TA’ZIYA BILDIRISH ODOBI
Ushbu odob borasida muhtaram ulamolarimiz, ustozlarimiz bitgan juda ko‘p mo‘tabar manbalar bor. Bunday holatga har bir musulmon farzandi uchrashi tabiiy bir hol bo‘lgani uchun ham unga bu odobni singdirmoq lozim. Inson hayot ekan, o‘lim soya solib turadi. Har bir kishi ota-onasi, yaqini, qadrdoni, azizi yoki do‘stu birodarini bir kun kelib yo‘qotadi. Shu vajdan musibatzada xonadonga borib ta’ziya bildirmoqning o‘ziga xos tartib-qoida va odob-axloqlari mavjud bo‘lib, ularni o‘rnida qo‘llash lozimdir.
Musibat yetgan holatda
Agar bir kishi birodarining vafot etganini eshitsa: «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un», deyishi kerak.
Ahli musibatga xoh dafndan ilgari, xoh dafndan so‘ng, ta’ziya izhor qilish mustahab. Imom Muhammad (rahmatullohi alayh) nazdilarida, ta’ziya uch kungacha joiz. Undan so‘ng makruhdir.
Tobut olib ketayotgan kishilarga sukut vojibdir. Bu holda zikr va fikrga mashg‘ul bo‘lish mustahab. Lekin zikr jahriy (baland) qilinmaydi. Ayollarning tobut orqasidan chiqishlari makruhdir.
Ahli musibat quyidagilarni aytadi va sabr qiladi: «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un. Allohumma ajirni fi musibati va axlifli xoyron minho».
Ahli musibat ovoz ko‘tarib yig‘lamasligi lozim bo‘ladi. Hadisi sharifda kelishicha, ahli musibatning ovoz chiqarib yig‘lashidan mayyit azob tortadi.
Mayyitni ko‘mganidan so‘ng har kim o‘z ishiga ketadi. Bir yerda yig‘ilishib o‘tirilmaydi, chunki bu mayyit uchun yomondir.
رَوَى ابْنُ مَاجَةَ وَالْبَيْهَقِي عَنْ عَمْرِو بْنِ حِزامٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَا مِنْ مُؤْمِنٍ يُعَزِّي أَخَاهُ بِمُصِيبَةٍ إِلاَّ كَسَاهُ اللهُ عَزَّ وَجَلَّ مِنْ حُلَلِ الْكَرَامَةِ
Ibn Moja va Bayhaqiy Amr ibn Hizomdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Mo‘min kishi musibat yetgan birodariga ta’ziya bildirsa, Alloh azza va jalla uni azizlik libosi bilan bezaydi”, dedilar.
Dafn marosimidan oldin bo‘ladimi yoki uch kunlik aza davomida, ahli mayyitlarning barchalariga ta’ziya bildirish joiz bo‘ladi. Ammo imkon qadar eshitishi bilan darhol ta’ziya izhor qilishga shoshilish lozim. Biroq safarda yoki shunga o‘xshash sabablar tufayli kechikkan odam uch kundan keyin ham ta’ziya bildirishi mumkin.
Ulamolar mayyitning yosh qiziga va ayoliga ta’ziya bildirish faqat mahramlariga joiz deganlar.
Ta’ziya so‘zlarini aytish
Imom Navaviy “Azkor” nomli kitobida keltiradi:
Ta’ziya bildirishning eng yaxshisi Usoma ibn Zayddan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) qizlaridan biriga uning farzandi vafot etgani haqida xabar berish uchun bir kishini yubordi. Xabarchiga: «Borib aytgin, albatta, Alloh o‘zi berib, yana o‘zi oldi, har narsaning o‘z ajali bordir”, deb uni sabrga buyurgin va u albatta savob oladi...» dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Imom Navaviy hazratlari aytadi:
Ta’ziya lafzida man qilingan lafz yo‘q, ya’ni har qanday tasalli beradigan so‘z bilan ta’ziya bildirish mumkin.
Ammo sahobalar ta’ziya bildirishda: “Alloh ajringni ulug‘ qilsin, sabringni go‘zal qilsin va vafot etganni mag‘firat qilsin”, deyishni mustahab sanaganlar.
Musibat ahliga taom pishirish mustahab
Islom shariati azador xonadon ahliga taom pishirib berishni mustahab hisoblaydi. Chunki bu amalda ko‘p yaxshiliklar, saxovat, mehru oqibat mavjudligi bois o‘tgan salaflarimiz va ajdodlarimiz odat tusiga kirgizganlar. Qolaversa, mayyit sohiblari musibat tufayli toliqishgan va aza kunlari (uch kun) ta’ziya bildiruvchilar tashrifi bilan band bo‘ladilar.
رَوَى أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَةَ عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ جَعْفَرٍ قَالَ: “ قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: اصْنَعُوا لِآلِ جَعْفَرٍ طَعَامًا ، فَإِنَّهُ قَدْ أَتَاهُمْ أَمْرٌ يَشْغَلُهُمْ”
Abdulloh ibn Ja’far (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ja’far oilasiga taom pishiringlar, chunki boshlariga ularni band qilib qo‘yadigan ish tushdi”, dedilar (Abu Dovud va Ibn Moja va Termiziy rivoyati).
Barcha mazhab ulamolari mayyit ahllariga janoza va aza kunlarida ta’ziya bildirish uchun tashrif buyurganlar uchun taom pishirishning makruhligiga ittifoq qilganlar.
Jarir (roziyallohu anhu): “Mayyitni dafn qilganidan so‘ng mayyit ahliga yig‘ilib turishni va taom pishirishni o‘lganga dod solib yig‘lashdan deb hisoblardik”, dedi.
Diyorimizning ko‘pgina hududlarida hali-hanuz ushbu bid’at amal barham topmayapti. Mayyitning yaqin qarindosh-urug‘lari yig‘ilishib, o‘zlaricha “azadorlik” liboslarini kiyib, bir necha kun mobaynida tirikchiligu barcha zarur ishlarni tashlab, shu xonadondan ketmaydilar. Buning ustiga davra bo‘lishib, ayollardan biri aytib turib, boshqalari uvvos solib, jo‘r bo‘lib dod-faryod etishlari shakkoklikning bir ko‘rinishidir. Ayniqsa, shariat qonun-qoidalarini oyoqosti qilib, hatto hali mayyitga janoza o‘qilmasdan, qo‘y-mollarni so‘yib, go‘yoki to‘y ziyofatini tayyorlayotganidek, taomlar pishirishni boshlab yuboradilar. Kezi kelganida aytib o‘tishimiz joiz, mayyit chiqqan xonadon “albatta qilishi lozim” ma’nosida singib ketgan “uch, yetti, yigirma, qirq, yil oshi” kabi ma’rakalar haqida biror kitob va manbalarda xabar bitilmagan. Islomga taalluqli hech bir o‘rinda e’tirof etilmagan. Bir imom-domla shunday voqealardan birini hikoya qildi:
Bir yigit oldimga kelib: “Taqsir, falon kuni soat o‘n birda otamga yiloshi bermoqchimiz, shuni o‘zingiz o‘tkazib bersangiz”, dedi. Men unga: “Uka, avvalo “yiloshi” degan ma’raka bid’atdir. Otangiz yoki biror o‘tganlarning ruhini chin ma’noda shod etmoqchi bo‘lsangiz, isrofgarchiliksiz, ixchamgina, shariatimiz ko‘rsatmalariga mos tarzda, Alloh rizoligi yo‘lida, savobini o‘sha o‘tganlarga niyat qilib baxshida etiladi va Yaratgandan duoi iltijolar qilinadi. Savobi ko‘proq yana bir yo‘li bor: qarindosh, mahalladoshlar orasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, mehrga muhtoj yolg‘iz qariyalar bo‘lsa, ana o‘shalarga yordam qilinsa, nur ustiga nur bo‘ladi. Niyat qanchalar xolis bo‘lsa, inshaalloh, Yaratgan buni inobatga olib, dargohida qabul bo‘ladi”, deb maslahat berdim.
Shunda yigit:
Bu hozirgi kunda ro‘y berayotgan voqealardan biri, xolos. Diyorimiz bo‘ylab, shukrlar bo‘lsin, ikki mingdan ziyod jome masjidlar faoliyat yuritib, ularning har birida ma’lumotli, ilmli, saviyasi yuqori imom-xatib va noibi imomlarimiz xizmat ko‘rsatib turibdi. Ushbu imom-domlalarimiz tomonidan tushuntirib va uqtirib borilayotgan, bajarilishi lozim bo‘lgan farz, vojib, sunnat amallarga e’tibor ham bermasdan, biror-bir mo‘tabar kitoblarimizda zikr etilmagan, ilmli insonlar aytmagan bu kabi bid’at amallar turmushga singib ketgani kishini tashvishlantiradi. Bugunimiz va kelajagimiz egalari bo‘lgan aziz farzandlarimizni shunday tarbiya qilaylikki, ular bu bid’atlar Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) bizlarga bergan ta’limotlariga va Islom dini odoblariga zid ekanini qalblari ila anglasinlar. Ana shundagina xalqimiz bu kabi illatlardan xalos bo‘ladi.
Ta’ziya izhor qiluvchining odobi
Ta’ziya bildiruvchi amal qilishi lozim bo‘lgan odob qoidalari quyidagilardir:
– Qur’oni karim tilovat qilinayotganida sukutga cho‘mib eshitish;
– ta’ziya qabul qiluvchilarga musibatga xos so‘zlar bilan hamdardlik bildirib, tasalli berish;
– janoza namozi o‘qilgunga qadar biroz muddat turish yoki o‘tirishni vaziyat taqozo etsa, sohiblar ko‘rsatgan joyga o‘tib, ma’yus qiyofada bo‘lish.
Ta’ziya izhor qiluvchi quyidagi harakatlardan saqlanadi:
– kulishdan, tabassum qilishdan yoki hazil xatti-harakatdan;
– hamdardlik bildirishda noo‘rin so‘zlarni aytishdan. “Suyangan tog‘dan ayrilibsizlar”, “Beajal ketibdi bechora”, “Attang, o‘ladigan yoshda emasdi” qabilidagi gaplarni aytish shar’an nojoiz, uni aytgan kishi gunohkor bo‘ladi.
– ta’ziya izhor qiluvchilar aza xonadonida uzoq qolib ketmaydilar.
Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) Fotimaga (roziyallohu anho): “Ey Fotima, nima seni uyingdan chiqardi?” dedilar. Shunda Fotima (roziyallohu anho): “Bu mayyitning ahliga bordim, ularga rahmat tiladim va ularga hamdardlik izhor etdim”, dedi (Abu Dovud va Nasoiy rivoyati).
Qaytarilgan narsani ko‘rganida
yaxshilikka buyurish
Ta’ziya izhor etuvchi nogahon azador xonadonda mayyit suratini osish, Qur’on o‘qiliyotgan paytda shovqin solish, tamaki yoki nos chekish, g‘amgin musiqa chalish va tashrif buyurganlarga ziyofat tashkil etishga o‘xshash shariatda man etilgan holatni ko‘rsa, undan mayyit ahllarini qaytarishi kerak. Bunday vaziyatlar bo‘lsa, mayyit sohiblarining qalblariga ozor bermasdan, muloyimlik bilan dinimizga zid amal ekanini tushuntirish va bu bid’atlarni bartaraf etish kerak.
Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kishi o‘zini tahqirlamasin”, dedilar. “Yo Allohning rasuli, kishi o‘zini qanday tahqirlaydi?” deyishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “U aytish kerak bo‘lgan narsani ko‘rib, aytmaydi. Shunda Alloh taolo qiyomat kuni: “Mening yo‘limda shunday, shunday deyshingdan seni nima qaytardi?” deydi. U esa: “Odamlardan qo‘rqish”, deydi. Alloh taolo: “Mendan qo‘rqishing haqli edi”, deydi”, dedilar» (Ibn Moja rivoyati).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) as'hoblarini itoat etishga va har muslimga nasihat qilishga bay’at qildirdilar.
Jarir (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
“Men Payg‘ambarga (sollallohu alayhi va sallam) itoat qilishga va har bir musulmonga nasihat qilishga bay’at qildim”, dedi (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Jarir ibn Abdullohdan rivoyat qiladi.
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim gunoh qilayotgan qavm ichida bo‘lib, uni o‘zgartirishga qodir bo‘lib, o‘zgartirmasa, Alloh ularga o‘lmasdan turib, azobini yetkazadi”, dedi» (Abu Dovud rivoyati).
Albatta, yaxshilikka buyurish shirinsuxanlik, chiroyli mav’iza va hikmatli uslubda bo‘lishi kerak. Shuning uchun kishilarning nomaqbul, turli fitnalarni qamrab olgan ishlarini tuzatishda ham qo‘pollik qilmasdan, ularning dillarini og‘ritib qo‘ymasdan, aqlli va tadbirli bir yo‘l topaylik, natijada u odamlar noto‘g‘ri yo‘ldan qaytargan kishidan nafratlanmasdan, aksincha, ta’sirlanib, o‘sha insonga nisbatan yanada mehri tovlansin. Bol kabi totli, suv kabi muloyim va shamshir misol o‘tkir hikmatli so‘zlar bor, bunday jozibali so‘zlar eshituvchini tamoman boshqa insonga aylantiradi. Ayni masalada ham salaflarimizning ibratli hayotlariga nazar solamiz.
Mo‘g‘ullar istilosi paytida Boyazid Bistomiy hazratlari yo‘lda ketayotsalar, qarshilaridan mo‘g‘ul zobitlaridan biri chiqib qoldi. Bistomiy hazratlariga: “Yo‘limdan qoch, ey it”, deb haqorat qildi. Shunda Boyazid Bistomiy hazratlari yo‘l chetiga ohista o‘tdilar-da, Islom ahlining yetuk namoyandalariga xos bo‘lgan nazokatu fasohat bilan: “To‘g‘ri aytasiz, agar insonda Islom bo‘lmasa, siz aytgan itdan ham battar bo‘lardi”, dedilar. Zobit to‘rt-besh qadam tashladi-da, dod solib o‘zini otdan yerga tashlab, Boyazid Bistomiy hazratlari ro‘paralariga keldi va: “Bunchalar yoqimli gap, yana bir bora ayting”, deb yolvordi. Hazrat ko‘rdilar, uning yuzlarida bir muddat oldin aks etgan yovuzlikdan asar ham yo‘q, o‘rnida endi balqimoqchi bo‘layotgan nur yanglig‘ holat paydo bo‘lgan edi. Boyazid Bistomiy hazratlari aytgan gaplarini takrorladilar. Zobit tiz cho‘kib o‘tirgan ko‘yi bir muddat o‘ylanib, so‘ngra ko‘zlariga yosh kelib: “Menga diningizdan xabar bering”, dedi va musulmon bo‘ldi.
Darhaqiqat, Boyazid Bistomiy hazratlarining yuzlarini munavvar qilib porlab turgan imon nurlariyu mukammal imonlari ila limmo-lim bo‘lgan latif qalblaridan otilib chiqqan, hikmatga yo‘g‘rilgan bu nafis so‘zlar zobitning qalbiga bemisl yog‘du olib kirdi. Bu imon yog‘dusi shu’la sochib, kufr, zalolat, zulm va Islom ahliga bo‘lgan cheksiz adovatni parcha-parcha qildi.
Zero, Qur’oni karimda ham bunday ta’lim berilgan:
ٱدۡعُ إِلَىٰ سَبِيلِ رَبِّكَ بِٱلۡحِكۡمَةِ وَٱلۡمَوۡعِظَةِ ٱلۡحَسَنَةِۖ وَجَٰدِلۡهُم بِٱلَّتِي هِيَ أَحۡسَنُۚ
«(Ey Muhammad!) Rabbingizning yo‘li (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat eting! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!..» (Nahl, 125).
AKSA URISH VA ESNASH ODOBI
Ushbu odob qoidalarini o‘z ichiga olgan hadisi muborak bilan batafsil tanishamiz.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): «Biror kishi aksa ursa, “Alhamdulillah” desin, uni eshitgan kishi “Yarhamukallohu” desin. Agar aksa urgan kishiga “Yarhamukallohu” desa, u “Yahdikumullohu va yuslih balakum” desin», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadislardan aksa uruvchi “Alhamdulillah” yoki “Alhamdulillahi Rabbil olamin” yoki “Alhamdulillahi ala kulli hol” deyishi lozim bo‘ladi. Do‘st unga “Yarhamukalloh” deyishi kerak. Unga aksirgan birodari “Yahdikumullohu va yuslih balakum” yoki “Yag‘firallohu lan va lakum” deyishi, musulmon kishi bu so‘zlarni yodlab olishi lozim.
Aksa uruvchi hamd aytmasa, unga tashmit aytmaslik
Abu Muso (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Biror kishi aksa ursa va Allohga hamd aytsa unga yaxshilikni tilanglar. Agar Allohga hamd aytmasa, bas, unga yaxshilikni duo qilmanglar”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ikki kishining biriga yaxshilikni duo qildilar va ikkinchisiga duo qilmadilar. Yaxshilik duo qilinmagani “Nega falonchiga yaxshilikni duo qildingiz, menga duo qilmadingiz?” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “U Allohga hamd aytdi va sen aytmading”, dedilar» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Aksa uruvchiga hamd aytishni eslatish uchun uning huzurida hamd aytishning zarari yo‘q.
Qo‘l yoki ro‘molcha bilan ovozni pasaytirish
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) agar aksa ursalar, og‘izlariga qo‘llarini yoki kiyimlarining bir uchini qo‘yardilar va ovozlarini pasaytirardilar yoki berkitardilar” (Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Uch marta tashmit tilash
Agar aksa uruvchi ketma-ket ko‘p aksa uradigan bo‘lsa, uch martagacha aksa urganga yaxshilikni duo qilish sunnatdir.
Salama ibn Akva (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Biror kishi aksa ursa, yonida o‘tirgan unga yaxshilik tilasin. Agar u uchtadan ziyod aksa ursa, bas, u shamollagandir. Uchtadan so‘ng tashmit aytilmaydi”, deganlar (Imom Muslim va Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Ko‘p ulamolar yonida o‘tirgan birodari uch martadan so‘ng tinchlik va sog‘likni tilab duo qilishini mustahab dedilar.
Musulmon bo‘lmaganga tashmit aytilmaydi
Abu Muso Ash’ariy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida yahudiylar aksa urardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Yarhamukallohu” deyishni umid qilardilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ularga “Yahdikumullohu va yuslih balakum”, derdilar (Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Begona ayolga tashmit aytilmaydi
Ko‘p ahli ilm va mujtahidlar begona yosh ayol yoki qiz bola aksa ursa, unga tashmit aytishni makruhi tahrima deganlar. Keksa ayolga aytish makruh emas. Qizga aytishning makruhligi fitnaning oldini olish uchundir.
Ibn Javziy aytadi: Imom Ahmad huzurida bir obid kishi bor edi. Imom Ahmadning xotini aksa urdi. Obid unga: “Yarhamukalloh” dedi. Shunda Imom Ahmad: “Obid johildir”, dedi va begona ayolga tashmit aytish makruhligini bilmaganini nazarda tutdi.
Qurbi yetsa, esnashni qaytarish
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Agar sizlarning birontangiz esnasa, qurbi yetgancha uni qaytarsin, chunki esnasa, shayton kuladi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Esnashda qo‘lini og‘ziga qo‘yish
Abu Said Xudriydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarning birontangiz esnasa, qo‘lini og‘ziga qo‘ysin (og‘zini yopsin), chunki shayton (og‘izdan) kiradi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ko‘p ahli ilm va ijtihod ahli namoz ichida va namozdan tashqarida esnaganida qo‘li bilan og‘zini yopishni mustahab sanashdi.
Esnash vaqtida ovozni baland chiqarmaslik
Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, Alloh aksa urishni yaxshi ko‘radi. Agar sizlarning birortangiz esnasa, “hoh” demasin. Chunki u shaytondan, kuladi”, dedilar (Imom Muslim va Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyat qiladi).
Abdulloh ibn Zubayr (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh azza va jalla esnash va aksa urishda ovozni baland qilishni yomon ko‘radi”, dedilar (Ibn Sunniy rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hayotlari davomida hech qachon esnamaganlar. Alloh izni bilan esnash u kishini tark etgan.
Yuqorida aytilganlar aksa urish va esnash odoblarining Islomga oid eng muhim qoidalaridir. Murabbiylar yuqoridagi odoblarni farzandlarga, ahliga ta’lim bersinlar, toki ular hayotlarida va insonlar bilan o‘zaro muomalada shularni odat qilsinlar.
Musulmon kishi ovqatlanish, chanqoq bosish, salom berish, izn so‘rash, tabriklash, ta’ziya bildirish, aksa urish, esnash odoblarini bilib, ularga amal qilgan sayin uning xulqi kamolga yetib boradi. Bular Islom dini barcha musulmonlarga shart qilgan odoblardir.
Murabbiylar bugungi kunda butun kuch-quvvatlarini jamlab, o‘zlarini, g‘ayrat va qasdlarini safarbar etishi, o‘sib kelayotgan yosh avlodni shu odoblar asosida tarbiyalashlari shart bo‘ladi. Tarbiya farzandlar go‘dakligidanoq boshlansa, chiroyli natija va afzal samara beradi. Agar bu mas’uliyatni ado qilsalar, Alloh ularga bu dunyoda yaxshiliklar va oxiratda savoblar beradi.
KЕYINGI MAVZULAR:
AQLIY TARBIYA MAS’ULIYATI:
Majburiy ta’lim mas’uliyati;
Ayollarning ilm o‘rganishdagi nasibasi qanday?
Aqlan sog‘lom qilib tarbiyalash mas’uliyati;
Tortinchoqlik;
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Kunlarini bomdod namozi bilan yoki undan avvalroq boshlar edilar.
2. So‘ngra muyassar bo‘lganicha Qur’on oyatlari tilovati va zikrlarni o‘qir edilar.
3. Ilmiy mutolaa va asarlar ustida ishlashga kirishar edilar.
4. Ertalabki 8 va 9 lar orasida nonushta qilar edilar.
5. Zuho namozini o‘qir edilar.
6. Nashriyotdan kelgan (nashrga yuborilgan) kitoblarning qoralamalarini tahrirlash, ayrim o‘rinlarini ko‘zdan kechirish ishlari bilan band bo‘lardilar.
7. Peshin namozini o‘qir edilar.
8. Toliqqan jism va zo‘riqqan miyaga bir soatcha dam berardilar, orom olardilar.
9. Yana kitobot ishlariga qaytardilar. Shu bilan birga yozishmalar, savol-javoblar bilan band bo‘lardilar.
10. Keldi-ketdi, ziyoratlarni biroz kamaytirardilar.
11. Shayx doimo qog‘oz va qalam bilan olib yurardilar.
Doktor Mahmud Muhammad Najjor