وَإِذۡ قُلۡنَا لِلۡمَلَٰٓئِكَةِ ٱسۡجُدُواْ لِأٓدَمَ فَسَجَدُوٓاْ إِلَّآ إِبۡلِيسَ أَبَىٰ وَٱسۡتَكۡبَرَ وَكَانَ مِنَ ٱلۡكَٰفِرِينَ٣٤
Odam alayhissalomning yaratilgani xabari farishtalarga yetganida ular bu zotning shaklu shamoyillarini ko‘rib: "Bu jasadda his-tuyg‘u va harakat bo‘lsa ham oqibati yaxshi bo‘lmaydi, balki ular manfaat yo‘lida bir-birlari bilan urushib, jonlariga qasd qilishadi, ulardan foyda yo‘q", deyishdi. Parvardigor ularga javoban: "Bu vujudning hikmatini O‘zim bilaman", dedi. Alloh taolo narsalar nomini bilishda Odamga fitriy ta’lim berdi, bundan farishtalar ojiz edi. Oqibatda ular Odamga ato etilgan ilmu fazl barakotidan unga sajda qilishdi. Ulamolar Alloh taoloning farishtalarga buyurgan sajdasi qay tarzda bo‘lgani haqida bir necha rivoyatlar keltirishgan. "Sajda" so‘zi lug‘atda "bo‘yin egish, o‘zini past olish" ma’nolarini anglatadi. Shar’iy istilohda esa sajda ibodatni niyat qilib, peshonani yerga qo‘yishdir. Farishtalarning Odam alayhissalomga sajda qilishlarida Alloh yaratgan maxluqning afzalligiga iqror bo‘lish va unga ta’zim bajo keltirish maqsad qilingan. Bu sajda ibodat niyatidagi peshonani yerga qo‘yish ma’nosida emas, chunki Alloh taolo O‘zidan boshqaga sajda va ibodat qilishni shirk, deb atagan. Farishtalar esa shirkdan butunlay pok, ma’sumdirlar. Bu tadbirdan farishtalarni sinash, yaxshi va yomon orasini ajratish ham ko‘zda tutilgan.
Iblis alayhilla’na esa kibr va g‘ururga borib bundan bosh tortdi. Bu itoatsizlik va osiylik zamirida kibr yotibdi. Kibr esa dinimizda qattiq qoralangan illatlardan. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Kimning qalbida xantal (gorchitsa) urug‘icha takabburlik bo‘lsa, jannatga kirmaydi", deganlar" (Termiziy rivoyati); Horisa ibn Vahb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalardan: "Sizlarga do‘zax ahllari xabarini beraymi?" deb so‘radilar. Ular: "Ha", deyishdi. U zot: "Qo‘pol, mutakabbir va o‘zini katta oluvchilar", dedilar" (Muslim rivoyati).
Agar banda mutakabbirlik qilib, Allohning oyatlarini mensimasa, tan olmasa, gunohga botadi. Gunoh esa uning dilini qoraytiradi, haqni tanishdan to‘sadi. Ko‘zini to‘g‘ri yo‘lni, ya’ni Islomni ko‘rmaydigan, qulog‘ini diniy nasihatni eshitmaydigan qilib qo‘yadi. Qur’onda zikr qilingan "Ular qanday dalilni ko‘rishsa ham ishonishmaydi, to‘g‘ri yo‘lni bilishsa ham unga yurishmaydi. Xato yo‘lni bilishsa ham unga yurishadi" (A’rof, 146). ana shunday adashgan kimsalardir. Bundaylarni Alloh o‘z oyatlaridan qaytarish, to‘sishga va’da beryapti. Alloh oyatlaridan g‘aflatda bo‘lish, ulardan uzilish esa ikki dunyo saodatini boy berishdir. Mutakabbir kimsa yaxshilarga ergashishdan or qiladi, o‘zini hammadan, barcha narsadan, hatto Allohning amr-farmonlaridan ham ustun ko‘radi. Bu bilan u Allohgagina xos sifatlarga da’vogarlik qilgan, buyuk qudrat egasi Allohga o‘zini sherik sanagan bo‘ladi. Banda bunga aslo haqli emas, shuning uchun oyatda "nohaq kibr qiladiganlar" deyilmoqda. Sababi, bandaning o‘zini Alloh yaratgan, Yer yuzidagi barcha ne’matlarini unga Alloh berib qo‘ygan, Insondagi kuch-qudrat, mol-dunyo, salomatlik va hayot o‘zicha kelib qolmagan, bular ham Parvardigorning in’omidir. Buni tan olmaslik, inkor qilish esa qattiq xatodir, Allohning dinidan uzoqlashishdir. Bundayni esa Alloh O‘z oyatlarini anglash, ulardan manfaatlanish va hayotini ularga muvofiq qurish baxtidan mahrum etadi. Bu esa bandalarga nisbatan adolatsizlik yoki zulm emas, balki qilmishlariga, nohaq kibrlariga yarasha munosib jazodir.
Shu bois, kibr Alloh taologa osiylik qilib sodir etilgan birinchi va o‘ta yomon gunohdir. Qur’oni karimda kelishicha: "(Alloh so‘radi): "(Alloh): «Senga sajdani buyurganimda sajda qilishingga nima monelik qildi?» dedi. U: «Undan yaxshiroqman, meni o‘tdan yaratding, uni tuproqdan yaratgansan», dedi" (A’rof, 12). Ulamolar "Iblis farishta bo‘lganmi yoki yo‘qmi?" degan masalada ikki xil fikrni aytishgan: bir toifa ulamolar Iblis farishtalardan biri bo‘lgan, deydi, chunki Alloh taolo uni ham farishtalar bilan birga Odam alayhissalomga sajda qilishga buyurgan. Odatda, bir turga mansub bo‘lmagan narsalar nomi alohida zikr etiladi. Keyingi toifa ulamolar esa Iblis farishtalardan bo‘lmagan, degan fikr aytgan. Chunki Alloh taolo aytadi: "Shunda sajda qilishdi, faqat iblis qilmadi. U jinlardan edi. U Parvardigorining amriga bo‘ysunmadi" (Kahf, 50). Xuddi Odamning asl xilqati ins bo‘lgani kabi Iblisniki jin bo‘lgan. Shuningdek, u olovdan, farishtalar esa nurdan yaratilgan. Iblisning zurriyoti bor, farishtalarniki yo‘q. Bu xususdagi batafsil xabarlar Qur’oni karimning Kahf surasida kelgan.
وَقُلۡنَا يَٰٓـَٔادَمُ ٱسۡكُنۡ أَنتَ وَزَوۡجُكَ ٱلۡجَنَّةَ وَكُلَا مِنۡهَا رَغَدًا حَيۡثُ شِئۡتُمَا وَلَا تَقۡرَبَا هَٰذِهِ ٱلشَّجَرَةَ فَتَكُونَا مِنَ ٱلظَّٰلِمِينَ٣٥
Farishtalar Odamga (alayhissalom) sajda qilganida Iblis bundan bosh tortgach, Alloh taolo Odam alayhissalom va uning juftiga ehtirom ko‘rsatib, ularga jannatning istagan yerida yashashni buyurdi va u yerdagi barcha ne’matlardan bemalol yeb-ichishga ruxsat berdi. Faqat birgina daraxtga yaqinlashmaslik, uning mevasini yemaslik haqida ogohlantirdi. Jumhur ulamolar fikricha, oyatdagi jannat "Dorus-savob" (mukofotlar diyori) deb nomlangan bo‘lib, Alloh taolo uni oxiratda mo‘minlar uchun tayyorlab qo‘ygan. Boshqa bir ulamolar: jannat Yerdan baland joyda barpo qilingan bog‘-rog‘lar bo‘lib, Alloh uni Odam va uning jufti uchun yaratgan, deyishadi. Mufassirlar yeyish man qilingan daraxt nomi va navi haqida turli fikrlar aytishgan. O‘sha mevani anjir, bug‘doy, uzum deganlar ham bor. Qur’oni karimda uning nima ekani ochiq aytilmagan. Imom Ibn Jarir Tabariy bu to‘g‘ridagi xolis fikrni aytadi: "Alloh taolo Odam va uning juftini jannat daraxtlaridan birining mevasini yeyishdan man qilgan" deyish bilan kifoyalanish to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki uning qaysi daraxt ekani haqida bizda biron-bir aniq ma’lumot yo‘q. Qur’oni karim va sahih hadislarda ham uning qandayligi zikr etilmagan. Buni bilish yo bilmaslikdan hech qanday foyda ham, zarar ham ko‘rilmaydi" ("Tafsiru Ibn Jarir" , 1-jild, 561-bet).
فَأَزَلَّهُمَا ٱلشَّيۡطَٰنُ عَنۡهَا فَأَخۡرَجَهُمَا مِمَّا كَانَا فِيهِۖ وَقُلۡنَا ٱهۡبِطُواْ بَعۡضُكُمۡ لِبَعۡضٍ عَدُوّٞۖ وَلَكُمۡ فِي ٱلۡأَرۡضِ مُسۡتَقَرّٞ وَمَتَٰعٌ إِلَىٰ حِينٖ٣٦
Odam alayhissalom va juftining shayton vasvasasiga aldanib, man qilingan daraxt mevasidan totib qo‘yishlari ularning jannatdan chiqarilishlariga sabab bo‘ldi. Ular Parvardigor amriga zid ish qilib qo‘yib, o‘zlariga zulm qilishdi va jannat bog‘laridagi rohat-farog‘atdan mahrum bo‘lishdi. Alloh taolo xabar beradi: "Shunday aldov bilan ularni moyil qildi. Ikkovlari daraxtdan tatib ko‘rishgan edi, avratlari o‘zlariga ko‘rinib qoldi va jannatdagi yaproqlarni ulab, shu bilan o‘z avratlarini to‘smoqchi bo‘lishdi. Shunda Parvardigorlari ularga nido qilib aytdi: «Sizlarni bu daraxtdan qaytarmaganmidim va shayton sizlarga dushman demaganmidim!»" (A’rof, 22). Shu tariqa Odam, Havvo va Iblisga Yer yuziga tushish amr qilindi va to ajal kelgunicha u joydan foydalanib turish bildirildi. Oyatdagi "biringiz biringizga dushmandirsiz" jumlasida insonlarning bir-biriga g‘animligi emas, balki Odam avlodlari va shayton o‘rtasidagi dushmanchilik zikr etilgan.
فَتَلَقَّىٰٓ ءَادَمُ مِن رَّبِّهِۦ كَلِمَٰتٖ فَتَابَ عَلَيۡهِۚ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلتَّوَّابُ ٱلرَّحِيمُ٣٧
Shundan so‘ng darhol es-hushini yig‘ib olgan Odam alayhissalom Parvardigoridan mag‘firat so‘rashga shoshildi. Buning uchun Alloh taolodan bir necha tavba so‘zlarini o‘rgandi. Ba’zi fikrlarga ko‘ra, bu so‘zlar Qur’oni karimning A’rof surasida bayon etilgan: "Ikkovlari: «Parvardigorimiz, o‘zimizga zulm qildik, agar bizni kechirmasang va rahm qilmasang, albatta ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolamiz», deyishdi” (23-oyat). Odam alayhissalom va Momo Havvo shaytonning qasamiga aldanib: "Shu daraxtdan yesak, Allohning shafqat-marhamatiga erishib, farishtalar kabi bo‘lamiz va jannatda abadiy qolib ketamiz" deb, bu ishga jur’at qilishdi. Oxiri bor haqiqatni tushunib, darrov nadomat chekishdi, zulmlariga iqror bo‘lib, istig‘for aytishdi. Alloh taolo ularning tavbasini qabul qildi, zero, U tavba qiluvchilarning tavbasini ko‘plab qabul qiluvchi va bandalariga rahmatini keng etuvchi Zotdir.
Parvardigori olam gunoh qilgan bandalarini «mo‘minlar» deb atab, ularni tavbaga chaqiradi: «Barchalaringiz Allohga tavba qilinglar, ey mo‘minlar, shoyad shunda najot topsangizlar» (Nur, 31). Bu xitob umumiydir. Tavbaga yuzlanish inson jinsiga farz qilingan azaliy hukmdir. Tavba har bir shaxs zimmasidagi farzi ayndir. Yana Alloh taolo aytadi: «Men tavba qilgan, imon keltirib, solih amal qilgan, so‘ngra hidoyatda yurganlarni ko‘plab mag‘firat qiluvchiman» (Toho, 82). Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan shunday rivoyat qilinadi: «Ey odamlar, Allohga tavba qilinglar! Men bir kecha-kunduzda yuz marta tavba qilaman». U zot shunday deb turganlarida biz ummatlari tavba qilmasdan va istig‘for aytmasdan umr o‘tkazishimiz nechuk bo‘larkan?! Ya’ni, tavba har qanday sharoitda, hech bir istisnosiz vojibdir. Bandaning tavbasi tugal va umr bo‘yi davom etsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Hasan Basriy Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan shunday rivoyat qiladi: «Alloh taolo iblisni tushirgan vaqtda (iblis): “Sening izzating bilan qasam, men Odam farzandidan to uning ruhi jasadidan ajralmagunicha ajralmayman!” dedi. Alloh taolo aytdi: “Mening qudratim, ulug‘ligim haqqi, bandamdan tavbani o‘lim bilan kelayotgan g‘ar-g‘ara vaqtida ham to‘smayman!”»
Luqmoni hakim o‘g‘liga shunday degan: «Ey o‘g‘lim, tavbani kechiktirma, chunki o‘lim kutilmaganda keladi. Kim tavbani kechiktirib, najotga shoshilmas ekan, ikkita katta xatar ichida qoladi: bittasi – gunohlar zulmati to‘planib, qalbni to‘la qoplaydi, so‘ng uni muhrlab tashlaydi. Gunoh muhrlangan qalbdan o‘chmaydi: ikkinchi xatar – kasallik yoki o‘lim tavbadan ilgari kelib, xatolarni o‘nglash uchun vaqt qolmaydi».
قُلۡنَا ٱهۡبِطُواْ مِنۡهَا جَمِيعٗاۖ فَإِمَّا يَأۡتِيَنَّكُم مِّنِّي هُدٗى فَمَن تَبِعَ هُدَايَ فَلَا خَوۡفٌ عَلَيۡهِمۡ وَلَا هُمۡ يَحۡزَنُونَ٣٨
Shayton o‘zi la’natga uchraganidan keyin Hazrati Odam va Momo Havvoning jannatda rohat-farog‘atda yurishlariga rashk va hasad qilib, bunga chiday olmaganidan toqati toq bo‘ldi. Oxiri qasam ichib, ularni aldadi va Alloh taolo man qilgan daraxt mevasidan yedirdi. Shunda ikkovlari Alloh taoloning g‘azabi bilan jannatdan chiqarilishdi. Hazrati Odam bir qancha vaqt hayron va parishon holda yig‘lab yurganlaridan keyin Alloh taolo rahm etib, bir necha so‘z (duo)larni ilhom bilan ma’lum qildi. Odam alayhissalom ularni qabul qilib oldi. Ana shu kalimalar barakotidan u zotning tavbalari qabul bo‘ldi. So‘ngra Alloh taolo Odam va uning avlodlariga: "Agar Mening hidoyatimda yursanglar, sizlarga hech qanday xavf-xatar bo‘lmaydi, ikki dunyoda izzat-ikrom ko‘rasizlar", deb amr qildi. O‘rgatilgan duo budir: “Robbana zolamna anfusana va illam tag‘firlana va tarhamna lanakunanna minal xosirin” (A’rof, 23). Ma’nosi: «Parvardigorimiz, o‘zimizga zulm qildik, agar bizni kechirmasang va rahm qilmasang, albatta ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolamiz».
وَٱلَّذِينَ كَفَرُواْ وَكَذَّبُواْ بَِٔايَٰتِنَآ أُوْلَٰٓئِكَ أَصۡحَٰبُ ٱلنَّارِۖ هُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ٣٩
Alloh taologa kufr keltirib, Uning amr-farmonlarini inkor qilgan kimsalar faqat o‘zlariga zulm qilishadi. Ular kufrlari va kibrga borganlari sababli Alloh taoloning O‘z Payg‘ambari orqali yuborgan ilohiy vahiylarini (ya’ni, Qur’oni karim oyatlarini) yolg‘onga chiqarishadi. Kofir va mushrik kimsalarning Qur’on oyatlarini inkor etishlariga sabab, ularning Islom da’vatiga quloq osishga, Payg‘ambar alayhissalomga ergashishga havoyi nafslari, kibrlari, qalblaridagi shubha-gumon xastaliklari to‘sqinlik qilayotgani tufayli Haqni tan olishni istamayotganliklaridir. Bunday johil va nodon kimsalarning joyi albatta do‘zaxdadir va unda abadiy azob-uqubatlarga giriftor bo‘lgan holda qolib ketishadi.
Do‘zax Islom talablarini bajarmagan, haddidan oshgan kofir, mushrik, munofiqlarga, shayton va unga ergashganlarga va’da qilingan azoblar joyidir. Do‘zax dahshatli chuqurlik bo‘lib, uning ichida mangu olov yonib turadi, gunohkorlar shu olovga tashlanadi. Do‘zax azob-uqubatlarini anglash uchun bu haqda Qur’oni karimda kelgan bir-ikki oyat mazmunini bilib olish kifoya. Do‘zaxga tushishlari ayon bo‘lgan, bu dunyoda kufr, shirk, nifoq, gunoh va isyon bilan o‘tgan kimsalarning basharalari qo‘rqinchga to‘la, yuzlari qorayib ketgan holda olovda, qizigan do‘zaxda kuyadilar, chanqasalar, qaynoq suv ichadilar, taomlari zaharli giyoh bo‘ladi. Payg‘ambarni, ilohiy Kitobni, qiyomatni va qayta tirilishni yolg‘onga chiqaruvchilar zaqqum daraxtining mevalari bilan qorin to‘ldiradilar va buning ustidan qaynab turgan suvdan ichadilar. Bunday «ziyofat»dan Allohning O‘zi asrasin!
Alloh taoloning oyatlariga kufr keltirganlar va ularni yolg‘onga chiqarganlar bu dunyoda ham turli balo-ofatlarga yo‘liqishlari isbotlangan, inkor etilmas haqiqatdir. Do‘zaxga kirgan kufr ahli ko‘proq azob tortishlari uchun tana terilari har gal yetilib pishganda yangi teri bilan almashtiriladi va azoblari yangidan boshlanadi. Bu holat abadul-abad davom etadi. Umar roziyallohu anhu: «Bu oyat tafsirini men Rasululohdan sollallohu alayhi vasallam eshitganman, bir soatda teri yetmish marta almashtiriladi», degan. Boshqa rivoyatlarda esa, teri bir kunda yoxud bir soatda olti ming marta yoki yetmish ming marta almashtiriladi ham deyilgan.
Ba’zan tarix sahifalarini varaqlarkanmiz, oddiy raqamlar ortida qanday taqdirlar, qanday iztiroblar va qanday buyuk jasoratlar yashiringanini unutib qo‘yamiz. Ikkinchi jahon urushi ham shunday sinovlarning eng dahshatlilaridan biri bo‘lib, millionlab insonlar taqdirini o‘zgartirdi. Bu urush faqat frontdagi janglar emas, balki insonlarning yuragidan o‘tgan og‘ir dard, sabr va matonat tarixidir.
Tarix – bu faqat o‘tgan voqealar majmuasi emas, balki insoniyatning boshidan kechirgan sinovlari, yo‘qotishlari va yutuqlari aks etgan buyuk xotira kitobidir. Unda har bir sahifa inson qismati bilan yozilgan. Ba’zan biz o‘sha sahifalarga yuzaki qaraymiz, ularni oddiy ma’lumot sifatida qabul qilamiz. Ammo chuqurroq nazar tashlasak, har bir satr ortida ko‘z yoshlar, ayriliqlar, sabr va umid yashiringanini anglaymiz. Ayniqsa, urush yillari ana shunday murakkab va og‘ir sinovlarga boy davr bo‘lib, u insonning asl qiyofasini – uning kuchini, irodasini va insoniyligini namoyon etadi.
Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli fojealardan biri sifatida nafaqat davlatlar taqdirini, balki oddiy insonlarning hayotini ham tubdan o‘zgartirib yubordi. Bu urush faqat jang maydonlarida kechgan to‘qnashuvlar emas edi. U har bir uyga kirib bordi, har bir yurakda og‘ir iz qoldirdi. Bu davrda insonlar nafaqat dushman bilan, balki ochlik, ayriliq, qo‘rquv va noaniqlik bilan ham kurashdi.
Ba’zan tarix bizga savol beradi: agar o‘sha og‘ir yillarda yashaganingizda, siz qanday yo‘l tutardingiz? Tasavvur qiling, urush boshlanadi. Bir tongda hayot o‘zgaradi. Kechagi tinchlik o‘rnini xavotir egallaydi. Har bir inson qalbida qo‘rquv va umid bir vaqtning o‘zida yashay boshlaydi. Shu lahzadan boshlab oddiy odamlar tarix yaratadigan insonlarga aylanadi.
Bu savol bejiz emas. Chunki urush insonni tanlov oldida qoldiradi: taslim bo‘lish yoki kurashish, umidsizlikka berilish yoki umid bilan yashash. O‘zbekiston xalqi esa aynan ikkinchi yo‘lni tanladi. Ular barcha qiyinchiliklarga qaramay, sabr va matonat bilan yashadi, mehnat qildi va kelajakka ishonchini yo‘qotmadi.
Urush boshlanishi bilan O‘zbekiston muhim strategik hududga aylandi. 1941-yildan boshlab frontga ketayotgan poyezdlar to‘xtovsiz harakatlandi. Har bir vagon ortida esa ko‘zida yosh, yuragida umid bilan qolayotgan insonlar turardi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan 1,4 milliondan ortiq kishi frontga safarbar etilgan. Bu esa deyarli har bir oila urushning achchiq nafasini his qilganini anglatadi.
Frontga ketganlarning ortida esa butun bir jamiyatning og‘ir hayoti boshlandi. Har bir xonadon urushni o‘zicha his qildi: kimdir otasini, kimdir o‘g‘lini, yana kimdir umr yo‘ldoshini kuzatdi. Har kuni pochta orqali keladigan xatlar insonlar uchun eng katta umid manbai edi. Ba’zi xatlar esa yillar davomida kutildi. Ammo ba’zan “qora xat” kelib, butun bir oilaning taqdirini o‘zgartirib yuborar edi.
Shu og‘ir damlarda insonlar bir-biriga yanada yaqinlashdi. Mahallalarda hamjihatlik kuchaydi. Qo‘shnilar bir-biriga tayanch bo‘ldi, borini bo‘lishdi. Bu birdamlik oddiy insonlarni yanada kuchli qildi. Chunki ular yolg‘iz emasligini his etardi.
Urush yillarida Respublika hayoti keskin o‘zgardi. Ayniqsa, sanoat sohasida katta burilish yuz berdi. 1941–1942-yillarda O‘zbekistonga yuzdan ortiq sanoat korxonalari ko‘chirib keltirilib, qisqa vaqt ichida ishga tushirildi. Zavod va fabrikalarda kecha-yu kunduz mehnat qilindi. Ishchilar ba’zan dam olishsiz ishlashga majbur bo‘lishdi. Ammo ular shikoyat qilmadi. Chunki har bir ishlab chiqarilgan mahsulot frontdagi askar hayotini saqlab qolishi mumkinligini yaxshi tushunishardi.
Shuningdek, bu davrda temiryo‘l tizimi ham alohida ahamiyat kasb etdi. Frontga qurol-aslaha, oziq-ovqat va kiyim-kechak yetkazib berish uzluksiz davom etdi. Bu esa ortda qolgan insonlarning mehnati qanchalik muhim bo‘lganini yana bir bor ko‘rsatadi.
Qishloq xo‘jaligida esa yanada og‘irroq manzara yuzaga keldi. Erkaklarning frontga ketishi natijasida dalalarda ayollar, keksalar va o‘smirlar asosiy kuchga aylandi. Bu ko‘plab bolalar uchun bolalikning erta tugashiga sabab bo‘ldi. Ular tong sahardan dalaga chiqib, kechgacha mehnat qilishdi. Shunga qaramay, ular sabr bilan paxta va g‘alla yetishtirishni davom ettirdilar.
Ayniqsa, ayollarning jasorati beqiyos edi. Ular ham ona, ham ota o‘rnini bosdi. Oilani boqdi, bolalarni tarbiyaladi va bir vaqtning o‘zida og‘ir mehnatni bajardi. Ularning ko‘zida charchoq bo‘lsa-da, qalbida umid so‘nmagan edi.
Bolalar esa urushning eng begunoh guvohlari edi. Ular o‘yin-kulgu o‘rniga mehnatni tan olishga majbur bo‘ldi. Lekin ularning qalbida kelajakka ishonch saqlanib qoldi. Aynan shu ishonch urushdan keyingi tiklanish davrining asosiga aylandi.
Urush yillarida O‘zbekiston insonparvarlik timsoliga aylandi. 200 mingdan ortiq yetim bolalar bu yerda boshpana topdi. Ular begona yurtda emas, balki mehrli oilalarda yashadi. O‘zbek xalqi ularni o‘z farzandidek qabul qildi. Bu esa xalqning naqadar bag‘rikeng va mehribon ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Tarixiy manbalarga murojaat qilar ekanmiz, bu davrning ko‘lami yanada kengroq ekanini ko‘ramiz.
Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, Respublika hududiga urushning dastlabki yillaridayoq 1 milliondan ortiq evakuatsiya qilingan aholi joylashtirilgan. Ular orasida oddiy insonlar bilan bir qatorda ilm-fan va madaniyat vakillari ham bor edi. Bu esa O‘zbekistonni nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy markazga aylantirdi.
Ko‘plab tadqiqotlarda Toshkent shahri o‘sha yillarda “mehr-shafqat shahri” sifatida tilga olinadi. Bu bejiz emas edi. Chunki bu yerga kelgan minglab insonlar boshpana va mehr topdi. Ayniqsa, yetim bolalarga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik butun insoniyat tarixidagi eng yorqin insonparvarlik namunalaridan biri bo‘lib qolgan.
Manbalarda yana shunday ma’lumotlar bor: urush yillarida O‘zbekistonda 280 dan ortiq harbiy gospital faoliyat yuritgan. Bu gospitallarda minglab yarador askarlar davolangan. Shifokorlar va hamshiralar kecha-yu kunduz xizmat qilib, ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolgan. Ularning mehnati ham frontdagi jangchilar jasorati bilan teng baholanishi mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida shakllantirilgan harbiy qismlar ham frontda katta jasorat ko‘rsatgan. Ko‘plab askarlar orden va medallar bilan taqdirlangan, ayrimlari esa eng yuksak unvonlarga sazovor bo‘lgan.
Iqtisodiy jihatdan ham Respublika muhim tayanch hududga aylangan edi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, urush yillarida O‘zbekiston frontni zarur mahsulotlar bilan ta’minlashda yetakchi hududlardan biri bo‘lgan. Paxta yetishtirish hajmi oshirilib, u harbiy sanoat uchun muhim xomashyo vazifasini bajargan.
Madaniyat va san’at ham bu davrda katta ahamiyat kasb etdi. Shoirlar, yozuvchilar va san’atkorlar xalq ruhiyatini ko‘tarishga xizmat qildi. Ularning ijodi odamlarni ruhlantirdi, umid bag‘ishladi va bardamlikka undadi.
Shunday og‘ir sinovlar davrida odamlarni oldinga undagan kuch nima edi? Bu – sabr, ishonch va ertangi kunga bo‘lgan umid edi.
Ocharchilik, yetishmovchilik va ayriliqlarga qaramay, xalq ruhiy jihatdan sinmadi. Aksincha, bu qiyinchiliklar insonlarni yanada chiniqtirdi. Chunki ular bilardi: bugungi chidam – ertangi g‘alabaning poydevori.
Urush tugagach ham hayot darhol osonlashmadi. Ko‘plab oilalar o‘z yaqinlarini yo‘qotgan edi. Shunga qaramay, xalq yana oyoqqa turdi. Yangi hayot qurildi, yangi orzular paydo bo‘ldi. Bu esa inson irodasining naqadar mustahkam ekanini ko‘rsatadi.
Tarixiy manbalar shuni ko‘rsatadiki, front ortidagi fidoyilik frontdagi g‘alabaning muhim omillaridan biri bo‘lgan. Shu bois O‘zbekiston xalqining urush yillaridagi hissasini faqat raqamlar bilan emas, balki insoniy matonat va sabr timsoli sifatida baholash lozim.
Bugun biz tinch hayotda yashayapmiz. Ko‘chalarimizda sokinlik, osmonimizda osoyishtalik. Lekin bu tinchlik o‘z-o‘zidan kelgani yo‘q. Uning ortida millionlab insonlarning sabr-toqati, fidoyiligi va ko‘z yoshlari bor.
Shunday ekan, bu tarix bizdan bir savolni talab qiladi: biz undan qanday saboq olyapmiz?
Ajdodlarimiz boshdan kechirgan sinovlar oddiy tarixiy voqea emas – bu insoniyat ruhining eng yuksak namunasi. Ular ochlikka chidadi, ayriliqqa bardosh berdi, yo‘qotishlarga sabr qildi, lekin hech qachon umidini yo‘qotmadi. Aynan mana shu umid ularni yashashga, kurashishga va g‘alabaga ishonishga undadi.
Bugungi tinch hayotimiz – bu o‘sha sabrning mevasi, o‘sha fidoyilikning natijasi. Agar biz bugun erkin nafas olayotgan bo‘lsak, bu o‘tmishda kimdir o‘z orzularidan kechganining evazigadir. Agar biz bugun osoyishta yashayotgan bo‘lsak, bu kimningdir sabr bilan kechgan og‘ir hayotining natijasidir.
Shuning uchun ham tarixni unutish – bu nafaqat o‘tmishni, balki o‘zligimizni unutish demak. Ajdodlarimiz jasorati biz uchun faqat faxr emas, balki mas’uliyat hamdir. Ularning hayoti bizga shuni o‘rgatadiki, har qanday qiyinchilik vaqtinchalik, ammo insonning irodasi va sabri abadiydir.
Demak, bizning vazifamiz – o‘sha fidoyilikni qadrlash, tarixni asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazish. Chunki tarixni unutmagan xalqgina o‘z kelajagini yo‘qotmaydi. Ajdodlarimiz bizga kuchli bo‘lishni, sabr qilishni va eng muhimi – inson bo‘lib qolishni o‘rgatib ketgan.
Toshkent islom instituti, 303-guruh talabasi Robiya MUZAFFARXONOVA