davomi
Ushbu maqolaning birinchi sahifasida qayd etilganidek, so‘ngi yillarda ekstremistik va terrorchi guruhlar o‘z harakatlarini “shar’iy” deb isbotlash uchun o‘zlarini “mujtahid” deb e’lon qilib, turli manfaatlarni ko‘zlagan holda “fatvolar”ni chiqarib kelmoqdalar. Bu esa, bir tomondan, insonlarni adashib, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishlariga sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan, jamiyatda o‘zaro tushunmovchilik adovat kayfiyatining paydo bo‘lishiga zamin yaratmoqda.
Keling shu o‘rinda Islom tarixiga nazar tashlaylik.
Dastlab fatvo berish maqomida Rasululloh (a.s) turganlar. U kishi Alloh taolo tomonidan vahiy qilingan holda fatvo chiqarganlar. Rasululloh (a.s) bilan sahobalar o‘rtasidagi suhbatlar odatda savol-javob tarzida bo‘lar edi. Rasululloh (a.s) bilganlariga javob berar, bilmaganlariga Alloh taolodan shu savolga javobni bildirishni so‘rar edilar.
Rasululloh (a.s)dan so‘ng sahobalar, ulardan keyin tobeinlar fatvo berganlar. Shunday bo‘lsada, fatvo berishning mas’uliyati og‘ir ekanini his qilib, sahobalardan Umar ibn Xattob, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Mas’ud, Oisha onamiz, Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar (r.a)lar kabi sanoqli kishilargina fatvo chiqarganlar. Ibn Abu Laylo aytadilar: “Rasululloh” (a.s)ning 120 ta ansorlarini uchratdim. Ularning birlaridan savol so‘raganimda keyingisiga o‘tkazar, undan so‘rasam u boshqasini ko‘rsatar edi. Oxiri aylanib yana birinchi savol bergan kishiga keldim”. Ushbu holatda ham ko‘rishimiz mumkinki, sahobalar fatvo berishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lganlar.
Sahobalardan so‘ng, tobeinlar yoki ulardan keyingi davrda yashagan ulamolar ham fatvo berishdan o‘zlarini saqlardilar. Jumladan, tobeinlardan bo‘lgan Sha’biydan bir savol so‘ralganda u kishi: ”Bilmayman”, deb javob qiladilar. Shunday odamlar: ”Sen Iroq faqihi bo‘lsang “bilmayman” deyishga uyalmaysanmi?” deganda Sha’biy: “Farishtalar: “Zoti poking haqqi, bizda O‘zing bildirganigdan o‘zga ilm yo‘qdir” (baqara 32), deyishga uyalmagan, men nega uyalay”, deb javob bergan ekanlar.
Fatvo berish masalasida mazhabboshilaridan biri bo‘lmish Imom Molik: “Inson biror savolga javob berishdan oldin o‘zini do‘zax yoki jannatda tasavvur qilsin-da, keyin javob bersin”, degan ekanlar. Bir kuni u kishidan savol so‘rashganda: “Bilmayman”, deb javob beradilar. Savol bergan kishi: “Bu oson savol bo‘lsa, shuni ham bilmayman deyishlikka uyalmaysanmi?” deganda, Imom Molik g‘azablanib: “Oson masala?! Bilib qo‘y, dinda oson masalaning o‘zi yo‘q! Alloh taoloning: “Zero, biz sizga og‘ir so‘zni (Qur’onni tushurajakmiz)” (Muzammil, 5), oyatini eshitganmisan?! Ilmning barchasi qiyin, jumladan sen so‘ragan narsa ham”, deb javob berganlar.
Yuqoridagilardan kelib chiqsak, diniy, shar’iy masalarga bilib-bilmay javob beraverishlik yaxshilikka olib bormaydi. Fatvo beradiganlar ikki dunyoda ham og‘ir mas’liyatli insonlar sanaladi. Shunday mas’uliyatni xis qilmaydiganlar ogoh bo‘lsinlar.(avomi bor)
Zayniddin Eshonqulov tayyorladi.
Alloh taolo aytadi: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizlardan ilgari yashab o‘tgan bir kishini takabburlik bilan izorini sudrab yurganida yer yutdi. U qiyomat kunigacha yer (qa’ri)ga kirib ketaveradi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yoshligimizda ustozlar kishining kibrli yo unday emasligini donga to‘la boshoqning egilishi, donsiz boshoqning esa xuddi kibrlanganday tik turishi misolida tushuntirishgandi. Katta bo‘lib angladikki, ustozlarning maqsadi boshoq misolida kibrlanmaslikni ko‘z oldimizda qoldirish bo‘lgan ekan. Negaki, mutakabbirlikning oqibati juda ayanchli bo‘larkan.
Amr ibn Shuaybning bobosidan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qiyomat kunida mutakabbir kimsalar odam suratidagi chumolilarga o‘xshash holda qayta tiriladi. Ularni har tomondan xorlik o‘rab oladi. Ular jahannamdagi “Bulus” deb nomlanadigan zindonga haydaladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Kibrning sabablari turlichadir. Masalan, biror sohani o‘zlashtirgan, kerakli mutaxassisga aylangan odam o‘zini olim, boshqalarni johil sanab, nasihatni qabul qilmay qolishi, kimdir ota-bobolarining oliy nasabi bilan faxrlanib, o‘zgalarni nasabi past, deb bilishi, kimdir esa mol-dunyo tufayli g‘ururga ketishi mumkin. Yana chiroy, quvvat kabi ne’matlar ham shular jumlasidan. Ko‘plar shu sabablar tufayli “Boshqalardan ustunman”, deb o‘ylashadi. Vaholanki, Alloh bandaning chiroyiga, nasabiga, boyligiga emas, qalbiga, qilayotgan niyati va amaliga qaraydi.
Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi ilm o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamagach:
– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi, dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli, – debdi. Shunda ustoz:
– Men senga bajonidil dars berardim. Lekin huzurimga kelgan paytingda "bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor", deya kibrlanding. O‘sha qarashing haliyam ketmadi. Men bo‘sh idishni to‘ldiraman, deb javob qilibdi.
Mol-davlatga kibrlansangiz, demak faqirsiz. O‘zingizni boshqalardan ustun ko‘radigan bo‘lsangiz, har qancha ilmingiz bo‘lmasin, johilsiz. Kishini zulmga, tug‘yonga soladigan kuch-quvvat aslida zaiflikdir. Haqiqiy boylik, martaba va ilmni tavozeli insonlardan topasiz!
Ja’farxon So‘fiyev,
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi
“Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi