Diyorimizda oila ma’naviyati va madaniyati asrlar davomida o‘ziga xos tarzda shakllangan. Vatanga, ota-onaga sodiqlik va fidoyilik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Bular zaminida yoshlarga oilada, ta’lim maskanlarida, mahallalarda beriladigan ta’lim tarbiya yotadi. Shuning bilan birgalikda farzand tarbiyasidagi eng muhim omil bu – ota-ona tarbiyasi, ularning farzandiga qilgan e’tiboridir. Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan maqol bejiz aytilmagan.
Serfarzandlik va bolajonlik; kattalarga hurmat, kichiklarga muruvvat; erkaklarning oiladagi yuqori mavqei, ayollarning royishligi; oila va nikohning muqaddasligiga e’tiqod; ota-onalarning farzandlar oldidagi hamda farzandlarning ota-onalar oldidagi burch va mas’uliyatining muhim qadriyat sifatida e’tirof etilishi; oila sha’ni va obro‘sining avaylab asralishi; kelin va qaynona munosabatlarining o‘ziga xosligi; katta oilalarda bobo va buvilarning rahnamoligi; qarindoshlar, qo‘ni – qo‘shnilar, mahalla – ko‘y oldidagi majburiyatini teran his qilish kabi o‘zbek oilasiga xos bunday xususiyatlar zamirida dinimiz ta’limotlari yotadi.
Dunyoda ota-ona eng ulug‘ zotlar hisoblanadi. Chunki ular o‘z farzandlari uchun hayotini, mehrini bag‘ishlaydi. Farzandi katta bo‘lib, oila qurib ketgandan keyin ham u haqda qayg‘urishdan to‘xtamaydi.
Ota-ona farzandi dunyoga kelishi bilan uni parvarish qilib, katta qiladi, kasal bo‘lsa, davolaydi, yediradi, kiydiradi, uni oq yuvib, oq taraydi. Umuman, farzandini hayotda kerakli barcha narsalar bilan ta’minlashga harakat qiladi. Hatto buning uchun o‘zlari yeyish-ichish, kiyinish va shu kabi narsalardan mahrum bo‘lsalar yoki kechalari uyqudan qolsalar ham.
Bugun yoshlarimiz baxtli, chunki ularning ota-onalari boshida, ular uchun kerakli narsalarni ortig‘i bilan olib bermoqda. To‘g‘ri, bu ishlar ota-onaning farzand oldidagi asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Afsuski, ba’zi ota-onalar o‘zlarining vazifalari faqat shu deb o‘ylashadi. Holbuki, bulardan ham muhim, bulardan ham qiyin va bulardan ham asosiy vazifa ham bor, bu farzandning ma’naviy-axloqiy tarbiyasidir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bunday marhamat qiladilar: “Ota-ona farzandiga yaxshi xulqdan ham ortiqroq narsa bera olmaydi”. Demak, ota-ona farzandiga beradigan eng yaxshi narsasi qimmatbaho kiyim, yaxshi taom yoki ajoyib sovg‘a emas, balki go‘zal xulq va yaxshi tarbiyasi ekan. Chunki kiyim, taom yoki sovg‘a bolaga ma’lum vaqt foyda beradi, vaqt o‘tishi bilan esa eskiradi. Go‘zal xulq, yaxshi tarbiya esa farzandga umri davomida foyda beradi. Nafaqat umri davomida, balki vafotidan keyin oxiratda ham naf keltiradi. Zero, hadisi sharifda: “Banda go‘zal xulqi ila kechalari ibodatda qoim bo‘luvchi hamda kunduzi ro‘za tutuvchining darajasi – savobiga erishadi”, deyilgan.
Tan olish kerakki, ba’zi oilalarda ota-ona ertalabdan kechgacha ishlab, ko‘cha-ko‘yda yuradi, uyda bo‘lgan vaqtlarida ham o‘z ishlari bilan ovora bo‘lib farzandlariga vaqt ajrata olmaydi. Natijada farzand tarbiyani telefon, internet, televizor hamda ko‘cha-ko‘ydan olmoqda. Shunday tarzda ulg‘aygan bola yaxshi xulqli, odobli, ilm-ma’rifatli va kelajakda el-yurtiga xizmat qilib, ota-onasiga rahmat olib keladigan bo‘lib ulg‘ayishiga kim kafolat bera oladi?!
Farzandlarimiz, bo‘sh vaqtlarida nima bilan shug‘ullanmoqda, kuni bilan vaqtini nimalarga sarflayapti, uydagi televizor yoki kompyuterda nimalarni tomosha qilayapti, siz olib bergan telefondan yana qanday ishlarda foydalanmoqda, internetda qanday ma’lumotlarni o‘qib, qanday lavhalarni ko‘rmoqda, ko‘chada kimlar bilan do‘st bo‘lib, ular bilan vaqtini qanday o‘tkazmoqda yoki siz berayotgan pullarni qayerlarga sarflayapti?! Bunday ishlarda farzandni nazoratsiz qoldirish mumkin emas.
Bir odam o‘g‘li bilan birga hazrat Umar (r.a.)ning huzuriga keldi:
“Bu o‘g‘lim, menga itoat etmaydi”, deya shikoyat etdi.
“Allohdan qo‘rqmaysanmi, nega ota-onangga qarshi chiqasan? Ota-onaning farzandda juda ko‘p haqlari bor”, deya hazrati Umar o‘smirni ogoh etib, tanbeh berdilar.
“Ey mo‘minlar amiri, bolaning ham otada biron haqqi bormi?” deya so‘radi yosh yigit.
“Ha, bor. Avval yaxshi xotinga uylanishi, bola tug‘sa, yaxshi ism qo‘yishi, unga Qur’oni karimni va farz ibodatlarini o‘rgatishi, uylanadigan yoshga yetgach uylantirishi – bolaning otasidagi haqlaridandir”, dedilar hazrati Umar.
“Allohga qasamki, otam musulmon ayollarni qoldirib, 400dirhamga sotib olgan bir cho‘ri bilan turmush qurdi. Menga yaxshi ism qo‘ymadi. Ismimni qurt – hashorat ma’nosida Juhla deb qo‘ydi. Menga Qur’oni karimdan va ibodatlardan hech narsa o‘rgatmadilar”, dedi. Buni eshitgan hazrati Umar o‘smirning otasiga qarab: O‘g‘lim menga itoat etmaydi, deysan. Hobuki, u senga qarshi chiqishdan avval sen uni haqlarini toptab, farzanding oldidagi vazifalaringni ado etmabsan-ku. Endi bor, avval o‘z vazifalaringni bajar, - deya haligi kishiga tanbeh bergan ekan.
Hadis sharifda “Farzanding yo jannating yoki do‘zaxingdir”, deb aytilgan. Agar ota-ona farzandini yaxshi xulqli, odobli va imon-e’tiqodli qilib tarbiyalasa, bunday farzand qiyomat kunida o‘zi bilan ota-onasini ham jannatga yetaklaydi.
Shunday ekan, har bir ota-ona farzandlarining tarbiyasiga ko‘proq e’tibor berishi, ularga alohida vaqt ajratib, odob-axloqdan ta’lim berishi, ularni doimo nazorat qilib borishi, yomonlarga yaqin yo‘latmasligi lozim ekan. Ana shunda ular ota-onasi va el-yurtiga xizmat qiladigan, ularga ikki dunyoda obro‘ olib keladigan, yuzlarini yorug‘ va boshlarini yuqori qiladigan farzandlar bo‘lib katta bo‘lishadi.
O‘MI matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Asli Bangladeshlik yosh olimlardan biri, hozirda Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi Ahmad Mahfuz yozadi:
2024 yilning 25-31 dekabr kunlari Istanbulga ilmiy safar qildim. Bu mening qadimiy Qustantiniya(Vizantiya)ga bo‘lgan beshinchi safarim edi. Safardan ko‘zlangan maqsad ulug‘, muhaqqiq olim, yirik muhaddis, shayx Muhammmad Avvoma hafizahulloh bilan uchrashib, u kishining foydali suhbatlaridan bahramand bo‘lish edi. Sababi, Muhammad Avvomadek olimlarning suhbatlari bag‘oyat manfaatli. Imom Navaviy rahimahullohning: “Sohasini mukammal biluvchi olimning suhbatida bo‘lish, soatlab, hatto kunlab kitob o‘qishdan ko‘ra foydalidir” degan so‘zlari ham buning yaqqol dalilidir.
Safarni rejalashtirishdan oldin, Shayximizning o‘g‘illari, Muhyiddin Avvoma hafizahulloh bilan bog‘landim. U kishi menga, otalarining ilmiy faoliyatlari va turli kitoblarining tahqiqi bilan band ekanliklari, qolaversa sog‘liqlaridagi o‘zgarishlar sababli faqat qisqa muddatga ko‘rishishimiz mumkinligini ma’lum qildilar.
Mehmonxonamiz Shayximizning Istanbuldagi darsxonalariga yaqin edi. Shayx Muhyiddin bizni tushlikka taklif qilib, olib ketish uchun mashina jo‘natdilar. Bu shayx Muhyiddin hafizahullohning yuksak saxovat va go‘zal xulqlaridan dalolatdir, Alloh u kishini yaxshilik ila mukofotlasin.
Shayximiz bilan birinchi uchrashuvimiz 2024 yil 26 dekabr, payshanba kuni tush paytida bo‘ldi. Ushbu qisqa suhbatda, shayximiz avvalo Muhammad Anvar Shoh Kashmiriyning "آثار السنن" kitobiga yozgan ta’liqlarining nashr ishlari haqida so‘radilar. Men shunday javob berdim: "Men 2023 yil oktyabrda Karachi shahridagi ilmiy safarimda Alloma Muhammad Yusuf Bannuriyning o‘g‘li Shayx Muhammad Habibullohdan: “Alloma Kashmiriyning ushbu ta’liqlari ustidagi ishlar nihoyasiga yetgan, tez orada bir necha mujallad qilib nashr qilinadi» deb eshitgan edim. Shayximiz: “Bunday xabarlarni uzoq vaqtdan buyon eshitib kelyapmiz, lekin kitob hali chop etilmagan”, – dedilar.
Shayximizning ikkinchi savollari: “Alloma Yusuf Bannuriy o‘zining ustozi Alloma Kashmiriyni necha yil lozim tutib, u kishidan dars olgan?” – deb so‘raganlari bo‘ldi. Men aniq javobni bilmasdim, “unchalik ko‘p emas, taxminan besh yil atrofida bo‘lishi mumkin” dedim. Shayximiz: “Ha, men shu masalani uzoq vaqtdan beri qidiryapman”, dedilar.
Oxirida shayximiz: “Yangi nashr qilingan asarlaring bormi?” – deb so‘radilar.
O‘tgan yili kaminaning tahqiqi bilan “الآمالي على سنن أبي داود” kitobi ikki jildda nashr qilingani, o‘tgan yili oxirgi uchrashuvimizda , undan shayximizga ham hadiya qilganim esimda edi. O‘shandan keyin boshqa yangi nashrlarim bo‘lmaganini, magistratura disertatsiyam va boshqa ingliz tilidagi tadqiqotlarim bilan band bo‘lganimni bildirdim.
Shayximizning alohida e’tibori meni juda ilhomlantiradi. 2019 yil oktyabr oyida
“الفوائد المنتقاة من آمالي إمام العصر محمد أنوار شاه الكشميري” nomli kitobimni shayximizga taqdim qilgandim. Shundan buyon, har safar uchrashganimizda, shayximiz Kashmiriyning hayoti va ilmiy merosi haqida gapiradilar yoki menga bu mavzuda savollar beradilar. Shayximiz meni, bu katta olimni haddan tashqari yaxshi ko‘ruvchi va u kishining xodimlaridan biri deb o‘ylashlarini his qilaman. Bu shunchaki ichki hissiyot bo‘lishi mumkin, lekin bu holat meni juda ilhomlantiradi. Aynan shu ilhom imom Kashmiriy va boshqa imomlarimizning ilmiy meroslarini chuqurroq o‘rganishga turtki beradi. Shayximizning bu ishlari kamina haqida yaxshi fikrda ekanliklaridan deb o‘ylayman va Alloh taolodan bu kichik, kamtarona xizmatimizni qabul qilishini so‘rayman.
Shayximiz bilan 27 dekabr, shanba kuni yana bir bor uchrashishga muyassar bo‘ldim. Men u kishiga Alloma Bannuriy imom Kashmiriyni qancha vaqt lozim tutgani haqida qidirganimizni, Urdu tilidagi maqolada Alloma Bannuriyning o‘zi: “Men oliy diniy ta’limni Debanddagi “Dorul Ulum”da hijriy 1345-1347 yillarda oldim. So‘ng shayximiz alloma, imom Anvar Shoh Kashmiriyni kechasiyu kunduzi lozim tutdim. Bu to‘liq bir yildan ziyodroq davom etdi”, degan gaplarini topganimiz xabarini berdim. Bu maqola Karachidagi islom ilmlari universitetining kam sonli chiqadigan “Bayyinot” jurnalida chop etilgan bo‘lib, uni Shayx Muhammad Habibulloh Muxtor arab tilidan urdu tiliga tarjima qilgan va chop ettirgandi. Maqolaning asli arab tilida alloma Bannuriyning o‘zi tomonidan yozilgan ekan.
Shayximiz bu ma’lumotdan juda xursand bo‘ldilar, va alloma Bannuriy imom Kashmiriyning shogirdlari ichida ajralib turganini zikr qildilar.
Shundan keyin shayximiz Imom Anvar Shoh Kashmiriyning shogirdlaridan yana biri, Badr Olam Mirtahiy haqida qiziq bir voqeani hikoya qilib berdilar. Bu zot Imom Kashmiriyning “Sahihi-Buxoriy”ga yozgan sharhlarini mashhur “Fayzul Boriy” kitobiga jamlaganlar.
“Bir kuni Badr Olam Madinada, ravzai-sharif oldida chiroyli, oq libosda yurganida, bir kishi unga yaqinlashib, kim ekanini so‘ragan. Badr Olam o‘zini tanishtirib: “Men Badr Olamman”, deganida, haligi kishi: “Yo‘q, sen Badr Olam emassan, Badr Olam bu qabrning egasi!” – deb qabrga ishora qilgan ekan.(bu yerdagi Badr Olam ism bo‘lib, u lug‘atda butun dunyoning yorqin, to‘lin oyi ma’nosini bildiradi). Shayximiz bu qiziqarli hikoyani aytib bo‘lib, odatlariga muvofiq tabassum qildilar.
Mening odatim shuki, katta olimlarning oila a’zolari bilan uchrashib qolsam, bu olimning shaxsiy va oilaviy hayotidan o‘rnak olish maqsadida ba’zi savollarni beraman. Istanbuldagi oxirgi kechamizda, Shayximizning o‘g‘illari Muhyiddin Avomma bizni mehmonxonadan uylariga olib ketish uchun ikkinchi o‘g‘illari Muhammadni yubordi. Muhammad ingliz tilida ateistlarga qarshi juda yaxshi kitob yozgan kishi. U mashinani boshqarib, bizni olib ketayotganda, men gap boshlab: “Alloh sizning oilangizni ilmda bizlarga yetakchi bo‘lishingiz uchun tanladi, endi siz mashinada ham bizning yetakchimizsiz!” dedim. Birodarimiz Muhammad tabassum qildi, so‘ngra men unga: “Biz har doim bobongizning ilmiy kitoblarini o‘qib, undan ko‘plab foydalar olamiz. Lekin siz shayximizni yaqindan bilasiz, shaxsiy hayotlaridan biron-bir foydali ma’lumotni biz bilan bo‘lishsangiz” dedim. U: “Sizlarga ikkita narsani aytishim mumkin. Birinchisi, bobom dunyo ishlari haqida hech qachon gapirmaydi, so‘zlari faqat ilm haqida bo‘ladi. Hatto suv so‘raganda ham, gapirish o‘rniga qo‘llari bilan ishora qiladilar. Ikkinchisi, u kishi juda kuchli iroda sohibi, himmatlari juda oliy. Yoshlari katta bo‘lishiga qaramasdan, hech qanday dangasalik alomatlarini ko‘rmaysiz.
Yetib borganimizda, boshqa bir o‘rinda, Muhyiddin Avommaga shu savolni berdim. Allohga hamd bo‘lsin, u kishi bizga otasining kundalik jadvali haqida ko‘plab muhim ma’lumotlarni aytib berdi. Bu suhbat bizdek ilm toliblariga juda foydali bo‘ldi. Quyida u kishining gaplarining qisqacha mazmunini keltiraman. Ushbu jadvalni birodarimiz Abdulloh Fahem suhbat yozilgan to‘liq tasmadan ajratib berdilar.
Shayximizning o‘g‘illari, doktor Muhyiddin Avomma aytadilar:
“Men otamni umridan bir daqiqani ham behuda sarflaganini ko‘rgan emasman. U kishining vaqt soniyama-soniya rejalashtirilgan. Bu otamning ikki asosiy ustozlari: Shayx Abdulfattoh Abu G‘udda va Shayx Abdulloh Sirojuddinlarning yo‘nalishlarini o‘zlarida mujassam qilganliklari sabablidir. Otam o‘zlarini ilm va ibodat orasida qattiq ushlaydilar. Shayx Abdulfattoh ilm va tahqiqqa qattiq e’tibor berishlari bilan mashhur bo‘lsa, Shayx Abdulloh ilmga qo‘shib tasavvuf, kechasi namoz o‘qish kabilarni jamlaganlari bilan mashhur.
Otam ikkala jihatni – ilmga bo‘lgan katta e’tibor, har bir soniyani qadrlash hamda tasavvuf orasini birlashtirgan. Albatta, bu jismoniy holatlari va sog‘liklariga bevosita bog‘liq.
Otam shu yoshlarida ham kech soat 12:00da uxlashga yotadilar. Nimaga buncha kech uxlashlarini sal keyin tushuntiraman. Lekin har kuni bomdoddan uch yarim soat oldin uyg‘onadilar. Bu yoz kunlari kechasi uxlashga ulgurmaydilar, degani. Chunki soat 4:00 da bomdodga azon aytiladi, undan uch yarim soat oldin esa, 12:30 bo‘ladi va faqat yarim soat vaqt qolgani uchun uxlamasdan, tunlarini kunduziga ulab yuboradilar. Qish kunlari kechalari uzun bo‘lganda ham, hech qachon kerakli paytda uyg‘otish uchun “uyg‘otgich” (budilnik) qo‘ymaydilar. Otam menga: “Men Robbimga duo qilib, “Robbim, mening qachon uyg‘onishimni istasang – shunda uyg‘ot” deb aytaman, u doim bomdoddan uch yarim soat oldin uyg‘otadi” degandilar.
Hadis ilmi maktabi talabasi
Saidmahmudxon Urvatillayev tarjimasi