Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Fevral, 2025   |   9 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:07
Quyosh
07:27
Peshin
12:42
Asr
16:06
Shom
17:51
Xufton
19:06
Bismillah
08 Fevral, 2025, 9 Sha`bon, 1446

Kasb fazilatlari va uning turlari

17.07.2020   3327   16 min.
Kasb fazilatlari va uning turlari

Alloh taolo Qur’oni karimda barcha mo‘minlarga o‘z toqatilariga yarasha kasb qilishni farz qildi:

فَإِذَا قُضِيَتِ الصَّلَاةُ فَانْتَشِرُوا فِي الْأَرْضِ وَابْتَغُوا مِنْ فَضْلِ اللَّهِ وَاذْكُرُوا اللَّهَ كَثِيرًا لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

«Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringlar! Allohni ko‘p yod etingizlar, shoyad (shunda) najot topursizlar» (Jum’a surasi 10-oyat).

         Rasululloh solallohu alayhi va sallam o‘zi sog‘lom bo‘la turib, ishlamaydigan kishi Alloh taolo yomon ko‘rishini quyidagicha bayon qildilar:

 إنّ الله يُبغِضُ الصحيح الفارغ   «Albatta Alloh taolo sog‘lom bo‘la turib, ishlamaydigan kishini yomon ko‘radi».

         Halol kasb qilishga nafaqat oddiy insonlar hatto payg‘ambarlar ham buyurilgan. Bu haqda Alloh taolo Quo’oni karimda barcha payg‘ambar va mursalinlarga shunday xitob qiladi:

 هُوَ الَّذِي جَعَلَ لَكُمُ الْأَرْضَ ذَلُولًا فَامْشُوا فِي مَنَاكِبِهَا وَكُلُوا مِنْ رِزْقِهِ وَإِلَيْهِ النُّشُور

         «U (Alloh) sizlarga yerni xoksor (bo‘ysunuvchi) qilib qo‘ygan zotdir. Bas, u (yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringlar va Allohning bergan rizqidan yenglar. Tirilib chiqish Uning huzurigadir» (Mulk surasi 15-oyat).

         Alloh taolo mo‘minlarga halol kasbdan o‘zlariga nafaqa qilishga buyurib, quyidagicha marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَنْفِقُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا كَسَبْتُمْ وَمِمَّا أَخْرَجْنَا لَكُمْ مِنَ الْأَرْض

«Ey iymon keltirganlar, o‘zingiz kasb etgan va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz...» (Baqara surasi 268-oyat).

Hadisi quddusiyda  يا عبدي يدَكَ أنزل عليك الرزق«(Alloh taolo) Ey bandam, qo‘lingni qimirlatgil, senga rizq nozil qilurman», deb marhamat qilingan.

Yuqoridagi oyat va hadislarning dalolatiga ko‘ra barcha payg‘ambar va mursalinlar ham ma’lum kasb bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Jumladan, Odam alayhissalom yerga bug‘doy ekib, sug‘orib va o‘rib olib, un qilib, non qilganlar. Nuh alayhissalom savdogarlik qilganlar. Iborhim alayhissalom bazzoz (gazmol sotuvchi) bo‘lganlar.    Dovud alayhissalom sovut yasar edilar. Sulaymon alayhissalom zanbil to‘qir edilar. Idris alayhissalom kiyim tikar edilar. Zakariyo alayhissalom duradgor edilar. Bundan tashqari barcha payg‘ambarlar qo‘y boqqanlar.

Sahobai kiromlar ham ma’lum bir kasblarga mashg‘ul bo‘lganlar. Jumladan, Abu Bakr Siddiq roziyallohu taolo anhu bazzoz (gazmol sotuvchi) edilar. Umar rozyallohu taolo anhu terini oshlar edilar. Usmon roziyallohu anhu savdogar edilar. Ali roziyallohu anhu kotiblik va mardikorlik qilar edilar.               

O‘z davrida Shom diyorining faqihi bo‘lgan Avzoiy rahmatullohi alayh Ibrohim ibn Adham rahmatullohi alayhni ko‘rdilarki, orqalarida bir ko‘tarim o‘tinni ko‘tarib kelib, uni sotib tirichilik qilur edilar.  Avzoiy rahmatullohi alayh dedilar: «Qachongacha bunday kasbni qilursiz?» Ibrohim ibn Adham dedilar: «Jim turgil, batahqiq, hadisda kelibdir, kimiki halol taom talab qilish uchun har xil zalil (xor) bo‘ladigan joyda tursa, ul kishiga jannat vojib bo‘lgay».

Ammo ilmga mashg‘ul bo‘lgani jihatidan kasb qilmoqqa qodir bo‘lsa ham, kasb qilmay, ilm tahsil qilsa, ul tolibi ilmga sadaqa berish joizdir. Agar nafl namoz o‘qimoqqa va ortiqcha maxsus ibodatlardan o‘ziga lozim bo‘lmagan narsalarni qilishga mashg‘ul bo‘lgani jihatidan kasb qilmasa, ul kishiga nafl sadaqa  berish  makruhdir.

 

الكسب فرضٌ بقدرِ الكفاية لنفسِه وعَياَلِه وقضاءِ ديونِه

         «Mo‘min kishi o‘zi, ahli ayoli uchun va qarzlarini ado qilmoq uchun kifoya qiladigan miqdorcha  kasb qilmoq farzdir». «Al-Ixtiyor» kitobida naql qilinishicha, agar kasb qilmoqqa qudrati yetsa, kasb qilishi farzdir.  Agar kasb qilmoqqa qudrati yetmasa, gadoylik qilgay. Zeroki, gadoylik kasblarning oxirgisidir. Hatto kasbga qodir bo‘lmagan biror kishidan taom so‘ramasdan, ochdan o‘lsa, gunohkor bo‘lgay.

         Kasb qilmoqning savobi benihoyatdir. Zeroki, «al-Mug‘niyya» kitobida aytibdir:

من طلب الدنيا حلالا واستعفافا عن المسألة وسيعا على عياله وتعطُّفا على جاره جاء يوم القيامة ووجهه كالقمر ليلة البدر

“Kimiki gadoylik qilmoqdin va kishidan bir narsa so‘rashdan o‘zini tortib va ahli ayoliga nafaqa berish uchun harakat qilib va qo‘shnisiga mehribonlik qilmoqni niyat qilib, halol dunyoni talab qilsa, qiyomat kunida mahshargohga yuzi o‘n to‘rt kunlik oydek bo‘lgan holda kelgay”.

 

الكسب سنّة الأولياء وفيه ستر الحال

Kasb qilish valiylarning sunnatlaridir. Kasbda inson o‘z ahvolini yopmoq va sirini bildirmaslik bordir.     Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Rostgo‘y savdogar qiyomat kunida siddiqlar va shahidlar bilan bo‘lgay”.                           

         Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Savdogarlik qilinglarki, xalqning rizqlari o‘n qismdir. To‘qqiz qismi savdogarlikdadir, ya’ni sotmoqda va olmoqdadir”.                                                   

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimki kasb qilmay, savol (tilanchilik) eshigini o‘ziga ochsa, Alloh taolo unga muhtojlik va bechoralikning yetmish eshigini ochgay”.

Iso alayhissalom bir odamni ko‘rdilar, unga: «Nima ish qilursan?» dedilar. Ul kishi: «Ibodat qilurman», dedi. «Qaydan taom yersan?» dedilar. «Mening birodarim bordirki, taomimni ul tayyorlab turadi», dedi. Iso alayhissalom dedilar: «Senga taom berib turadigan birodaring sendin obidroqdir».                                                                                   

Hazrati Umar roziyallohu anhu dedilar: “Alloh taolo rizq beradi, deb, kasbdan qo‘llaringizni tortmanglar, Alloh taolo tilla va tangani osmondan yog‘dirmaydi”.                                                                                      

Luqmoni Hakim farzandiga quyidagicha vasiyat qildilar: «Kasbdan qo‘lingni tortmagil, kimiki xalqning muhtoji va bechorasi bo‘lsa, uning dini tang va aqli zaif bo‘lgay va uning muruvvati botil bo‘lgay hamda xaloyiq unga haqorat ko‘zi bilan qaragay».                                                          

 

ويُشغِلُ قلبَه بذكرِ الله تعالى خاصّة

         Valiylar zotlar kasb qilib turgan vaqtida xossatan dilini Alloh taoloning yodiga mashg‘ul qilgay.

 

وإن اشتغل بطلب الزيادة لا يكون حراما  ما  لم يُردْ بِهِ الفخر والرياء

         Agar inson dunyoni o‘z nafaqasidan va nafaqasi lozim bo‘lganlar nafaqasidan ziyoda talab qilmoqqa mashg‘ul bo‘lsa, harom bo‘lmaydi, modomiki u bilan faxr qilmoq va riyo kilmoqni xohlamasa.

 

وإنْ سَعَى تَكَاثُرًا  أَوْ  تفاخرًا فَهُوَ  سبيلُِ الشّيطان

          Agar dunyoni ko‘p qilib, manmanlik qilmoqqa va faxr qilmoqqa harakat qilsa, ul shaytonnig yo‘lidir.

 

عن ابن عبّاسٍ رضي الله عنهما أنَّه قال: الكسبُ الحلالُ أشدُّ منْ نقلِ الجبل إلى الجبل

         Ibn Abbos roziyallohu anhumo dedilar: “Halol kasb qilish tog‘ni toqqa ko‘chirib olib bormoqdan ashad (qiyin)roqdir”.

         “Tafsiru Charxiy” kitobida insonlar kasb qilishda uch qismga bo‘linshi quyidagicha zikr qilingan:

النَّاسُ ثلاثة: رجلٌ شغل معاشه عنْ معاده فهو منَ الهالكين، ورجلٌ شغل معاده عنْ معاشه فهو من الصابرين، ورجلٌ شغل معاشه لمعاده فهو من المقتصدين ولا يحصل الاقتصاد إلاَّ في طلبها بآداب الشريعة

“Odamlar uch qismdir, bir qismini tirikchilik ishi oxiratidan chalg‘itgay, bas u kishi halok va nobud bo‘lguvchilardandir. Yana bir qishiki oxirat ishi tirikchiligidan beparvo qilgay, bas, u kishi oxirat ishiga mashg‘ul bo‘lgan kishi najot topadiganlardandir. Va bir kishiki tirikchiligi oxirati ishi uchun bo‘libdir, bas, ul kishi muqtasidlardan, ya’ni to‘g‘ri yo‘ldan o‘rtacha yuradiganlardandir. Va dunyoni talab qilmoqda shariatning odoblari bilan yursa, to‘g‘ri yo‘lda o‘rtacha  yurmoq hosil bo‘lgay”.

 

النَّاس في الكسب على خمسة مراتب: منهمْ منْ يرى الرزق من الكسبِ فهو كافرٌ ، منهمْ منْ يرَى الرزق من اللهِ ومن الكسب فهو مشركٌ،  ومنهمْ منْ يرَى الرزق من الله تعالى ولا يدري أيعطيه أمْ لا فهو منافقٌ شاكٌّ، ومنهمْ منْ يرى الرزق من الله تعالى ويعطي اللهُ لأجل كسبه ولا يؤدّي حقّه كما أمر الله تعالى فهو مسيءٌ ، ومنهمْ منْ يرى الرزق من الله تعالى فيرى الكسب سببًا وأخرج حقّه ولا يعصي لأجل الكسبِ فهو من المخلصين

“Odamlar kasb qilishda besh martabada bo‘ladilar. Ularning ba’zilari rizqni kasbdan deb biladi. Rizqni kasbdan deb biluvchi, kofirdir. Ba’zi kishilar rizqni Alloh taolodan va kasbdan ko‘rgay. Bunday kishi mushrikdir. Ba’zilar rizqni Alloh taolodan deb biladi, lekin rizqni beradimi yo bermaydimi, deb gumon qilgay. Bunday shak qiluvchi kishi munofiqdir. Ba’zilar rizqni Alloh taolodan deb biladi va rizqni Alloh taolo kasb jihatidan ato qilur, deb e’tiqod qilgay, (ammo) Alloh taoloning amr qilganicha mol haqini ado qilmagay. Bas, ul kishi gunohkordir.  Ba’zilari rizqni Alloh taolodan deb bilgay va rizqni kasbga sabab deb biladi va Alloh  taoloning buyrug‘iga muvofiq mol haqini chaqirib bergay va kasbi jihatdan ibodatni tark qilib gunohkor bo‘lmagay. Bas, ul kishi mo‘min muxlislardandir”.

          “Kofiy” nomlik asarda aytibdirki: “Ahli sunna val-jamoa ulamolarining nazdlarida, buyurilgan tavakkul shuldurki,  kasbi asbob qilgay, undan keyin Xoliqi asbobga tavakkul qilgay, asbobga tavakkul qilmagay”.

 

فعلى العبدِ العبادةُ وعلى اللهِ الرزقُ

 “Bas, bandaga ibodat qilmoq lozimdir va Alloh taborak va taolodan rizq bermoqdir”.

 

قال عليه الصلاة والسلام: من الذنوب لا يكفّر بها إلاّ الهمُّ في طلب المعيشة

          “Payg‘ambar alayhissalotu vas-salom dedilar: “Ba’zi gunohlar borki, ularga tirichilik talabidagi g‘am-tashvishdan boshqa narsa kafforat bo‘lmaydi”.

          Mo‘min kishi salafi solihlarning, ya’ni o‘tgan peshvolarning kasblarini ixtiyor qilgay, dehqonchilik, hammollik, nonvoylik, kiyim yuvmoq, kafsh tikmoq, cho‘ponlik qilmoq va kotiblik qilmoqqa o‘xshash.

          Kotiblik ulamolarning va mashoyixi asfiyolarning kasblaridir, xususan Kalomi qadimni, ya’ni Qur’oni sharifni va Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning hadislarini yozish.

         Mashhur tobein Sa’id ibn Musayyab dedilar: “Haloldan molni jam qilmagan odamda  yaxshilik yo‘qdir, bas, ul moldan Alloh taoloning haqini ado qilgay va ul mol bilan obro‘yini saqlagay va ehtiyot qilgay”.

         Umar ibn Xattob roziyallohu anhu dedilar: “Ey bechoralar jamosi, boshlaringni ko‘taringlar va savdogardik qilinglar, albatta, yo‘lga ko‘z tikkan va odamlarga muhtoj bo‘ladigan faqir bo‘lmanglar”.

         Hazrati Umar roziyallohu anhu dedilar: “Kimiki dinda faqih bo‘lmasa, ya’ni savdo qilishning ilmini bilmasa, bozorda savdogarlik qilmasin”.                  

Hazrat Ali roziyallohu anhu dedilar: “Kimiki dinda faqih bo‘lmasdan ilgari savdogarchilik qilsa, batahqiq, sudxo‘rlikka giriftor bo‘libdir.

         Ma’lumki, ibodat asosi luqmaning halolligigadir. “Hulyatul-avliyo” asarida keltiribdirki, ba’zi mashoyixlar aytibdilar: “Alloh taoloning yo‘li o‘n qismdir. Mazkur o‘n qismdan to‘qqis qismi halol rizqni talab qilish va bir qismi qolgan ishlardir. Mo‘min bandaga loyiq va munosib shulki, halol molni talab qilgay va harom va shubhadan tiyilgayki, ibodatning qabul bo‘lmog‘i taqvo bilandir, Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qiladi:

         “...Alloh faqat taqvoli kishilardan qabul qilur oyat” (Tavba surasi 27 oyat).                           

         Kasb qiluvchi har kasb va hunarni o‘rgansa, Alloh taoloning farmonini ado qiladi va shariat amrlariga ehtiyot bo‘ladi, toki ul kasbdan hosil qilgan luqmasidan nur va safo paydo bo‘ladi va qilgan ibodatlarining lazzatini topadi va ul qilgan kasbidan barokat ko‘radi va ul kasbda dast bakor, dil bayor bilan mashg‘ul bo‘ladi. Kasb sababidan rizq berguvchi va tavfiq beradigan Alloh taolodir.

         Ba’zi hukamolar dedilar: “Har vaqtiki, savdo qilguvchida uch xislat bo‘lmasa, ikki dunyoda muhtoj bo‘lgay. Avvali – tili uch narsadan pok bo‘lgay: yolg‘ondan, lag‘vdan, ya’ni, behudago‘ylikdan va qasamdan. Ikkinchi – dili uch narsadan sof bo‘lgay: yomon niyat, xiyonat va hasaddan. Uchinchi – uch narsaga doimiy e’tibor qaratmoq lozim: juma namoziga va jamoat bilan namoz o‘qimoqqa va ba’zi vaqtlarda ilm talab qilmoqqa va boshqa odamdan Alloh taoloning rizoligi va xursandligini ixtiyor qilmoqqa”.

         Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimiki gunoh qiladigan joydan mol kasb qilib, sadaqa qilsa, yo ul topgan moli bilan xeshi aqrabosiga in’om va ehson qilsa, yo ul harom molni Alloh taoloning yo‘liga sarf qilsa, ul gunoh qiladigan joydan topgan molining hammasi jam qilinib, otash do‘zaxga tashlangay”.

         Rivoyat qilinishicha Imron ibn Hasin rozyallohu anhu dedilar: “Ribodan yo rishvadan, ya’ni so‘dxo‘rlikdan yo poradan, yo g‘animat molni olmoqda xiyonat qilmoqdan, yo o‘g‘irlikdan mol topgan odamning hajini yo umrasini va jihodini, sadaqasini, qul ozod qilganini va nafaqasini Alloh taolo qabul qilmaydi”.

         Faqih Abul Lays rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi, Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, bir non sadaqa qilganim yaxshiroqmi yo yuz rakat nafl namoz o‘qiganim yaxshiroqmi?” Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Ikki yuz rakat nafl namoz o‘qigandan sadaqa qilingan non yaxshiroq”.

         Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, musulmon odamning hojatini ravo qilmoq yaxshiroqmi yo yuz rakat nafl namoz o‘qimoq yaxshiroqmi?” Payg‘ambar alayhissolatu vassalom dedilar: “Ming rakat nafl namoz o‘qigandan musulmonning hojatini ravo qilmoq yaxshiroq”.

         Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, bir luqma harom taomni tark qilmoq yaxshiroqmi yo ming rakat nafl namoz o‘qimoq yaxshiroqmi?” Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Bir luqma harom taomni tark qilmoq  ikki ming rakat nafl namoz o‘qigandan yaxshiroqdir”.

         Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, g‘iybatni tark qilmoq yaxshiroqmi yoki ikki ming rakat namoz o‘qimoq durustroqmi?” Payg‘ambar alayhissalom dedilar: “O‘n ming rakat namoz o‘qigandan g‘iybatni tark qilmoq durustroq va yaxshiroqdir”.

         Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasulalloh, sizga beva xotinning hojatini ravo qilgan yaxshiroqmi yo o‘n ming rakat namoz o‘qimoq?” Payg‘ambar alayhissolatu vassalom dedilar: “Beva xotinning hojatini ravo qilmoq o‘ttiz ming rakat nafl namozdan yaxshiroqdir”.

         Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, siz uchun ahli ayolga nafaqa qilmoq yaxshiroqmi yo Alloh taoloning yo‘lida xarj qilmoq yaxshiroqmi?” Payg‘ambar alayhissolatu vassalom dedilar: “Alloh yo‘lida ming tilla sarf va xarajat qilgandan ahli ayolga bir tanga nafaqa qilmoq yaxshiroqdir”.

         Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Yo Rasululloh, sizga ota va onalarga yaxshilik qilmoq yaxshiroqmi yo ming yil ibodat qilmoq yaxshiroqmi?” Payg‘ambar alayhissolatu vas-salom dedilar: “Yo Anas, Haq keldi, ya’ni dini Islom va Qur’on keldi va shirk va shayton nobud bo‘ldi, albatta, botil va nohaq narsa yo‘q bo‘lguvchidir”. “Bas, ota-onaga yaxshilik qilmoq ikki ming yil ibodat qilgandan yaxshiroqdir”.

 

 

 S. Primov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Vatanga muhabbat – iymon belgisi

7.02.2025   1929   6 min.
Vatanga muhabbat – iymon belgisi

Yoshlarni murg‘aklik vaqti dan ona mehri, ota e’zozi ila tarbiyalab borish ular ning Vataniga muhabbatli, odob-axloqli, ma’rifatli bo‘ lib ulg‘ayishiga sabab bo‘ladi.


Shonli tariximizda yurtimiz himoyasi yo‘lida jonlarini qur bon qilgan ajdodlarimizning nomlari hali-hanuz yuksak ehti rom ila tilga olinadi. Chunki ular Vatanga muhabbatni amalda isbotlab, kelajak avlodga o‘rnak bo‘ldilar.


Dinimiz ta’limotida kishi ning o‘z Vataniga muhabbatli bo‘ lishi yuksak qadriyatlardan eka ni ta’kidlangan. Imom Abu Homid G‘azzoliy rahimahulloh aytadi: “Bashariyat o‘z yerlarini qanday bo‘lsa, shundayligicha, garchi u yer qa rovsiz, qo‘rqinchli bo‘lsa-da, yaxshi ko‘radilar. Vatanni sevish inson qalbidagi tabiiy tuyg‘u bo‘lib, u in sonni o‘z Vatanida rohat topishiga sabab bo‘ladi. Undan yiroqlashsa, sog‘inadi, unga dushman hujum qil sa, himoya qiladi, u haqda nojoiz gap aytilsa, g‘azablanadi”.


Ibrohim ibn Adham rahi mahulloh aytadi: “Nafs istak larini ibodat bilan muolaja qildim, lekin nafsimning Va tanga intilishiday og‘ir narsa ni topmadim... Men qoldirgan narsalarning birortasi Va tanni tark etishdek og‘ir bo‘l gan emas”. Imom Zamaxshariy rahi mahulloh: “Hamma o‘z Vatanini, yashaydigan yerini, tug‘ilgan jo yini va vatandoshlarini yaxshi ko‘radi”, degan (“Asosul balog‘a”).


Albatta, Vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ham begona emas. U zot Makkadan chiqib ketayotganla rida unga qarab: “Ey Makka, qancha lar chiroylisan. Sen men uchun eng se vimlisan. Agar qavmim meni sendan quvib chiqarmaganida, sendan boshqa yerda yashamagan bo‘lar edim”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollal lohu alayhi va sallam qachon safardan qaytsalar va Madinaning devorlari ko‘rina boshlasa, tuyalarining yurishi ni tezlatar, agar xachirda bo‘lsalar, uni niqtar edilar” (Imom Buxoriy ri voyati). Ya’ni, sog‘inchdan shunday qi lar edilar. Alloh taolo biz bandalarini hidoyat yo‘llariga chorlar ekan, jumladan, bunday deydi: «Savobli va taqvoli ishda hamkorlik qilin giz, gunoh va adovat ishlarida ham korlik qilmangiz» (Moida surasi, 2-oyat). Taqvo faqat ibodat qilish yoki sadaqa berishda emas, balki Va tanni sevish, uni asrash ham taqvodir. Alloma Shayx Muhammad Sho kir rahimahulloh aytadi: «“Taqvo” deganda, faqat namoz, ro‘za va shu kabi ibodatlarni tushunmang. Al lohga haqiqiy taqvo qilish hamma narsada bo‘ladi. Rabbingizga ibodat qilishda ham taqvo qiling, unda sustkashlik qilmang. Birodarla ringiz borasida ham Allohga taqvo qiling, ularning birortasiga ozor yetkazmang. Vataningiz borasida ham Allohga taqvo qiling, unga xiyonat qilmang, uni dushmanning qo‘liga topshirib qo‘ymang. O‘z nafsingiz borasida ham Allohga taqvo qiling, uning salomat bo‘lishiga beparvo bo‘lmang, yomon xulq bilan xulqlan tirib qo‘ymang». Demak, oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, umumjamiyat ishlarida hamkorlik qilish zimmamizga farz dir. Bu ishda har kim imkoniyati darajasida o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim.

Ayniqsa, Vatan ravnaqi, uning tinchligini asrash, turli tahdid lardan himoya qilish nafaqat mudo faa tizimi kishilarining vazifa si, balki hamma qilishi shart bo‘l gan ilohiy ko‘rsatmadir. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadi: “Ummat shu narsaga itti foq qilganki, shariat ahkomlari beshta zarur narsalarni himoya qi lishga qaratilgan. Ular: din, jon, nasl, mol va aql” (“Al-muvofaqot”). Modomiki, Alloh taolo o‘z sharia tini mana shu besh narsani muhofa za qilishga qarata joriy etgan ekan, nima uchun bandaning ana shu narsa larni asrash yo‘lida jon fido qili shi ibodat bo‘lmasin? Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Kim molini himoya qilib o‘ldirilsa, u shahiddir. Kim oilasini himoya qilib o‘ldiril sa, u shahiddir. Kim dinini himoya qi lib o‘ldirilsa, u shahiddir. Kim joni ni himoya qilib o‘ldirilsa, u shahid dir” (Imom Termiziy rivoyati). Imom Bayhaqiy “Sunan”da, Toyalisiy ”Mus nad”da rivoyat qiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Agar bir kishi boshqa bir kishining jonini omon qoldirishga ishontirib, so‘ngra uni o‘ldirsa, men u qotildan bezorman, garchi o‘ldirilgan kishi kofir bo‘lsa-da”. Vatangadolik – eng og‘ir kulfat. Inson uchun eng og‘ir jazo ham shu. Shuning uchun ham shariat ahkomla rining jinoyatga jazo berish bobla rida eng jirkanch gunoh qilgan (oi lasi bo‘laturib zino qilgan) kishi larni Vatandan quvg‘in qilish ja zosi belgilangan. Alloh taolo Qur’oni karimda qalbida iymoni yo‘q munofiqlar haqida bunday deydi: «Agar biz ularga: “Yo o‘zlaringizni o‘ldiring yoki vatanlaringizdan chiqib ke tingiz”, deb buyurganimizda edi, oz qismidan boshqasi uni qilma gan bo‘lar edi» (Niso surasi, 66-oyat). Imom Abu Hayyon Andalusiy rahimahulloh aytadi: “Mazkur oyatda vatanni tashlab chiqib ketish juda og‘ir ish ekaniga dalolat bor. Shuning uchun Alloh taolo uni o‘z jo niga qasd qilish bilan birga zikr qildi” (“Bahrul Muhiyt”). Qaysi sa babdan bo‘lishidan qat’i nazar, in son uchun vatandan ayrilish o‘lim bilan barobar musibatdir. Payg‘ambar alayhissalom ayta dilar: “Sizlardan qay biringiz tong otganda uyi tinch, tani sog‘, uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, go‘yoki uning uyida dunyoning hamma ne’matlari mujassam bo‘libdi” (Imom Termiziy rivoyati).

Demak, inson uchun o‘z uyi da, tinch-osoyishta, vatanida sog‘ va omonlikda umrguzaronlik qilishi katta baxt va buyuk ne’matdir. Ne’matni esa, zoye qilmaslik, ak sincha uni asrab-avaylash, uning shukronasini bajo keltirish har bir banda uchun ham qarz, ham farzdir.

Homidjon ISHMATBЕKOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining

birinchi o‘rinbosari

MAQOLA