Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Allohdan qo‘rqishning alomatlari

20.06.2020   3743   3 min.
Allohdan qo‘rqishning alomatlari

Alloh azza va jalla O‘z kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Ey, iymon keltirganlar! Allohdan qo‘rqinglar! Har kim ertalik kun (qiyomat) uchun nima qilganiga nazar solsin. Allohga taqvo qilinglar! Albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir” (Hashr surasi, 18-oyat).

Butun vujudi, barcha a’zolari bilan Allohdan qo‘rqqan kishilar mo‘minlardir. Bu borada Imom Abu Lays Samarqandiy shunday deydi: “Allohdan qo‘rqishning alomati yetti narsada namoyon bo‘ladi”:

  1. Tilda: Allohdan qo‘rqqan odam tilini yolg‘ondan, g‘iybatdan, boshqalarga bo‘hton qilishdan va bekorchi so‘zlar aytishdan tiyadi. Uni Allohni zikr etuvchi, Qur’on o‘quvchi va ilmiy muzokaralar bilan mashg‘ul a’zo holida shay tutadi.
  2. Qalbda: Allohdan qo‘rqqan odam qalbida musulmon qardoshlariga dushmanlik xis qilmaydi. Yolg‘on, bo‘hton va hasad qilish kabi g‘ayriinsoniy tuyg‘ularni qalbidan yo‘q qiladi. Chunki hasad kishining go‘zal amallarini mahv etadi. Shunga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyuradi: Olov o‘tinini yeb bitirgani kabi, hasad ham insonning go‘zal amallarini yeb bitiradi. Ey o‘quvchi, bilki hasad qalblarga joylashgan va jamiyat hayotida katta zararlarga yo‘l ochuvchi yomon bir kasallikdir. Qalblardagi xastaliklar, ya’ni yomon tuyg‘ular, yomon fe’llar faqat ilm va amal bilan davolanishi mumkin.
  3. Ko‘zda: Allohdan qo‘rqqan odam yeyishda ham, ichishda ham, kiyishda ham va boshqa xususlarda hamko‘zini haromdan ehtiyot qiladi. Dunyoga hirs bilan va har narsani ko‘lga kiritish ishtiyoqi bilan emas, ibrat nazari bilan qaraydi. Halol bo‘lmagan narsalarga qarashdan tiyiladi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilar: Kim ko‘zini harom narsalar bilan to‘ldirsa, Alloh ham qiyomat kuni uning ko‘zini olov bilan to‘ldiradi”.
  4. Me’dada: Allohdan qo‘rqqan odam me’dasiga harom luqma bermaydi. Chunki harom luqma yeyish eng katta gunohlardan biridir. Shu bois Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyuradilar: Inson zotining me’dasiga bir luqma harom tushganda bu luqma me’dasida qancha vaqt tursa, yeru ko‘qdagi farishtalar ham shuncha vaqt unga la’nat o‘qiydilar”.
  5. Qo‘lda: Allohdan qo‘rqqan odam qo‘lini haromga uzatmaydi, aksincha Allohning rizosiga uyg‘un narsalarga uzatadi. Ka’bdan quyidagi rivoyat naql qilingan: Alloh yashil zumraddan bir bino yaratgan. Bu binoda yetmish ming doira va har doirada ming xona bor. Bu yerga faqatgina o‘ziga harom narsa in’om etilganda yolg‘iz Allohdan qo‘rqqani uchun uni rad etgan kishilar
  6. Oyokda: Allohdan qo‘rqqan odam isyon yo‘lida emas, Allohga itoat yo‘lida odimlaydi. Ilmma’rifat va yaxshi axloq o‘rganish maqsadida olimlar va solih kishilar majlisiga boradi.
  7. Itoatda: Allohdan qo‘rqqan odam yolg‘iz Alloh rizosi uchun unga itoat etadi. Riyodan, insonlarga o‘zini va yo ishlarini ko‘z-ko‘z qilishdan va ikkiyuzlamachilikdan saqlanadi.

 

Abu Homid G‘azzoliyning

“Mukoshafatul qulub” kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mazhabga ergashish dinimiz talabi

13.06.2025   2575   3 min.
Mazhabga ergashish dinimiz talabi

“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.

Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).

Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).

Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.

Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).

Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.

Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:

– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.

Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.

– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.

Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.

Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.

Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.

G‘ulomov FATHULLOH,

Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi

MAQOLA