Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

2. BAQARA (sigir) SURASI, 67–73 OYATLAR

27.07.2020   5535   10 min.
2. BAQARA (sigir) SURASI, 67–73 OYATLAR

وَإِذۡ قَالَ مُوسَىٰ لِقَوۡمِهِۦٓ إِنَّ ٱللَّهَ يَأۡمُرُكُمۡ أَن تَذۡبَحُواْ بَقَرَةٗۖ قَالُوٓاْ أَتَتَّخِذُنَا هُزُوٗاۖ قَالَ أَعُوذُ بِٱللَّهِ أَنۡ أَكُونَ مِنَ ٱلۡجَٰهِلِينَ٦٧

  1. Eslang, Muso qavmiga: "Alloh taolo sizlarga bir sigir so‘yishni buyurdi" deganida ular: "Sen bizni mazax qilyapsanmi?" deyishdi. Muso: "Johillardan bo‘lib qolishimdan Alloh asrasin", dedi.

Ya’ni, Alloh taolo Muso alayhissalomning qavmiga bir sigir so‘yishni buyurganida qavm istehzo bilan "Sen bizlarni mazax qilyapsanmi?" dediyu o‘zi mazax aralash payg‘ambaridan o‘sha sigirning sifatlarini so‘rayverdi. Alloh taoloning buyruqlarini bajarish o‘rniga ularni taftish qilish, turli savollar berish kabi bema’ni xislatlar johil kimsalarga xos narsa. Agar Bani Isroil bir sigirni ushlab so‘yganida Allohning amrini bajarib, maqsadlari hosil bo‘lardi. Ammo ular tabiatlaridagi sarkashliklariga borib, bunday yo‘l tutishmadi.

Ibn Abbos, Ubayda Salmoniy, Mujohid, Ikrima, Mujohid Sa’diy, Abul Oliya kabi mufassirlarning aytishlaricha, Isroil avlodlari orasida bir keksa kishi bo‘lib, mol-dunyosi behisob esa-da, farzandi yo‘q edi. Uning faqir jiyanlari meros ilinjida boy amakining o‘limini intizor bo‘lib kutishardi. Ulardan birining sabri chidamay, qotillikka qo‘l urdi: o‘z amakisini o‘ldirib, jasadini odamlar yig‘ilib turadigan maydonga yashirincha keltirib tashladi. Ertalab yig‘ilgan olomon bir-biridan gumon qilishga va janjallashishga o‘tdi. Fursatni g‘animat bilgan qotil odamlar oldiga kelib, dod-voy qilishni va qotillikda boshqalarni ayblashni boshlab yubordi. Mojaro kuchayib ketdi. Shunda oqil kishilardan biri: "Katta ko‘chada mojaroni qizitmay, yaxshisi Allohning payg‘ambari Muso alayhissalomning oldiga boringlar, u muammoni hal etib, qotilni aniqlab beradi", dedi. Muso alayhissalomning oldilarida hammadan oldin qotil jiyan paydo bo‘ldi va bo‘lgan voqeani shikoyat qildi. Muso alayhissalom: "Muammo to‘g‘ri hal bo‘lishi uchun qotillik haqida biror narsani bilgan kishi Alloh roziligi yo‘lida guvohlikka kelsin", dedilar. Hech kim guvohlikka kelmagach, hazrati Muso bu muammoni hal etishni Allohning O‘zidan so‘rab, Unga iltijo qildilar. Alloh taolo bir sigir so‘yilishi zarurligini aytdi. Muso alayhissalom buni qavmga yetkazganlarida ular: "Ey Muso, bizni mazax qilyapsanmi?" deya ajablanishdi.

قَالُواْ ٱدۡعُ لَنَا رَبَّكَ يُبَيِّن لَّنَا مَا هِيَۚ قَالَ إِنَّهُۥ يَقُولُ إِنَّهَا بَقَرَةٞ لَّا فَارِضٞ وَلَا بِكۡرٌ عَوَانُۢ بَيۡنَ ذَٰلِكَۖ فَٱفۡعَلُواْ مَا تُؤۡمَرُونَ٦٨

  1. Ular: "Parvardigoringga iltijo qil, bizga uning qandayligini bildirsin", deyishdi. "U Zot: "Qari ham, yosh ham bo‘lmagan, o‘rtacha bir sigir", deyapti, bas, sizga buyurilganini bajaringlar", dedi.

Nodon qavm Alloh taoloning amrini so‘zsiz bajarish o‘rniga turli savollar bilan Uning payg‘ambariga murojaat qilaverdi. Sigirni so‘yish o‘rniga uning sifatlarini so‘rashga tushdi. "Parvardigoringdan so‘ra-chi, u sigir qanday bo‘lishi kerak ekan" deya payg‘ambarni qiyin-qistovga olaverdi. Itoatsiz va sarkash kimsalarning qilig‘i shu: "Alloh ibodatni buyurgan" desang, "Men nega ibodat qilishim kerak, shusiz ham qalbim toza, odamlarga yaxshiliklar qilyapman-ku", deb e’tiroz bildirishga tushadi. "Muhtojlarga zakot, sadaqa berish kerak", desangiz, "Nega men o‘zim mashaqqat bilan topgan mol-mulkimni o‘zgalarga indamay berishim kerak", deya qaysarlik qiladi. Bani Isroil qavmi ham Alloh taoloning amriga ko‘ra sigir so‘yish o‘rniga qarshi savollarni beraverdi. Shunda Muso alayhissalom: "Alloh yoshi o‘rtacha bir sigir so‘yaveringlar, deya buyuryapti", dedilar.

قَالُواْ ٱدۡعُ لَنَا رَبَّكَ يُبَيِّن لَّنَا مَا لَوۡنُهَاۚ قَالَ إِنَّهُۥ يَقُولُ إِنَّهَا بَقَرَةٞ صَفۡرَآءُ فَاقِعٞ لَّوۡنُهَا تَسُرُّ ٱلنَّٰظِرِينَ٦٩

  1. Ular: "Parvardigoringga iltijo qil, bizga uning rangi qandayligini bayon etsin", deyishdi. "U Zot ko‘rganlarning ko‘zini quvontiradigan to‘q sariq rangli sigir", deyapti", dedi.

Boshqa itoatsiz kishilar kabi Muso alayhissalomning qavmi u kishining so‘zidan keyin ham Allohning amrini bajarishga kirishmadi. Qaysar qavm sigir topib, so‘yishga shoshilmadi, endi uning rangi qanaqa bo‘lishi kerak, deb so‘rashga tushdi. Bunga javoban Muso alayhissalom: "Parvardigor sigirning ko‘rganlarning ko‘zini quvontiradigan to‘q sariq rangli bo‘lishini buyurdi", dedilar. Bani Isroil Alloh taoloning amrini darhol bajarishga odatlanmagan, nobakor qavmligi avvaldan ma’lum edi. Ammo bu safar ularning sarkashligi hammasidan o‘tib tushdi. Ular dastlab Muso alayhissalomdan sigir so‘yish haqidagi Allohning amrini eshitishlari bilan buni inkor qilish uchun gapni boshqa yoqqa burib, «Bizni masxara qilyapsanmi?» deyishdi. Buyruq ikkinchi marta takrorlanganida esa, so‘yilishi lozim bo‘lgan sigirning umumiy sifatini ta’riflab berishni so‘rashdi. Sigirning umumiy sifati bayon qilib berilib, ilohiy amr uchinchi marta takrorlanganda esa uning rangi haqida savol berishga o‘tishdi. Payg‘ambarni masxaralash uchun har gal yangi bahonalarni keltira boshlashdi, ammo Allohning amrini bajarishga kirishmadi ham.

قَالُواْ ٱدۡعُ لَنَا رَبَّكَ يُبَيِّن لَّنَا مَا هِيَ إِنَّ ٱلۡبَقَرَ تَشَٰبَهَ عَلَيۡنَا وَإِنَّآ إِن شَآءَ ٱللَّهُ لَمُهۡتَدُونَ٧٠

  1. Ular: "Parvardigoringga iltijo qil, uning qanday bo‘lishini bildirsin, sigirlar bir-biriga o‘xshash ko‘rinmoqda, bizlar, Xudo xohlasa, to‘g‘ri yo‘lni albatta topamiz", deyishdi.

Bo‘lib o‘tgan voqea bayoniga ko‘ra, o‘sha nohaq o‘ldirilgan qariyaning qotili kim ekanini qavmga bildirish va bu bilan boshlanib ketadigan katta fitnaning oldini olish uchun Alloh taolo O‘z hikmatiga ko‘ra bir chorani iroda qilgan edi. Alloh taolo qotilning sirini fosh qilish uchun o‘ldirilgan shaxsni gapirtirmoqchi bo‘ldi va Bani Isroilga bir sigir topib so‘yishga va o‘sha so‘yilgan sigirning go‘shtidan bir bo‘lak olib, u bilan o‘likni urishga buyurdi. Shunda o‘lik Allohning irodasi bilan tirilib turib, qotil kim ekanini aytib berishi lozim edi. Ammo sarkash qavm payg‘ambarning sigir haqidagi har gapidan so‘ng yangi savol so‘rayverdi, payg‘ambarning sigirning rangi haqidagi gapi ham ularni qoniqtirmadi. Endi yahudiylar sigirning yoshiyu rangi bilan qanoatlanmay, uning boshqa sifatlarini ham so‘ray boshlashdi. Payg‘ambarlarini Alloh taolodan sigirning boshqa sifatlarini ham so‘rashga majburlay boshlashdi.

قَالَ إِنَّهُۥ يَقُولُ إِنَّهَا بَقَرَةٞ لَّا ذَلُولٞ تُثِيرُ ٱلۡأَرۡضَ وَلَا تَسۡقِي ٱلۡحَرۡثَ مُسَلَّمَةٞ لَّا شِيَةَ فِيهَاۚ قَالُواْ ٱلۡـَٰٔنَ جِئۡتَ بِٱلۡحَقِّۚ فَذَبَحُوهَا وَمَا كَادُواْ يَفۡعَلُونَ٧١

  1. (Muso): "U zot: yer haydash, ekin sug‘orishda ishlatilmagan, nuqsonsiz, hech qanday dog‘-dug‘i yo‘q bir sigir" deyapti", dedi. Ular: "Endi to‘g‘ri gapirding", deyishdi. Keyin ular shunday sifatli sigirni topib, uni so‘yishdi. Vaholanki, bu ishni amalga oshira olmasliklariga sal qolgan edi.

Bani Isroilning qaysarona e’tirozlaridan to‘ygan Muso alayhissalom sigirning juda ko‘p sifatlarini aniqlab, qavmga yetkazishga kirishdilar: sigir shunday bo‘lsinki, qo‘shga ham qo‘shilmagan, sug‘orishda ham ishlatilmagan bo‘lsin, hech qanday nuqsoni bo‘lmasin, dog‘-dug‘dan xoli, tekis sariq rangli bo‘lsin!" Savol so‘rayverishning yomon oqibatini ko‘ringki, Alloh buyurishi bilan bir sigirni so‘yishganida, hech qanday tashvish, mojaro yo‘q edi. Endi Alloh taolo tomonidan buyurilgan sifat, yosh, rang va ko‘rinishdagi sigirni topish mashaqqati paydo bo‘ldi. Axtara-axtara oxiri ana shunday sigirni ham topishdi. Muso alayhissalom: "Sigirni so‘yib, bir bo‘lak go‘shti bilan o‘likni urilsa, kim o‘ldirganini o‘zi ko‘rsatib beradi, Alloh taoloning hukmi shu", deydi. Ular shunday qilishgan edi, o‘lik tirilib, o‘z qotilini ko‘rsatib berdi.

وَإِذۡ قَتَلۡتُمۡ نَفۡسٗا فَٱدَّٰرَٰٔتُمۡ فِيهَاۖ وَٱللَّهُ مُخۡرِجٞ مَّا كُنتُمۡ تَكۡتُمُونَ٧٢

  1. Bir jonni o‘ldirib qo‘yib, u haqda janjallashganingizni eslanglar. Alloh yashirgan narsangizni oshkor qiluvchidir.

Ey Bani Isroil, o‘sha badavlat kishini o‘ldirib qo‘yib, qotilni topolmay janjallashib yurganingizni bir eslanglar. Agar Alloh taolo yashirgan narsangizni oshkor qilmaganida hammani qotillikda ayblab, gumonda bo‘lib yurgan, qavm ichida ishonchsizlik, shubha, sarosima kuchaygan bo‘lur edi. Parvardigoringiz sizlar yashirmoqchi bo‘lgan narsalarni ana shunday oshkora qiluvchidir. Xuddi shu kabi Uning vahiylarini yashirmoqchi bo‘lganlar yoki shaxsiy manfaatlari yo‘lida ularni o‘zgartirishga jur’at etganlar ana shunday sirlari fosh bo‘lib, el orasida sharmandalikka yuz tutishadi.

فَقُلۡنَا ٱضۡرِبُوهُ بِبَعۡضِهَاۚ كَذَٰلِكَ يُحۡيِ ٱللَّهُ ٱلۡمَوۡتَىٰ وَيُرِيكُمۡ ءَايَٰتِهِۦ لَعَلَّكُمۡ تَعۡقِلُونَ٧٣

  1. Shunda: "Uni sigirning bir bo‘lagi bilan uringlar", dedik. Alloh o‘liklarni shunday tiriltiradi. Shoyadki tushunsanglar, deb sizlarga O‘z qudrati belgilarini ko‘rsatadi.

Isroil avlodlari sigirni so‘yishga so‘yib qo‘yib, endi bu yog‘iga nima qilishni bilmay turishganida Alloh taolo buni ham o‘rgatdi, ya’ni sigirning go‘shtidan bir bo‘lagini kesib olib, u bilan o‘ldirib qo‘yilgan jasadni urish lozimligini bildirdi. Bu bo‘lak sigirning qaysi a’zosi ekani haqida ulamolar: "bir parcha go‘shti", "dumg‘azasi", "ikki kuragi orasidagi payi" kabi turli rivoyatlarni keltirishgan. Bir parcha sigir go‘shti bilan urilgan o‘likni tiriltirgan Parvardigor uchun qiyomatda insonlarni qayta tiriltirish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmasligini insonlar bir mulohaza qilib ko‘rishsa, imonlari yanada ziyodalashgan bo‘lur edi.

Alloh insonlarning tafakkur qilishlari uchun o‘liklarni shunday tiriltiradi, U qiyomatda qabrdagi insonlarni hisob-kitob qilish uchun tiriltirib, O‘z dargohida shunday to‘playdi. Har qanday holatda ham o‘liklarni qayta tiriltirish Alloh uchun aslo mashaqqat tug‘dirmaydi. Inson o‘lishi bilan uning oxirat hayoti boshlanadi. Mo‘minlarning o‘limdan keyin tirilib mahshargohda to‘planishlariga, qilgan yaxshi va yomon amallardan hisob berishlariga imon keltirishlari vojibdir. Modomiki, dunyoga kelgan ekanmiz, bu yerda bir qancha islomiy, insoniy vazifalarimizni o‘tashimiz, Alloh buyurganlarini bajarishimiz kerak bo‘ladi. Bunga osiylik qilganlar esa Allohning g‘azabi va jazosiga duchor bo‘ladilar. Oxiratdagi baxtli-saodatli va osoyishta hayot bu dunyodagi qilgan amallarimizga, savobli, xayrli ishlarimizga bog‘liq. Alloh taolo Qur’oni karimda: «Biz sizlarni (yerdan) yaratdik, yana unga qaytarurmiz va sizlarni yana bir bor undan chiqarurmiz» (Toha, 55), degan. Buni inkor qilish Qur’onni inkor etishdir, bu esa kufri mujibdir. O‘limdan so‘ng qayta tirilishga ishonish imon ruknlaridan biridir.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Oyog‘ing ostiga boq – qoqilib ketma tag‘in

14.01.2025   4381   11 min.
Oyog‘ing ostiga boq – qoqilib ketma tag‘in

O‘sha kezlari Misrning “Al-Azhar” universitiyetida tahsil olardim. Yangi o‘quv yili arafasi – ta’tildan qaytib sabrsizlik bilan saboq soatlarini sanab turardik. Ertaga xudo xohlasa, birinchi dars! Og‘zim qulog‘imda edi, chunki boyagina universitetning e’lonlar lavhidagi dars va saboqlar jadvaliga ko‘z yugurtira turib, kutilmagan bir xushxabardan voqif bo‘ldim. Shundan kayfiyatim a’lo, fikru yodim  ertangi sinovdan muvafaqiyatli o‘tish tashvishi bilan band edi. Birda, shunday imkoniyatga musharraf bo‘lganim uchun quvonib g‘ururlanardim. So‘ngra uning mas’uliyati yodimga tushib jiddiy tortib qolar edim: “savolim salmoqli bo‘lishi kerak”, – deb takrorlardim o‘zimga o‘zim. Ammo, fikrimni ifoda etish uchun topgan jumlalarim nazarimda yupungina bo‘lib tuyular, tuzgan savollarimning arabcha qiroatidan ham ko‘nglim to‘lmayotgandi. Xayolan o‘qigan kitoblarimni varaqlab, arabcha lug‘atimni titkilayman, qani biror bir arzirlik narsa topsam. Shu payt eshik sharaqlab ochildi-yu, xonaga hovliqqancha xonadoshim Mamat kirdi.

– Ya-a-n-ngilikni eshitdingmi? – Xuddiki, Marafondan Afinaga g‘alaba xabarini olib kelgan choparga o‘xshab hansirardi u.

– Qanaqa yangilikni?

– Ertadan bizga  yangi kurs o‘tilar ekan, ma’ruzachi kim – bilasanmi? Naq Mustafo ad-Dourning o‘zlari! – Hovliqmaning hovuri pasaymagandi. U devordagi e’lonning boshiga ko‘z yugurtirganu, davomini o‘qishga sabri chidamagani aniq, aks holda yana boshqa bir yangilikdan boxabar bo‘lgan bo‘lardi. Bir hisobda shunisi ham ma’qul, bo‘lmasa ertagacha ich-etini yeb qo‘yardi boyaqish!

Men o‘zimni beparvo tutdim:

– Kim u kishi?

Yurtdoshim menga o‘smoqchilanib qaradi:

– Sen?.. Rostdan ham ul zotning kimliklarini bilmaysanmi? Axir, Islom olamida barmoq bilan sanarli shayxlarning biri-ku! Kecha-yu, kunduz kitobga mukkasidan ketgan sendek odam bilishing kerak! Nimangni maqtashadi, hayronman! – Taajjublanib yelkasini qisdi u. So‘ng xuddi o‘ziga o‘zi gapirgan kabi (aslida jillaqursa shu borada mendan usunligini namoyish qilmoq bo‘lib) davom etdi:

– Bilmasang, bilib qo‘y: bu odam davlat muhofazasidagi shaxs. Nihoyatda obro‘li olim. Xuddi prezidentlardek allambalo mashinalarda yuradi. Yonida hamisha tanqo‘riqchilari... Lekin, ja-a-a-a zap ish bo‘ldi-da, shu kishidan saboq tinglashimiz! Hali Vatanga qaytgach, tasovvur qilayapsanmi, birgina shuning o‘zi bizga qanchalik obro‘ olib kelishini?

Albatta, u kishining saboqlaridan ko‘proq narsa o‘rgansak, unga amal qilsak va buni yurtda ko‘rsata olsak hurmatimiz ikki hissa oshadi. Buning uchun esa o‘qish kerak!

Xayolimdan kechgan bu gaplarni unga aytib o‘tirmadim – befoyda! Qancha bahslashganmiz, jiqqamusht bo‘lganmiz – o‘z bilganidan qolmagan. Saboqdoshim jag‘i-jag‘iga tegmay javrarkan, men unga sinchiklab qaradim. Vatanda taniq, nufuzli bir kishining o‘g‘li. Biror-bir masalada kami yo‘q! Ilm o‘rgansin, hayotni ko‘rsin deb, otasi uni shu yoqlarga yo‘llagan, lekin unda ilmdan ko‘ra chilimga ishtiyoq kuchli. Misrning g‘arbcha hayotiga qiziqishi zo‘r. Hattoki, ayni paytda ham ulug‘ shayxning saboqlari emas, o‘sha saboqlardagi ishtiroki uning uchun muhim.

– Menga qara, – deb qoldi u dabdurustdan, – balki shayx otamni tanir-a? Dadam ham ahyon-ahyon xorijda bo‘lib turadigan qandaydir yig‘inlarga borib turadilar – uchrashib qolishgan bo‘lishlari mumkin-ku? “Siz falonchining o‘g‘limisiz” deb so‘rab qolsa-ya! Agar shunday bo‘lib chiqsa zap ish bo‘lardi-da! – Mazza qilib kerishishidan hozir nimalar haqida  o‘ylayotganini payqash qiyin emasdi. Keyin: – Agar shayx menga bir bor e’tibor qaratsa, – dedi-da, uzoq esnadi. Shu orada: “hali men bilan bir xonada turganingdan faxrlanib yurasan” deya boshlab qo‘ygan fikriga yakun yasadi u.

Ertasi kuni dars boshlanishi arafasida ham gap-so‘zlar, asosan, ulug‘ shayx va uning saboqlarini tinglash bizga nasib etgani haqida bordi. Bugun dars so‘ngida shayxga  murojaat etish imkoniyatiga ega bo‘lganim haqidagi xabardan voqif bo‘lgan do‘stlarim esa kelib meni tabriklab, qo‘llarimni siqib ketishar, yonimda turgan Mamat bo‘lsa gap nimada ekanini anglamay, kalovalanardi.

 Nihoyat orziqib kutilgan fursat keldi. Ulkan auditoriyaning eshiklari ohista ochilib, ichkariga avval qora diplomat ko‘targan norg‘ul yigit kirdi. Ortidan yoshi saksonlarni qoralab qolgan, egnida uzun arabiy oq libos; ustidan kulrang nimcha kiygan, boshida – atroflariga oq zardan jilo berilgan oppoq qalpoq, oyog‘ida qop-qora yaltiroq kovush ilgan kishi kirib keldi. Olamga mashhur Mustafo ad-Dour mana shu kishi edi. U qarilikdanmi yoki boshqa bir sababdanmi bo‘ynini egib olgan, nigohlari yerga qadalgan; hattoki salomimizga ham  javoban boshini ko‘tarmadi – yengilgina ta’zim bajo keltirdi xolos.

Shayxning ta’rifini keltirganlaricha bor ekan. U yordamchisi chiqib ketgach, ohista ammo maftunkor qiroat bilan so‘z boshladi: “Insonning umri taqriban azon va namoz orasidagi fursatdan iborat. Taqvo ahli mana shu damda poklanib, ibodat tadorigida bo‘ladi. Islom ilm demakdir. Basharti qulog‘imizga azon aytilgan fursatdan to boshimizda janoza namozi o‘qilgunga qadar poklanish, jannat havasi bilan yashash imkonimiz bor. O‘tkinchi dunyoning hoyu havaslariga aldanmagan, haq yo‘ldan chalg‘ituvchi illatlarga bulg‘anmagan mo‘min va muslimalar, shubhasiz oxirat saodatiga erishgaylar, insha Alloh!..”

Kecha Mamatning qitiq patiga tegish uchun, jo‘rtaga shayxni tanimaganga olgandim. Aslida, universitetnig har bir talabasi bu xususda keragidan ortiqroq ma’lumotga ega edi. Shayxning toblari bo‘lmay, sog‘liklari yomonlashgani tufayli keyingi ikki-uch yil mobaynida saboqlari to‘xtab qolgani haqida ahyon-ahyon taassuf bilan eslab turishardi. Naqshbandiya tariqatini tutib, piru komillik martabasiga erishgan bul zotning uzoq muolajalardan keyin yana qadrdon dargohga qaytishlari va bizning u kishidan saboq tinglashga noil bo‘lganimiz – taqdirning tuhfasi edi.

Pirning faqat o‘zigagina xos jihatlari bor, masalan ul zot hech qachon suhbatdoshiinig ko‘ziga tik qaramas, bu haqda so‘raganlarga: “Samoviy yuksaklik istagi osmonga termulish bilan qondirilmas; oyog‘ing ostiga boq – qoqilib ketma tag‘in”, deya javob qaytarar ekanlar. Yana bir usullari, o‘z martabalarini bilgani holda, universitetda eng bilimdon talaba deya e’tirof etilgan ilmu tolibga o‘zlari bilan muloqot qilishga ijozat berar ekanlaru, o‘tgan o‘quv yili yakuniga ko‘ra shu martabaga kaminani munosib ko‘rishibdi.

Bu paytga kelib Mamat ham yangilikdan voqif bo‘lgan, qizg‘anchiqligi shundoqqina yovqarash nigohlaridan sezilib turardi. U bir varaqchaga xat yozib oldimga surib qo‘ydi. Unda yurtdoshimning ayni damdagi iztiroblari ifoda etilgandi: “Ishqilib, xol qo‘yib qo‘yma tag‘in!”.

Ustoz ma’ruzasini tugatib, bir muddat sukut saqlab turdi-da, so‘ng: “Savol?” – dedi dabdurustdan. Bu dars itmomiga yetganidan darak, mening galim kelganiga ishora edi. Dovdirab qoldim. Nutq irod etishlariga mahliyo bo‘lib vazifamni deyarli unutgan ekanman. Shundan o‘zimni tanishtirish yodimdan ko‘tarilib, hozirgi dars tavridan kelib chiqib, tilimga kelgan bir savolni tavakkal ifoda etdim:

– Taqsir, biz uzoq yurtlardan kelib shunda tahsil olmoqdamiz. Ilm o‘rganmoqdamiz. Ammo, tashqaridagi hayotda bizni chalg‘ituvchi unsurlar bisyor. Islomning taraqqiy etmog‘i uchun shu illatlarga davlat yo‘li bilan, kuch ishlatib barham berilsa bo‘lmasmi? Behayoliklar, buzuqiliklar, ekstremistik g‘oyalarni tag-tugi bilan sug‘urib tashlagan durust emasmi?

– Shayx mulohazakor sukut bilan meni tingladi, so‘ng: “O‘zingizni tanishtiring – qayerliksiz?” – deb so‘radi sovuqqina qilib. Mamatga shu asno jon kirdi. “Attang” degan ma’noda boshini chayqadi: “Nazarimda rasvo qilding!” – ohista shivirladi u,  kesatiq ohangida.

Nojo‘ya ish qilib qo‘lga tushgan odamdek qizarib ketdim. Ustoz tomonga qarashga botinolmadim: menga u ham hozir boshini quyi eggancha, “bama’niroq savol beradigan boshqa bir durustroq odam yo‘qmidi?” – deb afsuslanayotgandek bo‘lib tuyuldi. Bo‘lar ish bo‘ldi, shayxning so‘roviga javob qaytardim. Ismi sharifimni, o‘zbekistonlik ekanimni aytdim.

Barchaning nigohi shu lahzalarda shayxga qadalgan, kamina ham o‘zimni tanishtira turib, boshimni ozod ko‘tarib unga boqdim: “Nima kelsa o‘zimdan ko‘raman!” Urvoqqina bo‘lib o‘tirgan ustozning har bir hatti-harakati, tanasida kechayotgan har bir o‘zgarish nazarimizdan qochib qutulmas, shundan uning ilkis qaltirab ketganini hamma ilg‘adi. Stolga suyanib asta o‘rnidan turdi. Hech qachon talabalariga tik qaramagan ustoz ohista boshini ko‘tarib, men tomonga boqdi. Aftidan rosa jahllanibdi! Kamina shu lahzalarda yer yorilsa, uning qa’riga kirib ketishga tayyor edim. Qolaversa, Mamat bu ishga bajonidil qarashib yuborgan bo‘lardi. Xayolimdan nuqul: “Tamom! Hammasi tamom. Pachava qildim!” degan badbin o‘ylar kechmoqda edi. Shu payt shayx kaftini ko‘ksiga bosib, yengilgina ta’zim ayladi-da:

– Ulug‘ muhaddis Imom al Buxoriy avlodlariga cheksiz hurmat va ehtiromimni qabul aylang! – dedi. Uning xira tortib qolgan ko‘zlarida samimiy bir cho‘g‘ yallig‘langanini ko‘rdim. Kutilmagan bu kabi mulozamatdan dovdirab qolgandim. Yig‘lab yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib turardim.

Ustoz ehtiyotkorona yana kursisiga cho‘kdi-da, yana avvalgi holatiga qaytdi.

– Bilasizmi, “Nilufar”ning vatani qayer? – savolimga savol bilan yuzlandi u. O‘rtaga bir oz jimlik cho‘kdi. Qo‘shaloq savollar iskanjasida qoldim: bir paytning o‘zida ham “Nilufar”ning vatani qayer? ham “ustoz javob kutayaptimi yoki mushohadaga undadi”, – degan jumboqqa yechim axtarmoqda edim. Bir qarorga kelib ulgurmay shayxning o‘zi gapni ildirib ketdi.

– Bilib qo‘ying, “Nilufar”ning vatani – botqoq! Ohu chamanlarga yarashiq jonivor esa-da, manzil-makoni toshloq. Illo, ikkisi ham o‘ziga gard yuqtirmaydi. Har ikkisi noyob va betakror mavjudot. Har ikkisining vasliga yetishmoq uchun, hoyu havas kabi domiga tortib turgan botqoqdan, ilon izi kabi chigal so‘qmoqdan kechib o‘tish talab etiladi. Binobarin Alloh siz va bizning qalbimizda, nafs illatlarini, hoyu havas zillatlarini yengibgina unga yetishishimiz mumkin. Ilm bu yo‘lda sizga hidoyat bo‘lg‘usi...

Tashqarida qo‘ng‘iroq chalindi. Bu dars tugaganidan darak, ammo, u mening nazarimda  talabalik hayotimda yangi sahifa ochilganidan jar solayotgandek bo‘lib tuyuldi...
 

Davomi bor...

Fozil Tilovatov,
Hadis ilmi maktabi matbuot kotibi.