BAA raisligi ostida Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlarda milliy gen banklarini rivojlantirish bo‘yicha onlayn seminar bo‘lib o‘tdi va unda IHTga a’zo 30 ta davlat va 10 ta xalqaro tashkilotdan 160 dan ortiq ekspert va vakillar ishtirok etdi, deb xabar beradi "Dunyo" axborot agentligi tashkilotchilarga tayangan holda.
Seminar ishtirokchilari IHTga a’zo davlatlarda barqaror oziq-ovqat tizimlarini mustahkamlash va yaratish maqsadida o‘simlik va hayvonot genetik resurslarini oziq-ovqat ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi uchun rivojlantirish, saqlash va almashish bilan bog‘liq turli masalalarni ko‘rib chiqdilar. IHT ekspertlari ishtirokchilarning sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini yaratish uchun zamonaviy ilmiy usullardan foydalanishlarini tavsiya etdilar.
COVID -19 pandemiyasi, iqlim o‘zgarishi va bioxilma-xillikni yo‘qotishning halokatli oqibatlarini hisobga olgan holda seminar ishtirokchilari muvofiqlashtirilgan harakat zarurligini ta’kidladilar.
O‘simlik va hayvonot genetik resurslarini sotib olish, barqaror foydalanish va almashish bo‘yicha milliy harakatlarni rag‘batlantirish va muvofiqlashtirish IHT mamlakatlarida ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligining rivojlanishini oshiradi va to‘yib ovqatlanmaslik va ochlikka qarshi kurashishda yordam beradi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga ko‘p qirrali yondashuv va qishloq xo‘jaligi bioxilma-xilligini saqlash va yengillashtirish bo‘yicha qator xalqaro tashabbuslarni qabul qilish o‘rinli ekanligi ta’kidlandi.
Wakf kabi an’anaviy Islomiy Moliya vositalarining yangidan ommalashib borayotganligini hisobga olgan holda, Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti (IOFS) Seed Wakf ni yangi stressga chidamli ekin turlarini va ularni saqlash va almashish infratuzilmasini tadqiq qilish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydigan xayriya jamg‘armasi sifatida yaratishga chaqirdi.
Seminarda, shuningdek, A’zo davlatlar, xususiy sektor va milliy gen banklari yoki ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillaridan iborat bo‘lishi lozim bo‘lgan texnik qo‘mita tuzish taklifi ham taqdim etildi. Qo‘mita IOFS Ijroiya qo‘mitasi va Kotibiyat bilan hamkorlikda harakat rejalari va tegishli masalalarning bajarilishini nazorat qiladi.
Ishtirokchilar tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari, seminarlar, axborot kampaniyalari, bioxilma-xillik tadqiqotlarini tashkil etish hamda milliy va xalqaro gen banklarini tashkil etish bo‘yicha bir qancha takliflar taqdim etildi. Yuqorida qayd etilgan maqsadga erishish xalqaro hamkorlik va hamkorlikni mustahkamlash, milliy va inson salohiyatini rivojlantirish, gen banklariga ko‘proq resurslarni ajratish, moliyalashtirish hamda boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda jadal islohotlar jarayonlari kuzatilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda ham tub o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda. Bu o‘zgarishlar nafaqat xalqimiz uchun, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotgani bejiz emas. Shu sababdan ham O‘zbekistonning xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi mavqei yanada ortib bormoqda.
Davlatimiz uzoqni ko‘zlagan siyosati bilan mintaqamiz va jahondagi siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi yalpi majlisida nutq so‘zladi. Global hamda mintaqaviy masalalar, shuningdek, mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlikni ta’minlash borasidagi natijalarga alohida e’tibor qaratdi va “8 yil avval biz ushbu yuksak minbardan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik va hamkorlik makoniga aylantirish qarorimizni e’lon qilgan edik. Bugun esa faxr bilan aytish mumkinki, bu maqsadga erishdik. Endilikda yopiq chegaralar va hal etilmagan nizolar davri ortda qoldi”, dedi. Zotan, odamlarning asli bir. Bir ota va bir onaning farzandlaridir. Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo‘ygan. Buning sababi esa o‘zaro tanishish, ma’rifat hosil qilishdir. “Hujurot” surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey insonlar, biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro bir-biringizni tanishingiz uchun xalqlar va qabilalar qildik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatlingiz taqvodoringizdir” (“Hujurot” surasi, 13-oyat).
Muhtaram Prezidentimiz iqlim o‘zgarishi va suv resurslari tanqisligini insoniyat uchun eng jiddiy tahdid sifatida qayd etdi. Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib, “Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumi”ni o‘tkazish tashabbusi, shuningdek, “Jahon yoshlarining tinchlik harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifini bildirdi.
O‘zbekiston rahbarining BMT doirasida ilgari surgan taklif va tashabbuslari xalqaro miqyosda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, inson huquqlarini himoya qilish, barqaror taraqqiyotga erishish maqsadlariga ulkan amaliy hissa bo‘lib qo‘shilayotgani dunyoning nufuzli ekspertlari tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Diqqat bilan qarasak, davlatimiz rahbari xalq farovonligi, yurt obodligi yo‘lida tinimsiz mehnat qilayotganini ko‘ramiz. Bu harakatlar ichki va tashqi siyosatda birday davom etmoqda. Maqsad – Vatanimiz shuhratini yanada yuksaklarga ko‘tarish, xavsizligini ta’minlash, har bir fuqaroning manfaat va huquqlarini himoya qilish, farovon hayot tarzini ta’minlash. Bu kabi ulug‘ fazilatlar muqaddas dinimizda madh etiladi. Zero, Alloh taolo insonlarni yer yuzini obod qilishga chaqirgan. Unda fasod va buzg‘unchilik qilish, vayrongarchilik qilishdan qaytargan: “Alloh bergan rizqdan yeb-ichinglar, yer yuzida buzg‘unchilik jinoyatlarini qilmanglar” (Baqara surasi, 60-oyat). Boshqa bir oyatda bunday deyiladi: “U sizlarni yerdan paydo etib, sizlarni uni obod etuvchi qildi” (Hud surasi, 61-oyat).
Imom Moturidiy bobomizning: “Elu yurt bilan hamnafas bo‘lib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga bo‘lgay”, degan hayotiy hikmati Yurtboshimiz singari har bir fuqaro, har qaysi rahbarning ongi, qalbi va harakatida muhrlansa, yurt tinch, xalq farovon bo‘ladi. Insonga naf yetkazish esa ikki dunyo saodatiga sabab bo‘ladi.
Zayniddin domla Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari