Bismillahir Rohmanir Rohiym.
O‘z huzurida eng ulug‘ kunlarni bizga bayram qilib bergan
Alloh taologa hamdu sanolarimiz bo‘lsin!
Hazrati Rasuli muhtaramga salom va salavotlarimiz bo‘lsin!
Aziz yurtdoshlar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi nomidan Siz azizlarni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi bo‘lgan Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.
Ma’lumki, butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus kasalligi avj olmoqda. Hozir insoniyat og‘ir sinovli davrni boshidan kechirmoqda. Mamlakatimizda aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Lekin, butun jahonda bo‘lgani kabi yurtimizda ham pandemiya bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda.
Ba’zi musulmon va qo‘shni davlatlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq holat keskinligi sababli ulamolar tomonidan Qurbon hayiti namozini jamoat bo‘lib o‘qishning iloji yo‘qligi haqida fatvolar e’lon qilindi.
Islom dini manbalarida Qurbon hayiti namozi vojib amal ekani bayon etilgan. Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan juma namozi vojib bo‘lgan kishilarga hayit namozi vojib ekani naql qilingan. Juma namozi Qur’on, sunnat, ijmo kabi qat’iy dalillar bilan sobit bo‘lgan farz amaldir. Modomiki muayyan uzrlar bilan farz bo‘lgan juma namozini vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida ulamolar fatvosi qabul qilingan ekan, vojib amal bo‘lgan hayit namozini o‘qimaslik ham o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladi.
Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020 yilgi Qurbon hayiti (Iydul adho) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi, mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.
Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosida qayd etilganidek, epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holdagi xulosalari ayni Qurbon hayiti namoziga ham tegishlidir.
Bunday vaziyatda oyat, hadis va shar’iy qoidalarda ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi. Shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal bo‘lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozini ado etish soqit bo‘ladi.
Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Iydul adha namozi ado qilinmasa ham Qurbon hayiti kunlari savobli amallar bisyor ekanini ma’lum qilamiz. Qurbon hayiti zulhijja oyining 10-kuniga to‘g‘ri kelishi e’tiboridan ushbu oy va uning birinchi o‘n kunligi fazilati juda ulug‘ ekani mo‘tabar manbalarda bayon etilgan.
Alloh taolo Qur’oni karimning “Fajr” surasida: “Tonga qasam. (Zulhijja oyidagi avvalgi) o‘n kechaga qasam. Juft va toqqa qasam”, deb marhamat qilgan.
“Juftga qasam”dagi “juft”dan murod, zulhijja oyining o‘ninchi kuni, “toq”dan murod esa to‘qqizinchi kunidir. Imom Nisoburiy aytadilar: “Alloh taoloning ushbu o‘n kechaga qasam ichishi, bu kunlarning nechog‘lik sharafli va ulug‘ kunlar ekaniga dalolat qiladi va unda dunyoviy va uxroviiy manfaatlar borligini ko‘rsatadi.
Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Arafa kunining ro‘zasi undan oldingi bir yil va undan keyingi bir yillik gunohlarga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Koronavirus pandemiyasi sabab karantin holatida hayit namozi o‘qilmayotgani uchun qurbonlikni tong otgandan boshlab qilish joiz bo‘ladi. Yurtdoshlarimiz hayit kuni bomdod namozini o‘qiganlaridan so‘ng, quyosh chiqqandan keyin 4 rakat Zuho namozini o‘qib, keyin qurbonlik qilsalar, yanayam savobli bo‘ladi. Qurbonlik qilish hayitning 3-kuniga qadar davom etadi.
Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Qurbon hayiti namozi ado qilinmasa ham bayram kayfiyatini saqlab qolish uchun Hanafiy mazhabining mo‘tabar fiqhiy manbalaridan biri bo‘lmish “Majma’ul anhur” kitobida shunday deyiladi:
اعْلَمْ أَنَّ صَلَاةَ الْعِيدِ قَائِمَةٌ مَقَامَ الضُّحَى فَإِذَا فَاتَتْ بِعُذْرٍ يُسْتَحَبُّ
أَنْ يُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ أَوْ أَرْبَعًا وَهُوَ أَفْضَلُ
ya’ni: “Ma’lum bo‘lsinki, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzal”.
Shunday ekan, Qurbon hayiti kunlarida savob ishlarni ko‘paytirish, takbiri tashriq aytish, nafl ibodat qilish, poklanish, chiroyli kiyimlar kiyish, xushbo‘ylanish, qurbonlik qilish, yaqinlariga hadyalar ulashish ayni savobli ishlardan bo‘ladi.
Bayon etilgan shar’iy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharoitida Qurbon hayitini nishonlash bo‘yicha quyidagi tavsiyalarini e’lon qiladi:
Aziz yurtdoshlar, Allohning rahmati va barakoti yog‘ilib turgan ushbu kunlarda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O‘zi saqlab, hayotimizni bundan-da farovon qilsin.
Siz aziz yurtdoshlarimizdan belgilangan karantin qoidalariga qat’iy amal qilishingizni, o‘zingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qilishingizni so‘rab qolamiz.
Vassalomu alaykum va rohmatullohi va barakotuhu.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ulamolar Kengashi,
2020 yil 25 iyul
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.
Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».
Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan