Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston delegatsiyasining Qirg‘iziston davlatiga tashrifi doirasida Qirg‘izistonning Batken shahrida “Diniy va milliy munosabatlar uyg‘unligi hamda o‘zaro hamjihatlikning dolzarb masalalari" mavzusidagi seminar bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari yildan-yilga rivoj topib borayotgani, muborak dinimizda qo‘shnichilik rishtalariga alohida e’tibor berilgani hamda qo‘shniga yaxshilik qilish haqida qo‘plab tavsiyalar kelgani haqida Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar asosida bayon qilib berdilar. Shuningdek, bugungi murakkab davrda ziddiyatli masalalarni hal etishda turli fitnalarga berilmaslik, gap-so‘zlarga uchmaslik va har qanday vaziyatda og‘ir-bosiq bo‘lish muhimligiga muftiy hazratlari alohida urg‘u qaratdilar.
Seminarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maqsadbek Toktamushev, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur va boshqa mutasaddilar o‘z chiqishlari bilan qatnashdilar.
So‘zga chiqqan notiqlar uzoq yillik tarix davomida xalqlarimiz hamjihatlikni hamisha qo‘llab-quvatlab kelgani, yuzaga kelgan qaltis vaziyatlarda oqillik va vazminlik bilan ish tutish zarurligini alohida ta’kidladilar. Mana shunday pallalarda qo‘shqanot bo‘lib, birgalikda ish yuritish, barcha muammolarni ochiq muhokama qilgan holda hal etish har qachongidan ham zarur ekanini ma’lum qildilar.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy sohadagi aloqalarni yanada mustahkamlash, chegaradosh hududlarda faoliyat yurituvchi imomlarning o‘zaro hamkorligi va muloqotini rivojlantirish, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ahillik, o‘zaro hurmat, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarini targ‘ib qilish, o‘zaro hamjihatlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikrlar almashdilar.
Safar davom etmoqda, jarayonlarni saytimiz orqali kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Kengaytirilgan Ilmiy kengash hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi bilan poytaxtda bunyod etilayotgan megaloyiha muzey ekspozitsiyasi va kutubxona fondini shakllantirish, uning rasmiy ochilish marosimini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha Ishchi guruh va kichik ishchi guruhlarining navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda
Kengash uchrashuvida quyidagi masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan:
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi;
“O‘zbekistonning madaniy merosi — butun insoniyat mulki” mavzusidagi Global ko‘rgazmani tashkil etish;
“Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak poydevori” mavzusidagi IX Xalqaro kongressga tayyorgarlik;
Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti – ICESCO (AYSЕSKO) bilan hamkorlikda xalqaro konferensiya o‘tkazish;
“1001 kashfiyot” bolalar ko‘rgazmasini o‘tkazish;
“114 Qur’on” va “O‘zbekiston kartografiyasi” nashr loyihalari taqdimoti;
Shuningdek, “Tirik tarix”, “Kutubxona”, “Tarixiy shaxslar panoramasi” portallari, multimedia va raqamli loyihalar, Imom Buxoriy haqidagi film va kinoxronikalar taqdimoti shular jumlasidandir.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati