Bugun, 8 iyundan «yashil» hududlarda joylashgan masjidlar o‘z faoliyatini boshladi. Jomelarda erta tongdan kelgan namozxonlar ijtimoiy masofani saqlagan holda bomdod namozini ado etdilar. Shu bilan “yashil” hududlarda karantin mezonlariga amal qilgan holda fayzli ibodatlar boshlandi.
Xalqimiz boshga tushgan sinovlarni “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”, degan oyati karimaga amal qilib, chiroyli sabr ila yengib o‘tmoqda. Chindan ham, har qaday qiyinchilik ortida yengillik borligini aholimiz o‘z faoliyatini qaytadan boshlayotgan jomelarimiz misolida yaqqol his etmoqda.
Ta’kidlash kerakki, “sariq” va “qizil” hududlar “yashil” hududga o‘tgunga qadar bir oz sabr qilamiz, kelgusida u yerlarda ham masjidlar faoliyatiga ruxsat etiladi, insha Alloh.
Quyida o‘lkamizdagi masjidlarda karantin davridagi 80 kundan so‘ng ilk bomdod namozidan olingan fayzli lahzalar, namozxonlarning yuz-ko‘zidagi mamnunlikni ko‘rishingiz mumkin.
Haq taolo bu vaboni bandalari ustidan ko‘tarishini va barchani O‘z panohida saqlashini so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
U kishi aytadilar: Bir kampir Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. U zot mening huzurimda edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: — «Siz kimsiz?» — dedilar. U: — «Men Jusama al-Muzaniyyaman», — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — «Yo‘q, siz — Hasona al-Muzaniyyasiz! O‘zingiz qandaysiz? Ahvollaringiz qanday? Biz ketgandan keyin qanday yashayapsizlar?» — dedilar. U: — «Yaxshimiz, otam va onam sizga fido bo‘lsin, ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam», — dedi.
Kampir chiqib ketgach, men dedim: — «Yo Rasululloh, shu kampirga bunchalik iliq munosabat ko‘rsatmasangiz?» Shunda u zot: — «U Xadicha zamonida uyimizga kelib turar edi. Eski tanishlar bilan chiroyli muomala qilish iymondandir», dedilar.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV