Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2025   |   26 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:22
Asr
16:38
Shom
18:31
Xufton
19:44
Bismillah
18 Sentabr, 2025, 26 Rabi`ul avval, 1447

Pandemiya davrida buyuk tabib merosini o‘rganyapmizmi yoxud bolalar uchun Ibn Sino qoldirgan maslahat...

16.07.2020   2578   8 min.
Pandemiya davrida buyuk tabib merosini o‘rganyapmizmi yoxud bolalar uchun Ibn Sino qoldirgan maslahat...
Ustozlarimizning «Xudo bizga allomalardan bergan. Qarang, Al-Buxoriy vafot etgan 870 yilda yana bir alloma Imom Moturidiy tavallud topgan. Algebra, bu - aljabr degani, Xorazmiy, Meditsina, bu - madadi Sino, Ibn Sino bobomiz» degan fikrlari hali ham qulog‘imiz ostida jaranglaydi.
 
Dunyo tabobatida yelka suyagining chiqishini oddiy bosish bilan davolash usuli hozirgacha «Avitsenna usuli» ekanligi, umurtqani yog‘och moslama yordamida tuzatish usulini Ibn Sinodan so‘ng XV asrga kelib fransuz tabibi Kalo qayta kashf etganligi, tabobat tarixida ilk bora vabo bilan o‘latni farqlab, ularni alohida (karantin) davolashni boshlagan, sariq kasalligi, moxov, qizamiq, suvchechak, kuydirgi, zotiljam, meningit, zaxm, oshqozon yarasi kabi kasallik belgilari va kechish jarayonini to‘g‘ri tasvirlagan buyuk tabib hayoti va boy merosini o‘rganyapmizmi?” degan mas’uliyat hamon dolzarb. Ayniqsa, hozirgi COVID-19 holatida...
 
YETUK TABIB HAQIDA
 
Movarounnahrda tug‘ilib, Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini dunyo madaniyati tamadduniga aylantirgan buyuk mutafakkirlardan biri - Abu Ali ibn Sino bo‘lib, u Yevropada «Avitsenna» nomi bilan mashhurdir. Ibn Sino (asl ismi Husayn, otasining ismi Abdulloh) Buxoroning Afshona qishlog‘ida, 980 yilning safar oyida, amaldor oilasida tug‘iladi. 986 yilda Ibn Sino oilasi Buxoroga ko‘chib keladi va shu vaqtdan boshlab yosh Husayn boshlang‘ich ma’lumot olishga, ilm-fanni o‘rganishga kirishadi. Tabibning yoshligi, yigitlik chog‘lari Somoniylar hukmronligining so‘nggi yillari, Nuh II ibn Mansur Somoniy hukmronligi davriga (976-997) to‘g‘ri keladi.
 
Ibn Sino 10 yoshidayoq Qur’onni yod olib, 13 yoshlaridan boshlang‘ich matematika, mantiq, fiqh, falsafa ilmlari bilan shug‘ullana boshlaydi. Ibn Sino yosh bo‘lishiga qaramay, Abu Abdulloh Notiliy rahbarligida falsafa, Hasan ibn Nuh al-Qumriydan tibbiyot ilmini har tomonlama o‘rganadi, asta-sekin tabiblik bilan ham shug‘ullanadi. U o‘zidan avval o‘tgan Sharq mutafakkirlarining asarlarini chuqur o‘rganish bilan birga, qadimgi yunon tabiiy-ilmiy, falsafiy merosini, xususan Aristotel, Yevklid, Ptolemey, Galen, Gippokrat, Pifagor, Porfiriylarning asarlarini ham qunt bilan o‘rgandi. 16-17 yoshidayoq Ibn Sino mashhur tabib — hakim bo‘lib taniladi.
 
SARGARDONLIK VA IJOD
 
Tarixdan ma’lum, 999 yilda Buxoro Qoraxoniylar tomonidan zabt etilgach, Ibn Sino Buxorodan chiqib ketadi va madaniyat markazlaridan biri hisoblangan Xorazmga boradi, u yerda Xorazm hokimi Ali ibn Ma’mun saroyidagi olimlarni birlashtirgan o‘z zamonasining akademiyasiga qabul qilinadi. U yerda Beruniy, Ibn Miskavayh, Abu Sahl Masihiy, Abulxayr Hammor, Abu Nasr ibn Iroq kabi yetuk olimlar bilan yaqindan tanishadi. Mahmud G‘aznaviyning ta’qibidan qochib, Xorazmni tashlab ketishga va Xuroson, Eronning turli shaharlarida sarson-sargardonlikda yurishga majbur bo‘ldi. Jurjon shahriga kelgan Ibn Sino hokim Qobus ibn Vashmgir saroyida mashhur tabib sifatida yashadi, bo‘lajak shogirdi Juzjoniy bilan tanishadi. Hamadondagi vazirlik chog‘ida hokim bilan kelisha olmay, 4 oy mobaynida qamoqda saqlanadi.
 
Buyuk tabib 1023 yilda Isfahonga qochadi va butun umrini ilmiy ijodga bag‘ishlab «Kitob al-qonun fit-tibb», «Kitob un-najot», «Kitob ul-insof» kabi geometriya, astronomiya, o‘simlik, hayvonot olami, mantiqqa oid risolalar yaratadi. Uning «Hayy ibn Yaqzon» falsafiy qissasi esa so‘nggi yillarda yozilgan. U Isfahonda rasadxona qurish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ota yurtdan uzoqda Isfaxon, Ray, Hamadon shaharlarida sarsonlikda yurgan buyuk tabib 1037 yil 18 iyunda Isfahon shahrida 57 yoshida qulunj kasalligidan vafot etadi.
 
ALLOMA MEROSI
 
Tabibning hayot yo‘li shogirdi Juzjoniy tomonidan qoldirilgan manbalardan ma’lum. Ibn Sino tarjimayi holida Forobiyning «Metafizika maqsadlari», «Fusus ul-hikam» kabi muhim risolalarini qunt bilan o‘rganganligi, ulardan keng foydalanganligini ta’kidlab o‘tadi.
 
Buyuk vatandoshimiz asarlari 450 dan ortiq bo‘lib, taassufki, bizgacha faqat 160 ga yaqin asari yetib kelgan xolos. Ko‘p asarlari turli falokat va saroy fitnalari oqibatida yo‘qolgan. Ibn Sino asarlarining asosiy qismi o‘sha davr ilmiy tili hisoblangan arab tili, ba’zilari esa fors tilida yozilgan. Uning bizgacha, ma’lum bo‘lgan katta asari «Kitob ush-shifo» (Shifo kitobi) 22 jilddan iborat bo‘lib, unda mantiq, fizika, matematika, metafizikaga doir masalalar yoritilgan. Afsuski, 20 jilddan iborat bo‘lgan «Kitob ul-insof» (Insof kitobi) Isfahondagi yong‘in sabab bizgacha yetib kelmagan. Olimning «Kitob un-najot» (Najot kitobi), «Kitob lison ul-arab» (Arab tili kitobi), «Donishnoma» fors tilida yozilgan bo‘lib rus tiliga tarjima etilgan. Bu kitoblarni o‘zbek tiliga to‘laligicha tarjima qilish esa, bugun yelkamizdagi ulkan ma’naviy qarz.
 
Buyuk tabib tabobat masalalarini ommabop holda nazm bilan izohlovchi «Urjuza» nomli tibbiy asar yaratdi. Bulardan tashqari, kimyo, mineralogiya, astronomiya, matematika, o‘simlik dunyosi, geologik jarayonlarni o‘rganish sohasida ham u yangi-yangi fikrlarni olg‘a sura oldi. Ibn Sinoning “Kitob al-qonun fit-tibb («Tib qonunlari»), «Kitob ul-qulanj» («Ichak sanchiqlari»), «Kitob un-nabz» («Tomir ko‘rish haqida kitob»), Fuj ul-tibbiya joria fi majlisih” («Tib haqida hikmatli so‘zlar»), «Tadbir ul-manzil» («Turar joyning tuzilishi»), «Fil-hindubo» («Sachratqi o‘simligi haqida»), «Risola fi-dastur it-tibbiy» («Tibbiy ko‘rsatmalar haqida») kabi asarlari mavjud.
 
«TIB QONUNLARI» KITOBI
 
Birinchi kitob o‘z-o‘zidan meditsina olamiga kirish qismi bo‘lib, unda tibbiyotning nazariy asoslari, kasallikning kelib chiqish sabablari, belgilari, kishi anatomiyasi haqida kishini taajjubda qoldiruvchi qisqacha ocherk va bugungi gigiyena haqida gap boradi.
 
Ikkinchi kitobda 800 ga yaqin dorining xususiyatlari, ularni tayyorlash va iste’mol qilish usullari bayon etilgan. Ibn Sino birinchi bo‘lib simob, uning birikmalarini dori qilib ishlatishni tavsiya etadi, sharobni quvvatga kirituvchi, jarohatlarni tozalovchi dori sifatida ishlatadi.
 
Uchinchi kitobda bosh miya, nerv, ko‘z, quloq, burun, tomoq, qorin, tish, yurak, jigar, buyrak kasalliklari batafsil tahlil qilinadi. Hatto ayrim organlar, hatto soch, tirnoq kasalliklarini davolash usullari bayon etiladi.
 
To‘rtinchi kitob organizmning umumiy kasalliklariga bag‘ishlangan. Unda isitmalar, o‘smalar, ularning sababi, xirurgik kasalliklar (suyak sinishi, chiqishi, jarohatlanish) va ularni davolash usullari, har xil dorilardan zaharlanish va bunda ko‘riladigan choralar, chechak, qizamiq, moxov, toun, vabo va boshqa yuqumli kasalliklar haqida ma’lumot beriladi.
 
Beshinchi kitobda murakkab dorilarning organizmga ta’siri, ularni tayyorlash, iste’mol qilish usullari bayon qilingan. Qisqasi, bu kitob dorishunoslik ilmi - farmakologiyaga bag‘ishlangan.
 
«Tib qonunlari» qariyb 1000 yil mobaynida hakimlar uchun asosiy qo‘llanma bo‘lib keldi. O‘rta asrlarda bu kitob Sharqdagina emas, balki G‘arb talabalari uchun ham tibbiyotdagi yagona ishonchli manba bo‘lib xizmat qildi.
 
BOLANGIZ TA’TILDA DOIRA CHALSIN!
 
Abu Ali Ibn Sino bemor bolani davolamoqchi bo‘libdi. Ammo bola vafot etibdi. Bolaning tanasini ochib ko‘rgan tabibning ko‘zi bolaning yuragini qoplagan pardaga tushibdi. Aynan shu parda yurakni urishdan to‘xtatib qo‘ygan ekan. Bu holdan afsuslangan Ibn Sino shunday degan ekan: «Agarda shu bolaga urib chalinadigan musiqa asbobi (doira) yoki tanbur chalishni o‘rgatganimda, bu holat umuman vujudga kelmagan, bola o‘lmagan bo‘lardi».
 
Yozgi ta’tilda, ayniqsa karantin paytida farzandlarimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun bu tabib bobomizdan beminnat maslahat. Bu nafaqat farzandlarimiz, balki doira yoki tanbur sadosini eshitgan barcha quloqlar uchun shifo. Bu XXI asrda yashayotgan biz avlodlarga Ibn Sinoning murojaati aslida.
 
Jonibek Shuhratov,
«Tafakkur» yoshlar targ‘ibot
markazi rahbari
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Samarqand viloyati Paxtachi tumanida xayr-ehson va birdamlikka chorlovchi sayyor yig‘ilish o‘tkazildi

17.09.2025   2475   3 min.
Samarqand viloyati Paxtachi tumanida xayr-ehson va birdamlikka chorlovchi sayyor yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi hamda yillik ish rejasi doirasida Paxtachi tumanida ma’naviyat, mehr-shafqat va xayr-saxovat ruhi bilan yodda qolarli sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilish avvalida viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov ishchi guruh a’zolari bilan uchrashib, sayyor uchrashuvlarni samarali va mazmunli tashkil etish yuzasidan muhim ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. U kishi har bir masjid imom-xatibi hamda mas’ul shaxslarga aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning muammolarini eshitish va imkoniyatdan kelib chiqib joyida hal etish zarurligini alohida ta’kidladi.

Shundan so‘ng Ahmadxon domla, Paxtachi tumani bosh imom-xatibi I.Isayev hamrohligida tuman markazidagi “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidi hududida og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, bemor va nogironligi bor oilalar xonadonlariga tashrif buyurdi. Ushbu tashriflar doirasida:

  • Xonadon egalariga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
  • Vaqf xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali tomonidan 7 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Har bir xonadonda samimiy muloqot o‘rnatilib, ezgu duolar qilindi. Ota-onalarning minnatdorliklari barcha ishtirokchilar qalbiga iliqlik bag‘ishladi.

Viloyat ishchi guruhi Paxtachi tumanidagi 12 ta masjidda Peshin namozini ado etib, jamoatga quyidagi yo‘nalishlarda ta’sirli ma’ruzalar qildi:

  • “Qo‘shnichilik munosabatlari va ularning odoblari”
  • “Oila – muqaddas ”
  • “Axborot olish va tarqatishda mas’uliyat”
  • “Tinchlik va osoyishtalikning beqiyos qadri”
  • “Farzand tarbiyasi – buyuk burch va mas’uliyat”
  • “Yoshlar – kelajak timsoli va umid sutuni”
  • “Berilgan ne’matlarga shukrona qilish fazilati”
  • “Oilaviy totuvlik va birdamlikni asrash”
  • “Chetdan kirib kelayotgan yot g‘oyalarga aldanmaslik”

Shuningdek, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Nursultonxon domla Abdumannonov “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidida “Salomatlik va osoyishtalik – eng katta boylik” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy quvvatga to‘la ma’ruza qildi.

Yig‘ilish yakunida Paxtachi tumanidagi 16 mahallaning ijtimoiy ahvoli, aholining ehtiyojlari va muammolari tahlil qilindi. Masjid hujjat yuritishi, obodonchilik ishlari va jamoat bilan muloqot samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilandi.

Rahbarlar tomonidan aholi bilan yaqin hamkorlik qilish, diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va xayr-saxovat ishlarini yanada kengaytirish yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berildi.

Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilar yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi va yurtboshimiz olib borayotgan xayrli ishlariga zafarlar tilab, birgalikda xayrli duo qildilar.

Bu sayyor yig‘ilish Paxtachi ahli uchun nafaqat amaliy yordam, balki ma’naviy ko‘tarinkilik, birdamlik va kelajakka ishonch ruhini uyg‘otgan yodda qolarli kun bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati

Yangiliklar