Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ramazon oyida o‘zining vaqtini va molini Allohning toatiga sarflagan aqlli musulmon o‘ziga eng muhim savolni berishi kerak, bu ham bo‘lsa «Ramazon oyidan so‘ng nima qilaman?» degan savoldir.
Ey birodar bilingki, Alloh taolo yaxshilik eshiklarini yil davomida oson va yengil holda ochib qo‘yadi. Baxtli inson bu yaxshiliklardan o‘z nasibasini olishga shoshilgan insondir. Shuning uchun Allohdan muvaffaqiyat so‘ragan holda quyida o‘zimga va birodarlarimga Ramazondan keyingi ba’zi yaxshilik eshiklarini eslatib o‘tishni xush ko‘rdim:
Kechalari qoim bo‘lishni davom ettirish
Namoz bu banda va uning Robbisi o‘rtasidagi rishtadir. Agar musulmon taroveh namozi va Ramazonning oxirgi o‘n kunligidagi ibodatlarga odatlangan bo‘lsa Ramazondan keyin ham kechalari namoz o‘qish unga oson bo‘ladi. Kechasi banda o‘z Robbisi bilan yolg‘iz qoladi. Bundan foydalanib unga istig‘for aytadi va Allohdan dunyo va oxirat hojatlarini so‘raydi. Ey birodar, agar kechasi tura olmasangiz uyqudan avval bir necha rakat namoz o‘qing va bilingki kechasi ibodat qilish solihlar va Allohga muxlis bo‘lgan zotlar odatidur. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur (ya’ni, tunlarni ibodat bilan o‘tkazishib, oz uxlaydilar). Ular Parvardigorlariga qo‘rquv va umidvorlik bilan duo-iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar”. (Sajda surasi, 16-oyat).
Va yana bir oyatda: “Albatta taqvodor zotlar (u Kunda) Parvardigor o‘zlariga ato etgan narsalarni (ajr-mukofotlarni) qabul qilgan hollarida jannatlar va chashmalar ustida (bo‘lurlar). Zero, ular bundan ilgari (ya’ni, hayoti dunyodalik chog‘larida) chiroyli amallar qilguvchi edilar. Ular kechadan ozgina (fursatgina) ko‘z yumar edilar. Va saharlarda ular (qilgan sahvu-xatolari uchun Parvardigordan) mag‘firat so‘rar edilar. (Vaz-Zoriyot surasi 15-19 oyatlar).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oyoqlari qavarguncha kechasi qoim bo‘lardilar. Shunda Oisha roziyallohu anho: Ey Rasululloh nega unday qilasiz axir Alloh sizning oldingiyu keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilganku – dedi. u zot, shukr qiluvchi banda bo‘lmishni yaxshi ko‘rmaymanmi» derdilar. Yoshlari ulg‘ayganda o‘tirib o‘qirdilar, ruku’ qilishni holasalar o‘rnilaridan turib ruku’ qilardilar.
Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Salomni tarating, taomni tarqating, insonlar uxlab yotganda kechasi namoz o‘qing, salomatlik-la jannatga kirursiz”.
Termiziy rivoyat qilgan.
Yaxshi-yomon kunlarda ko‘p duo qilish.
Ramazon oyida iftor vaqtida duo qilishga o‘rgangan musulmon Ramazondan keyin ham yil davomida duoni kanda qilmasligi kerak. Shuningdek har-bir musulmon banda Alloh taologa xolisona yaxshi-yomon kunlarda qilingan duolarni qaytarmasligini bilishi kerak. Bu narsani Alloh taolo quyidagi suralarda bayon qildi: “(Ey Muhammad alayhissalom), bandalarim sendan men haqimda so‘rasalar, men (ularga) yaqinman. Menga duo qilgan paytlarida duogo‘ylarning duosini ijobat qilaman. Bas, ular ham mening da’vatimga javob qilsinlar va menga iymon keltirsinlar. (Shunda) shoyad to‘g‘ri yo‘lni topsalar”. (Baqara surasi 186 – oyat). “Yoki muztar-nochor odam duo-iltijo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan va (uning) mushkulini oson qiladigan hamda sizlarni yerning xalifa-egalari qiladigan Zotmi?! Alloh bilan birga yana biron iloh bormi?! Kamdan-kam eslatma-ibrat olursizlar!” (Naml surasi 62 – oyat). “(Ey insonlar), Parvardigorlaringiz: "Menga duo-iltijo qilinglar! Men sizlarga (qilgan duolaringizni) mustajob qilurman. Albatta Menga ibodat qilishdan kibr-xavo qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannamga kirurlar", dedi.” (G‘ofir surasi 62 – oyat).
Nu’mon ibn Bashiyr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Duo bu ibodatdur”- dedilar. sahih Abu Dovud.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Banda Allohga sajda holatida eng yaqin bo‘ladi, (shu holatda) duoni ko‘paytiringlar”- dedilar.
Muslim rivoyat qilgan.
Qur’on tilovati va uni yod olish.
Ramazonda Qur’onni tilovat qilib uning ba’zi qismlarini yod olishni odat qilgan birodarim, bu ishingizga yilning boshqa davrida ham amal qiling. O‘zingizga Qur’onni ma’lum qismini tilovat qilib uning ba’zi qismini imkoningiz qadar yod olishni belgilab oling. Alloh taolo bu amalning fazilati haqida Qur’oni karimda shunday deydi:
“Albatta Allohning Kitobini (Qur’onni) tilovat qiladigan, namozni to‘kis ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq-ehson qiladigan zotlar hargiz kasod bo‘lmaydigan oldi-sotdidan (ya’ni, ulardan yaxshi amal va infoq-ehson, Allohdan ijru-mukofot bo‘lishidan) umidvordirlar, zero, (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O‘z fazlu-karamidan ularga yana ziyoda (mukofotlar) ham berur. Albatta U Mag‘firatli va o‘ta Shukr qilguvchidir (ya’ni, ozgina yaxshi amal uchun ko‘p mukofot ato qilguvchidir)”. (Fotir surasi, 29-30 oyatlar).
Abu Umoma Al-Bohiliydan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni - “Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni egasiga shafoatchi bo‘lib keladi” deganlarini eshitdim. Muslim rivoyat qilgan.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kimda kim Alloh taolo kitobidan bir harf o‘qisa bitta yaxshilik yoziladi va bu yaxshilik o‘n misliga ko‘paytiriladi, Alif Lom Miym xarf demayman, lekin Alif xarf, Lom xarf, Miym xarf” dedilar.
Termiziy rivoyat qilgan.
(Davomi bor)
Manba: islamtoday.net
Muhammadali tarjimasi
Manba: https://islom.uz
Muqaddas dinimizning ikkinchi manbasi bo‘lgan Sunnatda ham vatan tushunchasi va unga bo‘lgan muhabbat borasida talaygina hadislar kelgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytayotib Madina ko‘chalarini ko‘rgan vaqtlarida tuyalarini tezlatardilar. (Ot, xachir kabi) ulovda bo‘lsalar, uni niqtardilar”.
Abu Abdulloh aytadi: «Horis Ibn Umayr Humaydning “Ulovni uni (Madinani) sevganlaridan niqtardilar” rivoyatini ziyoda qilgan» (Imom Buxoriy rivoyati).
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz hajini ado qilsa, ahliga qaytishga shoshilsin. Chunki shunday qilishi ajrini ko‘paytiradi”, dedilar» (Imom Doraqutniy, Hokim va Bayhaqiy rivoyati).
Sharh: Alloma Munoviy[1] rahmatullohi alayh “Fayzul Qodir” kitobida hadisni quyidagicha sharhlagan: “(Vatanga) shoshilish – mustahab. “Ahl”dan murod esa vatandir, garchi u yerda ahli (oilasi) bo‘lmasa-da, kelishi bilan do‘stlari, ahllariga surur bag‘ishlagani uchun “shunday qilishi ajrini ko‘paytiradi”. Vatanda istiqomat qilishda boshqa joyga qaraganda ibodatga (oid) vazifalarni bajarish oson bo‘ladi. Bu Islom asoslaridan biri bo‘lgan haj borasida shunday deyilgan bo‘lsa, boshqa, ayniqsa, mustahab (arab. – “sevilgan”, “yoqtirilgan”) – shar’iy amal; uni bajargan kishi savob oladi, bajarmagan kishi gunohkor bo‘lmaydi) va muboh (arab. – “umumiy”, “ixtiyoriy” ish-harakat) – shariat tomonidan mukallaf kishiga qilish yoki qilmaslik ixtiyori teng berilgan amal) safarlarda (o‘z vataniga shoshilishi birinchi navbatda) talab qilinadi. Mana shu hadisdan Abu Hanifa rahmatullohi alayh Makkani qo‘shni tutish makruh (arab. – “rad etilgan”, “qoralangan”, “nomaqbul”) shariat hukmlaridan biri. Qat’iyan taqiqlanmagan, biroq nomaqbul hisoblangan va rad etilgan amal. Makruh ikki xil bo‘ladi, degan hukmni olganlar”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Safar azobning bir bo‘lagidir. Sizlarni taom, sharob va uyqudan to‘sadi. Qay biringizning safardan maqsadi hosil bo‘lsa, ahliga shoshilsin”, dedilar» (Muttafaqun alayh).
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uch kishining: ota, musofir va mazlumning duosi ijobat qilinadi”, dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Sharh: Alloma Munoviy rahmatullohi alayh “Fayzul Qodir” kitobida yozadi: “Uch kishining: otaning farzandga, musofirning va mazlumning zolimga qilgan duosi ijobat bo‘ladi. Safar vatandan uzoq, g‘urbatda bo‘lish, mashaqqatlarni boshdan kechirish sababli qalbda siniqlik paydo qiladi. Siniqlik duo ijobat bo‘lishining eng katta sabablaridan biri. Mazlum esa nochordir”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mevaning avvali keltirilar edi. Shunda u zot: “Allohumma barik lana fi madinatina va fi samarina va fi muddina va fi so’ina barokatan ma’a baroka” duosini aytardilar. So‘ngra uni hozir bo‘lgan bolalarning eng yoshiga berardilar» (Muslim rivoyati).
Duoning tarjimasi: “Allohim! Bizning shahrimizga, mevamizga, muddimizga va so’imizga baraka ustiga baraka ber“. (Mud va so’ – hajm o‘lchov birliklari).
"Islomda vatan tushunchasi" kitobidan
[1] Alloma Munoviy. To‘liq ismi: Zaynuddin Muhammad Abdurrauf ibn Tojulorifin ibn Ali Zaynul Obidin Haddodiy Munoviy Qohiriy. Milodiy 1545, hijriy 952 yilda tug‘ilgan. Milodiy 1622, hijriy 1031 yilda Qohirada vafot etgan. Qomusiy olimlardan. Alloma Munoviy parhezkor, kam ovqat, kam uyqu zotlardan edi. 80ga yaqin kitob muallifi. Yozgan kitoblari: “Kunuzul haqoiq” (hadis haqida), “Fayzul Qodir sharhu jomeis sag‘ir” va boshqalar.