن أبي سعيد الخدري قال بينما نحن في سفر مع النبي صلى الله عليه وسلم إذ جاء رجل على راحلة له قال فجعل يصرف بصره يمينا وشمالا فقال رسول الله صلى الله عليه وسلم مَنْ كَانَ مَعَهُ فَضْلُ ظَهرٍ فَلْيَعُدْ بِهِ عَلىٰ مَنْ لا ظَهْرَ لَهُ، وَمَن كانَ لَهُ فَضْلٌ مِن زَادٍ فَلْيَعُدْ بِهِ عَلَىٰ مَن لا زَادَ لَهُ، فَذَكَرَ مِن أَصْنَافِ المَالِ مَا ذَكَرَ حَتَّى رَأَيْنَا أَنَّهُ لا حَقَّ لأحدٍ مِنَّا في فَضْلٍ (أخرجه مسلم).
ya’ni: Abu Sa’id al-Xudriy r.a. rivoyat qilib aytadilar: Biz Payg‘ambar s.a.v. bilan birga safarda edik, shu payt bir kishi uloviga minib keldi va o‘ng va chap tomonga alanglab qaray boshladi. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Kimni ortiqcha ulovi bo‘lsa, uni ulovi yo‘qqa bersin, kimni ortiqcha oziq-ovqati bo‘lsa, oziq-ovqati yo‘qqa bersin, dedilar. Shu orada qanday mol turlari bo‘lsa sanab o‘tdilar, hatto biz “o‘zimizdagi ortiqcha narsada birortamizning haqqimiz yo‘q ekan-da”, – deb o‘ylab qoldik” (Imom Muslim rivoyati).
Beshinchi: O‘zgalarga ilinish, o‘zgalarni o‘zidan ustun qo‘yish kabi eng go‘zal xulq bilan ziynatlanish, aksincha, qiyinchilik vaqtida faqat o‘z foydasini o‘ylab birlamchi zaruriy mahsulotlarni keragidan ortiq miqdorda sotib olish, ularni saqlab qo‘yish kabi illatlardan uzoqda bo‘lish. Bunday hatti-harakatlar alaloqibat narxlarning sun’iy tarzda ko‘tarilib ketishiga va kambag‘allarni zaruriy ehtiyojlarini qondirishdan mahrum bo‘lishlariga olib keladi. Holbuki, habibimiz Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ash’ariy qabilasini tang ahvollarda o‘zaro rahm-shavqat, o‘zgani o‘zidan ustun qo‘yish kabi sifatlarini barchaga maqtab shunday deganlar:
إنَّ الأشْعَرِيِّينَ إذا أرْمَلُوا في الغَزْوِ، أوْ قَلَّ طَعامُ عِيالِهِمْ بالمَدِينَةِ، جَمَعُوا ما كانَ عِنْدَهُمْ في ثَوْبٍ واحِدٍ، ثُمَّ اقْتَسَمُوهُ بيْنَهُمْ في إناءٍ واحِدٍ، بالسَّوِيَّةِ، فَهُمْ مِنِّي وأنا منهمْ (أخرجه مُسلم).
ya’ni: “Ash’ariylar g‘azotda oziq-ovqat tanqisligiga uchrasalar yoki Madinada oilalarining yeguligi ozayib qolsa, o‘zlaridagi bor narsalarini bir matoga to‘plab, keyin uni o‘rtalarida bir idishda bab-barobar taqsimlashadi. Shunday ekan, ular mendan va men ulardanman” (Imom Muslim rivoyati).
Oltinchi: Ushbu sinovli kunlarda namozlarni uyda jamoat bo‘lib o‘qish, duo qilish, nafl ro‘za tutish, Qur’oni karim tilovati bilan mashg‘ul bo‘lish, tunlari qoim bo‘lib ibodat qilish orqali Alloh taologa yaqin bo‘lishga intilish. Shoyad, shular najot bersa!
Yettinchi: Kasallikka chalinib dard chekayotgan kishilarning dardiga malham bo‘lishga, og‘rig‘ini his qilishga harakat qilish. Zinhor, bu dardga chalingan kimsaga nisbatan tahqir va masxara nazari bilan boqmaslik. Vaholangki, bu musibat butun ummatning boshiga kelgan va undan hech kim omonda emas. Rasulimiz sollallohu alayhi vasallam mo‘min inson qanday bo‘lishini bayon qilib shunday deganlar:
مَثَلُ الْمُؤْمِنِينَ فِي تَوَادِّهِمْ وَتَرَاحُمِهِمْ وَتَعَاطُفِهِمْ مَثَلُ الْجَسَدِ؛ إِذَا اشْتَكَىٰ مِنْهُ عُضْوٌ تَدَاعَىٰ لَهُ سَائِرُ الْجَسَدِ بِالسَّهَرِ وَالْحُمَّىٰ (مُتفق عليه).
ya’ni: “Mo‘minlar o‘zaro rahmu shafqatda, mehru muhabbatda bir jasad kabidirlar, agar uning bir a’zosi og‘rib qolsa, qolgan butun jasad bedorlik va isitma bilan og‘riqqa javob beradi” (Muttafaqun alayh).
Sakkizinchi: Musibat yetgan paytda nafsni tergab, uni hisob-kitob qilish. Musibatlar – bu, oxiratni esga soluvchi vositadir. Tavbaga shoshilish, istig‘forni ko‘p aytish, ibodat va itoatga o‘tish, gunoh va ma’siyatlardan batamom tiyilish balodan najot topish yo‘lidir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَمَا كَانَ اللهُ مُعَذِّبَهُمۡ وَهُمۡ يَسۡتَغۡفِرُونَ (سورة الأنفال: 33)
ya’ni: “Modomiki, ular istig‘for aytar ekanlar, Alloh ularni azablovchimas” (Anfol surasi, 33-oyat).
To‘qizinchi: Salomatlikni asrash, virusdan himoyalanish bo‘yicha soha mutaxassislari, tibbiyot olimlari va mas’ullar tomonidan berilayotgan ko‘rsatma va tavsiyalarga qat’iy amal qilish. Chunki, o‘zining va boshqalarning hayotini saqlab qolishda har bir insonning o‘z o‘rni bor. Ibni Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam:
السَّمْعُ وَالطَّاعَةُ عَلَىٰ الْمَرْءِ الْمُسْلِمِ فِيمَا أَحَبَّ وَكَرِهَ، مَا لَمْ يُؤْمَرْ بِمَعْصِيَةٍ، فَإِذَا أُمِرَ بِمَعْصِيَةٍ، فَلَا سَمْعَ وَلَا طَاعَةَ (متفق عليه).
ya’ni: “Modomiki musulmon kishi gunoh va ma’siyatga buyurilmas ekan yaxshi ko‘rgan narsasida ham, yomon ko‘rgan narsasida ham (ish boshilarga) quloq solishi va itoat qilishi vojibdir. Qachonki, gunoh va ma’siyatga buyurilsa, quloq solinmaydi va itoat qilinmaydi” (Muttafaqun alayh).
O‘ninchi: Musulmon kishi musibat kelgan vaqtda ma’naviy ibodatlar bo‘lmish sabr, ishonch, yaxshi niyat va Alloh taologa haqiqiy tavakkul qilish kabilarni jonlantirish bilan birga, o‘zini va o‘zgalarni virus balosiga duchor bo‘lishdan asraydigan moddiy sabablarga rioya qilishi lozim.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.