Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Qalblarga quvonch taratuvchi qutlug‘ ayyom

31.07.2020   2054   10 min.
Qalblarga quvonch taratuvchi qutlug‘ ayyom

Avvalo, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi — muborak

Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy qutlayman.

Bu qutlug‘ ayyomda hammamiz, avvalo, shunday fayzli va barokatli kunlarga yetkazgani uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz. Oila, mahalla va jamiyat ahliga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga beg‘araz yordam berish, yaxshilik, sabru qanoat kabi ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma’no-mazmuni bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga g‘oyat uyg‘un va hamohangdir. Ayni chog‘larda butun insoniyat hayotiga tahdid solayotgan koronavirus kasalligi tezroq arishini, bemorlarga komil shifo berishini Haq taolodan so‘raymiz.

Ta’kidlash joizki, Qurbon hayiti buyuk bayram va quvonchli voqeadir. Ushbu bayram hijriy zulhijja oyining 10-kuni nishonlanadi. Bu oyda imkon qadar nafl ibodatlarni ko‘paytirish Allohga qurbat hosil qilish bilan bo‘ladi. Xususan, zulhijja oyining avvalgi o‘n kuni ashri zulhijja deyiladi, ushbu 10 kunda qilinadigan savobli amallar ajri juda ham ulug‘. Imom Buxoriy va Imom Muslimdan keltirilgan hadisi sharifda Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Janobi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Allohning nazdida zulhijjaning avvalgi 10 kunida qilingan solih amallarga beriladigan savobli amallarni topmadim”, dedilar”. 

Shu bilan birga, mana shu 10 kun ichida arafa kuni — ertaga hayit degan kun ro‘zasi haqida Rasuli akram alayhissolatu vassalamdan mashhur hadis bor: “Arafa kunning ro‘zasi bir yil avvalgi va bir yil keyingi gunohiga kafforot bo‘ladi, deb umid qilaman”.

Ya’ni bu muborak 10 kunda qilinadigan solih amallar ajri Alloh huzurida yanada ko‘proq bo‘ladi. Demak, mo‘min-musulmonlar ko‘proq xayrli ishlarni qilishsa, ko‘proq savobga ega bo‘lishadi, insha Alloh.

Ushbu muborak bayramda qilinadigan amali solihlarning eng afzali — zulhijja oyining 10-kunidan boshlab, uchinchi kun quyosh botgunga qadar, ya’ni 3 kun ichida musulmon, oqil, balog‘at yoshiga yetgan, muqim va zakot berishga qodir bo‘lgan kishilarga bir jonlik so‘yish vojib hisob­lanadi.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qurbonlik kunini bayram qilishga amr qilindim. Uni Alloh bu ummat uchun xos qilgandir”, dedilar. Demak, qurbonlik kunini bayram qilishni Parvardigori olam Payg‘ambar alayhicsalomga amr qilgan. Alloh taolo faqatgina biz ummatlarga bu Qurbon ­hayitini o‘ziga xos bayram qilib bergan.

Imom Nisoburiy aytadilarki, Alloh taoloning ushbu o‘n kechaga qasam ichishi bu kunlarning nechog‘li sharafli va ulug‘ ekaniga dalolat qiladi va unda dunyoviy va uxroviy manfaatlar borligini bildiradi.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh uchun ibodat qilishga zulhijjaning o‘n kunidan sevimliroq kunlar yo‘q. Uning har kunlik ro‘zasi bir yillik ro‘zaga, har tundagi ibodat Laylatul qadrdagi ibodatga tengdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Odatda hayit kunida hamma bir-birini ulug‘ kun bilan samimiy muborakbod etadi. Ta’kidlash kerakki, bu yil Qurbon hayitini karantin talablariga muvofiq, uy sharoitida, oila davrasida, hashamatsiz va kamtarona, tartibli nishonlaymiz. Birinchi o‘rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug‘larimizni, yoru birodarlarimizni telefon orqali yo‘qlaymiz. Ularning ko‘nglini so‘rash va ko‘tarishga harakat qilamiz. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir.

Zero, ulug‘ allomalarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar. Islomning shiori bo‘lgan Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadisi sharifda marhamat qilib: “Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balolardan va oxiratda ofatlardan himoya qiladi”, deganlar.

Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim qurbonlikka jonliq olish uchun bozorga borsa, Alloh taolo har bir qadamiga o‘nta savob ato etadi va o‘nta gunohini kechiradi va martabasini o‘n daraja ko‘taradi. Jonliqni savdo qilayotganda aytgan so‘zlarini tasbeh o‘rnida qabul qiladi. U uchun bergan har bir dirhamiga yetti yuz dirhamning savobini beradi. Qurbonlikning har qatra qonidan o‘nta farishta yaratadi va ular qiyomatgacha uning uchun istig‘for aytadilar. Qurbonlik go‘shtining har luqmasi uchun Ismoil alayhissalom farzandlaridan bir qulni ozod qilganlik savobini beradi”, deganlar.

Qurbonlik ibodat bo‘lishi bilan birga uning ijtimoiy ahamiyati ham beqiyos. Qurbon hayiti —xayr-ehson, saxovat, mehr-muruvvat  bayrami. Unda qilinadigan qurbonliklar esa jamiyatda kishilar o‘rtasida insoniy fazilatlarni rivoj topishida xizmat qiluvchi vosita. Chunki qurbonlik go‘shtidan va taomidan ehson qilishimiz qalblarimizni yumshatib, mehr-muhabbat rishtalarini mus­tahkamlaydi.

Ta’kidlash joizki, bugungi koronavirus kasalligi keng tarqalgan damlarda sabr qilib, sukut saqlash mo‘minlarga ham qonuniy, ham ibodat tavsiyasi bo‘ladi. Bu sinovli kunlarga sabr va shukr qilishimiz Allohning rahmatiga noil bo‘ladi.

Muhtaram Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Unda Qurbon hayitini karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda o‘tkazishga alohida urg‘u qaratildi. Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolar kengashining Qurbon hayitini koronavirus pandemiyasi davrida karantin talablariga muvofiq o‘tkazish to‘g‘risidagi bayonoti ham tarqatildi.

Bugungi vaziyatni inobatga olgan holda shar’iy ko‘rsatmalar va fiqhiy qoidalar asosida mo‘min-musulmonlar Qurbon hayitining karantin talab­lariga muvofiq, uy sharoitida, oila davrasida, hashamatsiz va kamtarona, tartibli o‘tkazishlari alohida ta’kid­landi.

Shuningdek, Qurbon hayiti bayramini oilamiz bag‘rida o‘tkazish, sabrli bo‘lish, duoyu iltijolarni ko‘paytirish, yaxshi kunlarga umid bilan yashash lozim. Qurbon hayiti mehr-oqibat, ezgulik, birovlarga yaxshilikni sog‘inish ayyomi ekani, bugungi karantin davrida bizning yaxshiligimiz keksalar, bemorlar xonadonlariga borib ularning holidan xabar olish emas, aksincha, bormasdan telefon orqali hol-ahvol so‘rashdir. Hayit kunlarida o‘z ahli oilamizni xursand qilish, farzandlarimizni kelajakda ilmli, ma’rifatli, ziyoli qilib tayyorlash, karantin davrida farzandlar tarbiyasi bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘lishga urg‘u qaratishimiz kerak.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolar kengashining Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi bayonotida aytilganidek, shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Hayit namozi vojib amal bo‘lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozini ado etish soqit bo‘ladi.

Islom dini manbalarida Qurbon hayiti namozi vojib amal ekani bayon etilgan. Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan juma namozi vojib bo‘lgan kishilarga hayit namozi vojib ekani naql qilingan. Juma namozi Qur’on, sunnat, ijmo kabi qat’iy dalillar bilan sobit bo‘lgan farz amaldir. Modomiki muayyan uzrlar bilan farz bo‘lgan juma namozini vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida ulamolar fatvosi qabul qilingan ekan, vojib amal bo‘lgan hayit namozini o‘qimaslik ham o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladi. Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020 yilgi Qurbon hayiti (Iydul adho) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.

Hanafiy mazhabining mo‘tabar manbalarida kelishicha, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining o‘rniga qo‘­yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzal.

Hozirgi xalqimiz boshiga og‘ir ish tushgan bir pallada muhtaram ­Prezidentimiz boshchiligida hukumat a’zolaridan tortib viloyat rahbarlari va mutasaddi tashkilot vakillarigacha, ayniqsa, sog‘liqni saqlash xodimlari, yuksak mas’uliyatni his etgan holda kunni tunga ulab, o‘z jonlarini xatarga qo‘yib, koronavirus xastaligini jilovlash bo‘yicha jiddiy kurash olib ­bormoqdalar.

Mazkur o‘rnatilgan tartib-qoidalar va cheklovlar barchasi aholimiz salomatligini asrab-avaylash uchun qilinmoqda. Buni teran aql bilan to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Xalqimiz hayotini saqlash yo‘lida amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim bo‘ladi. Har birimiz o‘zimiz, oilamiz, farzand­larimizning sog‘lig‘i va taqdiri uchun, avvalo, o‘zimiz mas’ul ekanimizni chuqur anglashimiz lozim.

Alloh taolo bandalariga yetgan aziyatlar sababli ularning darajalarini ko‘tarishni xohlaydi. Bu haqda Hazrati Payg‘ambar alayhissalom bir nechta hadislarida marhamat qilganlar: “Mo‘min kishiga biror tikan kirsa yoki undan kattaroq musibat yetsa, albatta, Alloh ana shu sababli uning darajalarini ko‘taradi yoki uning xatolarini o‘chiradi (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa bir hadisi sharifda Hazrati Payg‘ambarimiz alayhissalom ­aytadilar:

 “Mo‘min kishining ishlari ajo­yib. Uning barcha ishlari yaxshilikdir. Bunday imkoniyat hammaga emas, faqat mo‘min-musulmonlargadir. Agar unga kengchilik yetsa, shukr qiladi va bu unga yaxshi (savob) bo‘ladi. Agar unga qiyinchilik yetsa, sabr qiladi va bu ham unga yaxshilikdir (Imom Muslim rivoyati).

 Taniqli ulamolardan Rizouddin ibn Faxruddinning bunday so‘zlari bor: “Odam bolasi qayg‘u, hasrat ko‘rmay umr kechirishi mumkin emas. Turmush va hayot tikanli changalzor ustidan yurishdan, mashaqqat to‘lqinlari bilan kurashib suzishdan iborat. Aqlli kishi shu mashaqqatlardan qo‘rqmasligi, kelajakdagi rohatlarga umid bog‘lab, ushbu mashaqqatlardan yengilmasligi, ko‘nglini cho‘ktirmasligi zarur. Har og‘irlik ortidan bir yengillik kelishini Yaratganning o‘zi va’da qilib qo‘ygan. Oqil kishi, albatta, shu va’dani xotirlab, ko‘ng­lini xotirjam qiladi, o‘ziga tasalli beradi”.

Hazrati Ali (karamallohu vajhahu): “Sabr qoqilmas ulovdir, qanoat qayrilmas qilichdir”, deganlar.

Demakki, bu o‘rnatilgan tartib-qoidalarni to‘g‘ri tushungan holda amal qilib, boshga kelgan sinovlarni ­sabr-qanoat ila, yorug‘ kunlarga umid bilan yengib o‘tish lozim bo‘ladi.

Siz azizlarni Islom dinining ezgu g‘oyalarini yaqqol ifoda etuvchi bayram — Qurbon hayiti bilan chin qalbdan muborakbod etaman! Sizlarga oilaviy baxtu saodat, sihat-salomatlik, dinu dunyo ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman! Alloh butun dunyoga ofiyat bersin! Kelasi shu oy shu kunlarga sog‘-salomat, tinchlik-osudalikda yetib borishimizni nasib aylasin!

Yana bir bor barchangizga Qurbon  hayiti muborak bo‘lsin!

Usmonxon ALIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

10.01.2025   594   8 min.
Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.

«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.

Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi. 

Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».

Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».

Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.

«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».

Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.

Alloh taolo «Tahrim» surasida:

«‎Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning ‎xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: ‎‎«Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy ‎bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan ‎najot bergin va menga zolim qavmdan najot ‎bergin», deb aytdi‎», degan (11-oyat).

Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.

«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni ‎‎(misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan ‎pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda ‎kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan ‎bo‘ldi» (12-oyat).

Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.

«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».

Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.

O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.

Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!

Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.

Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:

«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.

«Oisha», dedilar.

«Erkaklardan-chi?» dedim.

«Uning otasi», dedilar.

«So‘ngra kim?» dedim.

«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».

Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?

Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?

Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.

Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.

– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.

– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.

– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.

– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.

– Men pokning huzurida pok yaratilganman.

– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».

Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:

«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:

«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.

Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».

Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?

Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.

"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.

Maqolalar