Abdulhamid ibn Badis rohimahulloh aytadilar: “Inson “Qadr kechasi”ni topishga jiddu jahd qiladi. Biroq bu harakat dunyo talabida emas, din talabida bo‘lishi lozim. Ko‘pchilik insonlar
“Qadr kechasini topsam, falon-falon dunyoni so‘rab olaman”, deb orzu qiladilar. Kimning xayoliga shunday o‘y kelgan bo‘lsa, Alloh taologa tavba qilsin! Zero, Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
مَن كَانَ يُرِيدُ حَرْثَ الْآخِرَةِ نَزِدْ لَهُ فِي حَرْثِهِ وَمَن كَانَ يُرِيدُ حَرْثَ الدُّنْيَا نُؤتِهِ مِنْهَا وَمَا لَهُ فِي الْآخِرَةِ مِن نَّصِيبٍ {الشورى/20}
Kimki, oxirat ekinini (savobini) istar ekan, Biz unga ekini (hosili)ni ziyoda qilurmiz. Kimki dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o‘shandan berurmiz va uning uchun oxiratda nasiba (savob) bo‘lmas (Shuro surasi, 20-oyat).
To‘g‘ri, dunyoni Alloh taolo belgilab qo‘ygan sabablari bilan talab qiladigan insonga e’tirozimiz yo‘q. Bu o‘rindagi tanbehimiz butun g‘am-tashvishi dunyo bo‘lib oxiratni umuman o‘ylamaydigan kishilarga qaratilgandir. Bunday kishilar “Qadr kechasi”ida dunyoni so‘rab kechasi bilan mijja qoqmay chiqadilar, biroq oxirat masalasidan butkul g‘aflatda bo‘ladilar.
Bu o‘rinda dunyo talabida bo‘ladi, deyilganida din va oxiratga umuman aloqasi bo‘lmagan dunyoviy maqsadlar nazarda tutildi.
G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi
Uydan faqirlikni quvishda Ixlos surasini o‘qish haqida
Sahl ibn Sa’d Su’adiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi, ansorlardan bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib faqirlik va yashash qiyinligidan shikoyat qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Uyingga kirsang, uyda biron kim bo‘lsa salom ber. Hech kim bo‘lmasa menga salovot ayt va “Qul huvallohu ahad”ni bir marta o‘qi”, dedilar.
U kishi shunday qilgandi, Alloh taolo unga mo‘l rizq ato etdi, rizqini ko‘payib berdi va hatto (orttirib) qo‘shnilariga ehson qila boshladi.
“Tafsiri Abul futuh” va “Mustadrok”dan