Alloh taoloning biz bandalarga ato etgan ne’matlari juda ham ko‘p bo‘lib, eng buyuk ne’mati – iymon, ya’ni Allohni tanish va U Zotning O‘zigagina ibodat qilishdir.
Iymon Alloh taologa shukr qilish bilan mukammal bo‘ladi.
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: «Kimda kim Allohning unga bergan ne’matlarini tanimay, bilmay, faqatgina yeydigan va ichadigan narsalarnigina ne’mat deb biladigan bo‘lsa, haqiqatda ilmi juda ham kam bo‘lib, azobini hozir qilibdi. Kimda kim dunyodan behojat bo‘lmasa, unga biron bir dunyo yo‘qdir».
Ushbu maqolada shukrning haqiqati, shukrli bo‘lish naqadar ulug‘ ne’matligi va noshukr bo‘lish ne’matlar zavoli ekani haqida so‘z yuritiladi.
Shukr haqida ta’rif
Shukr arab tilida aslida oz yem bilan semiradigan hayvonga nisbatan ishlatiladi. Ne’mat beruvchiga maqtov so‘zlarini aytishga shukr so‘zini ishlatish mashhur bo‘lgan.
Shukrli inson – Robbiga berilgan ne’matlar uchun ko‘p shukr aytuvchi, o‘ziga buyurilgan vazifalarni sidqidildan va tirishqoqlik ila ado etuvchidir.
Ulamolarimiz shukrning istilohida bir necha tariflarni aytganlar.
Rog‘ib: «Shukr – ne’mat tasavvuri va izhoridir. Kufr esa – ne’matni unutish va yashirishdir», degan.
Kafaviy: «Shukr urfda ne’mat uchun berilgan har bir mukofotdir. Shukrning asli - ne’matni tasavvur va izhor qilishdir. Shukr bandadan bo‘lganda, ehsonga nisbatan bo‘lgan irfondir. Alloh taolodan bo‘lganda esa, savob hamda go‘zal maqtovdir», deb aytgan.
Munoviy: «Shukr ikki xil bo‘ladi: Birinchisi til shukri bo‘lib, u ne’mat beruvchiga maqtov aytish bilan ado bo‘ladi. Ikkinchisi esa a’zolarning shukri bo‘lib, ne’matga yarasha mukofot taqdim qilish bilan ado etiladi», degan.
Ibnul Qayyim: «Shukr – Alloh ne’matining banda tilida maqtov va e’tirof, qalbida shuhud va muhabbat, a’zolarida esa bo‘ysunish va toat tarzida zohir bo‘lishidir», deb aytgan.
Alloh taolo Qur’oni karimda: «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir», deya marhamat qiladi. (Ibrohim, 7).
Ushbu oyat haqida marhum alloma Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘zlarining «Tafsiri hilol» kitobida quyidagicha yozadi: «Shukr ne’mat beruvchi Zotga maqtov so‘zlarni aytish va u ne’matni Allohning roziligi yo‘lida sarflashdan iboratdir. Berilgan ne’matga shukr etish insonning to‘g‘ri yo‘lda mustaqim ekanini ko‘rsatadi. Shukr qiluvchi inson Alloh taolo o‘zini doim kuzatib turishini his etadi va ne’mat yetganda zohir bo‘ladigan manmanlik, isrof va shunga o‘xshash salbiy holatlardan xoli bo‘ladi. Natijada o‘ziga berilgan ne’matlardan foydalanib, yaxshi amallarni ko‘paytiradi».
Shukr haqida oyatlar
Qur’oni karimda shukr haqida oyatlar juda ko‘p bo‘lib, bu o‘rinda ulardan ba’zilarini keltiramiz:
Alloh subhonahu va taolo:
«Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizni azoblab nima qiladi?! Alloh shukr qiluvchi va biluvchi zotdir», deb marhamat qilgan. (Niso, 147).
Alloh taoloning ushbu oyatdagi shukr qiluvchilik sifati - bandaning ozgina qilgan amaliga ham ko‘plab savoblar berish ila uni mukofotlaydi, degani bo‘ladi.
Ibn Jarir Tabariy bu oyat tafsirida bunday deydi: «Ey munofiqlar, Alloh taolo agar unga itoat etsangiz va buyruqlariga ijobat etib, qaytariqlaridan tiyiladigan bo‘lsangiz, sizlarni do‘zaxning eng tubiga solishiga hojati yo‘q. Zotan, sizlarni azoblashdan U zotga biron bir manfaat yo‘q. Kim ne qilsa, o‘z tanlovi ila qilur".
Qatoda ushbu oyat haqida: «Darhaqiqat, Alloh jalla sanouhu shukrli va mo‘min bandani azoblamaydi», deb aytgan.
Demak, shukr va iymon bir-biriga yaqin bo‘lib, iymonli inson shukrli bo‘lishi ham lozim ekan. Shuningdek, doimo Haq taologa shukr ila yuruvchi insonni U Zot azoblamas ham ekan.
Alloh taolo «Baqara» surasining 152-oyatida: «Bas, Meni eslangiz, sizni eslayman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz», deb marhamat qilgan.
Imom Abu Lays Samarqandiy ushbu oyat haqida bunday deydi: «Alloh taoloning ushbu oyati ma’nosi «Ey bandalar, Meni toat ila eslang, shunda sizlarni mag‘firat ila eslayman», yoki «Meni insonlar ichida zikr qiling, sizlarni farishtalar ichida zikr etarman», yoki bo‘lmasa, «Meni xursandchilik onlarida zikr etsangiz, sizlarni qiyinchilik onlaringizda eslarman», deya marhamat qilingani bo‘ladi.
Haqiqiy ne’mat ilmdir. Zotan, ilmdan boshqa barcha ne’matlar rohatdan boshqa narsaga o‘zgaradi. Taom yeyilgach, bir muddatdan so‘ng tashqariga chiqishni talab etadi. Kiyim ham kiyilavergach, issiq va sovuq ta’sirida eskirib, holati o‘zgaradi. Ilmdan esa sohibi sira ham malollanmaydi. Balki ko‘pincha ziyodasini talab qilaveradi».
Shukr qilish ne’mat beruvchi Zotga maqtov so‘zlarini aytish va ne’matni uni bergan Zotning roziligi uchun ishlatish bilan bo‘ladi. Ammo tili bilan shukr desa-yu, amali bilan Allohning aytganidan boshqani qilsa, kufroni ne’mat qilgan bo‘ladi.
Alloh subhonahu va taolo «Nahl» surasining 114-oyatida: «Bas, Alloh sizga rizq qilib bergan narsalardan halol-pok holida yeng. Va agar unga ibodat qiladigan bo‘lsangiz, Allohning ne’matiga shukr qiling», deb marhamat qilgan.
Ushbu oyat tafsirida alloma Shayx Muhammad Ali Sobuniy bunday yozadi: «Sizlarga Alloh taolo muboh qilgan halol pokiza ne’matlarni yenglar. Alloh sizlarga ato etgan ulug‘ ne’matga, agar U Zotga iymonu ixlos ila ibodat etadigan bo‘lsangiz, Undan boshqa hech kimga ibodat qilmaslik ila shukr qilinglar».
Haqiqiy shukr ~ ne’mat beruvchi Zotni tanish va Ungagina ibodat qilishdir.
Alloh azza va jalla:
«Ey Oli Dovud, shukr qilinglar! Bandalarimdan shukr qilguvchilari ozdir», deya marhamat qilgan(Saba’, 13).
Ibn Abi Hotim aytadi: «Sobit Bunoniy rahimahulloh: «Dovud alayhissalom oila a’zolari, farzandlari va ayollariga kunning vaqtlarini ibodat uchun taqsim qilib bergan edi. Kunning va tunning biron biron vaqti yo‘qki, unda Dovud alayhissalomning oila a’zolaridan biri namoz o‘qimagan bo‘lsa».
Bu oyat haqida Ibn Kasir rahimahulloh shunday deydi: «Ey Oli Dovud, shukr qilinglar!», ya’ni ey Dovud alayhissalom ahllari, sizlarga din va dunyoingiz borasida berilgan ne’matlar uchun shukrli bo‘lingiz.
Muhammad ibn Ka’b Quraziy: «Shukr – Allohga taqvo va solih amal etmoqdir. Bu so‘z, fe’l va amalda shukrda qoim bo‘lganlarga aytilib, Dovud alayhissalom ahllari shunday bo‘lgan edilar», deb aytgan.
Fuzayldan rivoyat qilinadi: «Dovud alayhissalom: Ey Robbim! Senga qanday shukr etamanki, shukr Sen ato etadigan ne’matdir», dedi. Shunda Alloh taolo unga: «Ey Dovud, buni ne’mat ekanini anglagan oningda shukr qila olding», deya vahiy qildi.
Ibn Abi Hotim rivoyatlari.
Abu Abdurahmon Hubuliy: «Namoz – shukr. Ro‘za ham – shukr. Alloh rizosini ko‘zlab qilingan har bir amal – shukrdir. Shukrning eng afzali esa – hamddir», degan.
Ibn Jarir rivoyati.
(davomi bor).
Sunnatulloh Abdulbosit
Inson gunohdan xoli bo‘lmaydi. Ba’zan bilib-bilmay gunoh ishga qo‘l urib qo‘yishi mumkin.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qiluvchidir. Xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo ko‘plab oyatlarda insonlarni tavba qilishga buyurgan. Jumladan, Tahrim surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Robbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa” (8-oyat).
Boshqa oyati karimada «...Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz» (Nur surasi, 31-oyat), deyilgan.
Inson tavbani o‘ziga lozim tutishi kerak. Ammo uning tavbasi qabul bo‘lishi uchun e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar bor. Xususan, tavba qilishda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, Alloh taolodan yolvorib so‘rashi kerak. So‘ngra istig‘for uchun ma’lum bir duolar, ijobat bo‘ladigan onlar fazilatidan foydalanish zarur.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim quyosh mag‘ribdan chiqishidan oldin tavba qilsa, Alloh (uning) tavbasini qabul qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Inson tavbaga shoshilishi lozim. Luqmoni Hakim o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘lim, tavbani kechiktirma! Chunki o‘lim to‘satdan keladi. Kim tavbani kechiktirib, najotga shoshilmas ekan, ikkita katta xatar ichida qoladi: 1) gunohlar zulmati to‘planib, qalbni qoplaydi, so‘ngra uni muhrlab tashlaydi. Gunoh muhrlangan qalbdan o‘chmaydi; 2) kasallik yoki o‘lim tavbadan ilgari kelib, xatolarni o‘nglash uchun vaqt qolmaydi”, degan.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning tavba qabul qilishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat Egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo bilmay qo‘l uringan gunohga zudlik bilan qilingan tavbani qabul etishini bayon qilyapti.
Inson Alloh va uning Rasuliga itoat qilmagani, shaytonning hiylasiga ergashib, shu gunohni sodir qilgani uchun qattiq nadomat chekishi lozim. Chunki gunoh ishga pushaymon bo‘lish xolis tavbaning shartlaridan biridir. Shu bilan birga, nadomatning o‘zi ham tavbaga dalolat qilishi mumkin.
Bu haqda hadisi sharifda bunday deyilgan: «Abdulloh ibn Ma’qildan rivoyat qilinadi. U: “Men otam bilan birga Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning huzuriga kirdim. Otam unga: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganmisiz?” deb aytdi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Ha, u zotning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganman”, dedi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, inson qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lib, afsuslansa, tavbasi xolis bo‘lishi uchun bir necha shartlar bor:
– gunoh qilishdan darhol to‘xtash;
– qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lish;
– bu gunohga aslo qaytmaslikni niyat qilish;
– tavbasini Alloh taolo qabul qilishiga ishonish;
– istig‘for aytish;
– gunohga qaytmaslikni barcha a’zolari bilan amalga oshirish;
– gunoh odamlarning haqqi bo‘ladigan bo‘lsa, ulardan uzr so‘rab, rozi qilish.
Shokirjon MADAMINOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi.