“Duo” arabcha so‘rash, iltijo, chaqirish ma’nolarini anglatadi. Alloh taolo bu haqda bunday marhamat qiladi:
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ فَلْيَسْتَجِيبُواْ لِي وَلْيُؤْمِنُواْ بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ
Ya’ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so‘rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da’vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to‘g‘ri yo‘lga tushib ketsalar” (Baqara, 186).
ادْعُواْ رَبَّكُمْ تَضَرُّعًا وَخُفْيَةً إِنَّهُ لاَ يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ
“Robbingizga tazarru’ ila maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas” (A’rof, 55).
Ushbu oyati karimada Alloh taolo mo‘min bandalariga duo qilish odoblarini o‘rgatmoqda. Duoda tazarru’ – yolborish va maxfiylik bo‘lishi zarurligini ta’kidlamoqda.
Xuddi shu ma’no Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam))ning hadisi shariflarida ham o‘z ifodasini topgan.
Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Muso al Ash’ariy r.a.dan rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar bayon qilingan:
“Odamlar baland ovoz bilan duo qilgan edilar, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey, odamlar, o‘zingizga shafqat qiling, sizlar kar yoki g‘aybga duo qilayotganingiz yo‘q. Siz duo qilayotgan Zot eng yaxshi eshituvchi va eng yaqin Zotdir”, dedilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Duo ibodatdir”, dedilar va (G‘ofir surasining 60-oyati) “va Robbingiz: “Menga duo qilinglar, sizni ijobat qilurman. Albatta, ibodatimdan takabburlik qiladiganlar tezda jahannamga bo‘yin eggan hollarida kirurlar” oyatini qiroat qildilar.
Ushbu hadisda keltirilgan oyati karimada duo ma’nosi ibodat ma’nosi bilan bir xilda ishlatilgan. Binobarin, duoning ibodat ekanini Alloh taoloning o‘zi bandalariga bildirmoqda. Buni quyidagi hadislar ham quvvatlaydi:
قال رسول الله (صعلم) : ليس شيءٌ أكرم على الله تعالى من الدعاءِ
“Alloh taoloning nazdida duodan ko‘ra mukarramroq narsa yo‘q”.
قال رسول الله (صعلم) : الدعاءُ مُخُّ العبادةِ
“Duo ibodatning mag‘zidir”.
قال رسول الله (صعلم) : مَنْ لم يسألِ اللهَ يغْضَبْ عليه
“Kim Alloh taolodan so‘ramasa, U zot undan g‘azablanadi”.
قال رسول الله (صعلم) : "من فُتح له مِنْكم بابُ الدعاءِ ففُتحتْ له أبوابُ الرحمةِ و ما سُئِلَ اللهُ شياءً يعنى أحبّ إليه مِنْ أن يُسألَ العافيةَ"
“Kimga duo eshigi ochilsa, unga rahmat eshiklari ochilgan bo‘ladi. Alloh taolo beriladigan narsalar ichida eng mahbub bo‘lgani ofiyatni so‘rashdir”, dedilar”.
Imom Jazariy duolarning qabul bo‘lish borasida yozgan asarlarida bir nechta shartlarni zikr qilganlar, jumladan:
– yeydigan, ichadigan, kiyadigan narsalari va yashaydigan yerlari haromdan bo‘lmasligi.
– Ixlos bilan duo qilishi.
– Tahoratli bo‘lishi va qiblaga yuzlanmoq.
– Avval nafl namoz o‘qimoq.
– Xayrli ishlar qilish.
– Kambag‘allar va tolibi ilmlarni xursand qilish.
– Alloh taologa hamdu sanolar aytish.
– Eng afzal salavot namozda o‘qiydiganmiz “Allohumma solli...” va “Allohumma borik...”dir. buni qancha ko‘p o‘qisa, duo shuncha tez qabul bo‘ladi.
– Qo‘llarni ko‘tarib duo qilish, duoni qo‘llari bilan yuzini silab tugatish.
– Xushu va tazarru’ bilan Alloh taologa yolvorish.
– Asmoul husnani – Alloh taoloning ismlarini o‘qib tilak tilash. Payg‘ambarlar yoki solih kiishlarni vasila qilib duo qilish mumkin.
– Gunohlarini e’tirof etib, Alloh taolodan avf va mag‘firat so‘rash
– Payg‘ambarlardan va avliyolardan vorid bo‘lgan sahih duolarni o‘qish
– Qalb huzuri bilan tilagini so‘ramog‘i lozim.
– Hamdu sano bilan hamda salovotlar bilan duosini yakunlamog‘i.
– Umid va qo‘rquv bilan duo qilish.
Ana shunday odoblarga rioya qilmoq kerak va shuni ham unitmaslik kerakki Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) duoda dunyo va oxirat saodatini tilamoqni tavsiya etganlar. Alloh taolo barchalarimizni duolari ijobat bo‘ladigan zotlar qatorida qilsin!
Bir hamsuhbatimiz aytadi: “Masjidda peshin o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng nuroniy kishi yonimga kelib, “Qachondan beri namoz o‘qiysiz?” deb so‘radi. “Gapiravering-chi...” dedim. Namozni juda tez o‘qidingiz, bunday qilish mumkin emas. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: "Odamlarning ichida eng yomonlari namozidan o‘g‘irlaydiganidir”, deganlar. Abu Qatoda roziyallohu anhu: "Ey Allohning Rasuli, namozidan qanday qilib o‘g‘rilik qiladi?" deb so‘raganlarida u zot: "(O‘sha o‘g‘ri) rukusini ham, sajdasini ham, xuzu va xushusini ham to‘liq qilmaydi", deb javob berganlar (Imom Ahmad rivoyati)”, deb menga tanbeh bergan bo‘ldi.
Keyin o‘tirib o‘yladim: biz, yig‘ilishib turadigan do‘stu yoronlar jamoa bo‘lib namoz o‘qiganimizda men hamisha hammadan ortda qolib ketaman. Hatto vitr vojibning uchinchi rakatiga turganimda ular salom aytib bo‘lishadi. Modomiki, men namozni shoshqaloqlik bilan o‘qiyotgan bo‘lsam, ularning namozi nima bo‘layotgan ekan?..”
Darhaqiqat, namozni tez o‘qish bor, shoshqaloqlik bilan o‘qish bor. Tez o‘qish mahbub amallar sirasiga kiradi. Inchunun, Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga o‘xshash yengil va tugal namoz o‘qiydigan imomning ortidan hech namoz o‘qiganim yo‘q. U zot buvakning yig‘isini eshitar va uning onasi fitnaga uchramasin, deb namozini yengillatar edilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Bundan namozni vaqtini cho‘zib ham yubormasdan, shoshqaloqlikka ham yo‘l qo‘ymasdan puxta va yengil o‘qish lozimligi ayon bo‘ladi. Ushbu mavzuga misollar ko‘p ulardan biri quyidagi voqelik:
Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir odam: “Allohga qasamki, ey Allohning Rasuli, men falonchining bizga (namozni) cho‘zib yuborganidan bomdod namozidan orqada qolaman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘sha kunidek shiddatli g‘azablanganlarini ko‘rmadim. U zot: “Albatta, sizlarda nafrat qildiruvchilar bor. Qay biringiz odamlarga namoz o‘qib bersa, yengil o‘tkazsin. Albatta, ularning ichida zaifi, kattasi va hojatlisi bor. Qachon o‘zi namoz o‘qisa, xohlaganicha cho‘zsin”, dedilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Shoshqaloqlik bilan namoz o‘qish esa nomaqbul amal sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo bandaning ruku va sajdasi komil bo‘lmagan namoziga boqmaydi” (Imom Ahmad rivoyati), deganlar. Yana bir hadisda esa “Ruku’ va sajdada beliga orom bermagan kishining namozi qabul bo‘lmaydi” (Abu Dovud rivoyati), deb ta’lim berganlar.
Ya’ni ruku va sajdani komil qilib, sajda chog‘ida beliga orom bermagan namozda xushu ham, xuzu ham bo‘lmaydi. Namozini bu tartibda o‘qigan kishining tashvishi ibodatdan imkon qadar tezroq forig‘ bo‘lishdir. Buni folklor namoz desa ham bo‘ladi: ota-onasi, yon-atrofdagilar namoz o‘qigani uchun ularga ergashib o‘qib yuraveradi. O‘zini ibodat vaqtida Rabbimizning qarshisida turgandek his qilmaydi, shunchaki vaqti kirgan vazifani naridan beri bajarib qo‘ya qoladi, xolos.
Shunday ekan, namozga diqqatli bo‘laylik, axir Dargohi Oliyga borganimizda birinchi bo‘lib namozdan so‘ralamiz. Shuningdek, bizning eng katta sarmoyamiz namoz ekan, uni muhofaza qilaylik, azizlar.
Damin JUMAQUL