Savol: Qurbonlik pulini ehtiyojmandlarga sadaqa qilsa bo‘ladimi?
Javob: Qurbon hayiti kunlari jonliq so‘yish qurbonlik qilinadigan hayvonning qiymatidagi mablag‘ni sadaqa qilishdan afzaldir. Zero, qurbonlik qilish sunnat, sadaqa qilish esa nafl, ya’ni ixtiyoriydir.
Savol: Qizim uchun aqiqa qilmoqchi edim. Qurbon hayiti kuni ham qurbonlikka, ham aqiqaga niyat qilib qo‘y so‘ysam bo‘ladimi?
Javob: Qurbon hayitida qurbonlik qiling. Qurbonlik – qodir kishilarga vojib amal, aqiqa esa mustahabdir. Qurbonlik qilishda aqiqani qo‘shib niyat qilish mumkin. Chunki, bir jinsdagi katta amal o‘zining jinsidagi kichik amalni o‘z ichiga oladi.
Savol: Avtomobili bor, lekin puli nisobga yetmagan insonga qurbonlik qilish vojib bo‘ladimi? Mashina ham nisob hisoblanadimi?
Javob: Inson hojati uchun minib turgan mashinasi nisobga kirmaydi. Bitta mashinasi bo‘lib, boshqa nisob miqdorida mablag‘i bo‘lmasa, qurbonlik vojib bo‘lmaydi. Ehtiyojdan ortiq mashina olib qo‘yilgan bo‘lsa, qurbonlikning nisobiga kiradi va qurbonlik vojib bo‘ladi.
Savol: Men tijorat bilan shug‘ullanaman va nisobdan oshgan pulim bor shunga qurbonlik so‘yishim kerakmi? Qurbonlik hakida ma’lumotga ega emasman. Iltimos, qurbonlik qilish kimlarga vojibligi va u qanday so‘yilishini tushuntirib bering. Uyda erkak kishi bo‘lmasa, akamni chaqirib va yollab so‘ydirsam bo‘ladimi?
Javob: Ha, nisobga yetadigan miqdordagi mablag‘ga ega kishi qurbonlik qilishi vojibdir. Akangizni chaqirib qurbonlik qilishingiz joiz. Qurbonlik uchun so‘yiladigan jonliq ayb va nuqsonlardan xoli bo‘lishi kerak. Qurbonlik go‘shtidan bir qismini tarqatib, bir qismini saqlab qo‘yib, yana bir qismini esa qavm-qarindosh, qo‘ni-qo‘shnilarga pishirib yedirish mustahabdir.
Savol: Ramazon hayiti bilan Qurbon hayiti orasidagi farq qancha?
Jabov: Ramazon hayiti shavvol oyining birinchi kuni, Qurbon hayiti esa zulhijja oyining o‘ninchi kunidir. Shunga ko‘ra, bularning o‘rtalarida chamasi yetmish kunga yaqin bo‘ladi.
Savol: Qurbon hayitida qurbonlik qilmoqchi edik. Jumada imom domla oilasi katta bo‘lsa, go‘shtning yarmini o‘ziga olib qolsa bo‘ladi, dedi. Shu to‘g‘rimi? Umuman, oila katta bo‘lsa, qurbonlik go‘shtining hammasini olib qolsa bo‘ladimi?
Javob: Qurbonlik qiluvchi inson Alloh taoloning roziligi uchun qurbonlikka yaroqli hayvonni so‘yish bilan ibodat hosil bo‘ladi. Uning go‘shtidan foydalanish ikkinchi masala hisoblanadi. Shunga ko‘ra, siz so‘raganingizdek, katta oilalar qurbonlik go‘shtining hammasini o‘z oilalari uchun olib qolishi joiz. Shuningdek, qurbonlik qiluvchi hayit kuni go‘shtning hammasini muhtoj insonlarga tarqatishi ham joiz.
Eng afzali qurbonlik shuki, go‘shtni uch qismga bo‘lib, bir qismini tarqatish, bir qismi o‘z oilasi uchun olib qolish va yana bir qismini qarindosh-urug‘ va yaqinlar bilan pishirgan holda baham ko‘rishdir.
Savol: Menda nisobga yetadigan pulim bo‘lsa, qurbonlik qilamanmi? Men Rossiyada ishlayman u yerda nasroniy qo‘shnilarim bor. Agar qurbonlik mengayam vojib bo‘lsa, nasroniy qo‘shnilarimga qurbonlik go‘shtidan bersam bo‘ladimi?
Javob: Qurbonlik ibodatida qurbonlikka yaroqli hayvonni so‘yish e’tiborlidir. Hayvonning qoni yerga tushishi bilan ibodat hosil bo‘ladi. Qo‘shnilarlarga berish – ehson. Boshqa dindagi qo‘shnilarga bersa ham bo‘ladi.
Savol: Qurbonlikka mol oldik. To‘rt odamga bo‘lsa bo‘ladimi yo toq bo‘lishi kerakmi?
Javob: Qurbonlikka so‘yiladigan molda yetti kishigacha sherik bo‘lish mumkin. Bunda sheriklar soni toq yoki juft bo‘lishi shart emas. Muhimi, sheriklarning barchasi qurbonlikni niyat qilishi kerak. Agar ularning birortasi go‘sht niyatida sherik bo‘lsa, qolganlarning ham qurbonligi qabul bo‘lmaydi.
Savol: “It yilida qurbonlik qilinmaydi”, deb eshitganman. Shu gapning asosi bormi, iltimos, shu haqda ma’lumot bersangiz.
Javob: Islom dinining vojib amallaridan bo‘lgan qurbonlikni muchal hisobi bo‘yicha it yilida qilib bo‘lmaydi, deyish katta xatodir.
Asrlar osha o‘zining sofligi va barqarorligi tufayli e’zoz topib kelayotgan muqaddas Islom dinimizni va uning ahkomlarini buzish yoki ommaning undan yuz o‘girishiga sababchi bo‘lishning oqibati juda xatarli va ulkan gunoh ekanini yaxshi anglab olishimiz kerak.
Hadisi sharifda: “Kim mening nomimdan qasddan yolg‘on aytsa, joyini jahannamdan tayyorlayversin”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Demak, bu kabi uydirma va bo‘htonlarga e’tibor bermasligimiz lozim.
Savol: Kambag‘al kishi qurbonlik qilish uchun sotib olgan qo‘yi yo‘qolib qolsa, uning o‘rniga boshqa bir qurbonlik sotib olib, so‘yganidan so‘ng yo‘qolgan hayvon topilib qolsa, nima qiladi?
Javob: Kambag‘al kishining qurbonlik uchun sotib olgan qo‘yi yo‘qolib qolgach, yana boshqa qo‘yni qurbonlik uchun sotib olsa, so‘ng oldingi qo‘yi topilib qolsa, ikki qo‘yni ham qurbonlikka so‘yishi lozim. Boy bo‘lsa, faqat bittasini so‘yadi. Chunki faqir holda hamda qurbonlik qilishga mukallaf bo‘lmagan kishi bir hayvonni qurbonlik qilish niyatida olsa, u hayvon qurbonlikka atalgan bo‘ladi. Shu bois faqir kishiga ikkinchi marta olingan va yo‘qolgan hamda o‘g‘rilangan hayvon topilsa, har ikkalasini so‘yish vojib bo‘ladi.
Boy kishi esa, zotan, bitta qurbonlik qilishga mukallafdir. Bir hayvonni olish bilan mutlaqo uni qurbonlik qilishi shart emas. Chunki u hayvonni olayotganda maxsus niyat qilmagan, faqat dinimiz ko‘rsatmasiga binoan, zimmasidagi burchni ado etish qurbonlikka hayvon sotib olgan. Xohlasa, ikkinchi marta sotib olgan hayvonni, xohlasa, yo‘qolib yoki o‘g‘irlanib, keyin topilgan hayvonni so‘yadi (“Fatovoyi Hindiya”).
Savol: Biz ko‘p qavatli uyda istiqomat qilamiz. Qurbon hayiti kunlari g‘ayridin qo‘shnilarimizga qurbonlik go‘shtidan bersak bo‘ladimi?
Javob: G‘ayridin kishilarga qurbonlik go‘shti va nafl sadaqalardan berish joiz. Alloh taolo bunday marhamat kilgan:
«Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qiliingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar» (Mumtahana surasi, 8-oyat).
Abdulloh ibn Amr ibn Os g‘ulomiga: «“Qo‘chqorni so‘yib, yahudiy qo‘shniga nasiba bergin”, dedi. Bir soat vaqt o‘tgach, yana dedi: “Ey g‘ulom, agar qo‘chqorni so‘ysang, yahudiy qo‘shnimizga nasiba ber”. G‘ulom: “Yahudiy qo‘shni bizlarga aziyat beradi-ku!” dedi. Abdulloh ibn Amr: “Ey quloqsiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bizlarga hamisha qo‘shni haqida vasiyat qilaverganlaridan qo‘shni qo‘shniga merosxo‘r bo‘lsa kerak, degan o‘yga bordik”, dedi».
Tolibjon NIZOMning “Qurbonlik risolasi”dan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
U Hajarul asvad rukni bilan Ka’ba eshigi oralig‘i bo‘lib, o‘lchami ikki metrdir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Multazam rukn bilan eshik oralig‘idadir», dedilar.
Mujohid: «Rukn bilan eshik orasida multazam bordir», dedilar.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat kilinadi:
«Bu zot tavof qilib, namoz o‘qib, keyin ruknni o‘pib, so‘ngra tosh bilan eshik oldida tik turib, ikki qo‘l, chakkalarini ko‘kraklariga yopishtirib: «Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana shunday qilib turganlarini ko‘rdim», dedilar.
Abu Zubayr: «Abdulloh ibn Umar, Ibn Abbos, Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhular multazamda turishganini ko‘rdim», dedilar.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Biror kishi qora tosh bilan Ka’ba eshigi oldida turib Allohga duo qilsa, barcha yaxshi ko‘rgan narsalarining hojati chiqqanini ko‘radi», dedilar.
Mujohid: «Rukn bilan eshik orasidagi joy Multazam deb nomlanadi. Odamlar o‘sha yerda Allohdan biror narsa so‘rashsa yoki biror narsadan panoh tilashsa, Alloh uni ularga beradi», dedilar.
Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari» kitobidan