Kitobxonlarga o‘zining “Laa tahzan” ya’ni “Mahzun bo‘lma” kitobi bilan tanish bo‘lgan Doktor Oiz ibn Abdulloh al-Qorniy hafizahulloh 1959 yil 1 yanvarda, hijriy hisob bilan 1379 yilda Saudiya Arabistoning Bulqorn viloyatida Oli Shurayh qishlog‘ida tavallud topgan.
Doktor Oiz Qorniy yozuvchi, shoir, voiz va da’vatchidir. U o‘zining ma’ruzalari bilan ko‘plab mamlakatlarga tashrif buyurdi, o‘nlab konferensiyalarda qatnashdi. Saksondan ortiq kitoblar, bir qancha xutbalar, audio va video shakldagi she’riy kechalar va adabiy yig‘inlarda yozilgan darslik va ma’ruzalar muallifidir.
Doktor Oiz Qorniy 80 ga yaqin kitoblar yozgan bo‘lib, Uning “Laa tahzan” nomli kitobi uning erishgan natijalarining eng ko‘zga ko‘ringani va uni mashhur bo‘lishiga sabab bo‘lgan kitobi hisoblanadi. Uning mazkur kitobi o‘n milliondan ortiq nusxada sotilgani va o‘ttizdan ortiq tilga tarjima qilingani tilga olinadi.[1] Uning bu kitobi butun dunyoga mashhurdir.
Ustoz Mubashshir Ahmad tarafidan “O‘kinma” nomi bilan o‘zbek tiliga qayta tarjima qilindi. Ushbu kitob sizga: “Xushchaqchaq va baxtli bo‘ling, yaxshilik tomonini izlang va tinchlaning”, deydi. Hayotga o‘z holicha boqishni, mamnun, quvnoq va shod yashashni o‘rgatadi. Yo‘nalishlar, odamlar, zamon va makonlar bilan muomala qilishda fitratga zid xatolarni tuzatadi[2]
Bundan tashqari “Tabassum qiling”[3], “Qalblar tizgini”[4] kitoblari ham o‘zbek tiliga tarjima qilinib kitobxonlar orasida mashhurdir. Hozirda muallifning “Dunyodagi eng baxtli ayol” hamda “Baxtli bo‘lmoq uchun” kitoblari ham Saidxon Maxsum qori tomonidan nashrga tayyorlanib, chop etilish arafasida.
Doktor Oiz Qorniy “Dunyodagi eng baxtli ayol” nomli kitobida ayollarning baxtli saodatli hayoti uchun qayg‘uradi. Ma’lumki Islom dini kelib ayolning qadrini ko‘tardi. U o‘zini jamiyatda baxtiyor his qilib yashashini ta’minladi. Doktor Oiz Qorniy o‘zining bu kitobida ayollarga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilib, ularning jamiyatdagi ulug‘ maqomini ko‘rsatib bergan, mana shularni his etgan holda chinakam baxtga sazovor bo‘lib hayot kechirishlarida kerakli tavsiyalarini bergan.
Doktor Oiz Qorniy bir qancha teleko‘rsatuvlarda ham qatnashgan, jumladan:
“Risolat”, “Iqro”, “Dubay” kabi qator kanallarda Ramazon suhbatlarida qatnashib turadi.
Hulosa o‘rnida aytsak, Doktor Oiz Qorniy jamiyat taraqqiyoti, farovonligi, mo‘min-musulmonlarning ikki dunyoda saodatli hayoti uchun tinim bilmay faoliyat olib borayotgan zamonamiz olimlaridandir.
Fozilxon ABDULLAYEV,
Toshkent islom instituti talabasi.
[1] Wikipedia.org/wiki/ عاءض القرني
[2] https://www.facebook.com/eHilol/posts/1534790136598605/
[3] Faxriddin M. Rahmatulloh A. va boshqalar. Tabassum qiling. – Toshkent. Sano-standart, 2018.
[4] Aliboyev B. Qalblar tizgini. – Toshkent. Qaqnus software, 2018.
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.