Xalqimiz doimo xursandchilik bilan nishonlaydigan bayramlaridan biri – Qurbon hayitidir. Bayram kunlari xalqimizga xos bo‘lgan saxovat va muruvvatdek oliyjanob fazilatlar yanada bo‘y cho‘zadi. Odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, yaxshilik, sila rahm kuchayadi. Ajdodlardan o‘tib kelayotgan bir qator diniy va milliy qadriyatlarimiz, shubhasiz, ana shu bayram kunlari insonlar hayotida namoyon bo‘ladi.
Bu yil Qurbon hayiti koronavirus pandemiyasi davriga to‘g‘ri kelgani ushbu bayram shukuhiga ta’sir ko‘rsatmadi, aksincha, odamlarimiz o‘z uylarida, oila-a’zolari bilan bayramni nishonladilar. Ezgu duolar qilindi. Yoshu kattalar ma’rifiy suhbatlar qilib, ushbu bayramning ahamiyati, hayotimizda tutgan o‘rni haqida tushunchalar berdilar.
Muhtaram Prezidentimizning Farmonlari asosida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlashda fidoiylik ko‘rsatayotgan xodimlarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish uchun 100 mlrd so‘m ajratilishi, Tabrikka asosan, ko‘makka muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida avval ajratilgan 10 trln. So‘m mablag‘ga qo‘shimcha ravishda respublika budjetidan yana qariyb 2.5 trln. So‘m mablag‘ yo‘naltirilgani juda katta xursandchilik bo‘ldi.
Albatta, bugun hukumatimiz tomonidan ushbu kasallikni yengish bo‘yicha barcha ishlar olib borilmoqda. Ushbu kasallikni bartaraf etish bo‘yicha jalb qilingan har bir inson e’tibor va ehtiromda.
Muborak Qurbon hayiti kunlarida hammamiz ne’matlarga shukr qilib, sabr-qanoat bilan Yaratgandan yurtimizga tinchlik, osoyishtalik so‘rasak, kasallikka qarshi kurashda birinchi safda turib xizmat qilayotgan shifokorlarni haqiga ko‘proq duo qilsak, Alloh qabul qiladi, inshoalloh.
Shamsuddin BAUATDINOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhmurid va yaqinlariga «safar qilsangiz va yukingiz sizga bepul olib ketishingizga ruxsat bergan miqdordan ortiq bo‘lsa, albatta, ortiqcha yukning haqqini ado eting va keyin safar qiling», deya ko‘rsatma berar edilar.
Bir kuni u kishi safar qilish uchun vokzalga yetib keldilar. Poyezd kelishiga yaqin qolgan edi. Hazrat yuklarini olib, yuklar tortiladigan joyga yetib keldilar va navbatga turdilar. Tasodifan poyezdda birga ketadigan konduktor u yerga keldi va hazratni tanib qoldi. Darhol: «Hazrat, siz bu yerda nega turibsiz?» deb so‘radi.
Hazrat: «Yukimni torttirish uchun kelganman», dedilar.
Konduktor: «Sizga yukingizni torttirishga zarurat yo‘q. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Men siz bilan birga poyezdda ketaman. Ortiqcha yuk uchun haq to‘lashingiz shart emas», dedi.
Hazrat: «Siz men bilan birga qayergacha borasiz?» deb so‘radilar.
Konduktor: «Falon bekatgacha boraman», dedi.
Hazrat: «Keyin u yog‘iga nima bo‘ladi?» deb so‘radilar. Konduktor: «U bekatda boshqa konduktor keladi. Men unga bu hazratning yuklari, deb aytib qo‘yaman», dedi.
Hazrat: «U konduktor men bilan birga qayergacha boradi?» deb so‘radilar.
Konduktor: «U uzoqqa ketadi. Undan ancha oldin sizning bekatingiz keladi», dedi.
Hazrat: «Yo‘q, men ancha uzoqqa ketaman, oxirat tarafga ketaman, qabrimga ketaman. Qaysi konduktor men bilan birga ketadi?» dedilar. Keyin: «Oxiratda mendan bir davlatga oid poyezdda yukning haqqini ado qilmay qilgan safaring va o‘g‘irliging hisobini ber degan talab bo‘lsa, u yerda qaysi konduktor menga yordam bera oladi?!» dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan