Yetmish besh kun. Bu kunlar davomida zamin ahli qatori bizning yurtimizda ham musibat – pandemiya “bulut”lari xalqimiz salomatligiga xavf solib turibdi va afsuski bu davom etmoqda.
Bir muddat mutaxassislar va shifokorlar talabiga binoan uyda qoldik, tozalikka jiddiy e’tibor qaratdik, o‘zimizni turli nafsimiz buyurgan istaklardan tiygan edik Alloh taolo mushkulotimizni biroz yengillatib, vaboni yiroqlatgandek bo‘ldi. Ammo, yengilliklarni noto‘g‘ri tushungandek, go‘yo kasallik tugadi degandek beparvo bo‘ldikmi...
So‘ngi xafta davomida kasallikka chalinganlar soni yana orta boshladi. Sergak torttiradigan tomoni shundaki kasallik mahalliy aholi orasida ham aniqlanmoqda.
Karantin. Bu so‘z ayni damda hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi. Kichik yoshdagi farzandingiz ko‘chaga chiqaib o‘ynaylik desa, karantin deb javob berasiz. Ayolingiz bozorga boriaylik desa karantin deysiz. O‘g‘lingiz o‘rtoqlarining yoniga chiqayin desa yana karantin deysiz. Xullas, oilangiz va o‘zingiz uchun karantin anchagina cheklov bo‘lmoqda. Bunday hol dilingizni xira qilishi aniq. Lekin, bir o‘ylab ko‘rsak karantin bizning salomatligimiz, hayotimiz uchun suv bilan havodek o‘ta zarur narsa ekanligini his etamiz.
Sabr. Shu damda biz uchun faqatgina sabr yordamchi va najot yo‘li bo‘la oladi. Chunki, musulmon uchun sabr Alloh taolo maqtagan va Payg‘ambar alayhissalom tavsiya etgan xislatlarning eng a’losidir.
Ulamolar aytadi:
Demak, biz yaxshi kunlarimizda bo‘lgani kabi musibat chog‘larida xam sokinlik ila, tafakkur va tadabbur bilan sabr qilmog‘imiz lozim.
Sabrning o‘zi yetarlimi? Yo‘q albatta. Asosiy qiladigan ishimiz Allohdan balolarni tezroq aritishi uchun yordam so‘rashimiz kerak. Zero, Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimning Baqara surasi 45 oyatida mushkul vaziyatda nima qilishimiz haqida ta’kidlagan:
“Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir”.
Demak, Allohdan yolvorib, ibodatlarimizda yurtimizga tinchlik va xalqimizga ofiyat so‘rab duo qilishimiz kerak ekan.
Shundan so‘ng ham sinov-imtihon davom etsa, buning hikmati borligini idrok qilib, hamma narsa Allohning xohishi bilan bo‘lishiga iymon keltiramiz. Allohning rahmati va ofiyati yetishini kutamiz.
Alloh taolo “Luqmon” surasining 17 oyatida shunday marhamat qiladi:
“Ey o‘g‘ilcham, namozni to‘kis ado qil, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytar va o‘zingga yetgan musibatga sabr qil. Albatta, bular azm etilajak ishlardandir”.
Hadisi shariflardan birida esa Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hech kimga sabrdan ko‘ra yaxshiroq va kengroq ato berilmagan”, dedilar”. Beshovlari rivoyat qilgan.
Azizlar! Davlatimiz rahbari boshchiliklarida xalqimiz salomatligi va pandemiya sharoitidagi ijtiomiy-iqtisodiy holatlarini yaxshilash bo‘yicha tunu-kun hukumat tomonidan turli tadbirlar amalga oshirilayotgan bir paytda, bizning havoyi nafsimiz va istaklarimizga quloq solib, zerikishni bahona qilib, ko‘cha-ko‘yda zaruratsiz yurishimiz, oshna-og‘ayingarchilik, sayru-sayohat, chigal yozdi, o‘yin-kulgularga berilishimiz nechog‘lik to‘g‘ri bo‘lar ekan?
Axir kim kafolat beradi yonimizdagi sherigimizning virusga chalinmaganiga yoki ko‘cha ko‘yda virus yuqtirib olmasligimizga...
Yana bir muddat SABR qilaylik! Insha Alloh hammasi iziga tushadi. Butun dunyo shu qatorda bizning davlatimiz ham mazkur vaboga qarshi jiddiy kurashmoqda. Bizdan esa faqat uyda qolish, ortiqcha ko‘chaga chiqishdan tiyilish va nafsimizga ko‘pam quloq solmaslik talab etilyapti xolos!
“Amal qilguvchilarning ajri qanday ham yaxshi! Ular sabr qilgan va Robbilarigagina tavakkul qiladigan zotlardir” (Ankabut surasi 58-59 oyatlar)
Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi
HAROM OYLARDA RO‘ZA TUT!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini bukib ochib ko‘rsatdilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
HADIS SHARHI
Ulamolar hadisni bunday sharhlaydilar: “Ushbu harom oy (ashhurul hurum)larda ro‘za tutishga da’vat etadi va uch kun ro‘za tutib, uch kun qoldirishga ishora qiladi. Rajab oyi ham harom oylardan biri hisoblanadi”.
HAROM OYLARI TO‘RTTADIR
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir” (Tavba surasi, 36-oyat).
BU OYDA RASULULLOH ﷺ QANDAY RO‘ZA TUTARDILAR?
Usmon ibn Hakim roziyallohu anhu aytadi: “Said ibn Zubayrdan rajab oyida turganimizda bu oy ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik, deyayotganini eshitganman” dedi.
RAJAB OYIDA RO‘ZA TUTUVCHILARGA QASR QURILADI
Abu Qiloba roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor”.
BIR KUNLIK RO‘ZANING MUKOFOTI
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
SAHARLIK-IFTORLIK VAQTI
06 yanvar – dushanba
Saharlik vaqti (og‘iz yopish): 06:24
Iftorlik vaqti: (og‘iz ochish) 17:12
QANDAY NIYAT QILINADI?
Niyati: Xolis Alloh uchun rajab oyining ro‘zasini tutishni niyat qildim.
Davron NURMUHAMMAD