Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446

Pul hammaga kerak. Ammo...

10.06.2020   2980   6 min.
Pul hammaga kerak. Ammo...

Pul hammaga kerak. Ammo, tez va oson pul topaman deb musulmonning jinoyatga qo‘l urishi, haromdan boylik orttirishga intilishi, oqibat uni ikki dunyoda xor qiladi.   

Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Oxiratni deb dunyosini, dunyoni deb oxiratini tark qilgan banda yaxshilaringiz emas. Chunki ikkisida ham jamg‘arishi lozim bo‘lgan jihati bor. Odamlarga boqimanda bo‘lib qolmanglar – zinhor  o‘zgalarga og‘irligingiz tushmasin”.

Mazkur hadis mo‘min-musulmonlarni u dunyoni unutmagan holda, o‘zgalarga yuk bo‘lmasdan, mehnat qilib, halol yo‘l bilan bu dunyo ehtiyojlariga yetarli mulk, mablag‘ topishga undaydi. Sharti shuki, faqat halol yo‘l bilan.                   

So‘nggi paytlarda, internet sahifalari, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda “uydan chiqmasdan boy bo‘lishni xohlaysizmi”, “Ko‘p pul topish uchun ajoyib imkoniyat” yoki “Bir kunda million topishni istaysizmi?” kabi jimjimador reklamalar orqali turli kanallar va guruhlarga a’zo bo‘lishni taklif qilayotgan “bet”lar haddan ziyod ko‘payib ketdi. Ayniqsa bugungi karantin sharoitida, insonlarni uyda qolib, ko‘proq vaqtlarini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotganligidan foydalanayotgan firibgarlarning ishlari avjida. 

O‘ziga ohanrabodek jalb etayotgan reklamalar domiga tushayotganlar soni esa so‘ngi 2 oyda karrasiga ortib bormoqda. To‘g‘rida, pandemiya sharoitida, ishga bormasdan osongina, hech qanday mehnatsiz va harakatsiz pul topish, boyib ketish kimga ham yoqmaydi?! Biroq ozgina aql yuritsangiz ularning firibgar va yolg‘onchi, kamiga ochiqchasiga QIMORBOZ ekanligini va sizni ham qimorga tortayotganining guvohi bo‘lasiz. Qimor esa HAROM, oqibat jiddiy xavf va musibatlarga olib keluvchi jirkanch ish.         

Alloh taolo Qur’oni karimda qimorni qattiq qoralab shunday marhamat qiladi:  
“Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz” (“Moida” surasida, 90-oyat).

“Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko‘rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni xohlaydir. Endi to‘xtarsizlar?!” (“Moida” surasida, 91-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “...Kim bir birodariga: “Kel, qimor o‘ynaymiz” desa, darhol sadaqa qilsin”, deganlar (Buxoriy rivoyati).

Qimor shu darajada og‘ir gunohki, uni o‘ynaymiz, degan gapning o‘ziyoq kafforotni taqozo qiladi. Bunda, qimor o‘ynamoqchi bo‘lgan pulni sadaqa qilish ko‘zda tutilgan. Zinhor qimordan yutib olgan pulni emas. Qimordan yutilgan pul haromdir. Haromni sadaqa qilib bo‘lmaydi.         

Xo‘sh, ayni damlarda odamlarni pul topishga qiziqtirayotgan internet tarmog‘idagi guruhlar va kanallarni boshqarayotganlar (adminlar), qilayotgan ishlari harom ekanligini bilisharmikan?!        

Keling,  bu “shovvoz”larning pul topish uslublari bilan yaqindan tanishamiz.

Avvalo, ular reklamalarda o‘zlarini go‘yoki qaysidir sport o‘yinidagi ma’lum bir jamoaga pul tikib, boyib ketgan (bu qimor!) va shu boyliklarini sizlar bilan bo‘lishmoqchidek ko‘rsatadi. Ba’zilari esa kanalga a’zo bo‘lganingizdan so‘ng “falon musobaqadagi unisiga, bunisiga pul tiking” degan taklifni kiritadi. Biroq, kanalga yoki saytga kirishingiz bilan oldindan hisobni to‘lirish kerakligini aytishadi. Mana shu yerda siz ham qimor o‘yiniga aralashasiz (qimorboz bo‘lasiz) hamda firibgarning tuzog‘iga tushasiz. Chunki, hali bu harom va jirkanch qimor o‘yinlarida yutib, pulini olgan biror kimsani tanimaysiz. Demak, ular firibgar.

Firibgarlar...

Alloh taoloning Kalomida keltirilgan bir oyatga nazar solamiz: “Mol va boyliklaringizni o‘rtalaringizda botil yo‘llar bilan yemangiz. Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘l bilan yeyish maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz.”(Baqara surasi, 188-oyat).

Yuqorida sizni boy qilaman degan «svaypchilar»ning firibgar ekanligini ta’kidladik. Alloh taolo O‘z Kalomida botil yo‘l bilan o‘zgalar molini yeyishni man qilgan. O‘zganing molini nohaq yeyish esa HAROMdir.

Hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo‘ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o‘ziga talofat yetkazadi” – deya ta’kidlaganlar (Imom Buxoriy rivoyati). 

Yana bir hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bizni aldasa, u bizdan emas. Makr va aldov do‘zaxdadir” – deya qat’iy ogohlantirganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Boy bo‘lishni istovchilar DIQQATIGA!

  • Alloh taologa duo qilib, rizqingizga baraka berishini so‘rang;
  • Mehnat qilishni o‘rganing;
  • Halol yo‘l bilan boylik orttiring;
  • Pulingizni halol va pok ishlarga sarflang;
  • Qimordan hazar qiling. Qimorbozning joyi jahannamdadir;
  • Firibgarlarga aldanmang, aqlingiz va iymoningizga quloq soling;
  • Firibgarlarning yuqoridagi kabi turli hiylalarini internet va messenjerlarda tarqatmang;
  • Alloh taoloning hisobi va AZOBIDAN qo‘rqing!

betlarni yuritayotgan “admin”lar diqqatiga! O‘z kanalingiz orqali qimor, fahsh, gunoh, firibgarlik va boshqa, insonlarni yo‘ldan ozdiruvchi, iymoniga salbiy ta’sir etadigan reklamalarni tarqatishni BAS QILING!

Qonuniy, halol va adolatli biznes rejalar, takliflar va hamkorliklarni targ‘ib eting!

Kimlarningdir gunoh amallariga sherik bo‘lib qolmang! 

Azizlar, Sarvari koinot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Harom yeb o‘sgan vujud jannatga kirmaydi”, deganlar  (Imom Ibn Hibbon rivoyati).   

Chunki, harom luqma yegan kishining duolari ham, ibodatu iltijolari ham qabul bo‘lmaydi!

Bugun, faqat siz emas, butun dunyo pandemiya sharoitida, qiyinchiliklar ichra yashamoqda. Ammo, bu vaziyat, iqtisodiy nochorlik musulmonni haromga qo‘l urishiga sabab bo‘lmaydi. Rizqimiz Alloh taoloning zimmasida! Biz faqat sababini halollikdan izlashimiz lozim!

HAROMDAN UZOQROQ YURING!

Saidabror Umarov

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fuqarolar murojaati e’tibor markazida

8.01.2025   92   1 min.
Fuqarolar murojaati e’tibor markazida

O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.


Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.


Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.


Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.


Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida Fuqarolar murojaati e’tibor markazida
O'zbekiston yangiliklari