Sayt test holatida ishlamoqda!
17 May, 2025   |   19 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:03
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:40
Xufton
21:10
Bismillah
17 May, 2025, 19 Zulqa`da, 1446

Oilada farzand tarbiyasi: AQLIY TARBIYA MAS’ULIYATI (davomi)

15.07.2020   5548   26 min.
Oilada farzand tarbiyasi: AQLIY TARBIYA MAS’ULIYATI (davomi)

Qo‘rquv

Bu kattayu kichik, erkagu ayolda mavjud bo‘lgan ruhiy holatdir. Agar u bolalarda me’yorida bo‘lsa, ijobiy baholanadi, chunki bolani har xil falokatlardan o‘zini ehtiyot qilishga va xavf-xatardan omonda bo‘lishiga undaydi.

O‘zini sababsiz aybdor his qilish. Bolalarda uchraydigan ruhiy holat bo‘lib, u tug‘ma hamda kasallik, noto‘g‘ri tarbiya yoki oiladagi ba’zi muammolar oqibati bo‘lishi mumkin. Bunday holat bolaning jamiyatdan ajrab, boshi berk ko‘chalarga kirib qolishiga sabab bo‘ladi.

Agar biz bolada uchraydigan barcha salbiy holatlarning sabablari va islomiy yechimlarini o‘rganadigan bo‘lsak, ushbu ruhiy muammoni alohida tafsiloti bilan ko‘rib chiqishimiz kerak bo‘ladi. Bola o‘zini aybli his qilishiga olib keladigan omillar asosan quyidagilardir:

Tahqirlash.

Ortiqcha erkalash.

Bolalarning biridan ikkinchisini ustun qo‘yish.

Tana a’zolaridagi nuqsonlar.

Yetimlik.

Kambag‘allik.

Haqorat qilish, tahqirlash bolani ruhiy xastalikka olib keladigan, o‘ziga ishonchini yo‘qotadigan sabablardandir. Ko‘pincha bolalar biron nojo‘ya ish qilib qo‘ysalar, ota-onalari ularni qattiq koyishadi. Albatta, bola o‘sha ishni ataylab emas, bilmasdan, hayotiy tajribaning yo‘qligidan qilib qo‘yadi. Ba’zan majbur bo‘ladi ham. Ota-onasidan qo‘rqqanidan, tanbeh eshitmaslik uchun yolg‘on ham gapirib yuboradi. Shunda ota-ona: “Sen yolg‘onchisan, ikki dunyoda ham odam bo‘lmaysan”, deb yana urishadi. Aslida, bolaning yolg‘on gapirishiga, aybini bo‘yniga olmasligiga kattalarning o‘zi sababchi bo‘lyapti. Xalqimizda “sen” ham, “siz” ham bir og‘izdan chiqadi, degan naql bor. Bola hadeb “sen”lanaversa, siltanaversa, qo‘rs, “ichimdagini top” bo‘lib qoladi.

Bolalarni, ayniqsa, aka-ukalari, tengdoshlari, tanish-bilishlar, qarindoshlari oldida uyaltirmaslik, koyimaslik kerak. Bu hol bolani o‘ziga past nazar bilan, boshqalarga esa adovat va hasad bilan qaraydigan qilib qo‘yadi.

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) davrida bunday voqea bo‘ladi:

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) oldilariga bir ota o‘g‘lining tarbiyasidan shikoyat qilib keldi. Shunda Umar (roziyallohu anhu) o‘g‘ilni chaqirtirib, otasining haqini poymol qilayotgani va unga itoatsizligi uchun koyidi. Shunda bola:

– Ey mo‘minlar amiri, otaning zimmasida bolaning haqlari ham bormi? – deb so‘radi.

Umar (roziyallohu anhu):

– Ha, bor, – dedi.

– Ular nimalar, ey mo‘minlar amiri? – deb so‘radi yigit.

– Bolaga yaxshi ona tanlash, unga chiroyli ism qo‘yish va Qur’ondan ta’lim berish.

Buni eshitib, yigit hazrat Umarga (roziyallohu anhu) dedi:

– Ey mo‘minlar amiri, otam bularning birortasini ham qilmagan. Onam bir majusiyning qora tanli cho‘risi bo‘lgan, menga Ju’al (ya’ni, go‘ng yeydigan qo‘ng‘iz) deb ism qo‘ygan, Qur’ondan biror harf o‘rgatmagan.

Shunda Umar (roziyallohu anhu) otaga qarab: “Sen bolangning senga oq bo‘layotganidan shikoyat qilib kelibsan-u, lekin u senga oq bo‘lishidan oldin sen unga oq bo‘lgan ekansan, u senga yomonlik qilishidan ilgari sen unga yomonlik qilgan ekansan”, dedi. Bu qanchalik ibratli hikoyat! Ota-ona bolasida biron-bir qusur ko‘rsa, sababini avvalo o‘zidan qidirsin. Boladagi yaxshi xulq ham, yomon xulq ham ota-onasi xislatlarining aks-sadosi hisoblanadi. Bola bir ko‘zgudir, uning xulqiga qarab, ota-onasiga baho beriladi. Bola shirin gapning gadosi, yaxshi gap bilan ilon inidan chiqibdi, deydilar. Yaxshi tarbiya halimlik va sabr-toqat mevasidir.

Imom Ahmad yaxshi isnod bilan Abu Umomadan rivoyat qilishicha, bir yigit Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, mening zino qilishimga ruxsat berasizmi?” dedi. Buni eshitgan sahobalar baqirib yuborishdi. Shunda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Uni menga yaqin keltiringlar... Menga yaqin kel,” dedilar. U yigit Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga kelib o‘tirdi. Rasululloh unga: “Onang uchun ham mana shu ishni yoqtirasanmi?” dedilar. U yigit: “Yo Rasululloh, Alloh meni sizga fido qilsin, aslo yo‘q,” dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonlarning barchasi shundaydir, bunday jirkanch ishni onalari uchun ravo ko‘rmaydilar. Qizing uchun-chi?” dedilar. Yigit (yana): “Alloh meni sizga fido qilsin, yo‘q”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Buni boshqa insonlar ham qizlariga ravo ko‘rishmaydi. Singlingga ravo ko‘rasanmi?” dedilar. Yigit: “Alloh meni sizga fido qilsin, yo‘q,” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “(Boshqa) insonlar ham shundaydir, opa-singillari uchun buni ravo ko‘rishmaydi...” Shu asnoda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u yigitga ammasi va xolasini zikr qildilar. Yigit esa, barchasi xususida “Alloh meni sizga fido qilsin, yo‘q”, deb javob berdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning ko‘kragiga muborak qo‘llarini qo‘ydilar-da: “Yo Alloh, buning qalbini pokla, gunohini mag‘firat qil va farjini (zinodan) saqlagin,” deb duo qildilar. Shunda u yigit Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlaridan zinodan ko‘ra jirkanchliroq narsa yo‘qligini anglab chiqib ketdi.

 

Rasulullohning (alayhissalom) mehribonlik va muloyimlik borasidagi vasiyatlaridan:

Imom Buxoriy va Imom Muslim Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladilar. Oysha (roziyallohu anho) aytdilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam), albatta, Alloh taolo rafiq – mehribondir, barcha ishlarda mehribonlikni yaxshi ko‘radi, dedilar”.

Imom Muslim Jarir ibn Abdullohdan rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim mehribonlikdan mahrum bo‘lgan bo‘lsa, barcha yaxshiliklardan mahrum bo‘libdi”, dedilar.

Xulosa qilib aytishimiz mumkin, bolani tahqirlash va doimiy ravishda jerkish uni ruhan mayib qilib qo‘yadi. Bolaga tanbeh berish zarur bo‘lib qolganida, nasihat bilan uni tartibga chaqirish zarur.

Bolani haddan ziyod erkalash ham yaxshi emas. Erka bola ojiz va notavon bo‘lib o‘sadi. Maqtov va laganbardorlikka moyil bo‘ladi, tanqidni ko‘tara olmaydi. Ko‘p narsalarga shubha bilan qarab, voqea-hodisalarga xolis baho berolmay, qiynaladi. O‘zini boshqalardan orqada qolayotgandek his qiladi. Intiluvchan va shijoatli odamlar oldida dovdiraydi, o‘zini bir joyda qotib qolgandek his qiladi.

Demak, bola tarbiyasida halim, shirinso‘z bo‘lishning ham chegarasi bor, erkalash, taltaytirish darajasiga o‘tib ketmasligi zarur. Zero, hamma narsa me’yorida bo‘lsa, yaxshi natijalar beradi.

Ayniqsa, erkalatishni ayrim onalar haddan oshirib yuboradilar. Ular shiraning ozi yaxshi, ko‘pi zaharga aylanishini esdan chiqarib qo‘yadilar. Bunday holni uzoq vaqt farzand ko‘rmay yurib, bolali bo‘lgan yoki yolg‘iz farzandli oilalarda ko‘p uchratish mumkin. Tarbiya oilada bolaning oz yoki ko‘pligiga bog‘liq bo‘lmaydi. Bitta bolaga ham, o‘nta bolaga ham risoladagidek tarbiya berish lozim. Tarbiyaning yuki hammaga birday. Mas’uliyati og‘ir va yuksak.

Bolalarni har xil ko‘ngilsizliklardan asrash ham kattalarning burchidir.

Doktor G‘abraning bolalar orasida yuz berishi mumkin bo‘lgan ayrim ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan maslahatlaridan ba’zilarini taklif etamiz:

– Oilada zaharli kimyoviy narsalarning nomini idishi ustiga yozib, qulflanadigan joyda saqlang va kalitlarni ishonchli joyga berkiting. Ularni omborxona va taom saqlanadigan joylarga qo‘ymang. Gap hasharotlarni yo‘qotish uchun ishlatiladigan zaharli dorilar haqida borayotganini tushungandirsiz.

– Dori-darmonlarni ham bolalarning qo‘llari yetadigan joylarga qo‘ymang. Chunki dori ichishga o‘rganib qolgan bolalar bir yeri og‘risa, har qanday dorini ichsam tuzalib qolaman, deb o‘ylashlari mumkin. Bolaga dorini qandaydir shirin ichimlik deb emas, balki dori ekanini aniq aytib berish kerak.

– Bolalarni salomatligi uchun xavfli bo‘lgan suv isitadigan, ovqat pishiradigan, dazmol, gugurt kabi vositalardan uzoqroq tuting. Shu bilan birga, sog‘lik uchun xavfli anjomlardan ehtiyot bo‘lishni tushuntirish zarur. E’tiborsizlik tufayli bir yilda qanchadan-qancha bolalar nogiron bo‘lib qolmoqda. Gugurt o‘ynash natijasida yong‘in chiqib, nobud bo‘lishyapti. Elektr toki urib, hayotdan ko‘z yumishyapti.

– Igna, sanchqi, qaychi kabi asboblar ham bola ko‘zidan nari bo‘lishi lozim.

– Bolalar orasida danak, tugmaga o‘xshagan narsalarni otib, og‘izda ilib olish o‘yini paydo bo‘lgan. Birinchidan, o‘sha narsa tomoqqa ketib qolishi mumkin. Ikkinchidan, og‘izdan chiqqan narsani qaytib yana og‘izga olib bo‘lmasligini bolaga tushuntirish kerak. Shuningdek, ovqatlangan paytda ko‘p gapirmaslikka o‘rgating, aks holda ovqat nafas yo‘liga ketib, og‘ir oqibatlarga olib borishini ayting.

– Ayrim yosh onalar chaqaloqlarini yonlariga olib emizgancha uxlab qolishadi. Go‘dakning nafas yo‘lini ko‘kragi bilan to‘sib, bo‘g‘ilib qolishiga sabab bo‘lishadi. Bola alohida o‘z joyida uxlashi kerak.

– Bolalarni yuqori qavatli uylarning osma ayvonlari, derazalaridan yiqilishdan asrang!

– Kir yuvish, go‘sht maydalagich, sharbat siqish mashinalarini ishlatishda ehtiyot bo‘ling. E’tiborsizlik natijasida bolalar ularga barmoqlarini tiqib olib, nogiron bo‘lib qolyaptilar.

– Bolali uyda darvoza va eshiklar doim yopiq turishi kerak. Chunki kichkintoy emaklab hovliga chiqishi, chuqurga, ariqqa tushib ketishi mumkin. Hatto, bolalar hojatxonaga, kir o‘raga tushib ketgan hollar ham bo‘lgan.

– Bolali uy eshigini yopishda, ochishda hushyor bo‘lish zarur: bola eshik tirqishiga qo‘lini qo‘yib o‘ynayotgan bo‘lishi mumkin.

– Shuningdek, har bir ro‘zg‘orda bo‘ladigan arra, bolta, bolg‘a, ombir, mix va shunga o‘xshagan tig‘li narsalarni ehtiyotlab saqlash, bola esini taniy boshlaganida ulardan foydalanish yo‘llarini o‘rgatib borish zarur. 

Zikr qilingan tavsiyalar har kuni kerak bo‘ladigan, jiddiy e’tibor qilinadigan holatlardir. Ota-onalar, bog‘cha murabbiylari va muallimlar bularga rioya qilishsa, kelajagimiz bo‘lgan yosh avlod vakillari sog‘, baquvvat voyaga yetadilar, inshaalloh.

Bugungi kunda yurtimizda tinchlik, xotirjamlik, qut va barakalilik hukm surar ekan, bu – to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ta’lim-tarbiyaning ma’lum darajada mevasidir. Buni bardavom qilish yana ota-onalar, tarbiyachilar zimmasidadir.

Bolaga nasihatning o‘zi yetarli bo‘lsa, unga tanbeh berishning keragi yo‘q. Agarda tanbeh berish bilan bola tuzaladigan bo‘lsa, uni kaltaklashga hojat yo‘q. Lekin unisiyam, bunisiyam samara bermasa, unda badani ko‘karmaydigan darajada urib, po‘pisa qilib qo‘yish kerak.

Tarbiyada Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) “Har biringiz rahbarsiz va har biringiz qo‘l ostingizdagilarga mas’ulsiz”, degan hadislariga rioya qilmoq zarur.

Har soniyada Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga ergashish lozim. Chun­ki Alloh taolo u zotni eng chiroyli, Qur’on xulqi egasi qilib qo‘ygan.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) otalarni farzandlari o‘rtasida adolat o‘rnatishga buyurdilar. Imom Tabaroniy va boshqalar rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Sovg‘a berishda farzandlaringizni teng ko‘ring”, deganlar. Ibn Hibbon rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bolasining yaxshi ishida ko‘maklashgan otaga Allohning rahmati bo‘lsin”, deganlar.

Imom Buxoriy va Muslim No‘mon ibn Bashirdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, u zotni otasi Bashir Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga olib borib: “Men ushbu o‘g‘limga qullarimdan birini sovg‘a qilib berdim”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Barcha bolalaringga shu kabi sovg‘a berganmisan?” dedilar. “Yo‘q”, dedi u. Shunda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Uni qaytarib ol”, dedilar. Boshqa bir rivoyatda: “Bu ishingni boshqa bolalaringga ham qilganmisan?” dedilar. “Yo‘q”, degan javobdan keyin Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Allohdan qo‘rqinglar va farzandlaringiz orasida adolat qilinglar”, dedilar. No‘mon aytadi: “Shundan so‘ng otam uyga kelib, bergan narsasini qaytarib oldi”. Yana boshqa bir rivoyatda esa, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Bashir, bundan boshqa ham farzanding bormi?” dedilar. “Ha”, dedi u. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam), “Ularning barchasiga shu kabi hadya berganmisan?” dedilar. “Yo‘q”, dedi u. “Unday bo‘lsa, men bunday zulmga guvoh bo‘lolmayman”, dedilar.

Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda kelishicha, Payg‘ambarning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida bir kishi o‘tirgan edi. Uning o‘g‘li kelib qoldi. Ota o‘g‘lining yuzlaridan o‘pib, tizzasiga o‘tqazdi. Shundan so‘ng qizi kelib qoldi. Uni oldi tarafiga o‘tqazdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ikkalasini teng ko‘rsang bo‘lardi”, dedilar.       

Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) yuqoridagi ko‘rsatmalaridan farzandlar o‘rtasida adolat va tenglik o‘rnatish mezonlari o‘rganiladi. Ota-ona ushbu mezonlarga amal qilish bilangina farzandlarini tarbiya qilish asnosida o‘zlarini jabru zulmdan saqlab qoladilar.

Boladagi jismoniy nuqsonlar ham uni ruhiy tushkunlikka solib qo‘yishi aniq. Bunday bola odatda o‘zini ojiz his qiladi va unda norozilik kuchli bo‘ladi. Ota-ona, aka-uka, opa-singillar, qo‘ni-qo‘shnilar va qarindosh-urug‘lar unga nisbatan mehr-shafqatli, ochiq yuzli bo‘lishlari lozim. Zero, Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Rahmon bo‘lgan Zot rahmlilarga rahm qiladi. Yer yuzidagilarga rahm-shafqat qilinglar, shundagina Oliy zot sizlarga ham rahm qiladi”, deganlar.

Yetimlik ham bolalar ruhiyatiga qattiq ta’sir qiladigan holatlardandir.

Islom dini yetimlarga alohida e’tibor bilan qaraydi, ularni jamiyatning faol a’zolariga aylantirishda mehr va oqibatni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Qur’oni karimda yetimlarga g‘azab qilmaslik haqida bunday deyiladi:

فَأَمَّا ٱلۡيَتِيمَ فَلَا تَقۡهَرۡ٩

Ya’ni, «Bas, endi Siz (ham) yetimga qahr qilmang!» (Zuho, 9).

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ham odamlarni yetimlarni o‘z kafolatlariga olishga undaganlar. Jumladan, Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Yetimni qaramog‘iga olgan odam men bilan jannatda shunday  bo‘ladi”, deb ikki barmoqlarini bir qilib ko‘rsatganlar.

 

Kambag‘allik

Bu omil bolaning o‘zgalardan ajralib qolishidagi eng katta sabablardandir. Ko‘zini ochib ota-onasini og‘ir ahvolda va oilasini tanglik, siqilgan holda ko‘raverish uning odamoviligini, ko‘pchilikdan begonalashuvini kuchaytiradi. U yaqinlari yoki qo‘shni bolalar, maktabdagi do‘stlari oldida o‘zining yetishmovchiligidan, doimiy g‘amgin holatidan ich-ichdan eziladi. O‘zini yashirgani joy topolmay yuradi yoki aksincha, “omadi” chopganlarga nisbatan g‘arazini ochiq namoyish qilish payida bo‘ladi. Agar oiladagi vaziyat shunday davom etaversa, bu holdagi bolaning ruhan yetuk bo‘lib ulg‘ayishini kutish, albatta, qiyin. Shubhasiz, u jamiyatga nafrat va g‘azab ko‘zi bilan qaraydi. Shu tariqa shakllangan fe’l-atvor oqibatida ezgu orzu-niyatlaridan umid uzib, yaxshi o‘y-xayollarini yomon g‘arazlarga almashtiradi.

Ahmad ibn Muni’ va Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda kelganiday, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) duolarida hamma vaqt kambag‘allikdan panoh tilaganlar. Nasoiy va Ibn Hibbon Abu Said  Xudriydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilishlaricha, u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Yo Parvardigorim, men sendan kofirlik va kambag‘allikdan panoh tilayman”, deb munojot qilar edilar.

Islom dini faqirlikni ikki asosiy yo‘l: insoniylik sha’nini e’zozlash; ijtimoiy birdamlik qoidalari bilan davolaydi.

  1. Insoniylik sha’nini e’zozlash

Islom dini jamiyatga e’tibor va insoniylik sha’niga hurmat jihatidan jinsi, rangi, irqi har xil odamlarga bir xil munosabatda bo‘ladi. U insonlar o‘rtasida taqvo, natija va yaxshi amalda fazilat bo‘ladi degan ulug‘ qoidani to qiyomatgacha joriy qilgan.

Alloh taolo marhamat qiladi:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ إِنَّا خَلَقۡنَٰكُم مِّن ذَكَرٖ وَأُنثَىٰ وَجَعَلۡنَٰكُمۡ شُعُوبٗا وَقَبَآئِلَ لِتَعَارَفُوٓاْۚ إِنَّ أَكۡرَمَكُمۡ عِندَ ٱللَّهِ أَتۡقَىٰكُمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٞ١٣

«Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir...» (Hujurot, 13). Islom ta’limoti insonning jismiga va suratlariga emas, balki uning qalbiga va amallariga boqadi. Imom Muslim “Sahih” kitobida Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “...Albatta, Alloh sizlarning suratlaringiz va jismlaringizga qaramaydi, lekin qalblaringiz va amallaringizga qaraydi”. Dinimiz kuchsiz va faqirlarni kamsitishga qodir bo‘lganlarni bunday yomonlikdan qaytaradi, ularga g‘azab qilishni Allohga g‘azab deb qoralaydi.

Imom Muslim rivoyat qiladi. Abu Sufyon bir necha (odamlar) ichidan Salmon, Suhayb va Bilol huzurlariga keldi. Ular: “Allohga qasam, Allohning qilichlari Alloh dushmanlarining bo‘ynidan oladiganini olmadi”, deb aytdilar. Abu Bakr: “Bu so‘zni qurayshning shayxi va ulug‘iga aytasizlarmi?” dedi. So‘ngra kelib, Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) so‘zlab berdi. U zot: “Ey Abu Bakr, balki siz ularga g‘azab qilgandirsiz, agar ularga g‘azab qilgan bo‘lsangiz, Rabbingizga ham g‘azab qilgan bo‘lasiz”, dedilar. So‘ngra Abu Bakr ularning yoniga kelib: “Evoh, birodarlarim, men sizlarga g‘azab qildimmi?” dedi. Ular: “Yo‘q, Alloh sizni kechirsin, birodar”, deyishdi. Bu rivoyatdan, bir tomondan, boshqa dindagi insonga tazyiq o‘tkazmaslik va uning tarafini olish tushunilsa, boshqa tomondan, musulmon g‘azab qilmasligi lozimligi anglashiladi.

  1. Ijtimoiy birdamlik qoidalari

Shubhasiz, Islom dini kambag‘allik mushkulotlarini yechishda ojizlarga, nochorlarga, og‘ir mashaqqatlar yetganlarga e’tibor beradigan birdamlik qoidalarini tuzdi. Jamiyatda kambag‘allikni ketkazishga xizmat qiluvchi ana shu yo‘l-yo‘riqlarning ayrimlarini ko‘rib chiqamiz.

Musulmonchilikda farz amal – boylardan zakot yig‘ish joriy etilgan va bu mablag‘ haqdorlari – kambag‘al, miskin, musofir, qarzdorga va qul ozod etish uchun sarf etilishi belgilangan. Alloh taolo:

۞إِنَّمَا ٱلصَّدَقَٰتُ لِلۡفُقَرَآءِ وَٱلۡمَسَٰكِينِ وَٱلۡعَٰمِلِينَ عَلَيۡهَا وَٱلۡمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمۡ وَفِي ٱلرِّقَابِ وَٱلۡغَٰرِمِينَ وَفِي سَبِيلِ ٱللَّهِ وَٱبۡنِ ٱلسَّبِيلِۖ فَرِيضَةٗ مِّنَ ٱللَّهِۗ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٞ٦٠

«Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir» (Tavba, 60), deb bayon qilgan.

Imom Tabaroniy rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh musulmonlarning boylari zimmasiga mollaridan kambag‘allarga berishni farz qildi, kambag‘allar och va yalang‘och qolganlarida boylar berganidan boshqaga kuchi yetmaydi. Ogoh bo‘ling, albatta, Alloh sizlarni qattiq hisob-kitob qilur...” dedilar». Islom dini yon qo‘shnisi ochligini bilaturib, o‘zi to‘q yotgan musulmonni musulmon deb e’tiborga olmaydi. Batahqiq, Bazzoz va Tabaroniy Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qiladi. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Qo‘shnisi ochligini bilib turib, o‘zi to‘q yotgan qo‘shni menga imon keltirmabdi”, dedilar. Balki, Islom unga yordam berishni va quvonch ulashishni Allohga yaqin bo‘lishning go‘zal yo‘li va amallarning eng afzalidan, deb e’tiborga oladi.

Tabaroniy “Avsat” nomli kitobida hazrat Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Amallarning afzali mo‘min kishiga xursandchilik ulashish: kiyintirish yoki qornini to‘ydirish yoki hojatini ravo qilishdir”.

Baxtsiz va ochlarga qiyinchilik vaqtida yordam berish muhim vojiblardan hisoblangan. Imom Buxoriy Abdurahmon ibn Abu Bakrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. «Suffa ahli faqir insonlar edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning huzurida ikki kishiga yetadigan ovqat bo‘lsa, uchinchi kishiga bersin va kimning huzurida to‘rt kishilik taom bo‘lsa, beshinchi yoki oltinchi ki­shiga bersin”, dedilar».

Imom Muslim Abu Said Xudriydan (roziyallohu anhu), u kishi Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Kimning ortiqcha ulovi bo‘lsa, ulovi yo‘qqa bersin, kimning ortiqcha taomi bo‘lsa, taomi yo‘qqa bersin”. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mollarning barcha turlarini shu tarzda aytib o‘tdilar. Hatto bizlarning har birimizga bir ortiqcha narsa mansub bo‘ldi. Ya’ni, har birimizda ortiqcha narsa borligini bilib qoldik va darhol uni tarqatish harakatiga tushdik».

Islom dini ishlashga qurbi yetadigan kishilar uchun ish yo‘llarini tayyorlab berishni hokimlar zimmasiga vojib qilib qo‘ydi.

Abu Dovud, Nasoiy va Termiziy rivoyat qiladi: «Ansoriylardan bir kishi Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) kelib, sadaqa so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Uyingda hech narsang yo‘qmi?” deb so‘radilar. U: “Yo Rasululloh, bir ko‘rpa bor, bir qismini yopinaman, bir qismini to‘shayman. Bir kosam bor, unda suv ichaman”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “U ikkalasini olib kel”, dedilar. U ikki narsani Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llariga olib: “Buni mendan kim sotib oladi?” dedilar. Bir kishi turib: “Ikkalasini bir dirhamga sotib olaman”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir dirham qo‘shadi?” dedilar. Bir kishi: “Men ikkalasini ikki dirhamga olaman”, dedi. Unga ikkalasini berdilar va ikki dirhamni olib, ansoriyga tutqazdilar va: “Bir dirhamiga yegulik sotib olgin, ikkinchisiga bolta sotib ol va menga olib kelgin”, dedilar. Boltani olib keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘zlari unga dasta o‘rnatdilar, so‘ngra: “Bor, o‘tin terib sotgin, o‘n besh kun seni ko‘rmayin”, dedilar. Ansoriy shu ishni qildi va 10 dirham pul yig‘di. Uning ba’zisiga kiyim va ba’zisiga yegulik sotib oldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bu tilanchilik qilishingdan yaxshidir. Tilanchilik qiyomat kuni yuzingda dog‘ bo‘ladi”, dedilar».

Islom dini yangi farzand tug‘ilgan oilaga nafaqa – pul berish qonunini joriy qildi. Tug‘ilgan chaqaloq hokim yoki hukumat xodimi, oddiy ishchi yoki oddiy odam farzandi bo‘ladimi, baribir.

Abu Ubayd “Al-amval” kitobida hazrat Umar ibn Xattobdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. U kishi har tug‘ilgan farzand otasiga 100 dirham miqdorida hadya ajratdi. Farzand ulg‘aygani sayin hadyani ziyoda qildi. Bu tartib so‘ng Usmon (roziyallohu anhu), Ali (roziyallohu anhu) va boshqalar davrlarida joriy bo‘lib turdi. Bu Islom dini musulmonlar qalbiga, his-tuyg‘ularining tub-tubiga, vijdonining ich-ichiga ildiz otgan ma’naviy tarbiya mevasidir. Bunday tarbiya jamiyatni bir-biriga yordam berish va o‘zaro birdamlikka, imon, rag‘bat bilan ixtiyoriy va chin ko‘ngildan yaxshilik qilishga undaydi. Musulmon jamiyatidagi birdamlik, mehribonlik va o‘zaro yordam berishning tarixiy namunalari bunga katta dalildir.

Muhammad ibn Is'hoq aytadi: “Madinada bir guruh insonlar istiqomat qilardilar. Ular nimaning hisobiga yashayotganlarini va ularga kim yegulik yetkazib berayotganini hech kim bilmasdi. Zaynul Obidin ibn Husayn vafot etgach, bu yeguliklar kelmay qoldi. Shunda bilishdi, yeguliklarni u kishi kechasi berib ketar ekan. Zaynul Obidinni dafn etayotganlarida, uning yelkalarida beva va miskinlar uchun yuk tashishdan qolgan izlarni ko‘rishdi”.

Lays ibn Sa’d yetmish ming dinordan ziyod qiymatga ega bir yillik g‘allaga ega edi. Bu g‘allaning hammasini sadaqa qildi. Odamlar unga: “Hech zakot vojib bo‘lmaydi”, deyishdi. Bir kun kimoshdi savdosida bir hovli sotib oldi. Uyni qabul qilib olish uchun borgan uning vakili uyda yetim va go‘dak bolalarni ko‘rdi. Ular Alloh yo‘lida uyni berishni so‘radilar. Bu xabar Laysga yetkazildi. Shunda Lays uy va undagi hamma narsani berganini vakiliga aytib, ularni xabardor qilishni buyurdi.

Abdulloh ibn Muborak ulug‘ imom, muhaddis va ko‘p sadaqa qiluvchi kishi edi. Bir yillik sadaqalarining miqdori yuz ming dinordan oshardi. Bir kuni as'hoblari bilan haj qilishga yo‘lga chiqdilar. Bir shahardan o‘tayotganlarida, yo‘lda qush o‘ligini ko‘rdilar. Abdulloh ibn Muborak hamrohlariga uni axlat chuquriga olib borib tashlashni buyurdilar. Sheriklari oldin­da, Abdulloh orqalaridan yurib axlat chuquriga yetishgach, u yerda bir ayolni ko‘rdilar. Yaqin qishloqdan bo‘lgan bu ayol ular tashlagan qushni oldi. Undan: “Nega olding?” deb so‘rashganida, u: “Men va akam kambag‘almiz, bizni hech kim bilmaydi”, dedi. Ibn Muborak yuklarni keltirishni buyurib, vakilidan qancha mablag‘ borligini so‘radi. “Ming dinor”, deb javob berdi vakil. Undan Marvga yetib borishga yetadigan yigirma dinorni aj­ratib, qolganini ayolga berishni amr qilganidan so‘ng: “Bu bizning shu yil haj qilmog‘imizdan afzaldir”, dedi va ortiga qaytdi.

Davlat, jamiyat va insonlar kuch-qudratini kambag‘allikni ketkazish yo‘lida ishga solib, o‘zaro birdamlikda harakat qilinsa, faqir va muhtojlar qolmaydi. Islom ummati tinchlik, to‘qlik va o‘zaro birdamlik, xotirjamlik soyasida farovon yashaydi. Jamiyat farzandlari turli xil jinoyatlardan va ruhiy kasalliklardan omonda bo‘ladi va biz islomiy izzat bayrog‘i ulug‘ va yuksak cho‘qqida hilpirab turganini, mo‘minlar Alloh yordamidan shod-xurramligini ko‘ramiz.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

HASAD VA UNING SABABLARI:

Hasadni davolash yo‘llari;

G‘azabning foydalari.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi

16.05.2025   7373   1 min.
Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi

Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.


Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.


Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi
O'zbekiston yangiliklari