“Hidoyat (to‘g‘ri yo‘l) o‘rniga zalolatni (noto‘g‘ri yo‘lni) sotib olganlar o‘shalardir, (lekin ularga) bu savdolari foyda qilmadi va (ular) hidoyat yo‘liga yuruvchi ham bo‘lmadilar. Ular bamisoli bir olov yoqqan (yo‘lovchi) kimsadirki, olov uning atrofini yoritganida, Alloh (bexosdan olov) nurini ketkazib, ularni zulmatlar ichra (hech narsani) ko‘rolmaydigan holda qoldirgan” (Baqara surasi, 16-17 – oyatlar).
“Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘x-shaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi, 261 – oyatlar).
“Uning misoli go‘yo bir itdirki, unga hamla qilsang ham (tilini osiltirib) hansiraydi, o‘z holiga qo‘ysang ham hansirayveradi” (A’rof surasi, 176-oyat).
“Haqiqatan, dunyo hayotining misoli xuddi Biz osmondan tushirgan suv (yomg‘ir) bo‘lib, odamzot va hayvonot yeydigan narsalardan iborat yer giyohlari u bilan aralashib, to yer yasanib va ziynatlangach, yer egalari o‘zlarini unga qodir deb bilgan bir paytda, yerga tunda yoki kunduzi Bizning amrimiz kelib, uni kechagi kuni obod bo‘lmagandek (yig‘ib olingan) hosilga aylantirib qo‘yganimizga o‘xshaydi” (Yunus surasi, 24-oyat).
“(Ey Muhammad! Odamlarga) dunyo hayoti misolini keltiring. (U) xuddi bir suv kabidirki, Biz uni osmondan yog‘dirgach, (bahorda) u sababli yer o‘simliklari (bir-biriga) aralashib (qalinlashib) ketur, so‘ngra (kuzda) shamollar uchirib ketadigan xashakka aylanib qolur” (Kahf surasi, 45-oyat).
“Bilingizki, bu dunyo hayoti faqat o‘yin, ermak, ziynat, o‘zaro faxrlanish va mol-dunyo hamda farzandlarni ko‘paytirishdan iboratdir. (U) bamisoli bir yomg‘irki, uning (sababidan unib chiqqan) giyoh kofirlarni taajjubga solur. So‘ngra u qurigach, uni sarg‘aygan holda ko‘rasiz. So‘ngra u o‘tin bo‘lib qolur” (Hadid surasi, 20-oyat).
“Ikkala guruh (kofir va mo‘min)larning misoli xuddi ko‘r bilan kar va ko‘ruvchi bilan eshituvchilar kabidir. Ikkisi misolda barobar bo‘ladimi?! Eslab ko‘rmaysizlarmi?!” (Hud surasi, 24-oyat).
“(Alloh) osmondan suv (yomg‘ir) yog‘dirganida jilg‘alar miqdori bilan oqib, (bu) sel o‘z ustida ko‘piklarni ham ko‘tarib kelur. (Odamlar) zeb-ziynat yoki asbob-uskuna (yasash) uchun yoqadigan (olov)lardan ham shunga o‘xshash (chiqindi paydo) bo‘lur. Alloh haq bilan botilni (mana shunday misol bilan) bayon qilur. Bas, ko‘pik o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketur. Odamlarga foydali bo‘lgan narsa esa Yerda qolur. Alloh misollarni mana shunday bayon qilur” (Ra’d surasi, 17-oyat).
“Parvardigorlariga kofir bo‘lganlarning amallari bamisoli bo‘ronli kunda qattiq shamol uchirib ketgan kuldir – ular qilgan amallaridan biror (yaxshi) narsaga ega bo‘la olmaydilar. Bu o‘ta gumrohlikdir” (Ibrohim surasi, 18-oyat).
“(U so‘z) xuddi bir yaxshi daraxtga o‘xshaydiki, uning ildizi (yer ostiga) o‘rnashgan, shoxi esa osmondadir. Parvardigorining izni bilan (u) mudom meva berur” (Ibrohim surasi, 24-oyat).
“Yomon so‘zning (ya’ni kufr so‘zining) misoli esa yer yuzasidan (ildizi) uzilib qolgan, bir joyda qarori yo‘q nopok daraxtga o‘xshar” (Ibrohim surasi, 25-oyat).
“Allohdan o‘zgalarni do‘st tutgan kimsalarning misoli xuddi in qurib olgan o‘rgimchakka o‘xshaydi. Zotan, inlarning eng nimjoni, albatta, o‘rgimchak inidir, agar bilsalar” (Ankabut surasi, 41-oyat).
“Ushbu misollarni Biz odamlar (ibrat olishlari) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar” (Ankabut surasi, 43-oyat).
“Biz ushbu Qur’onda odamlar uchun turli misollarni keltirdik. Shoyad eslatma olsalar” (Zumar surasi, 27-oyat).
«Yana dillarida maraz (munofiqlik) bo‘lgan kimsalar va kofirlar: “Bu misol bilan Alloh nima demoqchi?” degaylar. Alloh o‘zi xohlagan kimsalarni mana shunday yo‘ldan ozdirib qo‘yar va O‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur» (Muddassir surasi, 31-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
So‘nggi paytlarda yoshlar orasida energetik ichimliklar ichish odat tusiga kirdi. Shifokorlar tetiklashtiruvchi bunday ichimliklarni sog‘lik uchun juda xavfli ekanini ta’kidlashmoqda.
Energetik ichimliklar 1960 yili Yaponiyada tibbiyotda dori vositasi sifatida kashf qilingan. Dastlab inson salomatligi uchun zararsiz deb hisoblangan ichimlik asta-sekin ommalashib, tijoratga aylanib ketdi. So‘ngra uning tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalar qo‘shildi.
2014 yilga kelib Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda voyaga yetmagan o‘smirlarning energetik ichimlikni ko‘p iste’mol qilishi xavfli ekanini e’lon qildi. Shu sababdan ko‘p mamlakatlarda bu ichimlikka taqiq qo‘yildi.
Salomatlik uchun asosiy xavflar shakar va kofein miqdorining yuqoriligidir. Energetiklarda esa, kofein 100 ml uchun 30–50 mg bo‘ladi. Ba’zilarida 100 mggacha oshishi mumkin. Bu oddiy qahva (12 mg)dan 8 baravar ko‘p. Energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qilish tushkunlikka tushish ehtimolini oshiradi.
“Energetik ichimliklarni muntazam ravishda iste’mol qilish yurak xurujini oshiradi, asab tizimini susaytiradi va giyohvandlikka olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, qon bosimini ko‘tarish xavfi bor. Masalan, bitta idishdagi energetik ichimlikda 27 choy qoshiq shakar bor. Agar siz bu ichimliklarni ichsangiz, kelajakda qandli diabet va boshqa og‘ir kasalliklarga duch kelishingiz muqarrar”, deydi mutaxassislar.
Ayrim ishlab chiqaruvchilar bu ichimliklarga hayvonlar aminokislotalariga o‘xshash bo‘lgan taurin moddasini qo‘shadi. Bu modda yurak mushaklarining ishlash jarayonini tezlashtiradi.
Energetik ichimliklar tarkibida shakar miqdori me’yoridan ancha yuqori. Shu bois bir shisha energetik ichimlik ichgan kishi jigari qattiq zo‘riqadi. Energetik ichimliklarni muntazam ichish jigar qurishiga olib keladi.