Mo‘min-musulmonlarning o‘zaro mehribonchiliklarini ziyoda qilib, topgan ne’matlarini iftorliklar, fitr sadaqalari, zakotlar kabi vasilalar-la baham ko‘rishga da’vat etuvchi muborak ramazon oyi ham bir pasda nihoyasiga yetay deb qoldi.
Alloh taoloning O‘ziga ayon bo‘lgan hikmati ila dunyo bo‘ylab keng yoyilib ketgan koronavirus sabab bo‘lib, bu yilgi Ramazon boshqa yillardagidan boshqacharoq o‘tyapti.
Ma’lumingizki, Ramazon – insonlarni ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan oziqlantiradigan oy. Shuning uchun ham har yili Ramazon kirib kelganidan to oxirigacha musulmonlar diyorida bayram nafasi ufurib turadi. Chunki bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘lgan. Kalomi sharif sharofati bilan Ramazon kunlari fayzli, tunlari tarovatli, odamlarning qalbi mehr-muruvvatli bo‘ladi.
Ramazonning muhim fazilatlaridan yana biri u – yuksak ma’naviyat va pokiza axloq oyi ekanidadir. Zotan, “Men go‘zal xulqlarni kamolga yetkazish uchun payg‘ambar bo‘lib keldim”, deb marhamat qilgan sevikli Payg‘ambarimiz sollalloh alayhi va sallamning xulqlarini Oisha onamiz roziyallohu anho: “Payg‘ambarimizning axloqlari Qur’on edi”, deb ta’riflaganlar. Qur’oni karim esa aynan shu oyda nozil bo‘lgan.
Ana shu jihatiga ko‘ra, Ramazon insonlarning irodasini toblaydi, saxovatini, jo‘mardligini yanada ziyoda qiladi, ibodatini ko‘paytiradi.
Navro‘z arafasida yurtimizga bostirib kirgan koronavirus, uning ortidan Qorako‘l va Sardobada yuz bergan tabiiy ofatlar xalqimizning mehr-oqibatini, totuvligini, birdamligini har qachongidan ham ko‘proq kuchaytirdi, elu ulusni jipslashtirdi, xalqimizni yurtboshimiz atrofida birlashtirdi.
Ulug‘larimiz: “Mo‘minning har bir holati hayratli. Chunki uning barcha ishlari o‘zi uchun xayrlidir. Bu – yer yuzida faqat musulmonlarga xos bo‘lgan fazilatdir. Zero, u sevinsa, shukr etadi, savob oladi. Bu uning uchun xayrlidir. Boshiga balo kelsa sabr qiladi. Bu ham uning uchun xayrlidir”, deganlar.
Yaratganga shukrki, mo‘minlar shunday murakkab vaziyatda ham tushkunlikka tushmasdan ibodatlarda, xayr-saxovatlarda bardavom bo‘ldilar. Xonadonlarda tarovehlar o‘qilyapti, bu fazilatli namozlardan ayol-qizlar, kichik yoshdagi bolalar ham bahramand bo‘lmoqdalar; iftor qilishni istagan yurtdoshlarimiz masalliqlarni xonadonlarga tarqatib bermoqdalar; fitr sadaqasi esa savobi ko‘proq bo‘lsin, deya ortig‘i bilan deyarli tarqatib bo‘lindi; zakotlar muhtojlarga yetkazilmoqda.
Binobarin, bugungi sinovli kunlarda xalqimiz shukr va sabr ichida hayot kechirmoqdaki, bu Alloh taoloni bandalaridan mamnun qiladigan fazilatli amallardandir.
Robiya JO‘RAQULOVA
Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi.
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.