Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qur’on o‘qiydigan mo‘min utrujjaga o‘xshaydi. Uning hidi yoqimli, mazasi shirin. Qur’on o‘qimaydigan mo‘min esa xurmo kabidir. (Xurmo mevasining) hidi yo‘q, ammo mazasi shirin. Qur’on o‘qiydigan munofiq rayhon kabi xushbo‘y, biroq mazasi taxir. Qur’on o‘qimaydigan munofiq esa hanzala yanglig‘ hidsiz, ta’mi achchiqdir» deganlar.
Buxoriy, Muslim, Sunan sohiblari, Dorimiy, Ahmad rivoyat qilgan.
Mazkur hadisda Qur’on tilovat qilish, Kalomullohdan uzoq yurish qanday samara berishi ajoyib o‘xshatish orqali bayon etilmoqda. Unda to‘rt toifa kishi ikki xil meva hamda ikki xil o‘simlikka o‘xshatilmoqda: mo‘min utrujjaga, xurmoga, munofiq esa rayhonga, hanzalaga mengzalmoqda. Bu bilan mo‘min bandaning sha’ni naqadar ulug‘ligi, tilida musulmonlikni da’vo qiladigan kimsaning holati naqadar yomonligini bilib olamiz. Qolaversa, hadisda Allohning Kalomi bandaning zohiriga ham, botiniga ham ta’sir qilishi ta’kidlanmoqda. Bandalar bu borada bir-biridan farq qiladi. Haqiqiy mo‘min ko‘proq nasibador bo‘ladi, kimdir ozroq. Qur’on barakasidan umuman benasib qoladiganlar ham yo‘q emas. Keling, bu purma’no hadis sharhi bilan yaqindan tanishib chiqamiz:
“Qur’on o‘qiydigan mo‘min utrujjaga o‘xshaydi. Uning hidi yoqimli, mazasi shirin”.
Utrujja – apelsinga o‘xshagan meva. Uning hajmi o‘rtacha, ko‘rinishi chiroyli, rangi sariq-qizg‘ish. Utrujjaning ajoyib rangi kishi e’tiborini tortadi. Unga qaragan inson ko‘nglida quvonch paydo bo‘ladi. Qolaversa, utrujjaning xushbo‘y hidi, totli mazasi bor. Utrujja mevalar ichida eng zo‘ri bo‘lgani uchun ham mo‘min kishi mana shu mevaga o‘xshatilmoqda. Mo‘minning qalbida imoni bor, nifoq yo‘q. U Qur’on o‘qiydi. Qur’on o‘qishi shundoq yuz-ko‘zidan bilinib turadi. Mo‘minning tashqi ko‘rinishi go‘zal, xulqi chiroyli. Asosiysi ichki olami – qalbi go‘zal. Bundan chiqdi, komil mo‘min bo‘lish uchun ham sirtini, ham ichini to‘g‘rilash kerak. Qalbni isloh qilishda, yetuk mo‘min bo‘lishda Qur’onning ahamiyati juda katta. Qur’on o‘qiydigan mo‘minning – xuddi utrujja kabi – ta’mi mazali: qalbida imon mustahkam o‘rnashgan, hidiyam xushbo‘y – odamlar uning qiroatini eshitib rohatlanadilar, ajr-savob oladilar, Qur’on o‘qishni o‘rganadilar. E’tiborli jihati shundaki, hadisda “Qur’on o‘qiydigan” deyish bilan Qur’onni oyda-yilda bir emas, doim o‘qish lozimligiga ishora qilinmoqda. Zero, komil mo‘min banda Allohning Kalomini tokchalarda g‘arib holda qoldirmaydi, muttasil o‘qib-o‘rganadi, ilohiy ta’limotlarga muvofiq yashaydi.
“Qur’on o‘qimaydigan mo‘min esa xurmo kabidir. (Xurmo mevasining) hidi yo‘q, ammo mazasi shirin”. Buyam ajoyib o‘xshatish. Har bir bandadan talab etiladigan asosiy narsa imondir. Mo‘min banda imoni bilan qadrli. Lekin Allohga, oxirat kuniga ishonsa-yu, Parvardigori Kitobini o‘qimasa, uning qadri pasayadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’on o‘qimaydigan mo‘minni xurmoga o‘xshatyaptilar. Xurmoning mazasi juda shirin, lekin hidlab ko‘rsangiz, hidi yo‘qligiga amin bo‘lasiz. Bundan chiqdi, Qur’on o‘qimaslik, o‘qishni o‘rganishga harakat qilmaslik mo‘min banda uchun ayb sanaladi. Afsuski, hozirda ko‘p musulmonlar Qur’on o‘qimaydi, ma’nosini tushunmaydi. Oqibatda musulmon bo‘lgani uchun emas, musulmon bo‘la turib Qur’onni o‘qib-o‘rganmagani uchun boshiga har xil savdolar tushadi. Bugungi kundagi ko‘p tashvishlar aynan dindan bexabarligimiz sababli kelib chiqmoqda. Bundoq olib qarasak, hammasi yozib qo‘yilgan, qaysi vaziyatda nima qilish kerakligi bayon etilgan. Biroq Qur’on o‘qilmaydi, Allohning hukmi o‘rganilmaydi. Bunday noxush vaziyatdan chiqib ketishning birdan-bir chorasi – Qur’onga qaytish, Allohning Kalomini qunt bilan o‘qib-o‘rganish. Shuni ham ta’kidlab o‘tish joiz, mo‘min banda Qur’on o‘qimasayam, uning asli pok. Chunki qalbida imon bor. Qur’on o‘qimagani yoki o‘qiy olmagani bilan uning botini go‘zal, ammo zohiri islohtalab.
“Qur’on o‘qiydigan munofiq rayhon kabi xushbo‘y, biroq mazasi taxir”. Qur’on o‘qiydigan munofiqning rayhonga o‘xshatilishiga sabab munofiq dilida kasallik bor, tilida musulmonlikni da’vo qiladi. Lekin qalbida imon yo‘q, ixlos yo‘q. Odamlar – Qur’on hurmatidan – riyokor qorini izzat-ikrom qilishlari mumkin. Biroq niyati xolis bo‘lmagani uchun riyokor kimsa Alloh nazdida haqiqiy qorilik maqomiga erisholmaydi: unga savob ham, yuqori martaba ham berilmaydi. Ma’lumki, rayhonning hidi ko‘pchilikka yoqadi. Ammo bargini chaynagan odamning ko‘ngli behuzur bo‘ladi. Munofiq ham shunday. Faqat Qur’on o‘qigani uchun uning hidi xushbo‘y. E’tibor bering: bu gap qalbida nifoq illati bor kimsa haqida aytilyapti. Chinakam mo‘min banda Qur’on o‘qish bilan qanchalik yuqori darajaga ko‘tarilishini shundan ham bilib olsa bo‘ladi.
“Qur’on o‘qimaydigan munofiq esa hanzala yanglig‘ hidsiz, ta’mi achchiqdir”. Hanzala – ta’mi, hidi yoqimsiz o‘simlik. Mevasi apelsin kattaligida bo‘ladi. Qalbida nifoq bor, Qur’ondan uzoq banda hanzalaga o‘xshaydi. Uning ta’mi achchiq, ustiga-ustak hidi ham badbo‘y. Bu – to‘rt toifa ichidagi – eng past pog‘ona egasidir. Munofiqlik tamg‘asi bandani juda past darajaga tushirib yuboradi. Agar u Qur’ondan yiroq bo‘lsa, pog‘onasi battar pasayib ketadi. Munofiqqa ibodat qilish ham, Qur’on o‘qish ham og‘irlik qiladi. Shu ma’noda Abul Javzo: “Munofiq uchun Qur’on o‘qishdan ko‘ra zil-zambil toshlarni ko‘tarib yurish osonroq”, degan.
Abu Nuaym “Hilyatul avliyo”da rivoyat qilgan
Munofiqda imon, ixlos bo‘lmagani uchun ibodatni xushu’ bilan bajarolmaydi, Qur’onni Alloh roziligi uchun emas, odamlar maqtovi uchun qiroat qiladi, bor e’tiborini faqat tashqi tarafga – moddiyatga qaratadi. Hadisning mana shu qismidan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, avvalo nifoqdan uzoq yurish, sirtdan musulmon bo‘lib ko‘rinib, Islomga teskari ishlardan qilishdan ehtiyot bo‘lish kerak. Qolaversa, Qur’onga e’tiborimizni kuchaytiraylik. Zotan, mo‘min-musulmon bo‘la turib Qur’on o‘qimaslik ma’qul emas. Chunki Alloh Qur’onni o‘qib-o‘rganishimiz, Kalomulloh odobi ila xulqlanishimiz uchun nozil qilgan.
«Qur’on qalblar shifosi» kitobi asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hidoyatni haq bilan sobit qilgan, botilni esa ochiq dalillar bilan fosh etgan olamlar Parvardigori Alloh azza va jallaga o‘zining buyukligiga xos hamdu sanolar bo‘lsin.
Islomni bekamu-ko‘st yetkazgan, haqni ochiq-oydin bayon qilgan va har qanday adashuvdan ogohlantirgan janob payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, sahobalariga va ular orqali haq dinni aniq va to‘g‘ri tushuntirib kelgan ulamolarga ham Allohning rahmati va salavoti yog‘ilsin.
Har bir da’vat va harakat, agar u Islom da’vosi nomidan qilinayotgan bo‘lsa, Qur’on va sunnat mezonlariga muvofiq bo‘lishi lozim.
Aks holda, haq yo‘ldan og‘ish va ummat orasida fitnalar keltirib chiqarish ehtimoli paydo bo‘ladi.
Zero, insonlar ikki jamoaga bo‘linadi: Rahmon jamoasi va shaytonning malaylari.
Alloh taoloning jamoasi tarqoq bo‘lishi aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
وَمِنَ ٱلَّذِينَ فَرَّقُوا۟ دِينَهُمْ وَكَانُوا۟ شِيَعًۭا لَّسْتَ مِنْهُمْ فِى شَىْءٍۢ ۚ إِنَّمَآ أَمْرُهُمْ إِلَى ٱللَّهِ ثُمَّ يُنَبِّئُهُم بِمَا كَانُوا۟ يَفْعَلُونَ
“Dinlarini (firqalarga) bo‘lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas’ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So‘ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur” (An’om surasi, 159-oyat).
Qolaversa, imom Abu Dovud rahimahulloh Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom:
“Ular (firqalar)ning hammasi do‘zaxdadir. Birgina firqa bundan mustasno”, dedilar.
Shunda sahobalar: “O‘sha bir toifa kim, yo Allohning Rasuli!” deyishdi.
U zot alayhissalom: “Jamoatdir”, dedilar. So‘ng qo‘shimcha qilib aytdilar: “Albatta, yaqin orada shunday qavmlar keladi, qutirish kasali bemorni qanday egallasa, ularni havoi nafs xuddi shunday egallaydi”, dedilar.
Haqiqatan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning bergan xabari voqelikda sodir bo‘ldi.
Havoi nafsga ergashish ko‘paydi. Firqalar, jamoalar ko‘paydi. Holbuki, Alloh taolo:
وَٱعْتَصِمُوا۟ بِحَبْلِ ٱللَّهِ جَمِيعًۭا وَلَا تَفَرَّقُوا۟ ۚ وَٱذْكُرُوا۟ نِعْمَتَ ٱللَّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ كُنتُمْ أَعْدَآءًۭ فَأَلَّفَ بَيْنَ قُلُوبِكُمْ فَأَصْبَحْتُم بِنِعْمَتِهِۦٓ إِخْوَٰنًۭا وَكُنتُمْ عَلَىٰ شَفَا حُفْرَةٍۢ مِّنَ ٱلنَّارِ فَأَنقَذَكُم مِّنْهَا ۗ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمْ ءَايَٰتِهِۦ لَعَلَّكُمْ تَهْتَدُونَ
“Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’on) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang, hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohi yoqasida turganingizda, sizlarni undan qutqardi. Shoyad haq yo‘lni topgaysizlar, deb Alloh o‘z oyatlarini sizlarga shunday bayon qiladi”, deb marhamat qiladi (Oli Imron surasi, 103-oyat).
Oxirgi asrlarda paydo bo‘lgan, e’tiqodiy qarashlari bir-biridan ajabtovur tarzda farqli bo‘lgan o‘zini “diniy guruh”, deb iddao etuvchi, aslida esa, hokimiyatni egallashni maqsad qilgan siyosiy oqim bo‘lmish, “Hizbut-tahrir”chilarning da’vat qilishda tanlagan uslublarini ko‘rib, yoqa ushlamay ilojingiz yo‘q!
Guruh o‘z harakatlarini shar’iy hukmlarga asoslangan deb iddao qilsa-da, rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘liga ergashyapmiz, deb ta’kidlasa-da, ularning asl ta’limotlari bu da’volarning mutlaqo asossiz ekanini ko‘rsatadi. Axloq va fazilatli xulqlarni ikkinchi darajaga tushirib, siyosiy manfaatlarni asosiy maqsad qilib olgan bu guruh Islom dinining tamal qadriyatlaridan yiroq ekanini namoyon qiladi.
Aslida “Hizbut-tahrir” jamoasi avvalboshdanoq islomiy odob-axloqni inkor qilib, insoniy qadriyatlarning va diniy fazilatlarning bugungi kunda zarurati yo‘q, deb keladi. Hizb o‘z dasturlarida axloq bilan da’vat qilishni, odamlarni axloqli, insonlar chiroyli xulqlar sohibi bo‘lishini tanqid qiladi.
Lekin ular tarmoqlarda tarqatayotgan tanqidona maqolalarida esa, o‘zlarini yaxshilikka da’vat qiluvchi, ummat peshqadami kabi ko‘rsatishgan, huddi olamda shulargina amri ma’ruf qiladigandek.
Zero, hizbut tahrir shunchalik mug‘ombirki, asli ta’limotini o‘rganib chiqilsa, amri ma’ruf u yoqda tursin, oddiy insoniy axloqqa ham to‘g‘ri kelmaydigan qarashlari juda ham ko‘p ekaniga guvoh bo‘lish mumkin.
Masalan, Hizbut-tahrir a’zolariga tarqatilgan “Hizbut-tahrir manhaji” nomli risolada: “Fazilatli xulqlarga da’vat qilish jamiyatni isloh qilishga va ummatni uyg‘otishga imkoniyat tug‘dirmaydi. Chunki, jamiyatning islohi fikrlar islohi bilan hosil bo‘ladi. Fazilatli xulqlarga da’vat qilish esa zamonaviy musulmonlarning hukmlarini hal qilish uchun yetarli da’vat emas!” (“Manhaj hizb ut-tahrir fi-t-tag‘yir”, 26-27 betlar), deyilgan.
Hizbut tahrirning bu xildagi odob-axloqni, ruhiy xislat va fazilatlarni inkor qilishlari hizbning a’zolari orasida qalbi qattiqlikni, qo‘rslikni keltirib chiqarish uchun zarur edi.
Holbuki, Islom dini mehr-shafqat dini, Islom shariati odob-axloq shariatidir!
Hizbut-tahrirning xiyonati, munofiqligi va noshar’iy ekanini shundan ham bilsa bo‘ladiki, ular dalil qiladigan eng asosiy oyati karimada ham amri ma’ruf va nahiy munkarga buyuriladi. Ya’ni, ta’lim-tarbiyaga, yaxshiliklarga da’vat qilishga, odamlarga odob-axloq o‘rgatishga chaqiriladi. Alloh subhanahu va taolo Qur’on karimda bunday degan:
كُنتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ تَأْمُرُونَ بِٱلْمَعْرُوفِ وَتَنْهَوْنَ عَنِ ٱلْمُنكَرِ وَتُؤْمِنُونَ بِٱللَّهِ
“Odamlarga chiqarilgan (ma’lum bo‘lgan) ummatning eng yaxshisi bo‘ldingiz, (ey, musulmonlar!) zero, siz amri ma’ruf, nahyi munkar qilasiz va Allohga imon keltirasiz” (Oli Imron, 110-oyat).
Mazkur oyati karima sababli musulmonlar ummati va ularning ulamolari amri ma’ruf va nahiy munkarni farzi ayn deb ittifoq qilganlar.
Qizig‘i shundaki o‘zlari ijtimoiy tarmoqda tarqatayotgan maqolalarda dalil sifatida keltirgan mana shu oyatni, ya’ni, ana shu farzi ayn bo‘lmish amalni hizbut-tahrir inkor qilib keladi. “Hozir amri ma’ruf va nahiy munkarning zarurati yo‘q, siyosat muhim!”, degan noshar’iy va noislomiy fikrni jar solib olamni g‘avg‘oga to‘ldirishga harakat qiladilar.
Ko‘ryapsizmi, ularning kechagi gapi bugungiga to‘g‘ri kelmaydi. Aslida bular o‘z ta’limotlari telba-teskariligini bilmaydigan darajada g‘alcha yoki johil, noshud va notavon kimsalardir.
Bu oyatga eng to‘g‘ri holda amal qiladiganlar aslida bizning mana shu yurtdagi ulamolardir.
Hizbut-tahrir o‘zini diniy emas, balki siyosiy tashkilot deb e’lon qilar ekan, dindagi jami yaxshilik va xislatlarni inkor qilish yo‘lidan boradi.
Ularning da’vosini qarang: “Hizbut-tahrir siyosiy tashkilotdir. U xayrli amallarning tashkiloti emas!” yoki “Hizbning barcha ishi siyosiy ishdir. Uning ishi ta’limga asoslanmagan. U madrasa emas, uning amali va’z-nasihat ham emas. U siyosiy amaldir!” (“Manhaj hizbut-tahrir fi-t-tag‘yir”, 28-31 betlar; “Hizbut-tahrir”, 25-bet).
Ularning bo‘tqa dinini ko‘ryapsizmi?!
Ha, bu ularning islomidir, haqiqiy Islom esa, bunday noshudlardan bezordir.
Asadulloh Qudratulloh
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.