Makka shahri Hiro tarixiy g‘ori joylashgan tog‘ Jabal an-Nur (Nur tog‘i) etagida madaniy markazni yaratishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda Saudi Gazette sayti.
Shahar hokimi Muhammad Quvayhasning aytishicha, avval tog‘ va uning atrofi yozuv, graffiti, xarobalar va boshqa shu kabi narsalardan tozalanadi. "Markaz Muqaddas Makka shahri va Hiro g‘ori haqida hujjatlashtirilgan va ishonchli ma’lumotlarni taqdim etadi",- deya al-Arabiya shahar hokimi so‘zlaridan iqtibos keltiradi.
Hiro g‘ori butun dunyo musulmonlari uchun katta ahamiyatga ega bo‘lib, Haj va Umra davomida bu yerga ko‘plab ziyoratchilar tashrif buyuradilar. Unda Muhammad (sav) payg‘ambarlik vazifasi topshirilgunga qadar ham uzlatda yolg‘iz qolish istagida bo‘lganlar. Bu yerda u Zot hayotning ikir-chikirlaridan, odamlarning mayda-chuyda tashvishlaridan uzilib, to‘liq bir oy «muroqaba» va «tahannus» ibodatlari bilan mashg‘ul bo‘lar hamda yo‘lovchi miskinlarga taom berar edilar. "Islomosfera" ga ko‘ra, bu yerda ular Farishta Jabroil ularga keltirgan birinchi vahiyni – Al-Alaq surasining dastlabki besh oyatini olganlar.
Al-Quvayhasning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda tog‘ etaklarini egallab turgan barcha tartibsiz obyektlar demontaj qilinadi. "G‘or joylashgan tog‘ tepasiga ko‘tarilishni va undan tushishni osonlashtirish uchun zinalar quriladi. Mehmonlarning xavfsizligini ta’minlash va tog‘ni Islom tarixida katta ahamiyatga ega bo‘lgan tabiiy maskan sifatida saqlab qolish uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi", - deydi u.
Shahar hokimi ba’zi mehmonlar noto‘g‘ri amaliyotlarga olib keladigan tog‘ haqida to‘g‘ri ma’lumotga ega emasligini ta’kidladi. "Madaniyat markazi tog‘ning o‘tmishi va payg‘ambarlik missiyasi haqidagi tarixiy hujjatlar bilan birga, ishonchli to‘g‘ri axborot manbai bo‘ladi. Markaz islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha tog‘ va g‘or tarixini namoyish etadi ",- deydi Al-Quvayhas.
Jabal an-Nur bu Kaabadan 4 kilometr uzoqlikda joylashgan. Uning balandligi bor-yo‘g‘i 640 metrni tashkil etadi, lekin ko‘tarilish taxminan ikki soat davom etadi. Hiro g‘ori uning shimoli-sharqiy yonbag‘rida joylashgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV