Qadrli va muhtaram vatandoshlar!
Avvalambor, siz azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, qadrli aka-ukalarimiz, opa-singillarimizni, azmu shijoatli yoshlarimizni, iymon-e’tiqodli xalqimizni muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklab, samimiy tilaklarimni bildiraman.
Ramazoni sharif ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida azal-azaldan alohida o‘rin egallab keladi.
Ushbu qutlug‘ oyda sabru qanoat, shukronalik, ruhiy poklanish, mehr va ko‘makka muhtojlarga yanada e’tiborli bo‘lish, savobli amallar qilishdek olijanob fazilatlar bu yil yurtimizda har qachongidan ham yaqqol namoyon bo‘ldi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.
Mard va matonatli xalqimiz koronavirus pandemiyasi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Olloh sabr-toqatli insonlar bilan birgadir”, degan ilohiy o‘gitga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil
va birdam bo‘lib, insonparvarlik, hamjihatlikning yuksak numunasini ko‘rsatganini jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda.
Bu bilan har qancha faxrlansak, arziydi.
Asrlar davomida xalqimiz ongida bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mustahkam iroda kabi ibratli fazilatlarni shakllantirishda tabarruk Ramazon oyiga xos qadriyatlarning o‘rni va ta’siri albatta beqiyosdir.
Bu yil karantin tufayli Ramazon amallari va ibodatlarini ado etishda yuzaga kelgan ma’lum qiyinchiliklarni to‘g‘ri tushunib, bu masalaga oqilona yondashgan, ayni vaqtda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida faol ishtirok etayotgan himmati baland tadbirkorlarimiz va fermerlarimizga, turli kasb egalari bo‘lgan keksayu yosh barcha vatandoshlarimizga shu ulug‘ ayyom kunlarida yana bir bor chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Aziz do‘stlar!
Ma’lumki, hozirgi kunda butun dunyo ahli kabi biz ham koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq mushkul vaziyatni boshimizdan o‘tkazmoqdamiz. Shu o‘rinda bir haqiqatni eslatib o‘tishni zarur, deb bilaman.
Karami keng Alloh taolo muqaddas Qur’oni karimda insonlarni mas’uliyatli sinov kunlarida sabr va qanoatli bo‘lishga da’vat etib, “Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik ham bordir”, deb marhamat qiladi.
Chindan ham, har qaday tashvish ortida yengillik va yorug‘lik borligini koronavirus kasalligidan sog‘ayib chiqayotgan, tabiiy ofatlar tufayli uy-joyidan ayrilgan, lekin davlatimiz va el-yurtimzning katta yordami va ko‘magi bilan o‘z hayotini yangitdan yo‘lga qo‘yib olayotgan minglab vatandoshlarimiz qalbdan his etmoqdalar.
Shu ma’noda, bugungi qiyinchiliklar albatta o‘tib ketadi, hali qancha xursandchilik kunlar, bayram va hayitlarni barchamiz birgalikda nishonlaymiz, deb ishonaman.
Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona yengib o‘tgan olijanob xalqimiz bu sinovlardan yanada kuchli va qudratli bo‘lib chiqadi.
Ana shunday qat’iy ishonch va ko‘tarinki kayfiyat bilan bugungi kunda yurtimizni taraqqiy ettirish yo‘lida davrning o‘zi talab etayotgan, biz boshlagan keng ko‘lamli islohot
va o‘zgarishlarni bir yoqadan bosh chiqarib, izchil amalga oshirib, oldimizga qo‘ygan ulkan marralarga albatta erishamiz.
Siz, aziz va muhtaram vatandoshlarimni ezgu niyatlar ro‘yobga chiqadigan, xayrli amallar uchun behisob savoblar yog‘iladigan, o‘zaro birdamlik, do‘stlik va ahillik tuyg‘ulari tarannum etiladigan shukuhli Iyd-ul-Fitr bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.
Fursatdan foydalanib, jahondagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni ham xalqimiz nomidan samimiy qutlab, ularga tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka va farovon hayot tilayman.
Niyati pok, maqsadlari ulug‘ xalqimizning ushbu saodatli onlarda qilayotgan toat-ibodatlari va duolari ijobat bo‘lsin!
Parvardigori olam doimo yo‘limizni ham, yuzimizni ham yorug‘ qilsin! Yurtimizni, elimizni turli balo-qazolardan O‘zi asrasin!
Vatanimiz tinch, xalqimiz sog‘-salomat bo‘lsin!
Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Manba: prezident.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sahoba raziyallohu anhumlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan Qur’oni karimning shari’at hukmlarini istefoda qilar edilar. Ko‘pincha, Qur’oni karim oyatlari batafsil aytilmasdan yoki qaydlanmasdan nozil bo‘lardi. Masalan, namozning necha rakat ekani, qaysi ko‘rinishda bo‘lishi va vaqtlari bayon qilinmasdan umumiy bir farz tarzida kelgan. Zakotning ham qancha miqdor mol-davlatdan vojibligi qaydlanmagan. Miqdori va shartlari bayon qilinmagan.
Shuningdek, shartlari, asoslari va biron hukmni buzib yuborishi kabi izohlari aniq-tiniq bayon etilmagan. Shuning uchun ham bu hukmlarni batafsil bilish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilishga ehtiyoj tug‘dirardi.
Sahobalar Qur’oni karimda dalil bo‘lib kelmagan ko‘p hodisalarga duch kelishganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘lini tutib, hukmni hadisga ko‘ra bayon qilishni lozim deb bilishar edi. Chunki u zot sollallohu alayhi vasallam Robbilari tarafidan yetkazuvchi va Alloh taoloning shariati, uning chegarasi va maqsadlarini yaxshi bilar edilar.
Darhaqiqat, Alloh taolo Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Kalomi sharifni bayon qilguvchi ekanlari haqida:
وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ
“…Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishing uchun Zikrni nozil qildik. Shoyadki, tafakkur qilsalar”. (Nahl, 44-oyat).
Har bir xilof ishda u zotning hukmlariga bo‘ysunishga chaqiradi:
فَلَا وَرَبِّكَ لَا يُؤْمِنُونَ حَتَّى يُحَكِّمُوكَ فِيمَا شَجَرَ بَيْنَهُمْ ثُمَّ لَا يَجِدُوا فِي أَنْفُسِهِمْ حَرَجًا مِمَّا قَضَيْتَ وَيُسَلِّمُوا تَسْلِيمًا
“Yo‘q Robbinga qasamki, ular toki o‘z oralaridan chiqqan narsaga hakam qilmagunlaricha, so‘ngra sen chiqargan hukmlardan nafslarida tanglik topadigan bo‘lmagunlaricha va unga to‘laligicha taslim bo‘lmaguncha zinhor mo‘min bo‘la olmaslar” (Niso, 65-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim va hikmat insonlarga ta’lim berishlari uchun ato qilinganini aytadi:
لَقَدْ مَنَّ اللَّهُ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ إِذْ بَعَثَ فِيهِمْ رَسُولًا مِنْ أَنْفُسِهِمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ
“Batahqiq, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan Payg‘ambarimiz yuborib ne’mat berdi. U ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradir, ularni poklaydir, Kitob va hikmatni o‘rgatur. Garchi oldin ochiq-oydin adashuvda bo‘lsalar ham” (Oli Imron, 164-oyat).
Jumhur olimlar va muhaqqiqlar “hikmat” Qur’oni karimdan boshqa narsa deganlar. “Hikmat” Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xabardor qilgan din asrorlari va shariat hukmlari. Ulamolar undan sunnat deb ta’bir beradilar.
Hofiz Ibn Kasir ham “hikmat”ni sunnat deganlar.
Imom Shofe’iy: “Alloh “Kitob”ni zikr qildi, u Qur’oni karim. Ulamolar “hikmat”ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, deganlarini eshitdim. Chunki Qu’on zikr qilindi, orqasidan “hikmat” keldi, Demak, bu – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari”, deganlar.
Imom Shofi’iy rohmatullohu alayhning gaplaridan ko‘rinib turibdiki, “hikmat”ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari deb qat’iyan aytsa bo‘ladi. Chunki Alloh taolo uni “Kitob”ga atf bilan keltirdi. Demak, ma’tuf va ma’tuf alayh bir-biridan boshqa narsa ekanini lozim tutadi. Bu esa sunnatdan boshqa narsa bo‘lishi ham mumkin emas.
Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan shariat ko‘rsatmalariga nisbatan aytgan gaplari va hukmlaridan iborat sodir bo‘lgan ishlar hisoblanadi. Shunday ekan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim va ergashish vojib bo‘lgan yana bir narsa, ya’ni, sunnat berildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sifatlarida bu narsa ochiq ravshanbayon etilgan. Alloh taolo aytadi:
يَأْمُرُهُمْ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَاهُمْ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ وَيَضَعُ عَنْهُمْ إِصْرَهُمْ وَالْأَغْلَالَ
“U (Payg‘ambarimiz) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi, hamda ularning yuklarini va ustilaridagi kishan (qiyinchilik)larni olib tashlaydi” (A’rof, 157-oyat).
Abu Dovud rahmatullohi alayhi Miqdom ibn Ma’diykariba roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Menga Qur’oni karim bilan uning o‘xshashi ham berildi”, deganlar.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurgan va qaytargan ishlarda u zotga ergashishni vojib qilgani ham bunga dalolat qiladi. Alloh taolo aytadi:
“…Rasululloh nimani bersa uni olingiz, va nimadan qaytarsa qaytingiz…” (Hashr, 7-oyat).
Ko‘pgina oyatlarda Alloh taolo O‘ziga itoat qilishni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish bilan birga keltirib aytadi:
“Allohga va Rasuliga itoat eting. Shoyadki, rahim qilinsangiz” (Oli Imron, 132-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chaqirgan ishlarga javob qilishga targ‘ib qilib oyatda aytiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اسْتَجِيبُوا لِلَّهِ وَلِلرَّسُولِ إِذَا دَعَاكُمْ لِمَا يُحْيِيكُم
“Ey iymon keltirganlar. Sizlarni tiriltiruvchi narsa (ilm olish) ga chorlaganda Alloh va Rasuliga (labbay) deb javob qilingiz” (Anfol, 24- oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat Allohga itoat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilish Allohni sevish ekanini bayon qilib aytadi:
مَنْ يُطِعِ الرَّسُولَ فَقَدْ أَطَاعَ اللَّهَ
“Kim Payg‘ambarimizga itoat qilsa, Allohga itoat qilgan bo‘lur” (Niso, 80-oyat);
قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ
“Ayting ey, Muhammad! Agar Allohni sevsangiz menga ergashing” (Oli Imron, 31-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruqlariga qarshi bo‘lishdan qaytargan:
فَلْيَحْذَرِ الَّذِينَ يُخَالِفُونَ عَنْ أَمْرِهِ أَنْ تُصِيبَهُمْ فِتْنَةٌ أَوْ يُصِيبَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ
“U(Payg‘ambar)ning amriga xilof ish tutadigan kimsalar o‘zlariga biror kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan saqlansinlar”.
Balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruqlariga qarshi bo‘lish kufr ekaniga ishora qilindi:
قُلْ أَطِيعُوا اللَّهَ وَالرَّسُولَ فَإِنْ تَوَلَّوْا فَإِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْكَافِرِين
“Ayting: «Alloh va Payg‘ambarga itoat etingiz!» Agar yuz o‘girsalar, Alloh, shubhasiz, kofirlarni sevmas” (Oli Imron, 32-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hukmlariga va buyruqlariga qarshi bo‘lish mo‘minlarga muboh emas ekani haqida aytildi:
وَمَا كَانَ لِمُؤْمِنٍ وَلَا مُؤْمِنَةٍ إِذَا قَضَى اللَّهُ وَرَسُولُهُ أَمْرًا أَنْ يَكُونَ لَهُمُ الْخِيَرَةُ مِنْ أَمْرِهِمْ وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ ضَلَّ ضَلَالًا مُبِين
“Hech bir mo‘min erkak va hech bir mo‘mina ayol uchun Alloh va Uning Rasuli bir ishga hukm qilganida, o‘z ishlarini o‘zlaricha ixtiyor qilmoq yo‘q. Kim Allohga va uning Rasuliga osiy bo‘lsa, bas, batahqiq, ochiq adashishda adashibdi” (Ahzob, 36-oyat).
Balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lganlarida u zotdan izn so‘rab ketish iymonning komil ekaniga dalil bo‘lishining xabarini berdi.
إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ الَّذِينَ آَمَنُوا بِاللَّهِ وَرَسُولِهِ وَإِذَا كَانُوا مَعَهُ عَلَى أَمْرٍ جَامِعٍ لَمْ يَذْهَبُوا حَتَّى يَسْتَأْذِنُوهُ إِنَّ الَّذِينَ يَسْتَأْذِنُونَكَ أُولَئِكَ الَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَرَسُولِهِ فَإِذَا اسْتَأْذَنُوكَ لِبَعْضِ شَأْنِهِمْ فَأْذَنْ لِمَنْ شِئْتَ مِنْهُمْ وَاسْتَغْفِرْ لَهُمُ اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ
“Albatta, mo‘minlar Allohga va uning Rasuliga iymon keltirgan kishilardur. Ular U (Payg‘ambarimiz) bilan birga jamlovchi (muhim) ishda bo‘lsalar, undan izn so‘ramasdan turib ketib qolmaslar. Albatta, sendan izn so‘raydiganlar, ana o‘shalar, Allohga va Uning Rasuliga iymon keltiradiganlardir. Ular ba’zi ishlari uchun sendan izn so‘rasalar ulardan kimga hohlasang izn ber va ular uchun Allohga istig‘for ayt. Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatli o‘ta Rahmli zot” (Nur, 62-oyat).
Ibn Qayyum aytadi: “Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida bo‘lgan inson u zotning ruxsatlari bilangina yonlaridan ketishlarini iymon shartlaridan qildi. Demak har bir gapda-yu, ilmiy yo‘lda ham u zotning iznlari bilan yurishimiz lozim”.
Bu kabi ishlarning hammasida sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilishar edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa ularga Qur’oni karim hukmlarini tafsir qilar, qiyin joylarini bayon qilar, nizolarda ularning o‘rtasida hukm qilar va o‘rtalaridagi kelishmovchiliklarni hal qilar edilar.
Sahoba roziyallohu anhumlar u zotning amr va nahiylarining chegarasini mahkam ushlashar, amallarida, ibodatlarida va muomalalarida doimo itoatda edilar. Hadisda kelgan:
“Namozni men namoz o‘qiyotganimda ko‘rganlaringdek o‘qinglar”, degan buyruqlariga qarab Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan namozning farzlari, sunnatlari va mustahablari o‘rganar edilar.
“Mendan haj arkonlaringni o‘rganinglar”, degan buyruqlariga bo‘ysunib hajga tegishli bo‘lgan hukmlarni o‘rganar edilar.
Ayrim vaqtlarda ba’zi sahobalar u zotning ko‘rsatmalariga asoslanmasdan o‘z fikrlari bilan ish tutganda g‘azablanar edilar. Imom Molik “al-Muatto”da Ato ibn Yasordan quyidagi voqeani rivoyat qiladi: “Sahobalardan bir kishi xotinini “ro‘zador odam ayolini o‘psa hukmi nima bo‘ladi?”, deb so‘rash uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldilariga yubordi. Ummu Salama onamiz roziyaallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘zadorlik vaqtlarida o‘par edilar”, deb xabar berdilar. Ayol esa uni eriga yetkazganda: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o‘xshagan emasman. Alloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xohlagan narsasini halol qiladi”, dedilar. Bu gap Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetganda g‘azablanib: “Men sizlardan ko‘ra Allohga taqvoliroq va chegaralarni bilguvchiroqman”, dedilar.
Bunday voqea Hudaybiyya sulhida sahobalarni soch oldirishga va ehromdan chiqishga buyurganlarida, ular qilmaganlarida ham sodir bo‘ldi. Chunki Huduaybiyya sulhida musulmonlar o‘sha yili Ka’bani tavof qilmasdan qaytib ketishlari va kelasi yil kelishlariga kelishuv bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan Ka’bani ziyorat qilish niyatida chiqqan edilar. Sahobalar Hudaybiyya sulhida umra haqidagi kelishuv bekor qilinishini kutishgan. Shu sababli ehromdan chiqishni kechiktirishadi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari bu ishni boshlab berib, ehromdan chiqqanlarida ular ham ergashishdi.
Sahoba roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashishlari juda ham yuqori darajada edi. Hatto, sababini bilmasdan, hikmatini so‘ramasdan u zot qilgan ishlarni qilar, tark qilgan ishlarni tark qilar edilar. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tilladan uzuk taqqanlarida sahobalar ham uzuk taqdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uzukni tashlab: “Endi hech qachon taqmayman”, deganlarida, sahobalar ham uzuklarni tashlashdi”.
Qozi Iyoz “Shifo” nomli qitoblarida Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan namoz o‘qiyotganlarida kavishlarni yechib chap tarafga qo‘ydilar. Qavm buni ko‘rib oyoq kiyimlarini uloqtirib yuborishdi. Namoz tugagandan so‘ng: “Nimaga oyoq kiyimlaringizni uloqtirdinglar”, deb so‘radilar. “Siz kovushingizni yechganingizni ko‘rdik”, dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jabroil alayhissalom oldimga kelib kovushlarimda najosat borligining xabarini berdi”, dedilar.
Ibn Sa’d “at-Tobaqatul Kubro”da: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlar bilan masjidda ikki rak’at namoz o‘qidilar, so‘ng Masjidul Haromga yuzlanishga buyurildilar. Masjidul Haromga burulganlarida musulmonlar ham burildilar”, degan rivoyat keltirilgan.
Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyruqlariga odatiy va kundalik hayot kechirishda ham so‘zsiz bo‘ysunar edilar. Ibn Abdulbarr “Jome’ bayonil ilm va fazlihi”da va Abu Dovud rahmatullohi alayhimo Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilishgan. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu juma namoziga kelganlarida Nabiy sollallohu alayhi vasallam xutba o‘qiyotgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni “O‘tiringlar”, deganlarini eshitib masjid eshigiga o‘tirdilar. Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zni aytganlarida qayerda bo‘lgan bo‘lsalar shu joyga o‘tirdilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam u zotni ko‘rib “Ey, Abdulloh ibn Mas’ud kel”, dedilar.
Mana buni o‘z rahbariga ergashish va uning so‘ziga itoat deyiladi. Sahobalarning hayotlari bu kabi ergashishni ko‘rsatuvchi misollarga to‘lib toshgan. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlarida mana shunday hayot kechirishar edi. So‘zlari, qilgan ishlari va biron narsani tasdiq qilishlaridan shar’iy hukmlar olishar edi. U hukmlarda hech qaysi birlari ixtilof qilmas edilar.
Oybek Hoshimov,
“Hadis va Islom tarixi fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi.