Farzand ota-ona uchun berilgan ne’matlar ichida eng shirini hisoblanadi. Ulamolar: “farzand ota-ona uchun berilgan ikkinchi imkoniyat, o‘zi erisha olmagan maqsadlarini farzandlari orqali amalga oshirishi mumkin” deydilar.
Ammo, so‘ngi paytlarda ko‘p bor eshitayotganimiz “tirik yetim” degan ibora kishini chuqur o‘yga toldiradi.
Tirik yetim – aksar hollarda otasi tashlab ketgan (ajrashgan v.h.k.) yani otasiz o‘sayotgan, bazi hollarda esa onasiz o‘sayotgan bolalarga nisbatan ishlatiladi.
Yer yuzida otasiz o‘sayotgan bolalarning aniq raqamini topish juda mushkul. Kembrij universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotlar natijasi esa ko‘pchilikni ranjitishi aniq.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha: birgina Estoniyada 40.000 nafar bola otasiz o‘smoqda. Uncha katta bo‘lmagan bir mamlakat miqyosida shuncha bo‘lsa, dunyo bo‘yicha bu ko‘rsatkichni tasavvur qilish mumkin.
G‘arblik olimlarning ta’kidlashicha Yevropada otasiz o‘sgan bolalar orasida:
Bu ko‘rsatgich bizning mamlakatimizda qay holatda ekanligini aniq ayta olmaymiz. Biroq, yurtimizda ham “tirik yetimlar” soni anchaginani tashkil etadi.
Shukrki, davlatimiz tomonidan ajrimlar va farzandlarni boquvchisiz (ko‘p hollarda otalar farzandi uchun aliment to‘lash yoki moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashadi) qoldirishga qarshi qat’iy qonuniy choralar ko‘rilmoqda. Ammo, masalaning ikkinchi tomoni ham bor.
Farzand uy hayvoni emaski faqatgina qornini to‘ydirib qo‘yish kifoya qilsa. Uni ruhiy, axloqiy va ma’naviy tomondan ham oziqlantirish shart. Xo‘sh, havoyi nafsi tufayli farzandlarni kelajagini o‘ylamay, norasidalarini onasiga qo‘shib ko‘chaga uloqtirayotgan, tashlab ketayotgan otalar qilmishining badali og‘ir bo‘lishini, katta gunohga qo‘l urayotganligini bilisharmikan...?
Ota javobgar. Oilani moddiy va ma’naviy ta’minlash otaning zimmasidagi burchdir. Bu burchni Alloh taoloning O‘zi erkaklarga yuklagan. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“Ularni ma’ruf ila yedirib, kiyintirish tug‘dirganning zimmasidadir”. (Baqara surasi, 233 oyat)
Bu ishni yaxshilab ado qilish kerak, nomiga emas.
Boshqa bir oyatda esa Alloh taolo oila rahbarlari bo‘lgan erkaklarga buyuradi:
“Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahlu ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan olovdan saqlang” (Tahrim surasi, 6 oyat).
Ulamolar mazkur oyatning tafsirida musulmon erkak ayolini yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarib, farzandlarini iymonli, ma’rifatli, xulqi go‘zal va odamlarga manfaati tegadigan Allohga itoatli inson qilib tarbiyalashi lozimligini ta’kidlashgan.
Demak, hurmatli otalar farzandni tug‘dirgach, uni har tomonlama ta’minlab, uning qornini to‘ydirish bilan birga, odobini ham go‘zal qilib tarbiyalashingiz lozim.
Unutmang! Siz tashlab ketgan (ketayotgan) farzand sizga omonat qilib berilgan. Uni bir umr ko‘ngli yarim, tirik yetim, jizzaki, nafratga to‘la inson bo‘lib o‘sishiga sababchi AYBDOR bo‘lib qolmang.
Saidabror UMAR tayyorladi
Hayotda ba’zi yo‘qotishlar bo‘ladi — vaqt o‘tib, o‘rni to‘lib ketadi. Ammo shunday yo‘qotishlar bor-ki, ularning o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydi. Ana shunday bebaho ne’matlardan biri — ulamolardir. Bugun ular bizning oramizda bor, ammo ertaga bo‘lmasligi mumkin. Ular bitta-bitta ketishmoqda. Biz yesa, afsuski, ko‘p hollarda bu haqiqatning anglab yetmayapmiz.
"موت العالم موت العالم"
— ya’ni “Olimning o‘limi – olamning o‘limidir” degan mashhur ibora bor.
Yana shu mazmunda Imom Bayhaqiyning rivoyati keltiriladi:
"موت العالم مصيبة لا تُجبر، وثلمة لا تسد، ونجم طُمِس، موت قبيلة أيسر من موت عالم."
"Olimning o‘limi — tuzatib bo‘lmaydigan musibat, to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq, so‘nib qolgan yulduzdir. Bir qabilaning yo‘q bo‘lishi, bir olimning o‘limidan yengilroqdir."
Chunki olimlarning o‘limi bilan faqat bir inson emas, butun bir jamiyat ruhiy, ilmiy va axloqiy jihatdan zararga uchraydi, ma’nan qulab boradi. Aynan shuning uchun olimning o‘limi “olamning o‘limi”ga tenglashtirilgan.
Zero olimlar — faqat kitob o‘qib, dars beradigan odamlar emas. Ular — yo‘l ko‘rsatuvchi, haqqa chaqiruvchi, haqiqatni mudofaa qiluvchilardir.
Ular yillar davomida ilm o‘rganishdi, sabr bilan odamlarga yetkazishdi, o‘z hayotlarini ummatga bag‘ishlashdi. Endi esa, bitta-bitta o‘tib ketishyapti...
Kecha Abduqahhor domla Shoshiy (1969-1987 yillar – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Xalqaro bo‘limi mudiri, 1969-1982 yillar – Buxorodagi Mir Arab madrasasi direktori, 1982-1987 yillar – Toshkent Islom instituti rektori) olamdan o‘tgan edilar.
Bugun esa yana katta musibat - yurtimizning zabardas ulamolaridan biri ustoz Ibrohimjon domla Qodirov vafot etdilar. Domla umrlarining oxirigacha masjidlarda imomlik qilib, din xizmatida bo‘lgan peshvolardan, yuzlab shogirdlarni tarbiya qilgan ustozlardan edilar. Ustozimiz Yorqinjon domla rahimahulloh ham aynan shu kishida tahsil olgan edilar.
Shunday ulamolar birma-bir o‘tib borishmoqda. Biz o‘tgan ulamolarimiz haqqiga duo qilib, hozirda hayot bo‘lib turganlarini qadrlariga yetishimiz kerak.
Ularning so‘zlariga quloq tutib ehtirom ko‘rsatish, aloqani mustahkamlab, imkon boricha ko‘proq foydalanib qolishimiz va farzandlarimizni ularga yaqinlashtirishimiz kerak.
Lekin biz ulamolarimizni tiriklik chog‘ida qadrlash o‘rniga, chetga chiqib olib, din, millat dushmanlari "tegirmoniga suv quyib" ulamolarni obro‘sizlantirayotganlar va bu orqali yurtimiz peshvolari bilan ommani bog‘lab turgan ipni uzib, musulmonlar birligini parchalayotganlar so‘ziga uchib qolyapmiz. Ularga ishonib, ulamolarimizning so‘zlariga quloq tutmay g‘iybat, tuhmat qilib, ranjitamiz. Vafot etganlaridan keyin esa tobutlarini talashib, yig‘lab-sixtab, pushaymon bo‘lib qolaveramiz.
Yorqinjon domla rahimahulloh bir suhbatlarida aytgan edilar:
“Ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydigan, jannatning hidi kelib turadigan zabardas olimlar, ahli ilmlar bor. Tirikligida birov ikkita non olib xabar olmaydi. Olimlarni qadrlamaydi.... Vafotidan keyin esa aziz bo‘ladi. Tirikligida tekinga qilgan suhbatiga bir kilometr yurib bormagan odamlar, o‘lganidan keyin yuzlab kilometr masofalardan yo‘l bosib keladi. Ko‘tar-ko‘tar qiladi. Qadrlamabmiz, ko‘rishmabmiz, shu yerda shunday olim kishi bor ekan bilmabmiz, deb yuraveradi”.
Xullas, ulamolarni g‘animat bilaylik. Ular xalqimizga katta ne’mat, ne’matni qadrlamasak undan ajralish bilan sinalamiz. Keyingi pushaymon esa aslo foyda bermaydi.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li