Hurmatli yurtdoshlar!
Allohga shukrki, mamlakatimizda koronavirus kasalligi bilan bog‘liq vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarib borishi barobarida hududlarni «yashil», «sariq» va «qizil» toifaga ajratilgan holda karantin mezonlari yumshatib borilmoqda.
Xalqimiz pandemiya sharoitida mehnat qilish va yashash sharoitiga asta-sekin o‘rganmoqda. Respublika maxsus komissiyasi xabarida karantin talablariga amal qilish asosida ayrim faoliyat turlariga ruxsat berildi. Jumladan, masjidlar 2020 yil 8 iyundan boshlab faqat «yashil» hududlarda faoliyatini boshlashi, ushbu maskanlarda 5–8 iyun kunlari sanitar choralar ko‘rilishi e’lon qilindi.
Haqiqatan, barcha mo‘min-musulmonlarimiz masjidlarda namoz o‘qishni juda sog‘inishdi, buni ilhaqlik bilan kutayotgandilar. Alhamdulillah, masjidlar eshiklari mo‘min-musulmonlarimizga yana ochildi, karantin mezonlariga amal qilgan holda “yashil” hududlarda fayzli ibodatlarni boshlaymiz. Qolgan «sariq» va «qizil» hududlarda yana bir oz sabr qilsak, ushbu kasallik xavfi kamaysa, u yerlarda ham masjidlar faoliyatiga ruxsat etiladi, insha Alloh.
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar faoliyatini karantin davrida tashkil etish, masjid ish faoliyatini sanitariya-epidemiologik qoidalarga muvofiq yuritish va ibodatlarni ado etish uchun zarur shart-sharoitlarni hozirlash borasida quyidagi tavsiyalar ishlab chiqildi.
- masjidning kirish joyini dezinfeksion “to‘shak”lar bilan jihozlash, birlamchi dezinfeksiyalash vositalari bilan ta’minlash;
- har bir namozxon tibbiy niqobda bo‘lishi, masjidga kirishda qo‘llarini dezinfeksiyalash vositasidan foydalanishi;
- masjidga tashrif buyurgan har bir shaxsning kasallik alomatlarini tekshirish, tana harorati 37ºS va undan yuqori bo‘lgan holatda fuqarolarni alohidalash va 103 telefon raqami orqali tez tibbiy yordamga xabar berish;
- tahoratxonadan faqat zarur sharoitlar yaratilgan (bir martalik sochiq-salfetka, antiseptik vositalar, suyuq sovinlar bilan ta’minlash, qisqa muddatlarda dezinfeksiya qilish), ijtimoiy masofalanish saqlangan hollarda foydalanish;
- masjidda qo‘l berib yoki quchoqlashib salomlashish taqiqlanishi;
- masjid binolari va hududini har kuni dezinfeksiya qilish, xonalarni shamollatish;
- masjid hududida har qanday ko‘rinishdagi savdo-sotiqni tashkil etmaslik, hadya va sovg‘alar tarqatmaslik;
- rasman ruxsat berilgunga qadar juma namozlari tashkil etilmaydi;
- masjid xodimlari va ko‘ngilli namozxonlardan yordamchi guruhlar tuzilib, ular tomonidan masjid hududida karantin talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
- masjidlar faoliyati joylardagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari talablariga muvofiq tashkil etilishini ta’minlash kabi tavsiyalar joriy etiladi.
Respublika hududlarini «yashil», «sariq» va «qizil» toifaga ajratilishidagi o‘zgarishlar rasmiy matbuotda va O‘zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz saytida e’lon qilib boriladi.
Masjidlar faoliyati hududlar toifalari o‘zgarishiga qarab, muvofiqlashtirilib boriladi. Xususan, hududga “qizil” yoki “sariq” toifa berilishiga ko‘ra undagi masjidlar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatiladi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari ushbu tavsiyalarni amalga oshirilishini ta’minlaydi va belgilangan vazifalarning bajarilishiga masjid imom-xatibi mas’ul hisoblanadi.
Ma’lumki, hozirgi kunda butun dunyo ahli kabi biz ham koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq mushkul vaziyatni boshimizdan o‘tkazmoqdamiz. Hali xotirjamlikka o‘rin yo‘qligini ta’kidlagan holda “qizil” va “sariq” hududlarda karantin qoidalariga qat’iy amal qilish shartligini yana bir bor ta’kidlaymiz.
O‘z navbatida, yana bir haqiqatni eslatib o‘tishni zarur, deb bilamiz. Alloh taolo Qur’oni karimda insonlarni sinovli kunlarida sabr-qanoatli bo‘lishga da’vat etib, “Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik ham bordir”, deb marhamat qilgan.
Chindan ham, har qanday tashvish ortida yengillik va yorug‘lik bor. Muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida koronavirus kasalligining oldini olish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli Haq taoloning yordami ila bu ofat jilovlanib, ommaviy yoyilib ketishining oldi olinyapti.
Shu ma’noda, bugungi qiyinchiliklar albatta o‘tib ketadi, hali masjidlarni to‘ldirib jamoatlar bo‘ladi, xatmi Qur’onlar o‘qiladi va ulug‘ ayyomlarni barchamiz birgalikda nishonlaymiz, insha Alloh.
Zero, Alloh taoloning uyida qilingan ibodatlar va duoyu tazarrular boisidan yurtga fayzu baraka kiradi va baloyu ofatlar uzoq bo‘ladi.
Vassalomu alaykum va rohmatullohi va barakotuhu.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi,
2020 yil 4 iyun, Toshkent shahri
HIDOYAT
Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi
Har qanday ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yor hamisha ma’qullanib kelingan. Haddan oshishlik, isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlik kabi illatlar ham aqlan, ham shar’an qoralanib, ulardan hazar qilishga buyurilgan.
Taassuflar bo‘lsinki, bugun aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay, birvarakayiga isrof qilinishini kuzatish mumkin.
Xo‘sh, isrof nima? Bugun har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tejamkorlikni nimadan boshlashi kerak? Bu borada dinimizda nima deyilgan?
Alloh taolo isrofning yomon illat ekanligi haqida Qur’oni karimda marhamat qilgan. Jumladan, “A’rof” surasi, 31-oyat mazmunida: “...Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas”, deyiladi.
Isrof dinimizda qattiq qoralangan. “Isrof” deganda keraksiz narsalarga behuda pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Isrofning katta-kichigi yo‘q. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham maqtanishning yuqori ko‘rinishlaridandir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan, bunday deyilgan: “Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad rivoyati).
OQAR DARYO BO‘LSA HAMKI, SUVNI TЕJANG
Har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni o‘z oilasidan boshlashi kerak. Bu borada o‘zlari namuna bo‘lib, farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berishi lozim. Dastlabki tejamkorlikni suvdan boshlash zarur. Alloh bandalariga bergan ne’matlaridan unumli foydalanib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi. Biroq ko‘pchilik ertalab suv jo‘mragini to‘liq ochgan holda yuz-qo‘lni yuvishadi.
Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz qovun-tarvuz, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatadi. Bu – isrofdir. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘l bilan ham sovutish, mashina yuvayotganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish mumkin-ku, axir. Alloh taolo Qur’oni karimda butun insoniyatga qarata shunday marhamat qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (“Voqea”, 68-70).
Suv nafaqat iste’mol, balki poklanishimiz uchun ham muhimdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir so’dan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Muttafaqun alayh). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxminan, 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar. Bu narsa hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Bir kuni Sa’d tahorat qilayotgan chog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldidan o‘tib qoldilar va unga qarata: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa’d?!”, dedilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deya ajablandi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Garchi oqar daryoda bo‘lsang ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatish isrofdir”, deya unga tanbeh berdilar (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Avvalgi paytlarda tahorat uchun suv alohida idishga olinib, oz-ozdan quyib amalga oshirilgan. Hozirda maxsus quvur va jo‘mraklari orqali suv o‘tkazilib, suvdan foydalanishda qulaylik paydo bo‘lgan. Ammo bu, suvdan xohlaganicha foydalanish, uni isrof qilish mumkin, degani emas. Balki, bu ne’mat uchun Allohga shukr qilib, tejamkorlik yo‘liga o‘tishimiz hammamiz uchun birdek zarur.
Qolaversa, bugun aholini ichimlik suv bilan ta’minlash dunyoviy muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, dunyoda yutuqlarga, oxiratda esa Allohning roziligiga sazovor bo‘lamiz.
Shunday ekan, har birimiz suvni isrof qilmasdan, tejamkorlik bilan ishlatishni o‘rganaylik!
QANCHA TAOM TANOVUL QILMOQ KЕRAK?
Kim isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadi? Albatta, uvol-savobning farqiga bormagan odam. Shunday oilalar bor, vaqti kelsa qolipli nonga pul topolmaydi. Shunday oilalar bor, faqat biron yig‘in sabab yopgan non sotib oladi.
Taassufki, bugun ayrim chiqindixonalarda turli nonlar, shirinliklarni, hatto ovqat qoldiqlarining tashlab yuborilayotganini ko‘rib, aqlingiz shoshadi. Uni bir odam isrof qilmagani aniq. “Tanasi boshqa dard bilmas”, deganlaridek, atrofdagilarning hayoti unday odamlarni qiziqtirmasligi aniq. Agar qiziqtirganida, qo‘shnisining yashash sharoiti o‘ylantirganida edi, bugun bunday nonlar, turli taomlar chiqindixonalardan joy olmas edi.
Aytishingiz mumkin, ko‘p qavatli uylarda turadigan odamlarning moli bo‘lmagach nima qilsin, deb. Ammo me’yor degan narsa bor-ku! Nahotki bir kunlik me’yor qanchaligini anglash qiyin bo‘lsa?!
Aynan mana shu me’yorni har bir oila ertalabki nonushta oldidan bir kunda qancha non, ovqat va boshqa taomlar zarurligini bilishi kerak. Kindiy roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorindir. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo‘lgan miqdordagi taom kifoya qiladi, yoki bo‘lmasa qornini uch qismga bo‘lsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafasi uchundir” (Imom Ahmad rivoyati). Alloh taolo aytadi: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (A’rof, 31).
Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi. Shunday ekan, bizlar barcha ne’matlarning qadriga yetib, ularni kichik sanamasligimiz lozim. Aks holda, kishi ne’matlarga nonko‘rlik qilgan bo‘ladi. Ne’matlarni qadrlashni, ularni kichik sanamay barchasiga birdek yaxshi muomalada bo‘lishni Payg‘ambarimizdan o‘rganishimiz kerak.
MЕ’YORDAN OSHSA, ISROFGAR BO‘LADI
Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandaga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham me’yordan oshsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.
Saxovat – yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi me’yoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, xoh amali, xoh molu davlati bilan bo‘lsin, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.
Shuni bilingki, kiyimda ham isrofgarchilik bo‘ladi. Inson o‘ziga kerakli, faqat hojatiga yetarli libos kiyishi kerak. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish isrof va bu takabburlikka olib boradi.
NЕ’MATLARNI QADRLASHIMIZ KЕRAK
Bizda bir tushuncha bor: qaysi ne’mat arzon bo‘lsa, uni xohlagancha ishlatish mumkin, narxi qimmat narsalarni tejash kerak. Bu noto‘g‘ri. Sababi, Alloh bergan ne’matlarning qadri uning insonlar nazdidagi bahosi, qiymati bilan o‘lchanmaydi.
Gaz va shu kabi ne’matlar, odatda, tejab ishlatiladi. Sababi, ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularning qadriga yetaylik.
Biz yuqorida moddiy ne’matlar isrofi haqida gapirdik. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi – ma’naviy sohadagi isrofgarchilikdir. Bularga, asosan, quyidagi ikki narsa kiradi:
birinchisi, umrni isrof qilish. Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli ne’matlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha ne’matlarni qayta tiklash, qo‘ldan chiqargach, yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq bo‘laylik;
ikkinchisi, ilm va iste’dodni isrof qilish. Ilm egallash – ulug‘ fazilat. Ilm sohibi bo‘lgach, uni hayotga tatbiq etish – ilmiga amal qilish va o‘zgalarga ilm o‘rgatish har bir ziyo ahlining burchidir. Aks holda, o‘rgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir. Buning uchun banda oxiratda javob beradi.
***
Biz Allohga suyukli xalqlardan, mahbub ummatlardan bo‘lishni xohlasak, isrofdan saqlanaylik! Alloh bergan har bir ne’matni katta-kichik demasdan, qadriga yetaylik. Shunda rizqimiz yanada ziyoda bo‘ladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.
QO‘LLANMA
HAR BIR OILA BILISHI SHART!
Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali, isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillarni, isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlaridan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar.
ISROFGA YO‘L QO‘YISHGA SABAB BO‘LADIGAN OMILLAR:
– avvalo, tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilada farzandlarni sabrli va qanoatli qilib tarbiyalash o‘rniga, ular tomonidan bo‘ladigan barcha talablarni me’yoridan oshirib ta’minlab berish;
– maishatparast, dunyoparast kishilar bilan ulfat va suhbatdosh bo‘lish, ularning holatlaridan ta’sirlanish;
– tezlikda, mashaqqat chekmay tanglikdan keyin kenglikka, faqirlikdan keyin boylikka erishish;
– nafsning xohish va istaklariga so‘zsiz itoat etish;
– bu dunyo hayoti oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rish davri ekanligi, oxiratda esa bu dunyoda qilingan amallar uchun hisob-kitob bor ekanini unutish yoki tushunmaslik;
– umuman, inson hayotida mo‘tadillik va me’yor degan tushunchalardan yiroq bo‘lishi.
ISROFGARLIKNING ZARARLI OQIBAT VA ASORATLARI:
– Allohning muhabbatidan mosuvo bo‘lib, Uning g‘azabi va qahriga mubtalo bo‘lish;
– shaytonni xursand qilib, uning sherigiga aylanish;
– hayotdagi qiyinchilik va mashaqqatlarni ko‘tara olmaslik, ojizlik va notavonlikka mahkum bo‘lish;
– tanada turli kasalliklarning paydo bo‘lishi, qalb qotishi, fikrning o‘tmaslashuvi;
– jamiyatda yalqovlik, tekinxo‘rlikning avj olishi, qashshoqlik va tilanchilikning ko‘payishi.
ISROFGARLIKDAN QUTULISH YO‘LLARI:
– har ishda Alloh taolo buyurgan mo‘tadil yo‘lni tutib, haddan oshish va isrofgarlikdan o‘zni saqlash;
– Payg‘ambar alayhissalom, sahoba va tobeinlar hamda ulug‘ zotlarning hayot tarzlarini o‘rganib, ularga ergashish;
– dunyodagi faqir va miskinlar, uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko‘z oldiga keltirish;
– isrofgar, dunyoparast odamlardan uzoqlashib, qalbi siniq, xokisor kishilarga yaqin yurish;
– oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go‘zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.