Ramazon oyining bezagi bo‘lmish Qur’oni karimni xatm qilish o‘lkamizda go‘zal an’anaga aylangan. Allohning kalomi qalblarga shifo, dillariga surur, ruhlariga quvvat bag‘ishlaydi. Yurtimizda shahri Ramazonning har oqshomida Ilohiy kalom sadolari yangramoqda.
Shu yil 20 aprel kunidagi Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida onlayn Qur’oni karim tilovatlari tashkil etilishi elimizni cheksiz xursand qildi.
Ulug‘ oy davomida diyorimizda eng xushovoz qorilar onlayn xatmi Qur’onlarni o‘qidilar. Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali qorilar qiroatlarini yurtimiz ahli diqqat bilan tingladi.
Shunday onlayn xatmi Qur’onlarning yakuni va xatmona duosi 2020 yil 19 may (Qadr kechasi) kuni soat 22:15 da jonli efirda uzatilishi rejalashtirildi. Xatmona tadbiri internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn namoyish etiladi. Shuningdek, ushbu tadbir “Uzreport” telekanalida to‘g‘ridan to‘g‘ri, qolgan kanallarda esa yozib olingan holda efirga beriladi.
Mana shunday xatmi Qur’onlar fayzu barakasidan butun dunyoga, xususan, yurtimizga qut-baraka insin, baloyu ofatlar daf bo‘lsin, deb iltijolar qilamiz.
Qadr kechasidagi onlayn Qur’on xatmonasiga marhabo, aziz yurtdoshlar!
MuslimTV - https://www.youtube.com/channel/UCLbdL0ibb4zqlqe7LRNOSNQ
Uzreport - https://uzreport.news/live
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Hadisda “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, deyilganini o‘qidim. Hadisdagi ushbu kenglikdan murod nima?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Haqiqatda, hadisi shariflarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimki Ashuro kunida ahli ayoliga kenglik qilsa, Alloh unga yil davomida kenglik qiladi", deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar mazkur hadislardagi kenglikni yeb ichish, kiyim-kechak va boshqa narsalarda kenglik qilishni iroda qilingan deganlar. Ya’ni odamlar shu kuni oila a’zolariga xuddi bayramlardagi kabi, balki undan ham yaxshiroq mo‘l-ko‘lchilik qilib bersalar, Alloh taolo ularga yil davomida kengchilik qiladi, deb tushunish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi