«Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari». Bu ulug‘vor g‘oya bugun yangi O‘zbekistonning, har bir vatandoshimizning istiqbolga qaratilgan azmu qaroriga aylandi. Inson ulug‘ g‘oya va da’vatlardan kuch oladi, ularga qarab qaddini rostlaydi, ularga mos ravishda o‘ktam qadam tashlashga intiladi. Tiklanishsiz yuksalish bo‘lmaganiday, buyuk niyat va maqsadsiz kuchli harakat, nurafshon kelajak bo‘lmaydi. Ana shu ma’noda Davlat ramzlari bugun xalqimizga hayot sinovlarini mardona yengib o‘tishda, har kun, har lahza g‘urur va matonat bilan milliy yuksalish qadam tashlashda betimsol qudrat va bunyodkorlik baxsh etmoqda.
Vatan surati! Ulug‘ mehr, ulug‘vor niyat ila muhabbat mo‘yqalami bilan chizilgan, g‘urur-iftixor ranglari jo bo‘lgan, qalb olami usiz huvillab qoladigan betimsol, bemisl suratki, u davlat bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamiz, o‘zbek tili siymosida avvalo o‘zimizni o‘zimizga, shuningdek, dunyoga tanitadi.
2 iyul – O‘zbekiston fuqarolari uchun qadrli va unutilmas kunlardan biri: bundan 28 yil muqaddam ayni shu kunda «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir. Demak, Davlat gerbi – xalqning erki, baxti, g‘ururi, o‘zligi timsoli. Shunday timsolki, har qaraganda, xalqu Vatan tarixi, buguni, kelajagi bilan bog‘liq orzu-intilishlaringga quvvat, qudrat olasan go‘yo. Qorachig‘ingga Vatan ramzida jo bo‘ladi, unga hatto gard tushsa ham, ko‘zing yoshlanadi, diling vayron bo‘ladi.
Har safar Davlat gerbimizga qaraganimda, ustoz shoir Abdulla Oripovning barchamizga sevimli «Men nechun sevaman O‘zbekistonni» she’rlari beixtiyor yodga tushadi.
Tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochmoqda. Biz Vatanni go‘zalligu boyliklari koni bo‘lgan tog‘u dashtlari, daryolari uchun sevamizmi yoki oltin boshoqlari, oppoq paxtalari muhabbatimizga sababmi? Balki, to‘rt faslimizni ham munavvar, serob etgan quyoshi qalbimizga mehr nurlarini yog‘dirar?.. Shoir fikrlashga chorlagani kabi:
Men nechun sevaman O‘zbekistonni,
Tuprog‘in ko‘zimga aylab to‘tiyo.
Nechun vatan, deya yeru osmonni
Muqaddas atayman, atayman tanho.
Aslida dunyoda tanho nima bor?
Paxta o‘smaydimi o‘zga elda yo?
Yoki quyoshimi sevgimga sabab?
Axir quyoshliku, butun Osiyo...
Bu savolning javobi qalbni ulg‘aytirgan, ma’naviy ganjinalar bilan boyitgan, insonni o‘z vatanidagina baxtiyor etgan tuyg‘ularda yaraqlaydiki, ifodasiga so‘z tanlayverasiz, tanlayverasiz! Balki, Vatanni so‘zsiz, dil bilan sevmoqning ma’nosi shundandir.
Gerbimizda tasvirlangan har bir timsol dilga tutash, ular mohiyatidagi ma’no, hikmat, mehr qalbimizda sayqallanib boraveradi. Savlat to‘kib turgan mag‘rur tog‘lar shunchaki tog‘ emas, ular mardligu jasorat, Vatan muhabbatiga sadoqat bobida bashariyatga ibrat bo‘lib qolgan ajdodlarimiz ramzi. Bu tog‘lar— kuchni adolat tarozusi bilan o‘lchagan Sohibqiron Amir Temur, Sind daryosi bo‘yida mardligu shijoati bilan Chingizxonni lol qoldirgan Jaloliddin Manguberdi, Vatan bayrog‘ini jonga tikkan Najmiddin Kubro, yurt g‘animlarga oyoqosti bo‘lmasligi yo‘lida umrini fido etgan Shiroq, To‘maris... zero, har qanday zamonda elu yurt qaddi, qadri baland bo‘lishi uchun fidoyilikka tayyor insonlarning siymosi go‘yo.
Porlab turgan quyosh mehridaryo xalqimizning yuragi kabidir. Unda bag‘rikenglik, Vatanga muhabbat, qadriyatlargahurmat, milliy yuksalishga qanot bo‘layotgan olovqalb insonlarning otashin shijoati bardavomligi bor. Quyosh hamma yurtlar uzra birdek nur, harorat ulashadi. O‘zbekistonni sevishimiz sababi, demak, quyosh emas, qalb harorati bu ko‘hna zaminga obodlik, fayzu barakot, yuksalish, to‘kinlik baxsh etayotgan xalqning mehr-muhabbat ofotobi ramziga ham o‘xshaydi gerbimizdagi quyosh.
Gerbimizda tasvirlangan zaminda ilmu urfonda dunyo tamadduni sarchashmalarini ochgan, uni irmoqlardan daryolarga aylantirgan bobokalonlarimiz, ma’rifatu yuksak ma’naviyati insoniyat qalb ko‘zlarini nurlantirgan ulug‘ allomayu donishmandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan momojonlardan tortib yaqin tarixda shu tuproq, shu xalqerku ozodligi uchun fido-qurbon bo‘lgan otalarimiz, onalarimiz nafasi bor. Bu nafaqat Sharqda, balki butun dunyoda ulug‘vor davlatchiligi, yuksak madaniyati, buyuk tarixi bilan e’zozlanib kelinayotgan muqaddas zamin! Hazrat Alisher Navoiy aytadilar:
Vatan tarkin bir nafas aylama,
Yana ranji g‘urbat havas aylama.
Vatanni bir nafas ham tark aylash, onadan ayrilgan go‘dak ko‘zidagi yoshdek g‘amli, o‘kinchli, iztiroblidir. Davlatchiligimiz tarixining barcha davrida shu aziz tuprog‘u millat ramzlari, vatan timsollari eng aziz va muqaddas qadriyat sifatida e’zozlangan. Tug‘, tamg‘a millat, xalq, davlatning or-nomusi kabi asralgan. Muqaddas ramzlarni asrab qolish yo‘lida ajdodlarimiz, hatto, o‘z jonidan ham kechganini ko‘rsatuvchi misollar juda ko‘p. Bayroq, tamg‘a bilan bog‘liq yana bir muhim jihat shundaki, jangu jadallarda davlat ramzlarini eng ishonchli bahodirlar, pahlavonlar qo‘riqlagan, ko‘targan.
“Mo‘g‘ullar Gurjanchni qamal qildilar. Garchi Chingizxon bir necha marotaba 76 yoshli shayxga elchi yuborib, uning salomat qolishiga kafolat berib, qal’ani tark etishga da’vat etsada, Najmiddin Kubro «Kindik qonim to‘kilgan, menga mehr-muhabbat ko‘rsatgan Vatanim uchun kurashib o‘lish huquqini mendan hech kim tortib ololmaydi», deya bu taklifni rad etadi. U Vatan bayrog‘ini baland ko‘tarish barobarida o‘zi ham bayroqqa aylanadi. Vatan ishqi, ozodligi yo‘lidagi insoniy burch umrida hatto o‘n kishilik lashkarni ham boshqarib ko‘rmagan buyuk olim, donishmand Najmiddin Kubroni mo‘g‘ullarga qarshi qahramonona jangga otlangan qo‘rqmas qo‘mondon, mard jangchiga aylantiradi. «Yo Vatan, yo sharafli o‘lim!» deya elga bosh bo‘lib shahar mudofaasini tashkil etishga otlanadi.
Bu jang ona Vatanimiz tarixidagi eng shonli, shuningdek, eng fojiali voqealardan biri bo‘ldi. Shayx boshchiligidagi mudofaachilar Vatanning yuragi bo‘lmish Gurganj himoyasini or-nomus himoyasi, deb bildilar. Har bir kurashayotgan jangchi, mudofaadagi xalq – kattayu kichik Vatan uchun kurashib o‘lishni faxr va sharaf deb bilgan ruhan yengilmas kuchga aylanadi. Imon belgisi – Vatan sevgisiga sadoqat bilan g‘animga qarshi jangda mardona bo‘lish haqidagi ulug‘ shayxning da’vati mo‘g‘ullar berayotgan qurbonlar sonini keskin oshirib yuboradi. Shaharda tirik jon borki, mudofaachiga aylandi. Shayx dushman bayrog‘iga chang solgancha halok bo‘ladi”. Davlat gerbidagi tasvirlarning har bir qati ana shunday mardlik va qahramonliklar bilan yo‘g‘rilgan.
Donolar «Kim o‘z yurtini sevmasa, u hech qachon hech nimani seva olmaydi», – deydilar. Ta’bir joiz bo‘lsa, bizning Ona Vatanga, shu muqaddas tuproqqa bo‘lgan muhabbatimiz milliy ramzlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali ham shakllanadi, ifodalandi.
Vatan ramzlari doimo balandda turadi. Bosh uzra hilpiraydi, peshtoqlardan o‘rin oladi. Negaki, u millionlarni birlashtiradi. Xalqqa kuch-qudrat baxsh etadi. Yuksak maqsadlarni tarbiyalaydi, irodani toblaydi. Ezgulik uchun kurashlarda yiqilganni tiklaydi, qo‘rquvni jasoratga, zaifni matonatli insonga aylantira oladi. Bayroqni mardona ko‘targan, davlat gerbini o‘z erki va or-nomusi ramzidek qabul qilgan inson minglab qalblarga vatanparvarlik, xalqparvarlik bayrog‘ini tika oladi.
Gerbimizning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini keng yozgan Humo qushi, pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida «O‘zbekiston» deb yozib qo‘yilgan. “O‘zbekiston” – bu so‘z ko‘zimizga dunyo imlo lug‘atlaridagi barcha so‘zlardan ham ko‘ra chiroyli ko‘rinadi. Humo qushini ajdodlarimiz baxt va iqbol, ezgulik va ulug‘vorlik keltiruvchi qush, deya ta’riflagan. Rivoyatlarda keltirilishicha, u kimning boshiga qo‘nsa, shodimonlik, baxt doimiy hamrohi bo‘ladi. U bizning VATAN boshiga qo‘ngan, yurt uzra parvozi bardavom, barqaror bo‘lgan baxtu saodat timsolidir.
Davlat Gerbimizga qarab turib yana bir gap dilimda o‘tdi. Bizning Davlat Gerbimiz ham Bayrog‘imizdek chiroyli, yorug‘, undan ezgulikning, bunyodkorlik va yaxshilikning nafasi keladi. Ta’bir joiz bo‘lsa Davlat Gerbining o‘zi bir doston, dostonki undan buyuk xalqimizning qalbi mujassam.Biz dunyo sahnasida bugun davlat tiklagan millat emasmiz. Shu bois ham unda ulug‘ tarix, madaniyat, ezgu niyat va murod mujassam.
Davlat ramzlari bizni yurtimiz tinchligi, vatanimiz ravnaqi yo‘lida birlashtirib, mamlakatimiz mustaqilligini hamisha ko‘z qorachig‘iday asrashga, buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘lishga, yuksak ishonch va qat’iyat bilan kelajakka qadam tashlashga da’vat etib turibdi. Davlat ramzlari – bayroq, gerb, madhiyamizda buyuk o‘tmish va yuksak madaniyatga ega bo‘lgan xalqimizning shon-sharafi, g‘ururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va kelajak sari intilishlari mujassamdir. Mana shu ramzlarni e’zozlash orqali biz o‘z qadr-qimmatini, o‘z mamlakatimiz istiqboli, demakki, o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlaymiz. O‘z mamlakati bilan faxrlanadigan inson hamisha millatga saodat baxsh etadigan ulug‘ ishlarga qodir bo‘ladi. Ana shu ma’noda 2 iyul -O‘zbekiston Respublikasi davlat Gerbi qabul qilingan kun katta bayram qilinishga arzirli kundir.
Bu - ko‘ksida Vatan degan muborak nomni gard yuqtirmay olib yurishni o‘ziga sharaf deb bilganlar bayrami. Bu yangi O‘zbekistonni bunyod etishga sidqdildan intilayotgan mardona xalqimiz bayrami, bu-o‘z ilmi, kasb kori, fidoyiligi bilan buyuk ajdodlarga mos ravishda qadam tashlashga intilayotgan Vatanning o‘ktam yoshlari bayrami. Bu - bir butun Vatanga aylangan O‘zbekistonliklar bayrami!
Minhojiddin MIRZO,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi rahbari
Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.
Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.
Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».
Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: “Men ham qavmim tarafidaman”, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Qavmingni mening huzurimga yig‘”, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.
U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.
Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar?” dedilar. Ular yana: “Alloh va Rasulidan minnatdormiz!”, deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?”-dedilar.
Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.
Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.
Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:
“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV