Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Fevral, 2025   |   10 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:06
Quyosh
07:26
Peshin
12:42
Asr
16:07
Shom
17:52
Xufton
19:07
Bismillah
09 Fevral, 2025, 10 Sha`bon, 1446

Qur’oni karimdan 10 ta misol

17.05.2020   2913   5 min.
Qur’oni karimdan 10 ta misol
  1. Hidoyatning o‘rniga zalolatni sotib olganlarning misoli:

“Hidoyat (to‘g‘ri yo‘l) o‘rniga zalolatni (noto‘g‘ri yo‘lni) sotib olganlar o‘shalardir, (lekin ularga) bu savdolari foyda qilmadi va (ular) hidoyat yo‘liga yuruvchi ham bo‘lmadilar. Ular bamisoli bir olov yoqqan (yo‘lovchi) kimsadirki, olov uning atrofini yoritganida, Alloh (bexosdan olov) nurini ketkazib, ularni zulmatlar ichra (hech narsani) ko‘rolmaydigan holda qoldirgan” (Baqara surasi, 16-17 – oyatlar).

 

  1. Alloh yo‘lida ehson qiluvchilarning misoli:

“Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘x-shaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261 – oyatlar).

 

  1. Nafsiga ergashuvchilarning misoli:

“Uning misoli go‘yo bir itdirki, unga hamla qilsang ham (tilini osiltirib) hansiraydi, o‘z holiga qo‘ysang ham hansirayveradi” (A’rof surasi, 176-oyat).

 

  1. Dunyo hayotining misoli:

“Haqiqatan, dunyo hayotining misoli xuddi Biz osmondan tushirgan suv (yomg‘ir) bo‘lib, odamzot va hayvonot yeydigan narsalardan iborat yer giyohlari u bilan aralashib, to yer yasanib va ziynatlangach, yer egalari o‘zlarini unga qodir deb bilgan bir paytda, yerga tunda yoki kunduzi Bizning amrimiz kelib, uni kechagi kuni obod bo‘lmagandek (yig‘ib olingan) hosilga aylantirib qo‘yganimizga o‘xshaydi” (Yunus surasi, 24-oyat).

(Ey Muhammad! Odamlarga) dunyo hayoti misolini keltiring. (U) xuddi bir suv kabidirki, Biz uni osmondan yog‘dirgach, (bahorda) u sababli yer o‘simliklari (bir-biriga) aralashib (qalinlashib) ketur, so‘ngra (kuzda) shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur” (Kahf surasi, 45-oyat).

 

“Bilingizki, bu dunyo hayoti faqat o‘yin, ermak, ziynat, o‘zaro faxrlanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdan iboratdir. (U) bamisoli bir yomg‘irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur. So‘ngra u qurigach, uni sarg‘aygan holda ko‘rasiz. So‘ngra u o‘tin bo‘lib qolur” (Hadid surasi, 20-oyat).

 

  1. Kofir va mo‘minning misoli:

“Ikkala guruh (kofir va mo‘min)larning misoli xuddi ko‘r bilan kar va ko‘ruvchi bilan eshituvchilar kabidir. Ikkisi misolda barobar bo‘ladimi?! Eslab ko‘rmaysizlarmi?!” (Hud surasi, 24-oyat).

 

  1. Haq va botilning misoli:

(Alloh) osmondan suv (yomg‘ir) yog‘dirganida jilg‘alar miqdori bilan oqib, (bu) sel o‘z ustida ko‘piklarni ham ko‘tarib kelur. (Odamlar) zeb-ziynat yoki asbob-uskuna (yasash) uchun yoqadigan (olov)lardan ham shunga o‘xshash (chiqindi paydo) bo‘lur. Alloh haq bilan botilni (mana shunday misol bilan) bayon qilur. Bas, ko‘pik o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketur. Odamlarga foydali bo‘lgan narsa esa Yerda qolur. Alloh misollarni mana shunday bayon qilur” (Ra’d surasi, 17-oyat).

 

  1. Kofirlar amalining misoli:

“Parvardigorlariga kofir bo‘lganlarning amallari bamisoli bo‘ronli kunda qattiq shamol uchirib ketgan kuldir – ular qilgan amallaridan biror (yaxshi) narsaga ega bo‘la olmaydilar. Bu o‘ta gumrohlikdir” (Ibrohim surasi, 18-oyat).

 

  1. Imon kalimasining misoli:

(U so‘z) xuddi bir yaxshi daraxtga o‘xshaydiki, uning ildizi (yer ostiga) o‘rnashgan, shoxi esa osmondadir. Parvardigorining izni bilan (u) mudom meva berur” (Ibrohim surasi, 24-oyat).

 

  1. Kufr so‘zining misoli:

Yomon so‘zning (ya’ni kufr so‘zining) misoli esa yer yuzasidan (ildizi) uzilib qolgan, bir joyda qarori yo‘q nopok daraxtga o‘xshar” (Ibrohim surasi, 25-oyat).

 

  1. Allohdan o‘zgani do‘st tutganlarning misoli:

“Allohdan o‘zgalarni do‘st tutgan kimsalarning misoli xuddi in qurib olgan o‘rgimchakka o‘xshaydi. Zotan, inlarning eng nimjoni, albatta, o‘rgimchak inidir, agar bilsalar” (Ankabut surasi, 41-oyat).

 

 

“Ushbu misollarni Biz odamlar (ibrat olishlari) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar” (Ankabut surasi, 43-oyat).

 

Biz ushbu Qur’onda odamlar uchun turli misollarni keltirdik. Shoyad eslatma olsalar(Zumar surasi, 27-oyat).

 

«Yana dillarida maraz (munofiqlik) bo‘lgan kimsalar va kofirlar: “Bu misol bilan Alloh nima demoqchi?” degaylar. Alloh o‘zi xohlagan kimsalarni mana shunday yo‘ldan ozdirib qo‘yar va O‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur» (Muddassir surasi, 31-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tavbangizda 6 shart bormi?

7.02.2025   2885   3 min.
Tavbangizda 6 shart bormi?

Inson gunohdan xoli bo‘lmaydi. Ba’­zan bilib-bilmay gunoh ishga qo‘l urib qo‘yishi mumkin.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilin­gan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qi­luv­chidir. Xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termi­ziy rivoyati).

Alloh taolo ko‘plab oyatlarda insonlarni tavba qilishga buyurgan. Jumla­dan, Tahrim surasida bunday marhamat qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Robbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa” (8-oyat).

Boshqa oyati karimada «...Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz» (Nur surasi, 31-oyat), deyilgan.

Inson tavbani o‘ziga lozim tutishi kerak. Ammo uning tavbasi qabul bo‘lishi uchun e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar bor. Xususan, tavba qilishda chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, Alloh taolodan yolvorib so‘rashi kerak. So‘ngra istig‘for uchun ma’lum bir duolar, ijobat bo‘ladigan onlar fazilatidan foyda­lanish zarur.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim quyosh mag‘ribdan chiqishidan oldin tavba qilsa, Alloh (uning) tavbasini qabul qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Inson tavbaga shoshilishi lozim. Luq­mo­ni Hakim o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘lim, tavbani kechiktirma! Chunki o‘lim to‘satdan keladi. Kim tavbani kechiktirib, najotga shoshilmas ekan, ikkita katta xatar ichida qoladi: 1) gunohlar zulmati to‘planib, qalb­ni qoplaydi, so‘ngra uni muhrlab tashlaydi. Gunoh muhrlangan qalbdan o‘chmaydi; 2) kasallik yoki o‘lim tavbadan ilgari kelib, xatolarni o‘ng­lash uchun vaqt qolmaydi”, degan.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning tavba qabul qi­lishi faqat yomonlik (gunoh)ni bilmasdan qilib qo‘yib, so‘ngra tezlik bilan tavba qilganlar uchun (muqarrar)dir. Alloh aynan o‘shalarning tavbasini qabul qilur. Alloh ilm va hikmat Egasidir” (Niso surasi, 17-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo bilmay qo‘l uringan gunohga zudlik bilan qilingan tavbani qabul etishini bayon qilyapti.

Inson Alloh va uning Rasuliga itoat qil­magani, shaytonning hiylasiga ergashib, shu gunohni sodir qilgani uchun qattiq nadomat chekishi lozim. Chunki gunoh ishga pushaymon bo‘lish xolis tavbaning shartlaridan biridir. Shu bilan birga, nadomatning o‘zi ham tavbaga dalolat qilishi mumkin.

Bu haqda hadisi sharifda bunday de­yil­­gan: «Abdulloh ibn Ma’qildan ri­voyat qilinadi. U: “Men otam bilan bir­ga Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu­ning huzuriga kirdim. Otam unga: “Na­biy sollallohu alay­hi vasallamning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganmisiz?” deb aytdi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Ha, u zotning: “Nadomat chekish tavbadir”, deganlarini eshitganman”, dedi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Demak, inson qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lib, afsuslansa, tavbasi xolis bo‘lishi uchun bir necha shartlar bor:

– gunoh qilishdan darhol to‘xtash;
– qilgan gunohiga qattiq pushaymon bo‘lish;
– bu gunohga aslo qaytmaslikni niyat qi­lish;
– tavbasini Alloh taolo qabul qilishiga ishonish;
– istig‘for aytish;
– gunohga qaytmaslikni barcha a’zolari bilan amalga oshirish;
– gunoh odamlarning haqqi bo‘ladigan bo‘l­sa, ulardan uzr so‘rab, rozi qilish.

Shokirjon MADAMINOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi.