Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Mart, 2026   |   23 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:22
Quyosh
06:40
Peshin
12:38
Asr
16:40
Shom
18:30
Xufton
19:42
Bismillah
12 Mart, 2026, 23 Ramazon, 1447

Ramazonning oxirgi o‘n kunligiga tayyormisiz?

16.05.2020   7231   1 min.
Ramazonning oxirgi o‘n kunligiga tayyormisiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Yaqindagina ramazonni boshlagan edik. Mana darrov yigirma kunni ham tamomladik. Endi bu yog‘i oxirgi o‘n kunlik. Yanada ogoh, yanada savobli ishlarga, ibodat qilishga qulay fursat. Chunki ramazon oyi tugab bormoqda. Qolaversa oldimizda ajri yanada ulug‘ bo‘lgan kunlar turibdi. Oxirgi o‘n kunlikda ming oyga teng bo‘lgan qadr kechasi bor. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham bu kunlarni g‘animat bilar edilar. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon (oxirgi) o‘n kunlik kirsa, belni mahkam bog‘lab, kechani tiriltirar va ahllarini uyg‘otar edilar”. (Beshovlari rivoyat qilishgan).

Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda esa: “Nabiy alayhissalom oxirgi o‘n kunlikda undan boshqa kunlarda qilmagan jiddu-jahdni qilar edilar”, deyilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki bizlar shavqu-zavqni yana ham oshirib, ko‘proq savobga ega bolishimizga qulay fursat. Zero, Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda: “Nabiy alayhissalom Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n kunligidan izlanglar”, deb aytardilar (Ikki shayx va Termiziy rivoyati). Ulamolar: “Nabiy alayhissalomning bunday deyishlariga sabab, insonlarni ko‘proq savobli, xayrli amallarni qilib olishiga targ‘ibdir”, deydilar.

Mana shunday kunlar oldimizda. Ramazon fazilatini ham, qadr kechasini ham topishdek baxt ostonamizda eshik qoqib turibdi. Ayniqsa, hozirgi karantin davrida oila-a’zolarimiz bilan birga bu kecha-kunduzlarni hadisdagidek o‘tkazishga yaxshi imkoniyat. Biz buni bajara olamizmi? Albatta bajara olamiz. Kunduzini ro‘za, kechasini yana ibodatda o‘tkazish bizning qo‘limizdan keladi. Chunki, biz yigirma kundan beri tanamizni bunga o‘rgatdik, tajriba hosil qildik. Shunday ekan endi also bo‘shashmaylik! Zero, ming oylik mukofot kimga kerak emas?!!

Yusufxon SHODIEV,

“HIDOYA" o‘rta maxsus islom bilim yurti

o‘qituvchisi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Internet zamonida otaning farzandiga qilgan vasiyati

12.03.2026   2440   3 min.
Internet zamonida otaning farzandiga qilgan vasiyati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ey farzand! Raqamli olam shunchaki ekranlardan iborat emas. U – erkaklarning g‘ururi va qizlarning hayosi sinovdan o‘tadigan haqiqiy imtihondir. Shuning uchun bu so‘zlarni qalbing bilan o‘qi.


Ey farzand! Google, Facebook, Twitter va WhatsApp – chuqur dengizga o‘xshaydi. Unda ko‘p insonlarning axloqi yo‘qoldi, ko‘p aqllar halokatga uchradi!


Ey farzand! Uning to‘lqinlari ko‘p qizlarning hayosini yutib yubordi va ko‘p insonlar halok bo‘ldi. Shuning uchun u yerda asalari (arilar) kabi bo‘l, faqat pok narsaga qo‘n, o‘zingga va boshqalarga foyda keltir.

Chivin (yoki pashsha) kabi bo‘lma, u qayerda kasallik bo‘lsa, o‘sha yerdan uni tarqatadi!


Ey farzand! Internet – katta bozor. Bu yerda hech kim o‘z “tovarini” bepul bermaydi. Har kim biror narsa evaziga harakat qiladi. Ogoh bo‘l!

Ba’zilar axloqni buzishni istaydi.

Ba’zilar shubhali g‘oyalarni tarqatadi.

Ba’zilar esa faqat mashhurlik izlaydi.

Shuning uchun har bir “tovarni” yaxshilab tekshirmasdan olma.

 

Ey farzand! Noma’lum havolalarni (linklarni) ochishdan saqlan. Chunki ularning ba’zisi tuzoq bo‘lishi mumkin: xakerlik, ma’lumot o‘g‘irlash, zarar va halokat.

 

Ey farzand! Latifalar va yolg‘on xabarlarni tarqatma. Harom ishlarga oid “copy-paste” qilishdan ham ehtiyot bo‘l.

Chunki sen internetda savob va gunoh bilan savdo qilayotganingni unutma.

 

Ey farzand! Izoh yozish yoki biror narsani ulashishdan oldin o‘zingdan so‘ra: “Bu ish Allohni rozi qiladimi yoki g‘azablantiradimi?”.

 

Ey farzand! Ko‘zing bilan ko‘rmagan odamingni do‘stligiga ishonma. Faqat yozganlariga qarab insonlarga hukm chiqarma. Chunki ko‘pchiligi niqoblangan! Haqiqat shuki: “Ularning suratlari soxta bo‘lishi mumkin, axloqi jozibali ko‘rinishi mumkin. Ular niqob taqadi va “rostdek ko‘rinib yolg‘on gapiradi”. Shuning uchun zohirga aldanma”.

 

Ey farzand! Soxta ismlardan ehtiyot bo‘l. Chunki ularning egalari ko‘pincha o‘zlariga ishonmaydi.

O‘ziga ishonmagan odamga sen ham ishonma.

 

Ey farzand! Seni ranjitganni sen ham ranjitma.

Chunki sen o‘z axloqingni namoyon qilasan, u esa o‘z tabiatini ko‘rsatadi.

Har bir idish ichidagi narsa bilan toshadi.

Go‘zallik javobda emas, tilingda!

 

Ey farzand! Yozadigan narsangni yaxshilab o‘yla. Chunki sen yozasan, farishtalar ham yozadi, Alloh esa hammasini ko‘rib, hisobini qiladi.

Shuning uchun sahifangni Qiyomat kuni senga qarshi emas, balki senga guvoh bo‘ladigan qilib yurit!

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

Maqolalar