Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyul, 2025   |   8 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:55
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
03 Iyul, 2025, 8 Muharram, 1447

Qur’oni Karimning ma’naviy va moddiy foydalari

02.06.2020   3800   7 min.
Qur’oni Karimning ma’naviy va moddiy foydalari

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Qur’oni Karim Muhammad sollallohu alayhi vassallamga Alloh taolo tomonidan ato etilgan mo‘jizalarning eng buyugi bo‘lishi bilan birga, uni o‘qib, so‘ngra uqib, unga amal qilganlarni ikki dunyo saodatiga yetaklovchi manbadir. Unda halol bilan harom, haq bilan nohaq ochiq-ravshan bayon etilib, Alloh taolo marhamat qilganidek: “Bu kitobda shak-shubha yo‘q, u taqvodorlarga hidoyatdir  (Baqara surasi, 2-oyat).

Qur’oni Karim hidoyat rahbaridir. Har bir inson unga amal qilsa, ma’nan va moddiy jihatdan yuksaklikka erishadi. Undan bexabar qolish esa qorong‘u zulmatda yo‘lidan adashib qolish demakdir.

Yaxshiliklarning eng a’losini Qur’oni Karim amr etadi, yomonlikdan qaytaradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham «Xayrlilaringiz Qur’onni o‘rganuvchi va o‘rgatuvchilaringizdir», deb marhamat qilganlar. Xullas, daraxtni o‘stiruvchi va uni oziqlantiruvchi tuproq bo‘lganidek, insonni ulg‘aytiruvchi hamda oziqlantiruvchi Qur’oni Karimdir. Unga e’tiqod va amal qilganlar ikki dunyo saodati va baxtga erishadi.

Qur’on qalblar shifosidir. Qur’on o‘qigan, Kalomullohni imon, ixlos bilan eshitgan odamning qalbi illatlardan poklanadi. Insonning gavhari bo‘lmish qalb tuzaldimi, boshqa hamma a’zolar faoliyati joyida bo‘ladi. Qalbi pok inson haromdan hazar qiladi, ezgu amallarga moyil bo‘ladi.

Qalbni poklashda biz uchun asosiy manba Qur’oni Karimdir. Qur’on qalbimizga aniq tashxis qo‘yadi, qalbni illatlardan xalos etish yo‘llarini ko‘rsatadi, insonni asl fitratiga mos holda yashashga undaydi.

Qur’on shifo manbaidir. Bu mo‘jizaviy Kalom e’tiqodimizni to‘g‘rilaydi, qalbimizni nurga to‘ldiradi, dilimizni ravshan qiladi, tasavvurimizni boyitadi, dunyoqarashimizni kengaytiradi. Qur’on tilovati bilan xonadonimizga fayz kiradi, umrimiz barakali bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, Allohning mo‘jizaviy Kalomi bizni ikki dunyo saodatiga boshlaydi.

Qur’oni Karim tilovati deganda uni harflarini joyiga qo‘yib aniq va tajvid qoidalariga muvofiq qilib shoshilmasdan o‘qish tushuniladi.

Qur’oni Karimda uning tilovati haqida oltmish yettita oyat kelgan. Qur’oni Karim tilovati juda ham fazilatli amal hisoblanadi.

Allohning Kitobini tilovat qilish unga ko‘z yugurtirib chiqish yoki yodlab olgan joyini shuursiz takrorlash emas. Qur’on tilovati uni butun vujud bilan his etgan holda tadabbur ila o‘qib, unga amal qilishdir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Qur’on boylikdir. Undan keyin faqirlik yo‘q, Undan o‘zga boylik yo‘q ”.

Qur’on o‘qigan mo‘minning qalbi boyiydi, ilmi ziyoda bo‘ladi, ma’naviyati yuksaladi, fikr doirasi kengayadi.

Boylik deganda, musulmon odam faqat dabdabali hayotni, hisobsiz mol-dunyoni ko‘z oldiga keltirmaydi. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Haqiqiy boylik nafs to‘qligidir”, deganlar. Mana shu hadisdan kelib chiqib aytish mumkin, Qur’on o‘qigan odamning ko‘zi to‘q bo‘ladi. Qur’on o‘qigan inson dunyoning o‘tkinchi matohlari ortidan halloslab yugurmaydi, turmush tashvishlari deb o‘zini o‘tga-cho‘qqa urmaydi, xotirjam yashaydi, qanoatli bo‘ladi, boriga shukr, yo‘g‘iga sabr qiladi. Ana haqiqiy boylik, huzur-halovat qayerda!

Qur’on mufassiri Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: “Kim Qur’on o‘qisa, (ko‘p narsani) bilganidan keyin hech narsani bilmay qolishi uchun eng tuban umrga qaytarilmaydi. Bu Alloh azza va jallaning quyidagi oyatida aytilgan: “So‘ng uni asfalasofilinga qaytardik. Faqat imon keltirgan…” ya’ni, Qur’on o‘qiganlargina (bundan salomat bo‘ladilar)”.

Ma’lumki, yosh o‘tganidan keyin odamning ko‘zi xiralashadi, qulog‘i yaxshi eshitmaydi, bo‘g‘imlari zaiflashadi, belidan quvvat ketadi, xotirasi susayadi. Biroq Qur’on o‘qiganlar keksaygan chog‘larida ham es-hushlarini, kuch-quvvatlarini yo‘qotishmas ekan. Qiziq, buning sababi nimada?

Ilmiy tajribalarda aniqlanishicha, Qur’on o‘qish, eshitish miya faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, keksalikda yuz beradigan parishonxotirlik, xotira susayishi kabi noxush holatlardan saqlaydi.

Umr bo‘yi Qur’onga oshno bo‘lgan qori bobolar hayotiga ibrat nazari bilan qarasak, bu gap qanchalik to‘g‘riligiga amin bo‘lamiz. Yuz yoshni qoralay deb qolganlariga qaramay, tanalari baquvvat, xotiralari yaxshi, ko‘zlari ravshanligini ko‘ramiz. Zero Alloh Qur’on haqlarini ado etgan bandasini sog‘lom tana, kuchli xotira ne’mati bilan siylaydi. Qur’on o‘qiydigan inson ikki dunyoda hurmat ehtiromga sazovor bo‘ladi.

Olimlarning aniqlashicha, doim Qur’on o‘qiydigan odam ruhiy bezovtalikdan yuqori darajada himoyalanadi. Bundan tashqari:

– Qur’on o‘qiydigan odam huzur-halovat topadi, xotirjamlikka erishadi;

– Qur’on o‘qish immunitetni kuchaytiradi;

– Qur’on o‘qiydigan odam ruhan, jismonan sog‘lom bo‘ladi;

– Qur’on o‘qiydigan inson uchun yurak xastaligi begonadir;

– Mus'hafga qarab Qur’on o‘qish ko‘zni ravshan qiladi;

– Xotirani mustahkamlaydi, miya faoliyatini rivojlantiradi;

– Kishining fikrlash qobiliyatini o‘stiradi, dunyoqarashini kengaytiradi;

– Insonning o‘ziga ishonchini orttiradi;

– To‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatini rivojlantiradi;

– Dunyoga hirs qo‘yish, tama, hasad, g‘iybat kabi illatlar oqibatida kelib chiqadigan moddiy kasalliklardan asraydi;

– Qur’onni tajvid qoidalariga muvofiq o‘qish nutqni rivojlantiradi, kishini so‘zga chechan qiladi;

– Qur’on o‘qish tomoq og‘rig‘iga davo bo‘ladi;

– Qur’on o‘qigan kishi vasvasa, hadiksirash, behuda xavotirlanishdan yiroq bo‘ladi;

– Qiroat bosh og‘rig‘ini samarali davolaydi…

Mufassirlar Alloh taoloning “Biz mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan Qur’on oyatlarini nozil qilamiz” oyati tafsirida: “Qur’onda aytilgan shifo umumiydir: ham qalbdagi illatlarga, ham tanadagi kasalliklarga davo bo‘ladi”, deyishgan.

Qur’on moddiy kasalliklarni bartaraf etishiga yetarli hujjatdir. Buni isboti o‘laroq, Fotiha surasi juda ko‘p kasalliklarga shifo bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fotiha surasi har qanday dardga shifodir”, deganlar .

Fotiha surasi qalbdagi illatlarni davolaydi. Qolaversa, tanadagi kasalliklarga ham malham bo‘ladi.

Xullas, Qur’oni Karim ma’naviy-ruhiy, moddiy illatlarning barchasiga davo bo‘ladi. Lekin bu ulug‘ Kalomni faqat tanadagi dardlarni davolash vositasi qilib olinmaydi. Qur’on birinchi galda qalbimizga shifo. Allohning Kalomini o‘qisak, qalbimiz poklanadi. Dili pok insonning tanasiga gard yuqmaydi. Agar biz qalbimizni davolasak, tanamiz ham sog‘lom bo‘ladi.

 Toshkent islom instituti talabasi Tolibjon Xursanmurodov

Manba: islom.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Baxtli insonning 4 belgisi

02.07.2025   2602   3 min.
Baxtli insonning 4 belgisi

Bir kuni Fath ibn Xoqon xalifa Mutavakkilning huzuriga kirdi. Xalifa jim o‘tarar va bir narsa haqida chuqur o‘ylardi. Fath bu jimlikni buzib: “Nimalar haqida o‘ylayapsiz, ey mo‘minlar amiri?” – deya so‘radi. Xalifa: “Men yer yuzida turmushi eng farovon kishi kim ekan?” deb o‘ylayotgan edim”, dedi. Fath bo‘lsa: “Dunyoda eng faravon hayot kechirayotgan kishi siz-da! Allohga qasamki, u – sizsiz!” – dedi. Xalifa: “Yo‘q! Men emas. Keng hovlisi, soliha ayoli, qobil farzandlari va yetarli rizqi bo‘lgan kishi – hayoti eng faravon odamdir”, dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham: “To‘rt narsa baxtning belgisidir: soliha ayol, keng turar-joy, solih qo‘shni, yaxshi ulov. To‘rt narsa esa badbaxtlik belgisidir – yomon xotin, yomon qo‘shni, chatoq ulov, tor xonadon”, deganlar.

Ba’zilar baxtni mashhurlikda, molu davlatga ega bo‘lishda deb biladilar. Bu dunyoda Allohning muxlis bandalarigina his qiladigan saodat ta’mini totish baxtiga musharraf bo‘lmagan holda yashab o‘tadilar.

Oriflardan biri: “Podshohlar bizda qandayin baxt borligini bilganlarida edi, unga yetishish uchun bizga qarshi qilich ko‘tarib jang qilishardi”, deydi.

G‘alaba bilan saodat orasida katta farq bor. G‘alaba bu – o‘zingiz istab turganning ustidan zafar qozonish bo‘lsa, nening ustidan g‘olib bo‘lsangiz, u sizning xohishingizga mansub bo‘lmog‘i chin saodatdir.

Oskar Uayld[1]ning shunday gapi bor: “Baxt faqatgina unga bir nechta kishilar bilan birga yetishsang haqiqiy bo‘ladi. Og‘riq, azob ham faqatgina bir o‘zingning boshing­ga tushsa alamli bo‘ladi. Saodat – boshqa kishilarni baxtli qilishdir”. 

 Olmon fizigi Maks Plank: “Saodatni muhofaza qilish uchun uni boshqalar bilan bo‘lishishing kerak”, degan.

 G‘arb mutafakkirlaridan yana biri: “Tajribamdan o‘tgan narsa shuki, eng buyuk baxt – yaxshilikni yashirincha qilganimdan keyin kutilmaganda bu yaxshiligim odamlar qulog‘iga yetib borishini ko‘rishim”, degan edi.

 Ingliz yozuvchisi Uilyam Somerset Moem[2]: “Biz ulg‘a­yib borarkanmiz saodat – olishda deb o‘ylardik, keyinchalik bildikki, baxt – berishda ekan”, deydi.

 Baxt – boshqalarga tortiq qilish va yaxshi ishlarni amalga oshirishda mujassam. Baxt birovdan narsa olish va o‘zganing qo‘liga qarashda emas.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  To‘liq ismi: Oskar Fingal O’Flaerti Uills Uayld. 1854 yilda Dublin shahrida tug‘ilgan. Shoir, dramaturg, ssenarist. 1900 yil 30 noyabrda 46 yoshida  Parijda vafot etgan.
[2]  1874 yil 25 yanvarda Fransiyada tug‘ilgan. 1965 yil16 dekabrda  Nitssa shahrida vafot etgan. 1897 yilda chop etilgan  “Lambetlik  Liza” romani bilan mashhur bo‘lgan.