Butun dunyoga koronavirus pandemiyasi tarqalib, insonlar hayotiga katta xavf tug‘dirdi. Yurtimizda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar, xalqimizning chuqur tushunishi va o‘ziga xos sabr-toqati bilan bu ofat jilovlanib, ommaviy yoyilib ketishining oldi olinyapti. Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida qisqa fursatlarda davolash muassasalari qurilib, karantin zonalari tashkil etilgani bunda muhim omil bo‘ldi.
Jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda olijanoblik namunasini ko‘rsatgan, mehr-oqibat, saxovat va olihimmatlik fazilatlarini ulug‘lab kelayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularga beminnat ko‘mak berish borasidagi ishlarga katta hissa qo‘shgan, hamjihatlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etib, ezgu ishlari bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan qadrli va tabarruk ulamolarimiz, muhtaram va hurmatli imom-domlalarimiz, aziz va qimmatli mudarrislarimiz, mushtipar va munis otinoyilarimiz, masjid-madrasalarimiz bebaho va mehnatkash xodimlari hamda sevimli va suyukli talabalarimizning xizmatlarini ALOHIDA E’TIROF etish kerak.
Bunday insonlarimiz pandemiya davrida va turli tabiiy ofatlar tufayli elu yurtimiz boshiga tushgan sinovlarning oqibatlarini bartaraf etishda haqiqiy jonbozlik ko‘rsatganlari ulkan tahsinlarga va beqiyos tashakkurlarga loyiqdir!
Natijada, matonatli xalqimiz koronavirus pandemiyasi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”, degan oyati karimaga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil va birdam bo‘lib, insonparvarlik va mehr-oqibatlilikning yuksak namunasini butun dunyoga ko‘rsatdilar.
Diniy sohada mehnat qilayotgan fazilatli insonlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash, xayriya mablag‘larini to‘g‘ri yo‘naltirish, qiyin ahvolga tushgan aholiga ko‘mak berish, og‘ir sharoitdagi odamlarni sabr-toqatga chaqirish, ularning ko‘nglini ko‘tarishdagi fidoyiliklari har qanday maqtovga loyiqdir! Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”, – deb xushxabar bergan.
Ushbu kasallik va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida diniy soha xodimlari ishtirokida jonliqlar so‘yilib, najot so‘rash namozlari ado etilgani, xatmi Qur’onlar, duoyu tazarrular, istig‘forlaru salavoti shariflar aytilgani eng ulug‘vor ishlardan bo‘lganini alohida e’tirof etishimiz – ham qarzimiz, ham farzimizdir!
Alloh taboraka va taolo Qur’oni karimda insonlarni sinovli kunlarda sabr va qanoatli bo‘lishga da’vat etib, “Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik ham bordir”, – deb marhamat qiladi. Chindan ham, har qanday tashvish ortida yengillik borligini koronavirus kasalligidan sog‘ayib chiqayotgan, tabiiy ofatlar tufayli uy-joyidan ayrilgan, lekin davlatimiz va el-yurtimizning yordami ila o‘z hayotini yangitdan yo‘lga qo‘yib olayotgan minglab vatandoshlarimiz qalbdan his etmoqdalar.
Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona yengib o‘tishda diniy soha xodimlarining pandu nasihatlari, ibratli o‘gitlari va ezgu tashabbuslari juda ham katta ta’sir ko‘rsatdi.
Muhtaram Yurtboshimiz pandemiyaga qarshi kurashda faollik ko‘rsatganlarga tashakkur bildirib, keng jamoatchilik vakillari qatorida qadri baland imom-xatiblarni ham alohida (!) esga olganlari diniy soha xodimlari mehnatlariga berilgan yuqori bahodir.
Xalqimiz tomonidan mana shunday ulug‘vor ishlar uchun juda ko‘p minnatdorliklar kelib tushmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali ham mamlakatimiz fuqarolari tomonlaridan ALOHIDA RAHMATNOMALAR hanuzgacha izhor qilinmoqda. Ayniqsa, mana shunday samimiy maktublarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, xususan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va u kishining birinchi o‘rinbosarlari Homidjon qori Ishmatbekovga alohida dil so‘zlari bitilgan.
O‘z navbatida biz ham mana shunday ulug‘vor ishlarda boshchilik qilgan – Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Shamshetdin domla Bauatdinov, Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov, Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov, Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmon domla Jabborov, Navoiy viloyat bosh imom-xatibi Toir domla Ro‘ziyev, Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay domla Tursunov, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov, Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulla domla Zokirov, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Aliakbar domla Cayfiddinov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Turmatov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov, Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydullo domla Abdullayev, Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev va Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmanovlarga CHUQUR MINNATDORLIK BILDIRAMIZ!
Shuningdek, “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Iskandar domla Xalilov, Toshkent shahridagi “Al-Badr” jome masjidi imom-xatibi Odil domla Xolmurodov, “Pul yemas ota” masjidi imomi Muzaffar domla A’zamov, “Yakkasaroy” masjidi imom noibi Dilmurod domla Rahimov, “Baland” masjidi imom noibi Ma’ruf domla Norqulov, “Muhammad Umar o‘g‘li Zokir” masjidi imom noibi Qahramon domla Xo‘rozov, Farg‘ona viloyati “Oq do‘ppi eshon” masjidi imom-xatibi Muhammadamin domla Abduhamidov, Surxondaryo viloyati “Abu Hanifa” masjidi imom-xatibi Dilmurod domla Davlatov, Qashqadaryo viloyati “Sulton Mirhaydarbobo” ziyoratgohi rahbari Ulug‘bek domla Amirov, “Hazrati Mirijanda” masjidi imom-xatibi Anvar domla Ganjiyev, Xorazm viloyati “Xo‘jabobo” masjidi imom-xatibi Ergash domla Otajonovga ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali yurtimiz fuqarolari tomonlaridan ALOHIDA TASHAKKURNOMALAR izhor qilingan.
Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘zlarining muborak hadisi shariflarida: “Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qila olmagan odam Xudoga ham shukr qilaolmaydi”, – deb marhamat qilganlar. Dono xalqimiz esa: “Yaxshiga qilsang yaxshilik – ham aytadi, ham kaytadi. Yomonga qilsang yaxshilik – na aytadi, na qaytadi”, – deb bejizdan bejiz aytmagan.
Alloh taolodan mana shunday qadrli va tabarruk ulamolarimiz, muhtaram va hurmatli imom-domlalarimiz, aziz va qimmatli mudarrislarimiz, mushtipar va munis otinoyilarimiz, masjid-madrasalarimiz bebaho va mehnatkash xodimlari hamda sevimli va suyukli talabalarimizga sihat-salomatlik, shodu hurramlik va ikki dunyo saodatini so‘raymiz!
Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, muborak dinimiz rivoji hamda dono xalqimiz salomatligi va farovonligi yo‘lida olib borayotgan fidokorona mehnatlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar ato etishini Mehribon Parvardigorimizdan iltijo qilib qolamiz!
El-yurtimiz ravnaqi va dini Islom ma’rifati yo‘lida kunni tunga, tunni kunga ulab, o‘zining bor kuch-qudrati va aql-zakovatini ayamasdan, sidqidildan, fidoyilarcha, xolisona hamda ulkan mehr ila xizmat qilib kelayotgan SIZLARDЕK mo‘tabar insonlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan OTA-ONALARINGIZGA MING RAHMAT !!! Barcha ota-onalarga ham Parvardigori olam ana shunday farzand tarbiyalab, kamolga yetkazishni nasib aylasin!
Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan Qur’oni karim qo‘lyozmalarini asrab-avaylash bo‘yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida yozilgan maqola Islom hamkorlik tashkiloti ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Mazkur jurnaldagi maqolada ilmiy-ma’naviy merosimizni saqlash, ilmiy tahlil qilish, ularning mazmun-mohiyati haqida keng jamoatchilikka ma’lumot berish, allomalarimiz asarlarini dunyo hamjamiyati o‘rtasida keng targ‘ib etish, ilm-fan, ma’naviyat va amaliyotda ulardan foydalanish va avlodlarga yetkazish borasida qilinayotgan ishlar haqida so‘z boradi.
Xususan, unda hukumatimiz tashabbusi bilan Katta Langar Qur’oni “Luvr” muzeyi mutaxassislari ishtirokida restavratsiya qilingani, uning ikki sahifasi Parij va Jidda ko‘rgazmalarida namoyish etilgani alohida ta’kidlangan.
Katta Langar Qur’onining tarixiy ahamiyati, musulmon dunyosidagi qadr-qimmati juda yuqori bo‘lib, mus'haf ko‘p asrlar nafaqat yurtimiz, balki dunyo ahli, butun insoniyatning ma’naviy boyligi bo‘lib xizmat qiladi, insha Alloh.
Ma’lumot o‘rnida, Islom hamkorlik tashkiloti BMTdan keyingi o‘rinda turuvchi 57 davlat a’zo bo‘lgan hukumatlararo yirik tuzilma hisoblanadi. U musulmon dunyosi manfaatlarini himoya qilish va tinchlik-totuvlikni qaror topshirish bilan shug‘ullanadi. U 1969 yilda tashkil etilgan bo‘lib, qarorgohi Jidda shahrida joylashgan. O‘zbekiston bu tuzilmaga 1996 yilda a’zo bo‘lgan. Dunyo mo‘min-musulmonlari hayoti, ilmiy yangiliklari va muhim voqea-hodisalarga bag‘ishlangan “OIC” nomli tashkilot jurnali arab, ingliz va fransuz tillarida chop etiladi.
✅ Quyida maqolani mutolaa qilish mumkin.
------------------------------------------------------
“KATTA LANGAR QUR’ONI” TARIXI VA BUGUNGI HOLATI
O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida saqlanayotgan “Katta Langar Qur’oni” nomi bilan ataladigan Qur’oni karimning nusxasi dunyodagi eng qadimiy va nodir qo‘lyozma asarlaridan hisoblanadi. Bu nusxaning Katta Langar Qur’oni deb nomlanishi uning Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Langar ota masjidida saqlanganiga borib taqaladi. Sahifalar uzoq vaqt davomida “Katta Langar shayxlari” deb nom olgan Ishqiya tariqati vakillari tomonidan asrab kelingan.
Ushbu qo‘lyozma ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan olimlarning ta’kidlashlaricha, qo‘lyozmaning bitilishi VIII asrning oxirgi choragi – arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrga to‘g‘ri keladi.
Hozirgi kunda ushbu qo‘lyozmaning 81 sahifasi Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi. Mashhur sharqshunos, akademik I.Yu. Krachkovskiy o‘zining “Arab qo‘lyozmalari ustida” kitobida yozishicha, bu qo‘lyozma 1936 yilda institut tomonidan notanish keksa ayoldan sotib olingan.
1998 yilda professor Ye.A. Rezvan Sharq qo‘lyozmalari institutida Ye 20 inventar raqami ostida saqlanayotgan mazkur qo‘lyozma haqida xorij matbuotida ingliz tilida “The Qur’an and its World” maqolasini e’lon qildi. Oradan bir necha oy o‘tib, fransuz sharqshunosi Fransua Derosh Sankt-Peterburgga xat yo‘llab, O‘zbekistondagi Katta Langar qishlog‘idan topilgan Qur’on sahifalari fotonusxalarini ham yuboradi. Bu nusxalardagi yozuv turi va uslubi institutda Ye 20 raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozmaniki bilan aynan bir xil edi.
Keyinchalik Ye. Rezvan ushbu qo‘lyozmaning ayrim sahifalari Katta Langar qishlog‘ida, shuningdek, Toshkent va Buxoroda ham saqlanishi haqida xabar topadi. 1999 yilda Katta Langar Qur’oni bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekistonga ilmiy ekspeditsiyani amalga oshirib, bir guruh sharqshunos olimlar bilan Toshkentda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan Usmon mus'hafi va Langar Qur’onining bir sahifasi, Sharqshunoslik Qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan 1ta sahifasini, Langar ota masjidida saqlanayotgan 12 sahifani borib ko‘radi. Keyinchalik bu haqda “Usmon Qur’oni izidan” degan hujjatli film ham tayyorlaydi.
2000 yilning may oyida rossiyalik va gollandiyalik olimlarning izlanishlari natijasida, Groningen (Gollandiya) universiteti Izotop tadqiqotlari markazida mazkur qo‘lyozma pergamentining namunalari zamonaviy texnikalar yordamida radiokarbon tahlilidan o‘tkaziladi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ushbu qo‘lyozma milodiy 775–995 yillar oralig‘ida ko‘chirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa berildi. Olimlar ushbu xulosaga tayanib, qo‘lyozma VIII asrning so‘nggi choragiga tegishli, degan to‘xtamga kelishgan. Bu xulosani fransuz sharqshunosi F. Derosh ham tasdiqlaydi.
O‘zbekistonda mazkur qo‘lyozmaning jami 16 sahifasi mavjud bo‘lib, bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi.
Sharq qo‘lyozmalari institutida 11604 raqami ostida saqlanayotgan sahifada “Baqara” surasining 26-61-oyatlari ko‘chirilgan. Mazkur institutda 2460 raqami ostida saqlanayotgan Sadir Ziyo kutubxonasining katalogida mazkur sahifa haqida ma’lumot berilgan bo‘lib, unda sahifaning Uchinchi Xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhu zamonasida ko‘chirilgan kitobga tegishli ekani aytiladi.
Ikkita sahifasi Buxoroda: bittasi Ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat kutubxonasida, ikkinchisi Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi Ark qo‘lyozmalar muzeyida saqlanmoqda. Unda Mujodala surasining 11-oyatidan Hashr surasining 3-oyatigacha yozilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Katta Langar Qur’onining avvaldan bir sahifasi saqlangan. 2003 yilda 12 sahifasi Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi “Langar ota” masjididan keltirilgan. Hozirda 13 ta sahifasi saqlanmoqda.
Mazkur qo‘lyozma matni sayqallangan hayvon terisi – pergamentga bitilgan. Sahifalarning o‘rtacha hajmi 53x35 sm.ni tashkil etadi. Matnlar arabiy yozuv usullarining eng qadimiy turlaridan bo‘lgan ko‘fiy-hijoziy xatida bitilgan. Qo‘lyozmaning charm muqovasi XIV asrga tegishli. XVII asr o‘rtalarida u qayta ta’mirlangan. Muqova hamda sahifalarni bir-biriga mustahkam biriktirish maqsadida arab tilidagi matnlar bitilgan qog‘ozlar yopishtirilgan.
Katta Langar Qur’oni yillar davomida ta’mirlanib, uni bezak va nuqtalar bilan to‘ldirib kelinganini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, ba’zi sahifalarning yirtilgan burchaklariga yamoq solingan va yamalgan joyidagi oyatlar nasx xati turida yozilgan. Suralar orasiga naqsh chizilib, unga suraning nomi va oyatlarining soni nasx xatida bitilgan. Ba’zi sahifalardagi ba’zi kalimalarga harakatlar qo‘yilganini ham ko‘rishimiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Katta Langar Qur’onining avvalgi bitta sahifasida “Baqara” surasining 126–150-oyatlari, 12 sahifasida Niso surasining 136-oyatining yarmidan boshlanib, Moida surasi to‘liq va An’om surasining 82-oyatining boshlanishigacha bo‘lgan qismi bor.
Mavjud sahifalar Qur’oni karimning ikki juzini o‘z ichiga olgan. Demak, tahmin qilish mumkinki, Katta Langar Qur’oni 190–200 sahifa atrofida bo‘lgan. Bugungi kungacha ularning 97 sahifasi yoxud 47 foizigina yetib kelgan.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Katta Langar Qur’oni restavratsiya qilindi, ya’ni ko‘p asrlik chang, g‘ubor, zambrug‘u zararli bakteriyalardan tozalandi.
Mus'haf sahifalari ta’miri Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Fransiyaning Luvr muzeyi restavratorlari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida uch bosqichda, ya’ni 2019, 2020 va 2021 yillarda amalga oshirildi.
2022 yil Islom olamining noyob qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan Katta Langar Qur’onining 2 sahifasi O‘zbekistonning boy merosiga bag‘ishlangan Parij ko‘rgazmasida namoyish etildi.
Katta Langar Qur’onining tarixiy ahamiyati, musulmon dunyosidagi qadr-qimmati juda yuqori bo‘lib, mus'haf ko‘p asrlar nafaqat yurtimiz, balki dunyo ahli, butun insoniyatning ma’naviy boyligi bo‘lib xizmat qiladi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.