Jobir domla Elov,
Buxoro viloyati bosh imom xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Farqad Sabaxiy rahimahulloh aytadilar: “Amallarning barchasi tortilar ekan, faqatgina bandaning Allohga bo‘lgan qo‘rquvidan chiqqan ko‘z yoshi bundan mustasno. Chunki uni o‘lchaydigan o‘lchovning o‘zi yo‘q, uning barakasi sababidan olovli dengizlar so‘nadi”.
Siz qorong‘u tun qa’rida Allohga munojot qilib yoki Uni zikr qilgan holingizda to‘kkan yoshingizning azamatini ko‘ring!
Allohdan qo‘rqib ko‘zlaringizdan oqqan bu yoshlarni ko‘ringki, ular jahannam dengizlarini-da o‘chirishga qodir...
Qiyomat kunida olovli dengizlarni-da so‘ndira oladigan bu ko‘z yoshlarning insonlar nazdida qadri yo‘q. Biroq bu Allohning huzurida buyuk bir amaldir!
Mu’zil ibn Muhalhil: «Menga ma’lum bo‘ldiki, agar banda Allohdan qo‘rqib yig‘lasa, uning ko‘ksi nurga to‘ladi, ko‘z yoshi sababli unga yaxshilik xabari beriladi. Farishtalar bir-birlaridan: “Bu qanaqa nur?”– deya so‘ray boshlashadi. Ularning bu so‘rovlariga javoban: “Bu ko‘z yoshning nuridan nasibangiz”, deb aytiladi», dedi.
Biz olamlar Robbisiga bo‘lgan muhabbatimiz va shavqimizning yoshlarini to‘kayotgan onimizda ruhimizni qurshab oladigan bu tuyg‘uni hech his qilganmizmi?!
Ato as-Sulamiy Allohga bo‘lgan qo‘rquvlari tufayli ko‘p yig‘lar edilar. Bir gal u kishiga savol berib: “Nimaga buncha ko‘p yig‘laysiz?” – deya so‘rashdi. U zot: “Axir bo‘ynimda o‘lim arqoni bo‘lsa, qabr manzilim, qiyomat mavqifim, atrofimdagi xusumatchilar “yo jannatga, yo do‘zaxga” deb turgan bo‘lsalar, nechuk yig‘lamayin?! – dedilar.
Boshi berk ko‘chaga kirib qolib yo‘ldan adashganingizni his qilsangiz yer va samoni yaratgan Zotga tazarru’ qilib, ho‘ngrab yig‘lasangiz, yodingizda bo‘lsinki, Alloh tavbangizni qabul qilishi, garchi gunohlaringiz bulutlar qadar toshib ketgan bo‘lsa-da, ularni mag‘firat qilish uchun siz tomonga intiladi.
Alloh taolo aytadi: «Sizdan (ey Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so‘rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman...»[2].
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Sahihu Jome’is sag‘ir.
[2] Baqara surasi, 186-oyat.