HIJRATNING BIRINCHI YILIDAGI
MUHIM HODISALAR
RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING YASRIBGA KIRISHLARI
Ansoriylar Avs va Xazraj qabilalaridan iborat bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kelishlarini intizorlik bilan kutar edilar. U zot sollallohu alayhi vasallam yetib kelganlarida kutib olgani chiqdilar. U zotni juda katta xursandchilik bilan «Marhabo!» deb kutib oldilar va izzat-ikrom ko‘rsatdilar. Shu paytgacha ularning hayotida hali bu kabi xursandchilik bo‘lmagan edi. Rasululloh yeollallohu alayhi vasallam Quboga tushib, to‘rt kun turdilar. O‘sha yerda Qubo masjidiga asos soldilar. Payg‘ambarlikdan keyin birinchi asos solingan masjid mana shu edi. So‘ng ulovlarini minib, Yasrib sari yurishni davom ettirdilar. Qabilalarning odamlari u zotning tuyalarini yuganidan ushlab olishgan edi. U zot esa: «Uni qo‘yib yuboringlar, unga amr qilingandir», der edilar. Tuya borib, Xazraj qabilasi, Banu Najjor urug‘ining bir joyiga cho‘qdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Ayyub roziyallohu anhuning xonadoniga tushdilar va unda yashay boshladilar.
YASRIBNING YANGI NOMI.
ISLOM JAMIYATIGA ASOS SOLISH
Yasrib o‘sha kundan boshlab «Madinatun-nabiy (Payg‘ambar shahri)» deb atala boshladi.
Musulmonlar Makkada alohida islomiy jamiyat qurib yashamagan, u yerda ularning soni oz va kuchsiz holda edilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinada necha-necha zamonlardan buyon tarix intizor bo‘lib kelayotgan eng yaxshi jamiyatning poydevorini qo‘ya boshladilar.
YANGI JAMIYATNING ENG MUHIM ASOSLARI
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tuyalari bo‘lajak masjidning o‘rniga cho‘kkan edi. U zot sollallohu alayhi vasallam sahobalarni o‘sha joyga masjid qurishga buyurdilar va qurilish ishlarida o‘zlari ham ishtirok etdilar. U zot sollallohu alayhi vasallam toshlarni, g‘ishtlarni ko‘tarib tashir edilar. O‘shanda masjidning qiblasi Baytul maqdisga qaratildi. Uning ustunlari xurmo daraxti tanasidan, shifti esa xurmo daraxtining shoxlaridan qilindi. U zot sollallohu alayhi vasallamning jufti halollarining hujralari masjidning yon tarafiga qurildi. Qurilishni bitirib bo‘lganlaridan keyin, shavvol oyida Oisha roziyallohu anho bilan yashay boshladilar. Musulmonlar ushbu masjidga ilm olish, ibodat qilish, qozilik ishlari va turli yig‘inlar uchun to‘planishar edi. Masjid ularning o‘zaro yaqinlashishlarida katta omil bo‘lib xizmat qilardi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam muhojir va ansoriy sahobalarni bir-birlari bilan og‘a-ini tutintirdilar. Ular uylarini, mol-mulklarini taqsimlashdi. Ushbu birodarlik nasab birodarligidan kuchli edi. Mana shu birodarlik ila Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabilaviy birlik o‘rniga diniy birlikni paydo qildilar.
Madinada uch toifa odamlar yashashardi: musulmonlar, mushrik arablar va yahudiylar. Yahudiylar Banu Qaynuqo’, Banu Nazir va Banu Qurayza qabilalaridan iborat edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu toifalar o‘rtasida omonlik, tinchlik, o‘zaro hamkorlik va bag‘rikenglikni o‘rnatish maqsadida ahdnomalar tuzdilar.
Islom din va jamiyatdan iboratdir. Shuning uchun ham yangi jamiyatda bu narsalarning asoslarini qurish lozim edi. O‘sha davrlardagi ko‘pgina Qur’on oyatlari shariat ahkomlarining hamma tarafdan qabul qilib olinishi uchun iozil etildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mazkur oyati karimalarni o‘z so‘zlari va amallari bilan sharhlab, tatbiq qilib, kishilarga o‘rgatib turdilar. Ma-dinadagi aholi fazilatli hayot kechirdi. Ular oliy maqom egasi bo‘lib, sadoqat birodarligi bilan birlashdilar. Bu jamiyatning har bir a’zosi o‘zaro tenglik asosida yashar edi. Mana shunday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birinchi islomiy jamiyatga asos soldilar.
URUSH VA G‘AZOT ISHLARI
Ma’lumki, Islom tinchlik dinidir. Islomning dastlabki bosqichlarida nozil bo‘lgan Qur’oni Karim oyatlarida urushga ishora qiluvchi birorta ham so‘z yo‘q. Shuningdek, Islom tarixining avvalida bu dinning kuch bilan tarqalganini tasdiqlovchi va odamlarni dinga kiritish niyatida urush vositasi qo‘llangan birorta ham hodisa bo‘lmagan. Keyingi paytlardagi urushlarning birdan-bir sababi esa dushmanlikni qaytarish va din erkinligini himoya qilish edi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam hijratdan olti oy o‘tganda barcha ishlarni tartibga solib, ichki jabhani sozlab bo‘ldilar. So‘ng e’tiborni tashqi jabhaga qaratdilar.
HARBIY HARAKAT POG‘ONALARI
Dastlab Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarni iloji boricha qo‘lni tiyishga va mushriklarni kechirishga chaqirar edilar. Qachonki musulmonlarning shavkati kuchaygach, o‘zlaridan zulmni qaytarish maqsadida jang qilish uchun ularga izn berildi.
Alloh taolo Haj surasida shunday marhamat qiladi:
«O‘zlariga qarshi urush ochilganlarga zulm qilingani uchun ularga (urush uchun) izn berildi. Alloh ularga nusrat berishga qodir Zotdir» (39-oyat).
Ushbu oyati karima hijratdan keyin nozil bo‘lgan bo‘lib, u musulmonlarga kofirlarga qarshi urush qilishga izn beruvchi birinchi oyatdir. Bungacha hatto o‘zini himoya qilish uchun ham kofirlarga qarshi jang qilishga ruxsat yo‘q edi. Mushriklar Nabiy sollallohu alayhi vasallamga va u zotning sahobai kiromlariga istaganlaricha azob, ozor berishar, zulm qilishardi. Sahobai kiromlardan ba’zilari kaltaklangan, yarador bo‘lgan hollarida kelib, boshlaridan o‘tgan nohaqlik va zulmdan shikoyat qilsalar, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sabr qilinglar, menga urush qilish uchun izn berilgani yo‘q», der edilar.
Nihoyat ushbu oyati karima nozil bo‘ldi. Bu oyatda musulmonlarga urush qilishga mazlum bo‘lganlari, azob-uqubatga qolganlari uchun ruxsat berilgani ochiq-oydin aytilmoqda.
«O‘zlariga qarshi urush ochilganlarga zulm qilingani uchun ularga (urush uchun) izn berildi».
Demak, Quraysh kofirlari avval musulmonlarga qarshi urush ochishgan. Musulmonlar hujumga va zulmga uchraganlar. Endi ular o‘zlarini himoya qilmasalar bo‘lmaydi. Aks qolda kofirlar ularni yo‘q qilib yuborishlari mumkin.
«Alloh ularga nusrat berishga qodir Zotdir».
So‘ng kim ularga qarshi urush ochgan bo‘lsa, unga qarshi urush ochish farz qilindi:
«Sizga urush qilayotganlarga qarshi Allohning yo‘lida urush qiling va tajovuzkorlik qilmang. Alloh tajovuzkorlarni sevmas» (Baqara surasi, 190-oyat).
Alloh taolo ushbu oyatda musulmonlarga o‘zlariga qarshi urushayotganlar bilan Allohning yo‘lida jang qilishni amr qilmoqda:
«Sizga urush qilayotganlarga qarshi Allohning yo‘lida urush qiling».
Bu yerda ikki narsaga alohida e’tibor qaratish lozim. Birinchisi – qarshi urushayotganlar bilan jang qilish, ya’ni qarshi urushmayotganlarga tegmaslik. Ikkinchisi – Allohning yo‘lida jang qilish, boshqa yo‘lda emas.
So‘ng barcha mushriklarga qarshi urush farz qilindi:
«Mushriklarga qarshi, ular sizga qarshi yoppasiga urushayotganlaridek, yoppasiga urush qiling. Va bilingki, Alloh taqvodorlar bilandir» (Tavba surasi, 36-oyat).
Chunki bir taraf urush qilganda ikkinchi taraf jim tura olmaydi. Albatta, urush birorta insonga rahm qilmaydi. Unda turli hollar bo‘ladi. Ammo bu sizning turli nojoiz ishlarni qilishingizga bahona bo‘la olmaydi. Siz musulmonsiz, doimo Allohning amrida yurishingiz kerak.
Shuning uchun
«...bilingki, Alloh taqvodorlar bilandir».
U Zot O‘ziga taqvo qiluvchilarga nusrat beradi.
Tarixchilarning aytishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 28 ta g‘azotda[1] ishtirok etgan bo‘lsalar, shundan 9 tasida urush bo‘lgan, xolos. Ittifoq qilingan ma’lumotga ko‘ra, u zot sollallohu alayhi vasallam 38 ta sariyya[2] yuborganlar. Biz ushbu saxifalarda g‘azot va sariyyalarning Islom tarixiga ko‘rsatgan ta’siri haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
ISLOMDAGI BIRINCHI BAYROQ
(hijriy 1 yil)
Ramazon oyida hazrati Hamza roziyallohu anhu boshchiliklarida o‘ttiz nafar muhojirdan iborat sahobalar tarafidan bayroq ko‘tarilgan, ular Quraysh karvonining yo‘lini to‘sib chiqishgan edi. Lekin u yerda urush bo‘lmadi.
Shavvol oyida Ubayda ibn Horis roziyallohu anhu boshchiligida bayroq tikilib, yana odamlar yuborildi.
Zulqa’da oyida Sa’d ibn Abu Vaqqos boshchiligida bayroq tikildi.
U paytlarda Quraysh savdo karvonlari yo‘lini topib o‘tib ketgan, musulmonlar ularni tutolmay yoki yo‘lini to‘solmay qolgan hollar ko‘p bo‘lardi.
HIJRIY IKKINCHI YILDAGI G‘AZOTLAR
Safar oyida avval Abvo (Vaddon) g‘azoti bo‘lib o‘tdi. Bu g‘azotda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan iborat bir guruh muhojirlar Quraysh karvonining yo‘lini to‘sib chiqishgan edi. Ular o‘tib ketgan bo‘lib, topa olishmadi.
Rabi’ul avval oyida Buvot va Safavon g‘azotlari uyushtirildi.
Jumodus-soniy oyida Zul Ushayra g‘azoti bo‘ldi.
Muhojirlar Quraysh karvonlarini qo‘lga tushirish uchun chiqishar, lekin ular qochib qutulishar edi. Ba’zi sahobalar Abu Sufyonning Shom o‘lkasidan qaytishini intizor bo‘lib kutishardi.
ABDULLOH IBN JAHSHNING YUBORILISHI
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhu boshchiligidagi sakkiz yoki o‘n ikki nafar muhojirni Naxlaga – Makka bilan Toif orasidagi joyga yubordilar. Ular o‘sha yerda Quraysh karvonini kutishlari kerak edi. Kutilmaganda bir karvon muhojirlarning oldidan o‘ta boshladi. Shunda muhojirlar o‘sha karvonning amiri Amr ibn Hazramiyni o‘ldirishdi va ikki kishini asir olib, karvonga ega chiqishdi. Bir kishi qochib ketdi.
Mana shu Islomdagi birinchi qatl va birinchi asirlar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishni oqlamadilar, chunki hodisa urush harom qilingan rajab oyida bo‘lgan edi. Qurayshliklar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga qarshi «U urush harom qilingan oyni halol qildi», degan gapni tarqatishdi. Shunda Alloh taolo Qur’oni Karimning Baqara surasidagi quyidagi oyatni nozil qildi:
«Sendan harom oyda urush qilish haqida so‘rarlar. «Unda urush qilish katta gunoh. Allohning yo‘lidan to‘sish, Unga kufr keltirish, Masjidul Haromdan to‘sish, uning ahlini undan chiqarish Allohning huzurida undan-da katta gunohdir. Fitna qatldan kattaroqdir», deb ayt» (217-oyat).
BADR JANGI
(hijriy 2 yil 17 Ramazon; milodiy 624 yil mart)
Albatta, bir kun kelib Muhammad sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari bilan Quraysh o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lishi tayin edi, chunki Qurayshning butlariga, ularning obro‘siga tahdid solish yuz bergan va buning sababidan ularning o‘sib borayotgan tijorati pasayib ketish ehtimoli bor edi. Ular Makka va Shom orasida tijorat qilishardi. Ushbu tijorat ham tahdid ostida qolgan edi.
Kichik bir hodisa ushbu to‘qnashuvning boshlanishiga sabab bo‘ldi. Abu Sufyonning karvoni Shomdan qaytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muhojir va ansorlardan iborat 313-317 kishi bilan ularni to‘sish uchun chikdilar. Buni sezgan Abu Sufyon qurayshliklarni o‘z karvonlarini qutqarib qolishga chaqirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu xabarni eshitganlaridan so‘ng sahobalar bilan maslahat qildilar. Muhojirlar yaxshi so‘zlarni gapirishdi, ansorlar esa ularga yordam berajaklarini bildirishdi.
Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu: «Bizni qayoqqa boshlasangiz, shu yoqqa yuring. Alloh taologa qasamki, agar biz bilan birga dengizga sho‘ng‘iydigan bo‘lsangiz, birga sho‘ng‘iymiz», dedilar. U kishidan boshqalar ham shunga o‘xshash gaplarni aytishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlari yorishib ketdi. Ular yo‘lga chiqishdi.
Abu Sufyon karvonning yo‘lini o‘zgartirib, o‘tib ketdi. Lekin Abu Jahl baribir urushga chiqishga qattiq qasd qildi. U 950 nafar mushrik bilan kelib, Badrda lashkargoh qurdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Robblariga nusrat so‘rab duo qildilar. His-hayajonga to‘la tazarru ila yolvordilar. O‘sha vaqtda qilgan duolarining ichida «Allohim, menga bergan va’dangni O‘zing ro‘yobga chiqargin. Allohim, men va’dangdan umidvorman. Allohim, agar ushbu guruh halok bo‘ladigan bo‘lsa, Senga yer yuzida ibodat qiladigan hech kim qolmaydi», degan duolari ham bor edi.
Alloh taolo Oli Imron surasida marhamat qiladi:
«Ha (kifoya qiladi)! Agar sabr va taqvo qilsangiz, ular shu payt kelib qolsalar ham, Robbingiz sizga belgili besh ming farishta ila madad beradi» (125-oyat).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Badr kuni farishtalarning belgisi oq salla bo‘lib, pechini orqalariga tushirib olishgan ekan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarini sabr qilishga, sobit turishga chaqirdilar.
URUSHNING BOSHLANISHI VA UNING NATIJALARI
Shunday qilib urush boshlandi. Avvalo yakkama-yakka olishuvlar bo‘ldi. Alloh taolo farishtalarni mo‘minlar bilan birga urush qilish uchun tushirib, musulmonlarga nusrat berdi. Mushriklardan yetmish kishi o‘ldirildi va yetmish kishi asir olindi. Quraysh mushriklarining eng katta boshliqlari – Abu Jahl, Umayya ibn Xalaf, Utba, Shayba, Valid ibn Utba va boshqalar ham mana shu jangda o‘ldirildi. Mo‘minlardan esa o‘n to‘rt kishi shahid bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tushgan o‘ljalarni taqsimladilar. Ammo asirlar haqida Umar roziyallohu anhu maslahat berib: «Ularni o‘ldiraylik», dedilar. Abu Bakr roziyallohu anhu esa: «Ulardan tavon olib, ozod qilaylik», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr roziyallohu anhuning maslahatlarini qabul qildilar. So‘ng Alloh subhanahu va taolo rasuliga itob qilib, vahiy nozil etdi. Bu vahiy Umar roziyallohu anhuning fikrlariga mos edi.
Alloh taolo Anfol surasida shunday marhamat qiladi:
«Nabiy uchun yer yuzida zabardast bo‘lmagunicha asirlari bo‘lishi to‘g‘ri emas edi. Sizlar dunyoning o‘tkinchi narsasini iroda qilasizlar. Alloh esa oxiratni iroda qiladir. Va Alloh azizdir, hakimdir» (67-oyat).
Alloh taolo Anfol surasida ushbu g‘azotni sifatlab oyatlar nozil qilgan.
BADR G‘AZOTINING AHAMIYATI
Badr g‘azoti musulmonlar haqiqiy nusrat topgan g‘azotlardan hisoblanadi. Bu nusrat masalani hal qiluvchi nusrat bo‘lib, mazkur g‘azot esa Islomning kelajagi uchun asos bo‘ldi. Shuning uchun bu g‘azotni Qur’oni Karim «Furqon (ajrim) kuni» deb atadi, chunki ana shu g‘azot haq bilan botilning orasini ajratdi. Haq ahlini aziz, botil ahlini xor qildi. Anfol surasi mana shu g‘azot haqida nozil bo‘ldi hamda Islom ta’limotlarining daqiq taraflarini ham, urush haqidagi ta’limotlarni ham bayon qilib berdi. Misol uchun, dushman bilan muloqotga tayyorgarlik ko‘rib borish, saflarni birlashtirish, o‘zaro nizo qilmaslik, jang va og‘ir paytlarda sobit turish, Alloh taoloning O‘zini zikr qilish kabilar shular jumlasidandir.
Shuningdek, Badr g‘azotiga bog‘liq shar’iy hukmlar ham sura qamrovida nozil bo‘ldi. Misol uchun, ko‘pchilik bilan maslahat qilish, urush vaqtida moddiy maqsadlarning ortidan tushishdan ogohlantirish kabilar. Alloh taoloning kalomini yuqori qilishga doimo qattiq qiziqish kerakligi uqtirildi, qo‘lga tushgan o‘ljalarni taqsimlashdagi shar’iy hukmlar bayon qilindi. Mazkur holatlarning hammasi uchun Badr g‘azotining ahamiyati juda katta bo‘ldi.
MUNOFIQLARNING YUZAGA CHIQISHI
Badr urushidan so‘ng ayrim Madina mushriklari munofiqlik yo‘lini tutishdi. Ularning rahbari Abdulloh ibn Ubay ibn Salul edi. Endi ular Islomga qarshi maxfiy ish yurita boshlashdi.
KUDRDAGI BANU SULAYM G‘AZOTI
Shavvol oyining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Banu Sulaym qabilasi yashaydigan Kudr[3] diyoriga ikki yuz otliq bilan bordilar. Sababi Badr jangidan so‘ng Banu Sulaym va Banu G‘atafon qabilalarining Madinaga hujum qilish uchun kuch to‘plashayotgani haqida u zotga xabar yetib kelgan edi. Musulmonlarning kelayotganini eshitgan qabila a’zolari tum-taraqay bo‘lib qochib qolishdi.
BANU QAYNUQO’ G‘AZOTI
Banu Qaynuqo’ Madinaga ko‘chib kelgan yahudiy qabilalardan biri edi. Ular ahdnomani buzib, musulmonlarga tahdid solishdi. Shavvol oyining o‘rtasi, shanba kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni qamal qildilar va bu qamal o‘n besh kun davom etdi. Alloh subhanahu va taolo Qaynuqo’ ahlining qalbiga qo‘rqinch soldi va ular taslim bo‘lishdi. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulardan Madinadan ko‘chib ketishlarini talab qildilar va bu ish ro‘yobga chiqdi.
HIJRIY IKKINCHI YILDA BO‘LIB O‘TGAN BOSHQA HODISALAR
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orzu qilib yurgan ish sodir bo‘ldi: rajab oyining o‘rtasida Alloh subhanahu va taolo musulmonlarning qiblasini Masjidul Aqsodan Masjidul Haromga burdi.
Bu haqda Alloh taolo Baqara surasida bayonot bergan:
«Goho yuzingning osmonga tez-tez qayrilganini ko‘rurmiz. Seni o‘zing rozi bo‘lgan qiblaga bururmiz. Yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Qayerda bo‘lsangiz ham, yuzingizni u tomon buring» (144-oyat).
Bu ish yahudiylarga yoqmadi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarshi turli gaplarni to‘qishdi, ig‘vo tarqatishdi. Shunda Alloh subhanahu va taolo Baqara surasidagi keyingi oyatni nozil qildi:
«Agar kitob berilganlarga barcha hujjatlarni keltirsang ham, sening qiblangga ergashmaslar. Sen ham ularning qiblasiga ergashuvchi emassan. Va ular bir-birlarining qiblasiga ergashuvchi emaslar» (145-oyat).
Bu yilda ro‘za va zakot ibodatlari farz qilindi.
Shuningdek, haddlar – shar’iy jazolarni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish boshlandi.
Alloh subhanahu va taolo halol va haromni ajratishn farz qildi.
KЕYINGI MAVZULAR:
HIJRIY UCHINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR:
Uhud g‘azoti vauning sabablari;
Uhud g‘azoti haqida mulohazalar;
Hamroul Asad g‘azoti.
HIJRIY TO‘RTINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR:
Huzayl qabilasining adabini berish;
Abu Salama sariyyasi. Rajiy’ fojiasi;
Bi’ru Ma’una hodisasi;
Banu Nazir g‘azoti;
Va’dalashilgan Badr g‘azoti;
[1] G‘azot – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kibor sahobalardan birini o‘rinbosar qilib qoldirganlaridan so‘ng o‘zlari harbiy qo‘shinga bosh bo‘lib, biror yerga bir maqsad bilan borishlari (unda jang bo‘lgan-bo‘lmaganidan qat’i nazar).
[2] Sariyya – Rasululloh sollallohu alayxl vasallam biror maqsadni ko‘zlab, bir sahoba boshchiligida yuborgan maxfiy jangovar guruh (unda jang bo‘lgan-bo‘lmaganidan qat’i nazar).
[3] Madinaning janubi-sharqiy tarafida, 8 barid (177 km) uzoqlikda joylashgan.
Islom shariatida ijtihod (ya’ni shariat hukmlarini aniqlashda ilm va dalil asosida izlanish olib borish) juda muhim o‘ringa ega. Shariat o‘z samarasini berishi uchun shaxs, oila, jamiyat va ummat hayotida maqsadlariga erisha olishi uchun, u har tomonlama va har darajada ijtihodning amalga oshirilishiga muhtojdir. Bu — yangi masalalarda ijtihod bo‘ladimi, mavjud fikrlardan tanlab olinadigan ijtihodmi, umumiy yoki qisman, yakka tartibda yoki jamoaviy bo‘ladimi — barchasi shariat faoliyatida zarur sanaladi.
Ijtihodning turli ko‘rinishlari mavjud. Ulardan biri — qozilikdagi ijtihod bo‘lib, bu qozilar tomonidan amalga oshiriladi. Ayniqsa, islomda ijtihod faol davrlarda va hukmlar qonun sifatida rasman qayd etilmagan, qozilar majburiy ravishda ularga amal qilishga buyurilmagan davrlarda bu juda keng tarqalgan edi.
Ijtihodning yana bir shakli — qonunlashtirishdir. Ya’ni, fiqh hukmlarini huquqiy moddalar shaklida ifoda etish. Masalan, oila qonunchiligi, fuqarolik qonunchiligi, jinoyat qonunchiligi, ma’muriy va moliyaviy qonunchilik kabi sohalarda. Masalan, Usmonlilar imperiyasining oxirgi davrlarida hanafiy mazhabi asosida tayyorlangan mashhur "Majallatul ahkom" ana shunday qonunlar to‘plamining namunasi bo‘lgan. Bugungi kunda ham shariat hukmlarini yangi ijtihod asosida tartiblash mumkin, bu ijtihod umumiy ham bo‘lishi mumkin, yoki qisman, yangi yoki mavjud fikrlardan tanlangan holda bo‘lishi mumkin.
Bu amaliyot oila qonunchiligida (yoki "shaxsiy holatlar" deb ataluvchi sohada) amalga oshirilgan. Avvalida bu hanafiy mazhabi asosida bo‘lsa-da, keyinchalik to‘rt mazhab doirasiga kengaydi va yanada ilgarilab, islom fiqhining barcha imkoniyatlaridan bahra olishga o‘tildi. Bu yo‘lni Misrda al-Azhar shayxi — shayx Muhammad Mustafo al-Marog‘iy boshlagan, uni ba’zi mazhab mutaassiblari va taqlid tarafdorlari tanqid qilganlar, lekin u shariat dalillari bilan ularga munosib javob qaytargan.
Ijtihodning yana bir ko‘rinishi — fiqhiy tadqiqotdir. Bu islom ulamolari o‘z halqalarida shogirdlari bilan birga bajargan ishlar bo‘lib, masalalarni bayon qilish, savollarga javob berish va buni shariat matnlari, qoidalari va maqsadlari asosida olib borishni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda buni universitetlardagi professorlar yoki ilmiy daraja (magistrlik, doktorlik) ishini yozayotgan talabalar amalga oshirmoqdalar. Ana shunday izlanishlar asosida kitoblar yoziladi.
Ijtihodning yana bir shakli — fetvo berishdir. Fuqaholarga odamlar turli hayotiy masalalarda murojaat qilishadi va muftiy unga javob berishi shart, ayniqsa boshqa muftiy bo‘lmasa yoki u davlat tomonidan tayinlangan bo‘lsa. Muftiyning fatvosi tahqiq va ijtihod asosida bo‘lishi kerak, ya’ni real holatga mos ravishda qaror chiqariladi.
Har bir mazhabda voqealarga mos tushgan fatvolar kitoblari mavjud bo‘lib, ularda barcha fiqh bo‘limlari qamrab olingan. Bu kitoblar mazhab qoidalari asosida tuzilgan va "ahkamun navozil" (yangi masalalarga oid hukmlar) deb ham ataladi.
Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, fatvo zamon, makon, urf-odat va insonlarning ahvoliga qarab o‘zgarishi mumkin. Biz ham bu tadqiqotimizda fatvo beruvchi zamondosh ulamolar uchun ushbu omillarni e’tiborga olishni vojib, deb bildik. Ilg‘or zamon talabiga ko‘ra, oldingi ulamolar ta’riflagan to‘rt omilga yana olti omil qo‘shdik. Ya’ni, hozirgi zamonda fatvoning o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi o‘nta omil bor:
1. Makonning o‘zgarishi
2. Zamonning o‘zgarishi
3. Holatlarning o‘zgarishi
4. Urf-odatning o‘zgarishi
5. Ma’lumotlar o‘zgarishi
6. Insonlar ehtiyojining o‘zgarishi
7. Insonlar imkoniyat va iqtidorining o‘zgarishi
8. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sharoitning o‘zgarishi
9. Ommaviy muammolarning yuzaga kelishi
10. Fikr va qarashlar o‘zgarishi
Albatta, Islomda fatvo berish ulkan mas’uliyatdir. Bu vazifani ilmi va taqvosi yetarli bo‘lmagan odamlarga topshirish mumkin emas. Salafi solihlarimiz bu masalada juda qat’iy bo‘lishgan. Fiqhda va fikrda bilimsiz kishi fatvo bermasligi kerak. Imom Shotibiy shunday deydi: fatvo beruvchi kishi ummat ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rnida turadi — odamlarga Allohning shariati hukmlarini bayon qiladi. Imom Ibn al-Qayyim rahimahulloh fatvo beruvchi haqida shunday deydi: u Alloh taolo nomidan hukm chiqaradigan odamdir, xuddi podshoh va amirlar nomidan qaror chiqaradigan vakillar kabi. Shu sabab, u kishi “I’lom al-mo‘aqqiyn ’an Rabb al-’Alamiyn” (Olamlar Robbisi nomidan imzo qo‘yuqchilarni ogohlantirish) deb nomlangan kitobini muftiylar uchun yozgan.
Qur’oni Karimda Alloh taolo ba’zi masalalarda fatvoni O‘zi beradi. Masalan: “Sendan meros haqida so‘raydilar. Ayt: Alloh sizlarga kalala haqida fatvo beradi” (Niso surasi,176-oyat). “Ayollar haqida sendan so‘raydilar. Ayt: Alloh ular haqida fatvo beradi” (Niso surasi,127-oyat).
Qur’onda “So‘raydilar” degan ibora o‘nlab oyatlarda keladi. Alloh taolo unga “Ayt” (Qul) degan javob bilan murojaat qiladi. Masalan: “Sendan may ichimlik va qimor haqida so‘raydilar. Ayt: ularda katta gunoh bor…” (Baqara surasi, 219-oyat) va shunga o‘xshash oyatlar. Bu ham fatvo va fatvo berishning ahamiyati, ulug‘ligi va mas’uliyatini ko‘rsatadi. Allohning O‘zi fatvo bergan bo‘lsa, bu qanday ulug‘ ish!
Hech bir tadqiqotchiga sir emaski, musulmonlar — dunyodagi yagona ummatdirki, shariat hukmlari haqida savol beradi, ibodatlarida va muomalalarida halol-haromni aniqlamoqchi bo‘ladi. Boshqa bironta millatda — hatto kitobiy yoki butparast bo‘lsin — bunday intizom yo‘q. Shu sababli musulmon davlatlarda fatvo muassasalari tashkil etilgan. Shuningdek, ko‘pgina mamlakatlarda “Muftiy” lavozimi joriy etilgan. U ayrim mamlakatlarda diniy va ilmiy eng oliy mansab sanaladi. Misrda esa “Shayx al-Azhar” eng yuqori mansab hisoblanadi.
Shu tufayli, muftiyning shartlari, odoblari va fatvo so‘rovchining ham odoblari haqida kitoblar yozilgan, hozirgi zamonda esa fatvo masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy ommaviy axborot vositalari, televideniyelar paydo bo‘lganidan so‘ng “ijtimoiy tarmoq orqali fatvo beradigan” ba’zi shaxslar ko‘paydi, ular har qanday masalada o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatadi. “Bilmayman”, “Bu masala tahqiq talab qiladi”, “Kengash qilishim kerak” demaydi. Holbuki salafi solihlarimizdan biri aytganidek: “Kimki ‘bilmayman’ deyishda xatoga yo‘l qo‘ysa, u halokatga yuz tutgan bo‘ladi”.
Shu maqsadda biz avvalroq «Fatvo: intizom va beqarorlik o‘rtasida» nomli kitobimizni nashr etgan edik. Endi esa ushbu «Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar» nomli risolamizni taqdim etyapmiz. Bu orqali fatvo egalarini to‘g‘ri yo‘l — nurli sirotul mustaqim — bilan yurishga yordam berishni, imkoni boricha haq va to‘g‘rilikni izlab topishga undashni, haqiqatni aniqlash uchun harakat qilishni va eng oxirida muftiyning Allohdan tavfiq so‘rab, U zotdan ko‘mak so‘rashini istaymiz. Chunki salafi solihlardan biri shunday degan: “Agar bir masala sen uchun qiyin kelsa, ayt: ‘Ey Ibrohimga ilm o‘rgatgan Zot, menga ham ilm o‘rgat!’”. Alloh taolo shunday deydi: «Kimki Allohga iymon keltirsa, Alloh uning qalbini hidoyat qiladi» (Tag‘obun surasi, 11-oyat), «Kimki Allohga suyansa, bas u to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etildi» (Oli Imron surasi, 101-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bizga bunday duoni o‘rgatganlar: “Ey Jabroil, Mikoil va Isrofilning Parvardigori! Osmonlar va yerning yaratuvchisi! Yashirin va oshkora narsalarning bilguvchisi! Sen bandalaring o‘rtasida kelisha olmayotgan masalalarda hukm chiqarasan. Sening izning bilan menga haq yo‘lni ko‘rsat, chunki Sen istagan kimsani to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etasan”.
Yevropa Fatvo va Tadqiqotlar Kengashining Bosh kotibiyati mendan uning madaniy risolalar silsilasiga muqaddima sifatida bir risola yozishimni so‘radi. Men esa mana shu risolani tanladim. Umid qilamanki, bu risola ko‘zlangan maqsadga xizmat qiladi, musulmonlarni umuman, ayniqsa, ozchilikda yashayotgan musulmonlarni fahm va hidoyatga yetaklaydi. Niyatimiz Alloh uchun. Uning O‘zi bizga yetarli va qanday yaxshi vakildir U.
Allohga muhtoj bandasi —
Yusuf al-Qarazoviy
Do‘ha shahri,
Rabi’ us-soniy, 1428 hijriy
May, 2007 milodiy
Homidjon domla Ishmatbekov
tarjimasi