Bugun, 28 sentyabr' kuni Mir Arab oliy madrasasida “Buxoroning Islom ilmlari rivojidagi o'rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo'lib o'tdi. Tadbirda Din ishlari bo'yicha qo'mita va O'zbekiston musulmonlari idorasining mas'ul xodimlari, O'MI Buxoro viloyati vakili, yurtimizda faoliyati yuritayotgan bir qator xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining ulamolari, diniy ta'lim muassasalarining ustoz va talabalari ishtirok etdi.
Tadbirni Oliy madrasa rektori Jobir domla Elov kirish so'zi bilan ochib, tadbir qatnashchilarining anjumandagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirib, Buxoroning Islom dini rivojidagi ahamiyati haqida so'z yuritdi.
So'ng Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori Shovosil Ziyodov yig'ilganlarga “Buxoro Islom ilmlari rivojida Muhammad Porso kutubxonasining o'rni” mavzusida noyob ma'lumotlar asosida ma'ruza qildi.
Halqaro anjuman davomida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi, falsafa fanlari doktori Shayx Ahmad Sa'd Damanhuriyning “Buxoroning Islom ulamolarini etishtirib chiqarishdagi hissasi” mavzusidagi chiqishlari barchani qiziqishiga sabab bo'ldi.
Tadbirda Hadis ilmi maktabida ta'lim berayotgan Misr Arab Respublikasi “Al-Azhar” universiteti katta o'qituvchisi Shayx Jamoliddin Hoshim Mahmudning “Buxoro faqihlarining fiqh rivojidagi o'rni” haqidagi ma'ruzasi ko'pchilikning e'tiboriga tushdi.
Shuningdek, Buxoro davlat universitetida ta'lim berayotgan Misr Arab Respublikasi “Al-Azhar” universitetining professori, manbashunos, tilshunos olim, professor Ayman Usmon “Islomda bag'rikenglik madaniyati” mavzusidagi chiqishi ham nihoyatda manfaatli bo'ldi.
Anjumanda davomida Mir Arab oliy madrasasida ta'lim berayotgan Misr Arab Respublikasi “Al-Azhar” universitetining usulid din fanlari doktori Shayx Ahmad Rajab Ahmad Adavi “Imom Buxoriy – Buxoro faxri” hamda “Al-Azhar” universitetining usulid din fanlari doktori Shayx Ahmad Muhammad Ali “Buxoro ulamolarining musulmonlarga fazlu marhamati” mavzusida ma'ruza qildi.
Anjuman yakunida konferentsiya barcha uchun manfaatli bo'lgani e'tirof etilib, barcha ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan minnatdorlik bildirildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi, Musulmonlar idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi mas’ul xodimlaridan iborat ilmiy guruhning Indoneziyaga tashrifi ushbu mamlakatning yetakchi bosma va elektron nashrlari tomonidan keng yoritildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, Indoneziyaning "CNN Indonesia" axborot agentligi "O‘zbekiston delegatsiyasi Indoneziyaga tashrif buyurdi" sarlavhali maqolani e’lon qildi. Unda Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universitetida "Movarounnahrdan Janubi-Sharqiy Osiyoga: hadis ilmlari va intellektual aloqalar" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tgani va mazkur anjumanda O‘zbekistondan yetakchi olimlar ishtirok etgani ma’lum qilingan.
"Tadbir ilmiy muloqot shaklida tashkil etilgan bo‘lib, uning doirasida Imom Buxoriy merosini o‘rganish, Mavarounnahr ulamolarining Indoneziya orollarida islom dinini tarqatishda tutgan o‘rni, hadisshunoslik yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi", – deb yozgan axborot agentligi.
O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan qator tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasida islomiy ma’rifat, ta’lim, diniy bag‘rikenglik va tarixiy merosni asrab-avaylash sohalarida aloqalarni yanada mustahkamlashi ta’kidlangan.
Maqolada xabar qilinishicha O‘zbekiston ilmiy-ma’rifiy doiralari vakillari Indoneziya xalq manfaatlari va huquqlarini himoya qilish vaziri Muxaymin Iskandar, ekologiya vaziri o‘rinbosari Dias Xendrapriono, Ulamolar Kengashi va "Nahdatul ulamo" tashkiloti rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
"Businessreview" veb-sayti "Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universiteti hamkorligi diniy mo‘tadillik va islom ta’limi tizimini mustahkamlaydi" sarlavhali maqolani e’lon qildi.
Nashrda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi va Sharif Hidoyatulla nomidagi Jakarta davlat islom universiteti hamkorligida Indoneziya poytaxtida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilgani qayd etilgan.
Materialda yozilishicha, anjumanda Mavorounnahr tarixi, Imom Buxoriy merosi, Markaziy Osiyo ulamolarining Indoneziyada islom ta’limotini tarqatishda tutgan o‘rni kabi mavzular muhokama qilindi.
Ushbu mamlakatdagi "Aspirasi Nusantara" elektron nashri Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari "Nahdlatul ulamo" tashkiloti faoliyati bilan tanishgani haqida yozdi. Ma’lum qilinishicha, shu yil 2 iyul kuni O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomov Indoneziyadagi eng yirik tashkilot "Nahdlatul ulamo" rahbariyati bilan uchrashdi.
"Nahdlatul ulamo" tashkiloti qoshidagi Ilmiy markaz rahbari Abshor Abdullo Imom Moturidiy ta’limoti sunniy kalom ilmida mo‘tadil, aql va mantiqqa tayanadigan yo‘nalish ekanini qayd etdi" – deb yozgan elektron nashr.
Tomonlar ta’lim sohasida aloqalarni kengaytirish, talabalar almashuvini amalga oshirish va ziyorat turizmi yo‘nalishida dasturlar ishlab chiqish kabi mavzularda fikr almashdilar.
Indoneziyaning "Jakarta Merdeka" onlayn portali esa "Bogor Botanika bog‘ida do‘stlik daraxti ekildi" sarlavhali maqolani e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Bogor shahridagi Indoneziya Milliy Botanika bog‘ida daraxt ekish marosimida ishtirok etgani va Indoneziya ekologiya vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv o‘tkazgani ma’lum qilingan.
"Vazir o‘rinbosari Dias Xendrapriono Imom Buxoriy to‘plagan hadislar orasida tabiatni asrashga oid nasihat va tavsiyalar ko‘p ekanini ta’kidladi. Bu esa islom ta’limotida ekologik bilim va ong asosiy o‘rin tutishining yaqqol dalilidir", – deb yozilgan "Jakarta Merdeka" maqolasida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati